Muxtasar Tojimamatova (1975)

Muxtasar Tojimamatova 1975 yilda tug‘ilgan. Farg‘ona davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Tavof” hamda “Ko‘nglim shu’lalari” nomli she’riy to‘plamlari chop etilgan.

* * *

Nima u qalbimni uyg‘otgan ohang,
Nigohlaring aro sirg‘algan sevinch?
Yuragim kaftiga qo‘ydim yuraging,
Atirgul misoli ochildi ilinj.

Kipriklarim uzra eridi qayg‘u,
Elkangga bosh qo‘yib yayradi ko‘ngil.
Ey, dunyo, shunchalar dilgir bu tuyg‘u,
Mayliga, aldasang shunday aldagil.

Bandasi taqdir, der, jimgina ko‘nar,
Tangri esa qalbga to‘lqin yo‘llaydi.
Ayt, qanday bu to‘lqin dovullaridan
Sensiz o‘tib bo‘lar, o‘tib bo‘lmaydi.

Yuzimga suv urar o‘tli nigohing,
Qaysi olamlarga o‘tdik adashib.
Ortga qaytgil, derlar, qaytolmam, axir,
Ko‘ngil qo‘ymaydilar, axir, kengashib.

Garchi umidsizman. Xayol  bog‘idan
Xotirjam boqaman har neki sodir.
Seni og‘rintirmay ketib boryapman,
Faqat senga tomon, olma xavotir.

* * *

O‘zi mehribonda,  yolg‘iz qo‘ymagay,
Faqat andak tashvish, sinovlari bor.
Ozgina sabr qil, noumid bo‘lmay,
Ey, dil, muhabbatning  so‘rovlari bor.

Ajab, kutilmagan savdolari bor,
Ne bo‘lsa ham qalbim so‘zidan topdim.
Aytilgan tilakning sadolari bor,
Demak, adashmadim, o‘zidan topdim.

* * *

Notanish qo‘ng‘iroq. Xo‘rsinish.Sukut.
Balki bundan shodsan va yo sen dilxun.
Rostdan tanish bo‘lsam yana biroz kut,
Ayt, ne deyin, dilxush chorlashing uchun?

Tanish raqamlardan yo‘qlamoq mushkul,
Balki horg‘indirsan nedir tashvishdan.
Balki unutgansan nomimni butkul,
Men seni chalg‘itgum eng muhim ishdan.

Goho shunday bo‘lar birdan yuraging,
To‘xtab qolaman der sog‘inch zahridan.
Shunda anglagayman sening keraging,
Kechgim kelar hatto dunyo bahridan.

Ovozingni tinglab tortaman sokin,
Bu qanday malhamdir, bu ne sinoat?
…Afsus, yetmayapti bu safar ohim,
G‘ash tortgan ko‘nglimga sanchilar toqat.
Nahot, tanimading meni, muhabbat?

* * *

Oy fonusi kezar tun ichra,
Qaysi yo‘lni yoritmoqchi  u?
Balki bu dam g‘amlarin icha
Dillar gardin aritmoqchi u.

Garchi ko‘pdir hayotda imkon,
Nega har dam emasmiz xushhol?
Nega buncha go‘zaldir hijron,
Yig‘lab ohlar cheksak-da pinhon?

Oy fonusi kezar tun ichra,
Ertangi kun ne bo‘lar sodir?
Men baxtliman sog‘inchlar kecha
Bu kech sendan olsam xavotir.

Ertangi kun ne bo‘lar sodir,
Fe’ling o‘jar, o‘tli nigohing?
Men qo‘rqaman g‘animlar bordir,
Do‘stlaringda poylar har oning.

Garchi ko‘pdir hayotda imkon,
Nega tinmay ozor chekamiz?
Biroq sen, huv, yulduzga ishon,
Qayg‘urma, biz birga ekanmiz.

Nega tinmay ozor chekamiz,
Shukr, g‘ofil bilmadi taqdir?
Zo‘r sinovga jonni tikkanmiz,
Bu dunyoda faqat ishq – haqdir.

Munajjimga dars berar bu kech,
Seni topgan qalbim sabog‘i.
Uxlasangchi men ham bo‘lay tinch,
Qizarib ketibdi qabog‘ing.