Mavsuma Mansurova (1961)

Mavsuma Mansurova 1961 yili Angren shahrida tug‘ilgan. Toshkent Avtomobil yo‘llari institutida tahsil olgan. Toshkent shahar, Olmazor tumani, 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabida direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi.

ShE’R SEHRI

She’r sehri dilimni aylagaydir rom,
So‘zning ohangidan olaman orom.

Goho she’r sirini tinglayman bedor,
Goho o‘z sirimni aylayman izhor.

Gohida dardu g‘am berar yurakka,
Goho ko‘taradi meni falakka.

Yaqin do‘stingdan ham yaqin ekan she’r,
Goh olov, goh yashin, chaqin ekan she’r.

Ayb qilsang, u seni xafa qilmaydi,
She’r bilan sirlashsang, hech kim bilmaydi.

Duch keldim yaxshiyu yomon sifotga,
Shundan muxlis bo‘ldim adabiyotga.

She’r goho ko‘zimning yoshin artadi,
Mening bu hayotga mehrim ortadi.

DARAXTLAR

Daraxtlar ko‘rsatib saxovat, himmat,
Oltinlarin sochdi zaminga bu dam.
Mevalarin berdi jonidan qimmat,
Echib berdi yashil liboslarin ham.

Izg‘irin shamollar yeldi nogahon,
Bo‘ronlar tun bo‘yi ulidi uzun.
Tabiatning o‘zi bo‘ldi mehribon,
Daraxtlar egniga kiydirdi oq to‘n.

Bog‘larning bag‘riga berkingan hayot,
Daraxt ildizida tiriklik nihon.
Bahor kelib qushlar kuyladi bayot,
Barg yozdi, gulladi daraxtlar chunon.

Bog‘lar to‘n kiydilar yam-yashil, zangor,
Qaddiga yarashdi nafarmon qabo.
Go‘zal qiz misoli yashnadi bahor,
Gullar iforini taratdi sabo.

SOG‘INCh

Dunyo yarimta oy misoli kemtik,
Bir kam dunyo sensiz yana ham kamdek.

Tunlar behalovat kutaman bedor,
Kunduz hijroningdan bo‘laman bemor.

Kutaman necha kun, na xabar, na xat,
Sog‘indim qalbimda qolmadi toqat.

Olisdasan, senga qilurman vafo,
Nahot vafo uchun mukofot — jafo.

Kunlarning karvoni o‘tmoqda og‘ir,
Kun sayin o‘t bo‘lib yonmoqda bag‘ir.

Shamollar keltirgay gulning iforin,
Lekin gul ne qilsin sog‘insa yorin?

Tongda tushlarimni suvga so‘zlaymi?
Oqshom dardlarimni yelga bo‘zlaymi?

Dunyo yarimta oy misoli kemtik,
Bir kam dunyo sensiz yana ham kamdek.

ORASTA QIZLAR

Haqiqiy go‘zallik orastalikda,
Husn — aqlu zakoga vobastalikda.

Orasta qiz go‘yo pari, farishta,
Har ishda, har joyda doim sarishta.

Dilni shod aylaysiz shirin so‘z bilan,
Hushni o‘g‘irlaysiz ohu ko‘z bilan.

Goho qilichdan ham o‘tkir tilingiz,
Mo‘jiza yaratgay chevar qo‘lingiz.

Ro‘zg‘orning fayzi siz, uyning davlati,
Xotinsiz quruqdir erning savlati.

Aql bilan yo‘qni yo‘ndirgan ham siz,
Boshga baxt qushini qo‘ndirgan ham siz.

Sizda barcha yaxshi xislat, fazilat,
Shu bois barchaga o‘zingiz ibrat.

O‘zbek millatining kamoli sizda,
Aqlu hushi birla jamoli sizda.