Muhammad Yusuf 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyatining Marhamat tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1998). Rus tili va adabiyoti institutining rus tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan (1978). Ilk she’rlar to‘plami — «Tanish teraklar» (1985). «Bulbulga bir gapim bor» (1987), «Iltijo» (1988), «Uyqudagi qiz», «Halima enam allalari» (1989), «Ishq kemasi» (1990), «Ko‘nglimda bir yor» (1991), «Bevafo ko‘p ekan», «Yolg‘onchi yor» (1993), «Erka kiyik» (1995), «Osmonimga olib ketaman» (1998), «Ulug‘imsan, vatanim» (2004) kabi she’riy kitoblari nashr etilgan. 2001 yil 31 iyulda Ellikqal’a tumanida vafot etgan.
LOLAQIZG‘ALDOQ
Mendan nima qolar: ikki misra she’r,
Ikki sandiq kitob, bir uyum tuproq.
Odamlar ortimdan nima desa der,
Men seni o‘ylayman o‘zimdan ko‘proq –
Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq!
Men ketsam, yomondan yiroq bo‘l, ohu,
Chunki sen chiroyli, ko‘rkli bir juvon.
Yomon kunlar bir kun yaxshi bo‘laru,
Yomon odam yaxshi bo‘lmas hech qachon.
Yasha, chegarada turgandek ogoh,
Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq!
Uyda yotibmanu, sezib turibman –
Ko‘kda ketayotir qushlar qaytishib.
Xayrlar yog‘dirib qanotlaridan,
Xasta shoiriga vido aytishib.
Bor, mening uchun ham ularga qo‘l qoq,
Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq.
Ularni men yana ko‘rarmanmi-a,
Ayvondan odamdek kuzatolmadim.
Kuz. To‘ylar boshlandi, yuragim pora –
Bitta qizimni ham uzatolmadim.
Demak, taqdir ekan to‘y ko‘rmay o‘lmoq,
Lola, lolaginam, lolaqizg‘aldoq.
Biroq ko‘nglim sezar, mendan keyin ham
Bir kun bu hovliga odam to‘ladi.
Hali to‘ylar qilib charchaysan, erkam,
Mening qizlarim eng baxtli bo‘ladi!
Kelinlar ko‘ylagi ruhimday oppoq –
Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq.
Gulim, yaqinroq kel, qara, ne savdo,
Bu ajib ishlarning dil lavhiga yoz:
Kimga qasr yetmas, kimga mol-dunyo,
Menga esa HAVO yetmaydi xolos.
Tiriklar mudroqda, o‘liklar uyg‘oq,
Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq.
Ko‘ksim kuyib borar, ko‘krak yonmoqda,
Ayting do‘xtirlarga, yorishsa yorsin!
Jism o‘z ulfati – jondan tonmoqda.
Bechora jon endi qayerga borsin.
Endi osmon yiroq, endi yer yumshoq,
Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq.
Buni hayot derlar, unutma aslo,
Bir kun ochilasan, bir kun so‘lasan.
Qalbimda-ku faqat sen eding tanho,
Qabrim ustida ham o‘zing bo‘lasan.
Sen bizning sevgidan xotira – bayroq,
Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq.
Ayol qalbing bilan suv kech, olov kech,
G‘am kelsa, boshingdan hushing uchmasin.
Xudodan so‘radim: mendan keyin hech –
Nomard kimsalarga ishing tushmasin.
Ularning qo‘lida hamisha tuzoq,
Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq.
Ishing tushsa, inim Muhammadga bor,
Shoirlar ichida ishonganim shu.
Bir oz ichishini aytmasa agar,
Ko‘ksi tiniq bola, halol bola u.
Faqat sal soddaroq, faqat sal yoshroq,
Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq.
Jon so‘nggi boshpana toparkan ongda,
U yurak ostida derdim men bo‘lsam.
Ajablanma, agar ertaga tongda
Seni o‘pib, O‘shni quchoqlab o‘lsam!..
O‘tinchim – tepamda yig‘lama uzoq,
Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq!
BIZ BAXTLI BO‘LAMIZ
N.ga
Mayli-da, kimgadir
Yoqsa, yoqmasa,
Ularga qo‘shilib
Yig‘lasharmidik.
Biz baxtli bo‘lamiz
Xudo xoxlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik…
Rayhon hidlaringni
Yo‘llarimga sep,
Kut meni, har oqshom,
Ko‘kka oy chiqqan.
Faqat, yig‘lamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing – onang seni
Chiroyli tuqqan!..
Menga bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring sohillaridan.
O‘zing ayt, senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun –
Kokillaridan?..
Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil, yayra jonim,
O‘rtanma g‘amda.
G‘iybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorug‘ olamda.
Men esa oshig‘ing
Sening – eng g‘arib.
Tundan so‘z qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.
Ista, tiz cho‘kaman
Hozir oldingda,
Sevdim, sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men uchun!..
Biz baxtli bo‘lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!
* * *
Ma’yus kunim ko‘zim tushsa,
Kuyar osmon, tushunmaysan.
Meni samo tushungaydir,
Sen, ey inson, tushunmaysan..
Kuyib ko‘ksim o‘tar bo‘lsam,
Oqar bo‘lsam, ketar bo‘lsam,
Meni daryo tushungaydir,
Sen, ey ummon, tushunmaysan.
Men ham shaydo, men ham maftun,
Men ham hech kimi yo‘q Majnun,
Meni laylo tushungaydir,
Sen, ey jonon, tushunmaysan.
Mening yo‘lim uzun armon,
O‘zim dovon, o‘zim karvon,
Meni sahro tushungaydir,
Sen, ey sarbon, tushunmaysan.
Mening borim erur ko‘nglim,
Mening yorim erur ko‘nglim,
Ma’yus tanho tushungaydir,
Sen, ey xandon, tushunmaysan…
Ma’yus kunim ko‘zim tushsa,
Kuyar osmon, tushunmaysan.
Meni Olloh tushungaydir,
Sen, ey xoqon, tushunmaysan.
Ko‘nglim gul, ko‘zlarim guldir,
Yuzim gul, qo‘llarim guldir.
Meni sabo tushungaydir,
Sen, ey to‘zon, tushunmaysan…
G‘uborimdir bo‘yi rayhon,
Minorimdir tilim biyron.
Meni dunyo tushungaydir,
Sen, ey nodon, tushunmaysan.
IQROR
O, ota makonim.
Onajon o‘lkam,
O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga.
Senday mehribon yo‘q,
Seningdek ko‘rkam.
Rimni alishmasman bedapoyangta.
Bir go‘sha suv bo‘lsa, bir go‘sha qirlar,
Qancha yurtni ko‘rdim, qancha taqdirlar.
Qayga borsam suyab, boshni tik tut deb,
Tog‘laring ortimdan ergashib yurar.
Ko‘rdim suluvlarning eng faranglarin.
Yo xudbinman men yo bir sodda kasman men –
Parijning eng go‘zal restoranlarin, B
itta tandiringga alishmasman men.
Na gapga ko‘nayin,
Na til bilayin,
Ko‘zdan uyqu qochdi, dildan halovat –
Uch kunda sog‘insam nima qilayin,
Chala qolar bo‘ldi hamma sayohat.
Bildimki, baridan ulug‘im o‘zing,
Bildimki, yaqini shu tuproq menga.
Bahorda Baxmalda tug‘ilgan qo‘zing,
Arab ohusidan azizroq menga.
Sen bilan o‘tgan har kun bayram – bazm,
Sensiz bir on qolsam vahmim keladi.
Seni bilganlarga qilaman ta’zim,
Seni bilmaslarga rahmim keladi.