Muhabbat Safoyeva 1969 yilda tug‘ilgan. Urganch davlat universitetida o‘qigan. Uning “Sirli nigohlar”, “Ismsiz rishtalar”, “Muhabbat” nomli she’riy hamda “Hayot guli” nomli publitsistik maqolalar to‘plamlari nashr etilgan.
KUZ
To‘kilib bormoqda yaproqlar,
Avaylab bag‘riga olar ona yer.
Boshida osmonni ko‘targan daraxt,
Ehtimol, qismatim shundayinmi, der?
U juda otamga o‘xshab ketadi,
Hayot to‘siqlarin yiqqan, yiqilgan.
Uyi to‘lib turgan qushlarni, endi,
Birma-bir, birma-bir uchirma qilgan.
Ohang taraladi allaqayerdan,
Yomg‘ir bo‘g‘otlarning changini artar.
Kursiga o‘rnashib olganicha kuz
Bog‘larga ohista sabr tarqatar.
* * *
Yana sog‘inchlarga solar ishqingiz,
Yana kunlarimda boshlandi to‘fon.
Izg‘irin izillab o‘tar jonimdan,
Ko‘ksimning ostida yurak bezabon.
Yana o‘z-o‘zimga ertak to‘qiyman,
Yana yondosh bo‘lib sirning yoshiga.
Kimning menga rahmi kelishi mumkin,
O‘zim chiqqan bo‘lsam g‘amning qoshiga.
Meni unutishga haqqingiz bormi,
Haqqim bormi sizni o‘ylamaslikka?
O‘rtamizda sarson za’faron savol,
O‘ylaylik armonga aylanmaslikka.
* * *
Ko‘chalarda raqsga tushar baxt,
Yo‘laklarda qiqirlar yomg‘ir.
Ko‘zlarimga qoldiradi xat,
O‘qimoqlik naqadar og‘ir.
BIR QUChOQ GUL
Marhum shoira Ullibibi Otayevani eslab
“Bir quchoq gul”, derdingiz, opa,
Gullarga aylanish osonmas, axir.
Gullar yashab bergan bitta faslga,
Umrimning qirq yili yashalgan taqdir.
Sokin kezayapman ko‘chalar bo‘ylab,
Fig‘on kemiradi qalbimni mening.
Xivaning har bitta minorlarida
Nigohlari qolgan Ullibibimning.
Quchoq-quchoq gullar ovutmas sira,
Topib berolmaydi ruxsoringizni.
Kitob javonimga yetaklab borar,
Oftob ochib borar jamolingizni.
* * *
Sukut – rizolik alomatimas,
Inkor ham emasdir sirilgan.
Bo‘ynimgacha osilgan g‘urur
Bo‘g‘zimgacha kelib urilgan.
Sukut – ruhim qo‘zg‘atgan bo‘ron,
Ko‘zlarimdan chiqolmagan yosh.
Ilkimgacha cho‘kingan isyon,
Peshonamda yorilmagan tosh.
Sukut…
* * *
Go‘yo yo‘qdek hech bir poyoni
Tugamadi yo‘l.
Qum bosib yotgandek dunyoni
Sabrimni sinaydi hatto cho‘l.
Bog‘u Eramlarni kezdim men,
Suvlari sharqiroq soylarni.
Tog‘lar yelkasida ko‘tarib turdi,
Borliq ko‘zlarimga joylanib.
Borar ko‘zlarimga joylanib dunyo,
Banogoh o‘yladim, tog‘ tepasidan
Qarasam uyimiz ko‘rinarmikan,
Dunyoning zaminga jo supasidan?
Avtobus yeladi. Oynadan
Otilib boradi nafasim.
Uzoqdan qumlarning ortidan
Ko‘rina boshladi Xorazm.
* * *
Kiprigimda kun bo‘yi tizilib turgan
Shabnamning billurday tomchilarini
Bag‘riga oladi saxovatli tun.
VATAN
Vatan ostonadan boshlanar, derlar,
Hatlab o‘tolmasman seni beso‘roq.
Yuragim – ostona, yuragim – Vatan,
Muqaddas, mo‘tabar, ey, ona tuproq!
Bilmayman, men seni qanday sevaman,
Daraxtman bag‘ringga tomirlar yoygan.
O‘g‘lim va qizimning tovonin o‘pib,
O‘zing ko‘proq mehr bilan suygansan.
Aytolmas, dilim dil izhorlarini,
Kamlik qilaverar yo‘q, yetmas kuchim.
Bitta shabnam qo‘ngan gul yaprog‘ingcha
Bo‘la olmas mening bo‘y qadar qurchim.
Bilmayman, men seni qanday sevaman.
Sig‘dirolmayapman quchoqlarimga.
Qizg‘onch jonim halak, olov jon halak,
Tinchir, gar, joylansang qaroqlarimga.