Muhtarama Turkoy (1957)

Muhtarama Turkoy 1957 yilda Navoiy viloyati, Xatirchi tumanida tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutini tamomlagan. “Turongul”, “Kechikkan bahor”, “Sohir oqshomlar”, “Ishq naysonlari”, “Ko‘ngilga maktub” kabi kitoblar muallifi.

ESKI SUVRAT

Uy to‘rida qadimiy beshik,
Chaqaloqqa zor ko‘rinadi.
Kuyovnavkar kirmagan eshik
Ostonasi xor ko‘rinadi.
Sochlari oq bir pari momo
Boqib yig‘lar eski suvratga:
“Sizni kutdim begim doimo,
Ishonmadim men “qora xat”ga.
Urush – ajdar ko‘plarni yedi,
Sizni kutdim bo‘lib intizor.
Biz ham baxtli bo‘lardik, dedi,
Siz qaytsangiz edi, aziz yor”.
Karnay-surnay, nog‘ora chalib,
Kuyovnavkar kelardi, attang.
Ajal keldi hayotdan g‘olib,
Janggoh uzra kechdi qonli jang.
“…Qahramonlik ko‘rsatib o‘ldi…”
Yuragini yuldi “qora xat”.
U bir o‘zi yig‘ladi, kuldi,
Taqdir azal qilmadi shafqat.
Qirq kokili tovonin o‘pgan
Suluv edi, suluv qizlardan.
Mana endi yelkasi cho‘kkan,
Quvvatu nur ketgan ko‘zlardan.
G‘ijimlangan qog‘ozday yuzlar
Cho‘p-ustuxon qo‘llarda aso.
Yurak hanuz sevgisin izlar,
Ardoqlashdan charchamas aslo.
Sadoqatin etmaydi ta’na,
Vafo bo‘ldi umr yo‘ldoshi.
Muhabbati aylar tantana,
Tomar eski suvratga yoshi.
Sochlari oq bir pari momo
Boqib yig‘lar eski suvratga…

* * *

Sen yonimda eding, inja baxt uchun,
Shukrona aytardim boringga har kun.
Mangu judolikdan endi bag‘rim xun,
Yig‘lay-yig‘lay mana diydam tosh qotdi.

Taqdir ekan, unsiz ikki yon ketdik,
Armonni yetaklab oh, qayga yetdik?!
Ayriliqda kulib og‘ular yutdik,
Kipriklarimizda achchiq yosh qotdi.

Afsus, chuqur ekan qismat qazgan choh,
Yiqildik, orzular qalbga soldi dog‘.
Jonimizni tilib ishq otlig‘ pichoq,
Tig‘i suyaklarga voh, yondosh yetdi.

Tiriklay ayrildik faryodlar chekib,
Endi yig‘lamsirab qaddimiz bukib.
Bo‘m-bo‘sh yuraklarning qa’riga cho‘kib,
Baxt-quvonchsiz qancha oqbosh tong otdi.

Yashadimmi bilmam, o‘ldimmi bilmam,
Necha yillardirki men dildan kulmam.
Bu ishq sahrosida to‘zg‘igan gulman,
Bog‘boni yo‘q bog‘im jontalosh yotdi.

Samoga yuzlandim, o, tortdi xira,
Turkoymanu nechun aylanmam sira?
Xudoyimdan sening umringni so‘rab,
Ko‘ksimda qon yig‘lab bir quyosh botdi.

SOG‘INCh

Bilmam yana qancha umrim bor,
Yaxshilikka bog‘layman umid.
Dunyo go‘zal, dunyo betakror,
Bugun bo‘lar ertaga unut.
Kecha-kunduz aylanaverar,
Quyosh chiqqach oy botar har kun.
Ko‘nglim ishqqa boylanaverar,
Men hayotga bo‘laman maftun.
Garchi bizni ayirdi qismat,
Men jimgina izmiga ko‘ndim.
Sen ham ko‘nding, o, ilohiy xat –
Yozug‘iga tan bermaydi kim?!
Yig‘lasam-da, kulsam-da taqdir
In’omi deb baxt, g‘amni sevdim.
Ezgulikning bag‘rida ko‘p sir,
Yovuzlikni dilimdan quvdim.
Momo Havo qurgan qo‘rg‘oni
Mehrim asrar samimiy, sodda.
Qusuri bor har bir insonning,
Pok sevgingni saqladim yodda.
To chubin ot olib ketguncha
Ishqim so‘nmas, sen bor tilakda.
Umid guli to‘kmasin g‘uncha,
Men sog‘inib yashay yurakdan.

E’TIQOD

Dardni bergan Xudodan
Shifosin ham so‘radim.
Yuz burib g‘am – ridodan,
Dilni nurga o‘radim.

Umid uzsam Tangridan
Kimdan kutarman najot?
Do‘stdan ko‘nglim ranjigan,
Ishonchim bo‘lgan barbod.

Hayot kitobi yolg‘on,
Echimi yo‘q savolin.
Kim ham o‘ylar bu zamon
Men ushoqning uvolin?

Molparast, nafs qurboni,
Insonlardan zerikdim.
O‘qiy turib Qur’onni,
Men ko‘k bilan birikdim.

E’tiqodim, or-sha’nim,
Quvvat berdi, dil kuldi.
Engil tortdi ruh, tanim,
Qalbim ziyoga to‘ldi…

BITTA NARVON USTIDA

Bu kengga keng, torga tor,
Dunyo eng katta bozor.
Barcha nafsga xaridor,
Bitta osmon ostida.

Ezgulikdan yuz burib,
Shaytonga ham dars berib,
Kim-kimga bergay firib?
To‘ni ilon po‘stidan.

Ishqli qalb chekar ozor,
Jafo chekar vafodor.
Do‘stning ikki tili bor,
So‘zlar yolg‘on-rostidan.

Ko‘nglim-ey mehring balo,
Sevdingu sehring balo.
Kulmading – qahring balo,
Umr o‘tar jon qasdida.

Hayot – sinov, boq Turkoy,
Kim o‘gay, kim erkatoy.
Bir-bir ketar shoh, gadoy,
Bitta narvon ustida.