Minhojiddin Mirzo (1965)

Minhojiddin Mirzo (Hojimatov Minhojiddin) 1965 yil 30 iyulda Andijon shahrida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist (2002). ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1990). «Nilufar» (1994), «Visol xabari» (2003) nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. R. Hamzatov, A. S. Pushkin kabi shoirlarning she’rlaridan o‘zbek tiliga namunalar tarjima qilgan. «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).

SAJDAGOHIM

Malaklar duosi yog‘ilgan chaman,
Haq o‘zi rahmatin sochgan diyorim.
Har sabzang, rayhoning suyib quchaman,
Ey mening jannatim, bog‘u bahorim!

Ming yillik chinorlar Forobiy kabi
G‘urur baxsh etadi har murg‘ak jonga.
Asriy minorlaring Buxoriy kabi
Saodat tilaydi jumla jahonga.

Zulmatlar bag‘rini tilkalab o‘tgan
Quyosh quchog‘ida afsonam, Vatan.
O‘tinch duolari falakka yetgan,
Qutlug‘ sajdagohim, ostonam, Vatan.

— Xalq yo‘li — haq yo‘li, istiqbol yo‘li,
Ezgu qadamlardan yaralur bo‘ston.
Davru davronlaring qaytgani chindur,
Bugun har go‘shangda yangi bir doston.

Derlar, tog‘ o‘sishin sezmaydi inson,
Ilg‘olmas cho‘qqilar yuksalgan chog‘in.
Ammo butun olam guvohdir bu kun
Qanday o‘sganligin ozodlik tog‘in.

Obodlik yo‘lini azm etdi bu el,
Farhodlar yaralur fidolaridan.
Shunchalar aziz va xislatli bu yer,
Temurlar yaralur duolaridan!

 KO‘NGIL SOG‘INChI

Ko‘zlaringda quyoshni ko‘rib,
Erigandi muz qalbim birdan
Boshim uzra o‘riklar gullab
Nur olgandi dildagi sirdan.

Nastarinlar shivirlab sokin,
Iforlarga ko‘mgach olamni.
Hayrat ila qo‘lga olgandim,
Qizg‘aldoqlar ungan qalamni…

Qancha yillar o‘tdi, fasllar
Qaytmadi hech u sirli onlar.
Tushlarimda meni qurshar goh,
Xushbo‘y sochlar — sadarayhonlar.

Qor qo‘ynida ochilmas lola,
Muz bag‘rida gullamas daraxt.
Endi qalbim senga havola,
Bahorlarim olib ketgan baxt…

 ShIVIRLAMA, ShABBODA

Shivirlama, xayolim bo‘lib,
Lablarimga tomizma boda.
Jonim hozir ketar to‘kilib,
Shivirlama menga, shabboda.

Nafasingni o‘xshatdim juda
Menga aziz bo‘lgan nafasga.
Qo‘y, jonimni uchirvorasan,
Zo‘rg‘a soldim o‘zi qafasga…

Shivirlama menga, shabboda,
Qo‘zg‘atma dil yaproqlarini.
Ko‘tarolmas endi vujudim,
Bu yurakning titroqlarini.

Sochlarimni silama, ketgil,
Chidolmayman mehringga ortiq.
Qo‘ygil meni, butkul unutgil,
Endi qalbim o‘zgaga tortiq.

Shivirlama menga, shabboda,
So‘nggi cho‘g‘ni qo‘zg‘ab netasan.
Qo‘ygil endi, o‘z holimga qo‘y,
Dardim aytsam, yonib ketasan…

Shivirlama menga, shabboda…

* * *

Hamid Olimjon g‘azaliga muxammas

He tole bu kelib dunyo, ishq tilab xasta hol bo‘lsam,
Yuzing gulin ko‘rgach dilim tugolmay gul, lol bo‘lsam,
Sen ey, feruza osmonim, yo‘lingda bir hilol bo‘lsam,
Na bo‘lg‘ay bir nafas men ham yanog‘ing uzra xol bo‘lsam,
Labing yaprog‘idin tomganki go‘yo qatra bol bo‘lsam.

O‘tar bo‘ldi meni Majnun holiga solib bu kunlar,
Muhabbat ko‘shkida bormi, baxtga yor bag‘ri butunlar,
Sen ey gul sen talab etsang bu jonimga og‘ir xunlar,
Butog‘inga ko‘nib bulbul kabi xonish qilib tunlar,
O‘pib g‘unchangni ochmoqliqqa tong chog‘i shamol bo‘lsam.

Meningdek dilxasta sendin shifo istab tilar sog‘liq,
Samandek ko‘kka sapchirman, ketolmam lek dilim bog‘liq,
Bu gulshandin yiroqlashsam ko‘ngilda gul tugar og‘riq,
Bo‘yinggni tarqatib olamni qilsam mastu mustag‘riq,
O‘zimni san’atimga so‘ng o‘zim hayratda lol bo‘lsam.

Quyosh poyida ul oy ham vasl istab cho‘kodir tiz,
Inonsiz bir bol aridek qoshingda bo‘ylagum g‘iz-g‘iz,
Bu dil izmingga bo‘ysunmish ketib bor ixtiyor, ey qiz,
Sening bir-la qolib mastu lol olamda men yolg‘iz,
O‘zimni ham topolmay, mayliga, oxir xayol bo‘lsam.

Etolmasdan kuyib o‘lmay, Qays kabi qatra bolingga,
Uchirma, qo‘y, qo‘ngan ko‘nglim bulbulin yurak toringga,
Shukur deyman seningdek Laylidil sohibam boringga,
Kezib sahroyu vodiylar yetishsam bir visolingga,
Fido jonimni qildim yo‘lingga, mayli, uvol bo‘lsam.

KIM VATANGA YoRDIR VATAN ANGA YoR

Bulbulga tikondin yetsa-da ozor,
Unga aziz erur shu joy, shu gulzor.
Yurtim, bulbullaring nafasin tuydim,
Kim Vatanga yordir, Vatan anga yor.

Muhabbat iymonli har dil ziyosi,
Ko‘nglimga o‘t solsa bir gul hayosi.
Yordin diyorimni ortiq sevmasam,
Kuysin menday oshiq ikki dunyosi.

Mayli, bog‘laringda ter to‘kay tinmay,
Mayli, yashay bir zum rohat ne bilmay,
Boshimdan zar to‘kib, tillo sochsa-da,
O‘zgaga bir siqim tufrog‘ing bermay.

Mehring – yuragimning nuri-quyoshi,
Tegsa malham deyman shu zamin toshi.
Mayli go‘ja bo‘lsin, mayli u yovg‘on,
Men uchun eng totli shu yurtning oshi,

Marding shod qarshilar, har sinov onni,
Bir kun mendan so‘rsang, shu aziz jonni,
Tanimni kalxatlar nimtalasinlar,
Magar baxt demasam men bu imkonni.

Erking, muhabbating, dilga oqmasa,
Sening qayg‘ularing ko‘nglim yoqmasa,
Rozimasman agar ko‘zim tug‘ingni
Qur’onday muqaddas bilib, boqmasa.

Senga ko‘tarilgan u qo‘llar sinsin,
Undayin yurakning dukuri tinsin,
Bahoringni hech vaqt urmasin ayoz,
Senga tushar qirov ko‘zimga insin.

Yov kelsa kamoning yoying bo‘lay man,
Belishta bog‘langan shoying bo‘lay man,
Peshonamga bitmish yorlaqab tanfim,
Faqat peshonamda seni ko‘ray man!

* * *

She’r o‘zi nimadir, ishqiy kalima,
Oydin buloq guli – shaffof bir tuyg‘u!
Yo, ko‘ngil yig‘isi, shuur gavhari,
Yo, hayrat, yo hasrat, eng shirin qayg‘u!

She’r nima, paykonmi, ruhga sanchilgan,
Yoki, qalb daraxtin sirli yaprog‘i.
Balki nilufardir dilda ochilgan,
Ko‘ngilda ulg‘aygan Majnun titrog‘i?

She’r nima, dardmi u yo zikr ajib,
«Analhaq» degan ul ko‘ngilning ohi.
Dildagi jannatmi, bog‘lari najib,
Qayda u ruxdagi darvesh dargohi?

She’r nima, tilsimli zulmat vujudning
Qa’ridan oy kabi chiqqan ifoda.
Ko‘ngil tog‘lariga qo‘ngan burgutning,
O‘tli nigohidan to‘qilgan boda?

Anglamoq ko‘yida dil so‘ylar toshib,
Chin she’rki, bir qaqnus – dilga ravodir.
U – mujda – yetti qat osmondan oshib,
Haqdin kelayotgan toza havodir…

BAHOR BU ABADIY HAQIQAT ERUR

Cho‘lponni eslab

Haqiqat yo‘llari emasdir oson,
Haq qaror toparkan kurash bor joyda
Ma’yuslik chehranga yarashmas inson,
Uylaring kurashsiz ersa befoyda.

Esladim bir zotni, haqparast o‘ktam,
Zamonning zalvorin chetga otdi u.
Tobelik og‘usin totgan dilni ham,
Uyg‘otib oftobday erta botdi u.

Haqiqat yo‘lida yiqildi horib,
Ko‘zlari so‘narkan jilmayib kuldi.
Kun kelib minglab dil chora axtarib,
Uyg‘ondi, demakki o‘rnidan turdi.

Ammo, u turolmas mangu tuproqning,
Munis hamdamiga aylanib qoldi.
Chirog‘i bo‘ldi u yaqin-yiroqning,
Dunyoda haqparast nigohi qoldi.

Haqiqat, haqiqat – bahor asli bu
U o‘sha bahor deb axir yashardi.
Bahorning borligin isbotlab voh u,
Erta yuz ko‘rsatgan gulga o‘xshardi.

Ilk chechak edi u ayozga raqib,
Bu zotlar dunyoga yashillik berur.
Ayozlar qilmasin ming bora ta’qib,
Bahor bu – abadiy haqiqat erur.

ONAM EKKAN RAYHONLAR

Hovlimizga jannat bo‘yin taratgan,
Sabolarga ifor tutgan, yayratgan,
Ko‘kdan oyu oftobni ham qaratgan,
Borlig‘ida malaklarmi nihonlar,
Rizvon ekan onam ekkan rayhonlar.

Kapalaklar arimasdi qoshidan,
Bolarilar ketolmasdi boshidan,
Unganmidi onamning bardoshidan,
Oh kaftdagi jannat, derdi giryonlar,
Ehson ekan onam ekkan rayhonlar.

Garchi gul ko‘p bu olamda iforli,
Qo‘l cho‘zsang gar ozorligu, tikonli,
Tarovatli, muslim kabi iymonli,
Uni arshdan tushirmishmi posbonlar,
Jahon ekan onam ekkan rayhonlar.

Har tong turib siypardi gul yuzlarin,
Erkalagan ona kabi qizlarin,
Sirdosh bilib aytganmi dard, so‘zlarin
O‘sha chog‘lar neni qilmish bayonlar,
Doston ekan onam ekkan rayhonlar.

Boshim qo‘ysam men ko‘ksiga onamni,
Rayhon isi chulg‘ar edi tanamni,
Oh, u jannat tark etdimi olamni,
Yaprog‘iga yig‘lab taqdim marjonlar,
Fig‘on ekan onam ekkan rayhonlar.

Ona desam zor titraydi bu jonim,
Ketdimi-ya bor davlatim, jahonim,
Mehribon yo‘k, kayda u mehribonim,
Dardim endi kanday tutay pinhonlar
Darmon ekan onam ekkan rayhonlar.

Sog‘inchimga bu dunyoda yo‘q chora,
G‘arib bog‘man, bog‘bonsiz qalb ming pora,
Onamsiz men kim bo‘ldim, bir bechora
Tatirmidi menga bu shirin onlar,
Davron ekan onam ekkan rayhonlar.

Bir kun men ham bu dunyodan o‘tarman,
Balkim, qo‘lda rayhon bilan ketarman,
Shunday onam diydoriga yetarman,
Darkor emas bundan o‘zga unvonlar,
Imkon ekan onam ekkan rayhonlar…

BULBUL QO‘ShIG‘I
Rasul Hamzatovdan

Bulbul qo‘shig‘ini tinglayapsanmi,
Unda yangrayotgan tantana tinmas.
Nima haqda kuylar anglayapsanmi,
Ammo noma’lumdir hech kimsa bilmas.

Iymonim komildir, ishonch-la aytgum,
Vatan haqidadur bu qo‘shiq – bonglar.
Agar o‘zga mavzu bo‘lganda shaksiz,
Joniga tegardi allaqachonlar.