Muhammad Ali (1942)

Muhammad Ali (Ahmedov Muhammadali) 1942 yil 1 martda Andijon viloyatining Bo‘z tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1992). Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutini tugatgan (1966). «Fazodagi hislar» (1967), «Shafaq» (1968), «Otalar yurti» (1970), «Dostonlar» (1974), «Oq nur» (1977), «Ilhom parisi» (1980), «Sen bir gulsan» (1989), «Ona duosi» (1994) va boshqa she’riy asarlar muallifi. «Ulug‘ saltanat» (2 kitob, 1999) tarixiy romani ham bor. «Sarbadorlar» (1989) roman-dilogiyasi adibning nasrdagi dastlabki asari. «Boqiy dunyo» (1981) she’riy romani Jizzax qo‘zg‘oloni voqealariga bag‘ishlangan. «Ramayana» (1978), krrakalpoq eposlari «Shahriyor» (1977), «Masposhsho» (1985), shuningdek, R. Byorns, U. Tabidze, Bayron va boshqa yozuvchilarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Berdaq nomidagi Qorakalpog‘iston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1984), «Mexnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (1999).

* * *

Tom boshida yoyilgan xirmon,
Don shopirar bug‘doyrang ayol.
Goh ko‘zlari bo‘lib nigoron,
Yiroqlardan chorlaydi shamol.

G‘uv-g‘uv esib qolar shabada,
Don quyilar g‘alvirdan shov-shuv.
Pastda esa, mo‘jaz kulbada
O‘g‘ilchasi yotar beuyqu.

Huv narida, tog‘lar boshida
Kuylab yotar shalola shov-shuv
Va ayolning shundoq qoshida
Sirg‘anadi shabada g‘uv-g‘uv…

Don shovullar, shovullar xayol,
Mavjudot ham qaytarar sado.
Esishini hech qo‘ymas shamol,
G‘alvirda ham don bo‘lmas ado…

* * *

Huv tog‘larga qor tushar,
Bog‘larda anor pishar.
Qachon mening tog‘ qalbim
Sen bog‘ bilan topishar?

Ey, tog‘dagi mag‘rur qush,
Sovuq toshga bossam to‘sh!
Huv darada bir qiz bor,
Yostig‘ining yarmi bo‘sh…

Cho‘qqidagi qoya tosh
Yolg‘izlikdan egar bosh.
Yakkalasa yomg‘irlar
Ko‘zlaridan to‘kar yosh.

Bog‘da ham bir tanho gul,
Tanholiqtsa a’lo gul,
Ko‘z yoshiga yuz yuvar,
So‘ngsiz g‘amlarga mashg‘ul.

Sen yolg‘izsan, men – diqqat,
Ikkimizga yo‘q shafqat.
O‘rtamizda ovora –
Sarson bo‘ldi muhabbat…

Huv tog‘larga qor tushar,
Bog‘larda anor pishar.
Bir kun mening tog‘ qalbim
Sen bog‘ bilan topishar…

* * *

Ko‘ngil oshno bo‘lmoq istagida mast,
Makon tutsam deydi oshyoningizni.
Boshimga ko‘taray yerlarni emas,
Yolg‘izgina porloq osmoningizni.

Oh, dilda tug‘ilar g‘aroyib bir she’r,
Oftob to‘kis qizday jilmayib boqar.
Arshi a’lodan to rutubatli Yer
Ilhomlar selida to‘lg‘anib oqar…

Sevaman! Sevaman! Sadqasi ketay,
Uzay, bas, tilkalab bor rishtalarni!
Loydan yaratilgan bo‘lsam-da, netay,
Netay, ko‘nglim tilar farishtalarni!..

SO‘ROQQA AYLANGAN ODAM

1.
Dastavval yo‘q edi, mutloq yo‘q edi…
So‘ng ro‘yo ichida ro‘yo bo‘ldi u.
Jahon ayvonida, hayot ufqida
Bir kun nuqta yanglig‘ paydo bo‘ldi u.

2.
So‘ng nuqta ulg‘aydi, yo‘l tushsa agar
Ko‘chalar to‘lganday bo‘ldi nazdida.
«Men endi undovman!» – dedi muqarrar,
Bosh qo‘ydi osmonni tutmoq qasdida!

3.
Uzoq umr ko‘rdi… Qadamlar, hayhot,
Ko‘p nuqtalar yanglig‘ oqdi samarsiz.
Ammo bari bilan dil dashti obod,
Ma’nosiz sezadi o‘zni alarsiz.

4.
Endi «so‘roq» misol qoldi munkayib,
Eldirim zamonga qarab turar lol:
Nega shundoq?
Nechun?
Nega?
Kimda ayb?.. U-
Dunyo yuziga otilgan «savol!»

* * *

–    Ko‘zlaringiz qisiq, osiyoliklar,
Olam kengligini qandoq ko‘rasiz?
Shunga yarashadir sizda biliklar,
Shundan orqaroqtsa yurasiz.

–    Hayhot, osiyolik siyrati qiziq,
Bugun armonlari tug‘yon uribdi.
Kelajak qandoq deb, ko‘zlarin qisib,
Olis-olislarga boqib turibdi!..

ONA DUOSI

Biring ikki bo‘lsin nima ushlasang,
Yo‘llaring oq bo‘lsin tog‘lar qoricha.
Sen yorug‘ dunyoda tinch yurar bo‘lsang,
Men duo qilarman umrim boricha.

Ko‘zingda ko‘rmasam alam ranjini,
Boshingda ko‘rmasam tumonot savdo.
Olib bermasang ham olam ganjini,
Sendan onaginang rizodur, rizo!

Hayoting bema’no tuyulsa, bolam,
Qorong‘u ko‘rinsa bu ko‘hna dunyo.
Ketsin deb qalbingdan yer yutkur alam,
Yorishsin dunyo deb aylarman duo.

Yuraging qisilsa takroru takror,
Kenglikka chiqqin-da, aytgin sho‘x o‘lan,
Bu ham hasratingta kelmasa bakor,
Ko‘nglingni bo‘shatgin she’r yozmoq bilan.

Qadim ertaklarni tinglash sozdir xo‘p,
Oltin umrlarni unda ko‘rarsan.
Sehrli hayotga mahliyo bo‘lib,
Bevosh o‘ylaringni aldab yurarsan.

Etishsang, to‘y bersang yurtga mabodo,
Jamshid havas qilsin sening bazmingta.
Noming doston bo‘lib yursang el aro,
Murod-maqsadingta yetsang, bas, menga.

Yomonlar yo‘lini tutmagil minba’d,
Fisqu fasodlardan yiroq bo‘l, to‘xlim.
Olginu oldirma, unib-o‘s, faqat
Yuzimni yerlarga qaratma, o‘g‘lim!

RUBOIY

Dedilar: “Ketdi yor, qad bukma yoyday,
Ko‘nglingni bir joyga qo‘y, shundan foyda…”
Oh, ko‘nglim bir joyga qo‘yayin desam,
Bir joy joyidamas, u ham bir joyda…

FARDLAR

* * *

Hajringda chidamay hadsiz firoqqa,
O‘zimga kelay deb ketdim yirokqa…

* * *

Elkamga oyoq qo‘yishib, yana:
“Elkang qattiq!” – deya qilurlar ta’na!..

* * *

Agar sir-asroringni, – oqilu dono esang, –
Do‘stingga ham aytmagil, dushman bilmasin desang…