Muhammad Ismoil (1964)

Muhammad Ismoil 1964 yilda Sirdaryo viloyatining Xovos qo‘rg‘onida tug‘ilgan. O‘zMUning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Shoirning “Tazarru saodati”, “Tasavvur chiziqlari”, “Ko‘ngil mulkiga safar”, “Sahroyi gullar”, “Siz hamon o‘shasiz”, “Sizni sevmay bo‘ladimi”, “Bahorning eng so‘nggi lolasi”, “Chiroylisan, tengi yo‘q”, “Ko‘ksimni kuydirgan alanga”, “Osmon to‘la orzular”, “Meni kuchliroq sev” kabi kitoblari chop etilgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Istiqlol tonggi” mukofoti sovrindori.

NIDO

Vatan, asling ulug‘, qudrating buyuk,
Faqat sher zotidan tug‘ilgaydir sher.
Qalbing javharida jon kabi suyuk
Tug‘ilmish dunyoga ziynat Alisher.

O‘zbek tabiatin hikmati misol
Ramzi misol shu tog‘, qir-adirlarning.
Sen berding bu ulug‘ millatga timsol,
Amir Temurlarni, Yassaviylarni.

Vatan, kim bo‘lgayman, seni unutsam,
Haybating, da’vating unutsam — xorman.
Ko‘klarga ko‘tarding yerga yiqilsam,
O‘zingga o‘rgatding, men qarzdorman.

Vatan, ko‘nglim uchun so‘ramam aslo,
Bir she’r ber, ta’zimim bo‘lsin mujassam.
Kuylayin she’r ila ko‘ksim bo‘lib cho‘g‘,
O‘zga hech narsa yo‘q sendan mukarram.
Vatan, asling ulug‘, qudrating buyuk…

* * *

Derazam ortida har tong, har sahar,
Hali uyqu ichra yotganda shahar.
Er-u ko‘kni shavqu zavqqa to‘ldirib,
Pok niyat qushlarning qo‘shig‘i yangrar.

Bu g‘amza, bu ishva, bu avj, tarona,
Bu nola, bu chah – chah, bu shodiyona.
Bu ohang, bu jarang, bu noz mastona,
Bu sehr, bu sado, soz bayramona…

Ne-ne shahar, ne-ne Vatan oralab,
Ne-ne diyor, ne-ne chaman oralab.
Ne-ne o‘lkalar-u, maskan oralab,
Ne-ne qit’a, sarhad ichra saralab.

O, yurtim qushlarning sayraganlari
Sha’ningga dostonday tuyular bari!
Qanotiga olib ezgu tilaklar,
Sening iqbolingning nurli xabari…

Bilaman, shamolday shoshib yelgandir,
Uzoq-uzoqdan yo‘l bosib kelgandir.
Biroz horigandir, biroz tolgandir,
Talpinib kelgandir, topib kelgandir!

Yurtim bu qushlarning sayraganlari
Sha’ningga dostonday tuyular bari!

* * *

Bu olam bag‘rida bir mitti zarra
Kabi umrimiz bor, bugun yo erta.
Garchi, ojizmizu, ammo yuz karra,
Buyukmiz shu umr aks etsa she’rda.

Koinot qoshida dunyo tangadek,
Garchi horib, tolib botadi terga.
Biroq tafakkurda olam mangudek
Agar jo bo‘lolsa bir ulug‘ she’rga.

* * *

Qara, osmon qanday besarhad,
Ko‘kda oppoq oy suzib yurar.
Xayolimda abadul-abad,
Chehrang shu oy singari turar.

Er yuzida qoldirmay belgi,
Bir kun tanni tark aylasa jon.
Ko‘kda qolar bizlarning sevgi,
Hamda shu oy, yulduzli osmon.

ODAT

Bu nozmi va yoki araz bilmadim,
Nima gunohim bor, so‘ylashgingiz yo‘q.
Sizni sevmoqni hech orzu qilmadim,
Faqat yuragimda lovullagan cho‘g‘.

Mayli masxaralab kuling ustimdan,
Bir haqiqat ayon menga har qalay.
Barcha go‘zallarning odati zimdan
Sevdirib qo‘ymoq so‘ng, ketmoq qaramay.

XAVOTIR

Ketayapman yana sargardon,
Dilni to‘kdi g‘ussalaringiz.
Sizga nima bo‘ldi, onajon
Buncha cho‘kdi jussalaringiz.

Qartayibsiz. Ko‘zim o‘yar g‘am.
Jazolama, ko‘kda Qodir zot.
Xudo, bergin onamga malham,
Yana bir yil baxsh etgin hayot.

Har dam uchun shukrona aytay
Har dam uchun bo‘lay qarzdor.
Har dam uchun boshim ko‘tarmay,
Sajda qilay toki onam bor.

Unga o‘n yil umr ber, Tangrim
Unga yuz yil hayot ber, Xudo.
Mukka tushib ming yil so‘rardim,
Ming yil bizni etmasang judo.

Ketayapman, ammo bilaman,
Ayirasan bizlarni bir kun.
Tiriklayin dorga ilasan,
Olislarga ketganim uchun.

So‘ngra dorda o‘tadi umrim,
Balki bir yil, o‘n yil… osilib.
Qayg‘ulardan qorayar turqim,
Qora kunlar nuqsi bosilib.

Bizni bog‘lar yerdan Xudoga,
Ona bergan jonning rishtasi.
Ona loyiq mangu duoga,
Ona – ko‘kning hur farishtasi.

Ketayapman yana sargardon,
Bilolmayman, qaytaman qachon.

* * *

Siz buncha yaxshisiz, ko‘nglimni
Shod etdingiz, sarxush, sarmastman.
Har yon chopib, endi o‘zimni
Qo‘yarga joy topaolmasman.

Qancha kutdim bu lahzalarni,
Necha yillar urindim nolon.
Yuragimda baxt larzalari,
Ko‘rinmoqda yashamoq oson.

Kuchga to‘ldim men favqulodda,
Gado edim, shoh bo‘lgandayman.
Endi kelgandayman, hayotda
Men qaytadan tug‘ilgandayman.

Atrof go‘zal. Boqaman maftun
Gul-chechaklar ochilgan kabi.
Yuzingizda balqigan husn,
Keng olamga sochilgan kabi.

Muhabbatga ega har inson,
Yashash sirin kashf etar ekan.
Sevmaganlar qul va notavon,
Kelar ekan va ketar ekan.

* * *

Qara, osmon qanday besarhad,
Ko‘kda oppoq oy suzib yurar.
Xayolimda abadul-abad,
Chehrang shu oy singari turar.

Er yuzida qoldirmay belgi,
Bir kun tanni tark aylasa jon.
Ko‘kda qolar bizlarning sevgi,
Hamda shu oy, hamda shu osmon.

* * *

Bu olamda zarramiz-zarra,
Bugun kelib, ketarmiz erta.
Ojizmiz-u, ammo yuz karra,
Buyukdirmiz aks etsak she’rda.

Olam hatto arzimas goho
Jon kuydirib botmoqqa terga.
U ham go‘zal, buyukdir ammo
Aks etganda biz yozgan she’rga.

* * *

Bu to‘rtlik she’r emas, so‘z emas, faryod
Yonayotgan yurak hayqirig‘idir.
Odamning Xudodan axtarib najot,
Odamning odamdan ayrilig‘idir.

Yurak ko‘ksimizda turgan farishta,
Yashaydi bo‘ysunmay o‘zimizga ham.
Har on qararmidik ko‘kka tashvishda,
Erda bo‘lsa bizlar izlagan odam.
* * *
Shu ham qor bo‘ldimi, bo‘ronmi shu ham
Ruhimizda tentib yurganda ayoz.
Bir kun tabiatni qutqarar ko‘klam,
Ammo ayting, bizni kim qilar xalos?

Kelmas necha yilki bahor bag‘rimga
Ko‘z yosh to‘kay desam muzlab qolgandir.
Ey yor, sen ketdinggu, abgor qalbimga,
Qahraton o‘z uyin qurib olgandir.

TO‘RTLIKLAR

* * *
Yurakda urar tug‘yon, o‘zimni unutganman,
Dunyoni unutganman, shoshayapman sen tomon.
Go‘yoki men sog‘inchning yoyidan uzilganman,
Go‘yo manzil tomonga uchgan singari kamon.

* * *
Bizga orzu hayot bag‘ishlar har dam,
Umidsizlikdadir barcha illatlar.
Umidsiz qolsa gar, nafaqat odam,
Halok bo‘lar hatto buyuk millatlar!

* * *
Bizni ta’qib etar xasta yashamoq,
Erksizlik to‘sadi goh yo‘limizni.
Ammo ijod ichra ko‘tarib bayroq,
Biz yengib boramiz o‘limimizni!

* * *
Har tong vujudimni qamraydi hayrat
Shukrona aytaman har tong O‘ziga.
Borligim dunyoda qanday buyuk baxt,
Tirikligim qanday buyuk mo‘jiza!

* * *
Ishonmayman demagin minba’d,
Jahannamni etmagin inkor.
Sen ming bora etsang hamki rad,
Bu olov bor va o‘chmas zinhor!