Mug‘anniy (1949-2014)

G‘anijon Xolmatov 1949 yilning 5 fevralida O‘sh shahrida tavallud topgan.1956-1966 yillar Narimonov, so‘ng Lenin nomli shahar maktablarida o‘rta ma’lumot olgan.Maktabni bitirgach, Toshkentdagi teatr va rassomchilik san’ati oliygohiga kirib, 1970 mazkur oliygohning aktyorlik bo‘limini tamomlagan. 1970- 2007 yillar Z. M. Bobur nomli O‘sh o‘zbek akademik teatrida aktyor, rejissyor va bosh rejissyor bo‘lib ishlagan.
Birinchi kitobi “Suyanganim tor bo‘ldi” 1994 yil, 2-3- kitobchalari “Yuz pora dil” 2000 yil, 4- kitob “Sen ketding asta-asta ” 2005 yil chop etilib, undagi she’r va g‘azallar hozirgacha taniqli hofizlar tomonidan ijro etilib kelinyapti.
2013 yili “Qazo darslari” kitobchasining ikki qismi yorug‘ ko‘rdi.

GULIMJONNING SO‘NGGI QO‘ShIG‘I

Ko‘ngil qushim uchmay qo‘ydi, Gulimjon,
Xayollaring quchmay qo‘ydi, Gulimjon,
Dildan tilga ko‘chmay qo‘ydi, Gulimjon,
Sevgi mayin ichmay qo‘ydi, Gulimjon,
Ko‘k ko‘ylagin yechmay qo‘ydi, Gulimjon.

Sevgi desa, eziladi yuragim,
Erga yetmay uziladi kuragim,
Bir armonga seziladi, keragim,
Ko‘ngil qushim uchmay qo‘ydi, Gulimjon,
Sirlarini sochmay qo‘ydi, Gulimjon.

Isming yozib uyalmayman yo‘llarga,
Seni ko‘mib qo‘yolmayman gullarga,
Men o‘zimni qo‘shib qo‘ydim tullarga,
Ko‘ngil qushim uchmay qo‘ydi, Gulimjon,
Oromidan kechmay qo‘ydi, Gulimjon.

Aldab ketgan go‘zallarim zor bo‘lsin,
Tilimdagi asallarim bor bo‘lsin,
Senga mening g‘azallarim yor bo‘lsin,
Ko‘ngil qushim uchmay qo‘ydi, Gulimjon,
Oynalarin ochmay qo‘ydi, Gulimjon.

Ko‘ngilsiz ham, ko‘ngilli ham o‘tar-ov,
Balki, kimdir ko‘nglin sotib ketar-ov,
Ikkimizga bitta ko‘ngil yetar-ov,
Ko‘ngil qushim uchmay qo‘ydi, Gulimjon,
Ko‘k ko‘ylagin yechmay qo‘ydi, Gulimjon.

Uyg‘onsam

Uxlasamu, qiyomatning to‘lqinida uyg‘onsam,
Ko‘z ocholmay nur jamolin yolqinida uyg‘onsam.

Muhabbatning cho‘ng toshiga bitik bitgan sanamning,
Kokillarin ming asrlik salqinida uyg‘onsam.

Peshonamning sho‘rliklarin salsabilda yuvarman,
Suvga kelgan hur qizlarning shovqinida uyg‘onsam.

Karbaloda xasga do‘ngan telba ko‘ngil bir o‘zim,
Cho‘kmasmidim Nuh bobomning toshqinida uyg‘onsam.

Ko‘kka ko‘chgan go‘zallarga odatlari oshnodur,
Qayga qochay Cho‘lponlarin chopqinida uyg‘onsam.

Mahshar tuni Mug‘anniyning joni talash – talashdur,
Yozilmagan g‘azallarin talqinida uyg‘onsam.

Oy boshi

Sizga to‘ylar kelodi – bizga o‘ylar oy boshi,
Qismatimga qo‘l berib, o‘zim bo‘lay to‘yboshi.

Suv yo‘lidan yurmagin – ezilmasin yuraging,
Ikkimizni bir ko‘rmay, yig‘layotir soy boshi.

Soylar soyga oqdilar, boylar sizga boqdilar,
Nima bo‘lsa, men bo‘lay – egilmasin boy boshi.

Gado bo‘lsam maliyu, ado bo‘lsam mayliyu,
Manziliga yetganda qayrilmasin toy boshi.

Sizga “yor-yor” aytamiz, to‘lib to‘ydan qaytamiz,
Tor ko‘chada yotodur to‘yboshining loy boshi…

Qayda oshiq xor emas, bizga xorlik or emas,
Yig‘larmidi to‘yingda qirqilmasa nay boshi?!

Go‘shangada uyola, yorga tutsang piyola,
Mug‘anniyga atalib to‘kilmasin choy boshi.

Izlaydi

Mahshar tuni karvonlar sarbonini izlaydi,
Darvozasi tillodan darbonini izlaydi.

Nechuk yorni izlamay, topolmasam bo‘zlamay,
Tashlab ketgan beglar ham sultonini izlaydi.

Hayratlarim tutolmay, tikon simdan o‘tolmay,
Temur bobo besh pora Turonini izlaydi.

Ulug‘bek yulduztarosh, yelkasida oltin bosh,
Padarkushlar boqmagan osmonini izlaydi.

Mashrab dorin izlaydi, kuygan orin izlaydi,
Hayyom mayin topolmay, xumdonini izlaydi.

Majnun hushin topganmi, ko‘rgan tushin topganmi,
Layliga hush boqmaydi, chandonini izlaydi.

Hech ishga ajablanma, behuda azoblanma,
Ellik yillik yoring ham armonini izlaydi.

Hamon ahli donolar, har so‘zi ming ma’nolar,
Hikmat suvi qaynagan qumg‘onini izlaydi.

Suyakfurush qassoblar, sudxo‘r, o‘g‘ri kazzoblar,
Haq hukmidan qutilmoq imkonini izlaydi.

Tavba qabul bo‘lmaydi, hech kim qayta o‘lmaydi,
Minnat ahli topilmas ehsonini izlaydi.

Tangriga arz etgali, zolimni qarz etgali,
Dindor do‘stim o‘tirgan zindonini izlaydi.

Zolim shohni kuylagan, muzdiga pul chiylagan –
Shoir og‘am yo‘qolgan iymonini izlaydi.

Mahsharda ham tiyilmas, vijdoniga chiy ilmas –
Mug‘anniy yozolmagan dostonini izlaydi.

UMID GULI

Kutib odam o‘lmas ekan, Oyguljon,
Umid guli so‘lmas ekan, Oyguljon.

Sog‘inchimdan qadahlarim limmo-lim,
Kuygan ko‘ngul kulmas ekan, Oyguljon.

To‘lin bo‘lding, erka oyim, gul bilan,
Bizning oylar to‘lmas ekan, Oyguljon.

Oyga ohim yetdi – senga yetmadi,
G‘amni bozor olmas ekan, Oyguljon.

Mening dodim – o‘zgalarning faryodi,
Yigit sochin yulmas ekan, Oyguljon.

Bu yo‘llarga o‘ynab-o‘ynab kirganlar,
Chiqar yo‘lin bilmas ekan, Oyguljon.

Sensiz o‘tsa Mug‘anniyning tunlari,
Bo‘lmas ekan, bo‘lmas ekan, Oyguljon.


Voy alamjon…

Yot uyida “yor-yor” bo‘ldi, voy alamjon, jon alam,
Yor o‘zgaga yor bo‘ldi, voy alamjon, jon alam.

Yorga ohim yetmasmu, vidolashib ketmasmu,
Yangalar hushyor bo‘ldi, voy alamjon, jon alam.

Va’da bergan gul qolsin, inshongan bulbul o‘lsin,
Muhabbat bozor bo‘ldi, voy alamjon, jon alam.

Qochgani yo‘l ko‘p edi, cho‘kkani ko‘l ko‘p edi,
Ayriliq shior bo‘ldi, voy alamjon, jon alam.

To‘yga borganlar aytsin, yorni ko‘rganlar aytsin,
Kimga kim ko‘p zor bo‘ldi, voy alamjon, jon alam.

Gado bo‘ldi Mug‘anniy, ado bo‘ldi Mug‘anniy,
Suyanganim tor bo‘ldi, voy alamjon, jon alam.

HAYoT HIQIChOQLARI

RABBIM!
Do‘stim suhbatimdan to‘yganmikin – a?
Dunyoning koridan kuyganmikin – a?
Yuzlari parishon, libosi yupun –
Meni arzon sotib qo‘yganmikin – a?

RABBIM!
Qismatimni o‘ylab ko‘rib, man,
Hayrat qozonida qaynab turibman.
Og‘zimda aylangan oqsaqich emas,
Do‘stim otgan o‘qin chaynab yuribman.

RABBIM!
Rafiqu raqiblar ichida o‘sdim,
Do‘stim dushmanlarin ko‘ksimda to‘stim.
Yordam berib qo‘ygin, sotishga – sotib,
Pulin undirolmay yuribdi do‘stim…

RABBIM!
O‘zimdan ortiqroq suygan ham o‘zim,
Do‘stimning koridan kuygan ham o‘zim.
O‘qlari ko‘ksimga tegishi aniq –
Otishga o‘rgatib qo‘ygan ham o‘zim…

RABBIM!
Dunyodan may so‘rsam qon berdi,
Qon tutgan bandangga shon berdi.
Do‘stimga ta’ziyam yetkizgin –
O‘qlari ko‘ksimda jon berdi…

RABBIM!
Killerimning ko‘ngli yarim to‘q,
Boshim uzra aylanmoqda o‘q.
Ortga qaytish o‘qlarga nomus,
Qo‘nay desa, butun joyim yo‘q…

RABBIM!
Kushandam umrida xato qilmagan,
Qo‘ynida zerikib, zo‘riqqan nagan.
O‘qlari men uchun atalgan, faqat,
Otishga arzirli she’r yozilmagan…

RABBIM!
Tuxmat bo‘ldi bozorim,
Ko‘z yoshlarim – xapdorim.
Yovlarimni charchatma –
Toshdan bo‘lgay mozorim…

Borodur

Oh, yulduzim, bilmaysan – kunlar botib borodur,
Ko‘kdan tushib kelmaysan – tonglar otib borodur.

Ortib oshiq armonin, topolmasdan sarbonin,
Sarson umrim karvoni sensiz ketib borodur.

Qolgan umrim sazomu, suyganga shul jazomu,
Kundan-kunga hijroning jondan o‘tib borodur.

Muhabbatga qo‘l berdim, sitamlarga yo‘l berdim,
G‘amlar aldab uxlatib, ham uyg‘otib borodur.

Yo‘qlatsa, yor yo‘qlatsin, yig‘latsa yor yig‘latsin,
Ohu-zorim g‘animat – diydam qotib borodur.

Yolg‘on dunyo bu dunyo, armon dunyo bu dunyo,
Dushmanlarim xaridor, do‘stlar sotib borodur.

Mahshar tuni porlagin, visol tomon chorlagin,
Jonin olib Mug‘anniy, ko‘kka yetib borodur.

Armonlarim

Armonlarim – ko‘ngil bo‘lib to‘lmaganim,
Ming oh urib, xilvatda ham kulmaganim.

Armonlarim – ig‘vo ko‘rib lol qotganim,
Yomonlarga yomonlikni bilmaganim.

Armon bo‘ldi og‘ulagan olg‘ir zamon,
Tilginamni tilim-tilim tilmaganim.

Qirq yoshimni boy berganim, armon yana
Yaratganning mehrobiga kelmaganim.

Vahdat mayin ichmaganim armon menga,
Yuragimni ishq doriga ilmaganim.

Hayallagan Haqiqatning Hikmatlari
Armon bo‘ldi – “o‘lmay turib o‘lmaganim…”

Armon, armon el aylanib necha zamon,
Mug‘anniyning qabrin tavof qilmaganim.

* * *

Bu dunyoga o‘zim bilmay bo‘zlab keldim,
Bilguvchining ne’matlarin ko‘zlab keldim.

Muhabbatda sag‘ir ko‘nglim ko‘nglin olib,
Sadoqatning ertaklarin so‘zlab keldim.

Ko‘ngli puchuq, mayli chuchuk Havvo qizga,
Yuragimni tilimlatib tuzlab keldim.

Tiriklikning ma’nolari mayxonada,
Sunmasalar saratonda muzlab keldim.

“Olam ul ruh” tokchalari Nozli vatan,
Xayr ul vatan pattalarin izlab keldim.

Loy toboqdan osh oldirib to‘ydurdilar,
To‘rt qanotli tulporimni tezlab keldim.

Otincha qiz kovushlarin muxrin bosib,
Mug‘anniyning xilxonasin sozlab keldim.

Yig‘lar

Jismim yer ahliga yoqolmay yig‘lar,
Ko‘zimning yoshlari oqolmay yig‘lar.

Qulog‘im ostida xurlar jarangi,
Isrofil surnayin uqolmay yig‘lar.

So‘zimning sharbati tilimdan qotgan,
Ilonlar tilimdan chaqolmay yig‘lar.

Ruhim havolanar baytimni izlab,
Go‘zallar darchadan boqolmay yig‘lar.

Do‘zax xayolidan oqil parishon,
Jununlar jannatdan chiqolmay yig‘lar.

Olamlar sarvarin rayosatinda,
Nabiylar nishonin taqolmay yig‘lar.

Kibrli tog‘larning toshi terilgan,
Mug‘anniy, mozoring yiqolmay yig‘lar.

QAZO QASIDASI

Bismillahir Rohmanir Rohim!
Bu qog‘ozga to‘kilgan ohim.

Dunyo azal tomoshaxona,
Qazo damlar shundan nishona.
Asta-sekin chiroq o‘chadi,
Qismat tomoshaga ko‘chadi.
Qazo kelsa so‘ramas ruhsat,
Etibdi-da bizga ham fursat.

Tomog‘imga to‘lgan g‘arg‘ara,
To‘rga tushib qolgan qarqara.
Qo‘rqitmagin meni, Ilohim!
Irg‘itmagin meni, Ilohim!
Farishtangga qo‘ygin tayinlab-
Haqlaringni olsin mayinlab.

Ko‘chir meni sakarotinda,
Uchir meni sahar otinda.
“La ilaha illalloh…”ingda,
O‘tib, yana turay rohingda.
Salom senga, qazo farishta-
Vazifangni qilgil sarishta!

Yaratgandan Rahmat olib kel!
Rahmat to‘la rihlat olib kel!
Kulib ruhi ravonimni ol,
Jon yo‘liga iymonimni sol.
Lablarimda so‘lib harorat,
Tomchi suvga qolmas zarurat.

Oson ko‘char so‘nggi nafasim,
Tinchib qolar ko‘krak qafasim.
Biyron tilim qayrilib ketar,
Ikki dunyo ayrilib ketar.
Ko‘z gavharim oqib tushadi,
Olguvchimga yoqib tushadi.

Ruh qafasdan ko‘kka ko‘chadi,
Borlik yo‘qlik suvin ichadi.
Tomirlarda asta qotib qon,
Hojasiga ko‘tarilar jon.
Qaylardasiz huru malagim,
Tindi mening charxpalagim.

Lablarimda sirli tabassum,
Boshlanadi beshinchi mavsum…
Men qafasdan bo‘lganda ozod,
Atrofimda ko‘tarilar dod…
Mahramlarim jag‘imni tang‘ib,
Qaylargadir chopishar gangib.

Yana, kimdir uzr-ma’zurlab,
Ko‘zlarimni yumar majburlab.
Xabarlatib yoru do‘stlarim,
Hisoblashar kamu ko‘stlarim.
Tan mahridan kechgan malikam,
Kamchiligim qiladi bekam.

Kel, malagim o‘tingni muzlat,
Mahshargacha mehringni tuzlat…
Bu dunyodan o‘chganda uning,
Ayollarga qolarkan kuning…
Munglashadi ojizalarim,
Mening yolg‘on mo‘jizalarim…

Uzoq-yaqin kelar vidoga,
Bu qismat teng shohu gadoga.

***

Gulim sen ham kelibsan yetib,
Muhabbatim dasturxon etib.
Endi seni qandoq ovutsam,
O‘z ishqimdan o‘zim sovutsam?
Qo‘rqma birov tanimas bunda,
Duolar qil sog‘ingan tunda…

***
G‘assol kirib chiqar ayollar,
Haqiqatga ko‘char xayollar…
Iliq suvdan jinjikar tanim,
Qayda qolding rohatim manim?..
Ajib ko‘ylak kiydiradilar,
Atir sepib “kuydiradilar”…

Qopchigimni tugib qo‘yishar,
Bir chekkaga yig‘ib qo‘yishar…
Bir fursatga yolg‘iz qolaman,
Yig‘ilardan orom olaman.

***
Yana xayol to‘zib ketadi,
Shoirligim qo‘zib ketadi:
“Qaylardasiz talashgan qizlar,
She’rlarimni yalashgan qizlar?
Biz safarga shaylanib qoldik,
Oq she’rlarga aylanib oldik…
O‘qib oson tushunarsizlar,
Bizga duo oshinarsizlar…”

***
Eshitilib azon ovozi,
Boshlanadi peshin namozi.
Menga nasib etmas ibodat,
Qiyomatga qoldi tahorat…
Xabar kelar: “Joyi bitdi!” – deb,
Yig‘ilarga berishadi zeb.
Qaramasdan naslu zotimga,
Mindirishar yog‘och otimga.

Masjidlarda bo‘lib ovoza,
O‘qiladi qutlug‘ janoza.
Qarzlarimni uzguvchi bolam!..
Ham tinchimni buzguvchi bolam!..
Birov to‘lib duo o‘qiydi…
Birov kulib riyo to‘qiydi…

Qazo damlar haqdan so‘ylanar,
Bir kun o‘tmay naqddan so‘ylanar…
Ko‘tarishar yelkaliklarim,
Eng oxirgi erkaliklarim…
Chuvillashib qolar qizlarim,
Ketyapmanu qolmas izlarim…
Yog‘och otda rohat ne qilar,
Yog‘ochga otga minganlar bilar?..

El shoshirgan mozorim qayda?
Xaridor naqd bozorim qayda?
Ko‘p o‘ylagan o‘yimga yetdim,
Bo‘ylamagan uyimga yetdim.
Qabristonda sokin tantana,
Boshlanadi yangi bir sana…
Yangi uyga ko‘chishim yalang,
Qanotim yo‘q – uchishim qarang…

Rahmat, yana, shuncha yil kutdi,
Sog‘inganda – yamlamay yutdi…
Yonboshimga tuproq surishib,
Qibla tomon qo‘yar burishib.
Birozgina cho‘chib qo‘yishar,
Jilovimni yechib qo‘yishar…
Qolguvchiga vido aytishib,
O‘lguvchilar chiqar qaytishib…

***
Ruhim Ko‘kdan qarab turadi,
Ruhlar qutlab o‘rab turadi…
Kelayotgan Onam albatta?!
Kulayotgan Otam albatta?!
Jo‘ralarim qo‘lim qisishar,
Raqiblarin yo‘lin to‘sishar.
Farzandalarim ko‘zlarida nam…
Ba’zilarni eslolmayman ham…

Hijolatdan boqaman yerga:
Go‘rkov rosa tushibdi terga.
Pardoz ishi tugab nihoyat,
Boshlanadi muqaddas oyat.
Bobolardan qolgan bu odat-
Tangrim, O‘zing qilgil hidoyat!..
Ona zamin bag‘ri shishadi,
Kelganlar jim tarqalishadi…

Yuqorida tomosha tamom,
Tor kulbamda g‘aroyib oqshom…
Topilmaydi biron yostiqcha,
Yarim kunda bo‘ldim ortiqcha…
Mezbon o‘zim mehmonim o‘zim,
Dehqon o‘zim xirmonim o‘zim…
Kimga aytay: “Yomon yotdim” – deb?
Kimga aytay: “Sovuq qotdim” – deb?

Holatimdan bir fursat oshna,
Boshlanadi yangi tomosha:
Qumursqalar boshlaydi ishin,
Ilon, chayon shaylaydi nishin.
Qibladan ko‘z uzmay qolaman,
Nur kirganin sezmay qolaman.
Biyron tilim qayrilib qolar,
Haq botildan ayrilib olar.

Bidirlaydi tilim o‘zicha,
Shivirlaydi dilim o‘zicha.
Munkar Nakir boshlaydi so‘roq,
Ko‘z ochadi yangi bir buloq…
U boshlaydi hisobotdan so‘z,
Men boshlayman muhabbatdan bo‘z…
“Kutgil! – deyman, Qiyomatgacha?”
“Tutgum! – deydi, Qiyomatgacha!”

Savol aniq – javobi gumon,
Hayriyatki, Olloh mehribon!
Bir yarim oy…uch…olti oyli…
Bir-biridan biram chiroyli.
Go‘daklarim kelar yetishib,
Hadislardan qalqon etishib…
Yalinishar Munkar Nakirga –
“Rahm qil! – deb, ota faqirga…”

Yana Olloh, Olloh mehribon,
Beriladi bandaga imkon.
Munkar Nakir ko‘nib sabrga,
Asta chiqar yangi qabrga…
Farzandlarim uchishar birdan,
Lol qolaman bu ajib sirdan.

***
Pok hadislar bo‘lsa-da qalqon,
Qalqon ichra armon va armon.
Namozlarim qazosi qiynar,
Do‘stning yolg‘on rizosi qiynar.
Yana qabrim toshlari qiynar,
Farzandlarim yoshlari qiynar…
Tundan kunning farqini bilmay,
Qismatining narxini bilmay.
O‘z-o‘zimga to‘qib rivoyat,
O‘z-o‘zimdan o‘qib shikoyat,
Oyu kunlar yilga o‘rganar,
Ilonlarim tilga o‘rganar…

Jismi zorim teshilib bitar,
Qaro yerga qo‘shilib ketar…

***
Asrlardan asrlar osha,
Bitilmoqda yangi tomosha…
Ular endi boshqa hikoya,
Yaxshilarga shu ham kifoya,
U kunlarning sabri suyukdir,
Olloh buyuk, Olloh buyukdir!

O‘sh.