Muhammad Siddiq (1972)

Muhammad Siddiq 1972 yilda tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti Oliy adabiyot kursida tahsil olgan (2005). Shoirning “Yurt sog‘inchi”, “Ishq bekati” she’riy to‘plamlari chop etilgan.

SEVGI

Sevdim —
Tog‘ni dast ko‘tardim,
Daryoni ichdim.
Oyga boshim qo‘ydim,
Quyoshni quchdim.

ShAFTOLI

Sinib ketgudayin
Mevasi bisyor,
Yana shuncha yukka
Etar majoli,
Buncha bolalarin
Yaxshi ko‘rmasa,
Serfarzand o‘zbekka
O‘xshar shaftoli.

HASAD

Araz bilan xonangga qaytding,
Behol eshik o‘zin zardalar.
Yuzingga tik boqa olmasdan,
Ikki tomon qochdi pardalar.
Yuzlaringni yuziga bosib,
Yig‘layapsan hozir, bilaman.
Soching silab, ko‘z yoshing artgan,
Yostiqqa ham hasad qilaman.

PAHLAVON ONAM

Olovlarni purkab komidan
U kun ora hujum qilardi.
Onam uni yengardi har gal,
Onam jangning sirin bilardi.
Oh, onama, pahlavon onam,
Ajdarhoni yenggan tikib jon.
Kosovlarni qilichday tutgan,
Uzmoq uchun menga kulcha non.

KO‘ZLARING HAQIDA

Ko‘zlaringda sokin ummon bor,
Ko‘zlaringda yulduzli osmon.
Ko‘zlaring yo‘l erur poyonsiz,
Ko‘zlaringda to‘rtala tomon.
Ko‘zlaringda quyoshning aksi,
Ko‘zlaringda oyning to‘lgani,
Kel, ko‘zingdan uzmayin ko‘zim,
Qolgani ne bo‘lsa, bo‘lgani.
Bir boqsayding tunning holiga.

KO‘NGIL

Chil-chil sindi oynadek ko‘nglim,
Er bilan bir bo‘lib yotadi,
Endi yursam tovonlarimga,
Ko‘nglim siniqlari botadi.

* * *

Uyalib ketaman gohida oydan,
Bir paytlar xilvatda turib,
Uzib bermoqchiydim uni kimgadir.

SOG‘INCh

Ko‘nglim sezar, hozir yorim o‘sma yular,
Yo‘llarimga qarar meni mushtoq bo‘lib,
Borsam oldin gapirmaydi, araz qilar,
Yig‘lab berar, so‘ng yuragi to‘lib-toshib.

Bahor yoqqan yomg‘irdayin ko‘z yoshlari,
Ovunadi, desam o‘zing kerakkinam.
Ana, hozir u o‘smasin siqayapti,
Siqilyapti chunki meni yurakkinam.

OY DARChASI

Oy daricha,
Mo‘ralasam —
Ketganlarni
Ko‘rarmidim?