Mirzo Kenjabek (1956)

Mirzo Kenjabek 1956 yil 20 fevralda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tavallud topgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1979). «Quyoshga qaragan uy» (1983), «Munojot» (1986), «Sharq tili» (1988), «Bahorim yellari» (1991), «Muhabbatning yo‘li xatarli», «Hasrat kitobi» kabi she’riy va publitsistik majmualari chop etilgan. A. S. Pushkinning «Evgeniy Onegin» she’riy romani, F. Attorning «Tazkirat ul-avliyo» (1997) kitobi va boshqa bir kator islomiy asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan.


O‘ZBEKISTON

Oppoq qayinlarga bo‘ldim oshino,
Sayr etdim men bahri jahannamlarni.
Mening she’rlarimda tovlandi hatto
Beqaror Afrika savannalari.

Sahroi Kabirda yozsam ko‘nglimni,
Ruhimda chinorday turding ko‘karib.
G‘afur G‘ulom bo‘lib nechun men seni
Bir umr boshimda yurdim ko‘tarib?

Zardushtiy edim men – qutlug‘ o‘t o‘zing,
Butparast bo‘ldim men, sanam-but – o‘zing.
Sensan e’tiqodim, o‘zingsan tangrim,
Mangu sig‘inmoqqa loyiq yurt – o‘zing.

Erning har burchida odamlar goho
Menga o‘z tilimda so‘ylar, gumon yo‘q:
O‘zbek ko‘p butun Yer yuzida, ammo
Olamda boshqa hech O‘zbekiston yo‘q!

* * *

«Sevasizmi?» – degil,
Savollar yog‘dir,
Bor gapni sugurib olgin ko‘nglimdan.
Jim qovushtirilgan qo‘llarim oxir,
Ohista sirg‘alib tushar qo‘ynimdan.

«Sevasizmi?» – degil,
Savol ber, qiyna,
Nursiz kunlarimning bitsin hisobi.
Tug‘yonli onlarga chorlasin yana
Sovuq bo‘salarning qaynoq azobi.

«Sevasizmi?» – degil,
So‘rayver, so‘ra,
Nigohim titrasin oppoq ko‘ksingda.
Parishon aksimni bir nafas ko‘ray,
Parishon o‘tinib turgan ko‘zingda!..

Yolg‘iz sening sevging yetmaydi, netay,
Umrimiz bog‘lari qoladi g‘arib.
Sen sevgi so‘rayver,
Men chiqib ketay,
Muhabbat axtarib, mehr axtarib.

JAZO

Sening yashnab turgan ko‘ylaklaring bor,
Yodimga soladi xushbo‘y kezlarni.
Hayotning torgina yo‘laklari bor,
To‘qnash keltiradi goho bizlarni.

Sen meni ko‘rmaysan, payqamaysan hech,
O‘tasan jimgina boshingni egib.
Sen meni sezmaysan, payqamaysan hech,
Qo‘llarim qo‘lingga ketsa ham tegib…

Tunlar jim kezaman tinch daraxtzorni,
Bir qasos sezaman tinch shamollarda.
Uzun sochlaringning hasrati bordir
Jimjit yig‘layotgan majnuntollarda.

Axir yonayotgan yuraklaringni
Qismatim yuziga qarab otsang-chi!
Boshingni ham qilgan gunohlarimni
O‘zimning bo‘ynimga ossang-chi!

Nega jim yashaysan, sokin yashaysan?!
Sezmaysan, qo‘llarim ketsa ham tegib.
Olamda men yo‘kdek, hech payqamaysan,
Yashaysan jimgina boshinpsh egib.

Men esa tirikman hayot bag‘rida,
Tirik o‘kinchlardan yongan qalbim bor.
Lekin men bilaman, sening qalbingda,
O‘zimning…
qarovsiz qolgan…
qabrim bor!

IBODAT

Ibodat ne? Yaratganga
itoat ham ibodatdir,
Haqiqiy bandalik birlan
saodat ham ibodatdir.

Ibodatdir, tiriklikni
etolsang ma’rifat bog‘i,
Mashaqqatlik ilm, san’at,
qiroat ham ibodatdir.

Onang birla otang qalbi
o‘tar Ka’ba tavofidan,
Alar ko‘nglini shod etsang,
shu xizmat ham ibodatdir.

Xabar oldingmi bemordan,
qarindosh, do‘st, musofirdan?
Birovni yo‘qlasang dildan,
ziyorat ham ibodatdir.

Umrni etmayin isrof,
o‘zing ro‘za, vujuding sof,
Agar pok holda uxlarsen,
shu rohat ham ibodatdir.

Mudom Allohni zikr etsang,
halol boriga shukr etsang,
Qiyomat kunni fikr etsang,
tijorat ham ibodatdir.

Butun borliq, nabotat ham
Yaratganga etar tasbih,
Bobo dehqon ekib yursa
ziroat ham ibodatdir.

Ibodatdir, biror zolim,
jafokorga desang haq so‘z,
Va nodonga sukut qilsang,
sukunat ham ibodatdir.

Agar jufti halol birla
ko‘ngilxushlik etar bo‘lsang,
Falak shohid, malak hozir,
bu suhbat ham ibodatdir.

Bu Islomdir, butun umring
ibodat holiga kelgay,
Va ogohlik bilan o‘tgan
shu fursat ham ibodatdir.

Tamal – iymonu ixlosdir,
bu qullik bandaga xosdir,
Xudo deb qilganing har ish
va niyat ham ibodatdir.

Sevib, Mirzo, faqat do‘stlik
bilan dillarni obod et,
Agar Alloh uchun sevsang,
muhabbat ham ibodatdir!..

MUNOJOT

Men zabunman. Tun qo‘ynida qaro tunman,
Tund bag‘rimga ziyolarni kimdan so‘ray?
O‘zim yerman, o‘zim samo – men ochunman,
O‘zdan o‘zga dunyolarni kimdan so‘ray?

Ishqim barbod bo‘ldi obod shaharlarda,
Barcha kuldi, men yig‘ladim bahorlarda,
Yurak shabnam bo‘lib tomgan saharlarda
Osmonimga zuhrolarni kimdan so‘ray?!

Ko‘kdan so‘ra xayolimning hurlarini,
Erdan so‘ra peshonamning sho‘rlarini,
Mendan so‘ra sen dardlarning turlarini –
Men dardimga davolarni kimdan so‘ray?!

Sen tunlarni – yaldolarni mendan sura,
Xatolarni, savdolarni mendan sura,
Sen ko‘zingga ziyolarni mendan so‘ra,
Men ko‘ksimga havolarni kimdan so‘ray?!

Netay, bordir bu tog‘larning orasida,
Oyoq izi – yuragimning yarasida.
Shafqat yo‘kdir ul ko‘zlarning qorasida,
Oq mehrli qarolarni kimdan so‘ray?!

Malak, sening malakliging yolg‘on ekan,
Falak, sening falakliging yolg‘on ekan!
Yurak, sening yurakliging yolg‘on ekan,
Senga boshqa samolarni kimdan so‘ray?!

Men ko‘zimdan yoshlar otib yig‘lay, do‘stlar,
Ko‘ksingizga boshlar otib yig‘lay, do‘stlar,
Tosh bag‘rimga toshlar otib yig‘lay, do‘stlar,
Yo‘qotmishim xudolarni kimdan so‘ray?!

Yurakkinam, navo ista, nidolar qil,
Yo navosiz jonginamni adolar qil,
So‘ra, yetti iklimlarga sadolar qil –
Men umrimga navolarni kimdan so‘ray?..