Mas’ud Mahsudov 1981 yil 7 iyunda Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida tug‘ilgan.
Andijon Muhandislik Iqtisodiyot Instituti va Toshkent Iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Hozirda, shu dargohda ilmiy ish olib bormoqda.
UZOQ BIR NUQTAGA…
Uzoq bir nuqtaga termulgancha jim
Mo‘ysafid nogahon ko‘zlarin yoshlar…
“Zamon o‘zgardimi, odamlar… balkim…
Ne uchun beboshroq hozirgi yoshlar?
Bilmaydi, oddiy bir “salom” so‘zini,
Qo‘llari ko‘ksining visoliga zor.
Uyalish tark etgan chaqnoq ko‘zini,
Ma’nisiz seriallar aylayapti xor.
Kitob dunyosidan yiroqdir ular,
Navoiydan bitta satr bilmaydi.
Qiziqib asarlar o‘qishmas tunlar,
Nasihatga aslo quloq ilmaydi…
Vaqt bekor o‘tgandan achinmaydi hech,
Aniq maqsadidan yo‘qdir nishona.
Tushunar ekanmi bo‘lganini kech,
Devorga urilgan chog‘da peshona?
Uzoq bir nuqtaga termulgancha jim,
Mo‘ysafid ko‘zlari to‘ladi yoshga
Chin dildan istaydi, imkonin topib,
Aylashni nasihat har bitta yoshga:
“Yoshsan…
Quvvating bor…
Shijoat bisyor…
Bilim ol!
Ilm o‘rgan!
Ollohni tani!
Qalbingni pok ayla, bo‘lmasin g‘ubor,
Egam ham, haq yo‘lda qo‘llar bandani…
Jigarim!
Avlodim!
ertam, indinim!
Imonni but ayla,
E’tiqodni do‘st!
Millatning sha’nini boshingga qo‘yib,
Shu Yurtga munosib farzand bo‘lib o‘s!”
Mo‘ysafid uzoqqa termular, besas…
MEN BOZORNI YoMON KO‘RAMAN
Har boshda charx urar turfa muammo,
Har ko‘ngil xohishda o‘zgacha ma’no…
Bilmadim, kimlardir yoqtirar, ammo,
Men bozorni juda yomon ko‘raman.
Bilmayman, kim do‘stu, kim erur dushman,
Birovga o‘ljaman, kimga ulushman,
Bozordan yiroqda hur, erkin qushman,
Men bozorni juda yomon ko‘raman.
Kim aytar, “shu ekan zamona zayli”,
Kas nokas bo‘ldi-ku, zamon tufayli,
“Otang, onang bozor,” desinlar, mayli
Men bozorni juda yomon ko‘raman.
Ajab, beshigini shayton allalar,
Tutruqsiz gaplar-u, yolg‘on yallalar,
Zalolatni ko‘proq o‘ylar kallalar,
Men bozorni juda yomon ko‘raman.
Ko‘zga tik qarashib, aldaydi sizni,
So‘kishlar, qarg‘ashlar ol etar yuzni,
Xullas insoniyat unutar o‘zni,
Men bozorni juda yomon ko raman.
Halol luqma nima, bilmas ko‘pchilik,
Xaromni nomlashar – bu “tirikchilik”
Rahmonmas, shaytonni aylashar sherik,
Men bozorni juda yomon ko‘raman.
Sharm yo‘q, hayo yo‘q pulning dastidan,
Oqibat bir chaqa yemish qasdidan,
Yolg‘on ont ichishar chaqa ustidan,
Men bozorni juda yomon ko‘raman.
“To rozi” hukmidan ko‘ngillar nari,
Ko‘z o‘ynar tarozi toshi singari,
Aldashga intilar ham yosh, ham qari,
Men bozorni juda yomon ko‘raman.
Erga qarasangiz, ko‘zi mayuslar,
Osmonda esa-chi, “mag‘rur” dayuslar,
Tik boqishga yo‘l bermas nomuslar,
Men bozorni juda yomon ko‘raman.
Razolat hukm etgan makonlar ko‘pdir,
Biri boshqasidan o‘tadir, xo‘pdir,
Bunda-chi, barchasi, barchasi to‘pdir,
Men bozorni juda yomon ko‘raman.
Garchi qorani-da, ko‘rsatadi oq,
Pok qalbdan qanchalar bo‘lsa ham yiroq
Taajjub… dunyo unga intilar!?
Biroq,
Men bozorni juda yomon ko‘raman.
Hammamiz har kuni shoshilib borgan,
Loyini jaholat hokidan qorgan,
Ayolu-erkakni buzib yuborgan,
Bozorni judayam yomon ko‘raman.
Judayam judayam yomon ko‘raman!
TAShNALIK
Mayus termulaman; kuzak shamollar,
Xazonrezgi bargni aylar chirpirak.
Chalkashib ketadi orzu-xayollar,
Va birdan yig‘lashni boshlaydi falak.
Olislab boradi qushlar jarangi,
Qalbimdek xiradir osmonning rangi,
Umrimning boshlandi yana bir tongi,
Subhidam nafasin tuymaydi yurak.
Qaydadir chalinar “Cho‘l Iroq” kuyi,
Tegramda charx urar kelajak o‘yi,
Barglar to‘kilmoqda sarg‘aygan kuyi,
Dardini aytolmay joni ming halak.
Shudringdan namlanar tomlarning osti,
Yashilni sariqlik ummoni bosdi,
Siqilib ketibsan, so‘ylagin rostin,
Qaylarda bo‘zlading, mallasoch malak?
…Hislarim hazon-la uyg‘un: bemajol,
Samo qovoq uyar, quyosh ham behol…
Yo‘qolib bormoqda ko‘kdagi hilol,
Mehrga tashnadir u ham men kabi…
Mayus termulaman kuzak shamolga…
TINChLIK ISTAMAYDI…
Tinchlik istamaydi jonsarak qalbim,
Mudom emas tanda bir hil harorat.
Hayol tinim bilmas, turolmaydi jim,
Yurak ham topolmas to‘zim-halovat.
Kechikkan yoshlikning dardini tuyib,
Mo‘jaz dunyoimni bezaydi hazon.
Hayot sharobidan icholmay to‘yib,
Tarqatdim yo sotdim suvdan-da arzon.
Lablarda tabassum, o‘zgalar hursand,
Baxtini topishgan allaqachonlar.
Ularning yuzida quvonchni ko‘rsam,
Bahrim ochiladi, yayraydi jonlar.
Biridan olganman zavqlanish hissin,
Yana boshqasidan jindekkina g‘am.
Kimdir taqdim etgan hurlik nafasin,
Shundan, mana, tirik vujudim, tanam.
Taqdirim juda ham mohir tikuvchi,
Undagi Odamlar barcha-barchasi.
Bir butun matoni tashkil etuvchi,
Sermazmun umrimning bitta parchasi
DAFTARIM ChETIDA…
Daftarim chetida g‘alat hoshiya;
Eslay ololmayman nega qo‘yganim.
Bir quvnoq kunimdan balki xotira?
Balki belgisidir ilk bor sevganim?
Balki do‘stlarimning achchiq hazilin,
Hazm qila olmay qo‘yganman uni?
Balki hayotimning silsilasini,
Yozgartirmoq bo‘lgan maqsadim kuni?
Ilk bor qarshilikdan umidsizlanib,
Hayotdan to‘yganim nishonidir u?
Yo kelgan omadimdanmi, ruhlanib,
Ifodalab qo‘ygan bir ajib tuyg‘u?
Daftarim chetida bu g‘alat chiziq.
Ne bo‘lsa ham uni eslab yuraman.
Shirin orzularim ro‘yosin tuzib,
Faqat baxtdan deya umid qilaman
O‘ZGA DUNYo QIDIRIB…
O‘zimning olamim bir chetda qolib
O‘zga dunyolarda yashamoqdaman.
Goh uzoq qolaman o‘ylarga tolib,
Nimaga qaytmayman o‘zimga hamon?
Turli sarhadlardan turfa dunyolar,
Yanada sirliroq ko‘rinar qalbga…
(Bir yulduz chaqnasa biri yo‘qolar)
Ko‘ngil xohishini buyurmang aybga.
Ajdodlar yurtiga ketaman gohi,
Bir millat haqida ichdan kuyaman.
Bukun yoshlarining nima gunohi,
Barini bir zumda dildan tuyaman…
Ular chun Navoiy begona bir zot,
Hayyomdan ruboiy o‘qishmas tunlar.
Fuzuliy g‘azalin etishmaydi yod,
Mashrabni osgandan so‘rashmas xunlar.
Cho‘lpon, Qodiriydan topishmaydi rang,
Muqimiy Furqatni eslashmaydi bir.
Kitob qo‘lga olmas, ming so‘kib, tergang,
Bariga aybdor “bechora taqdir”…
Kelajak avlodlar olami tomon,
Keyin xorg‘in tarzda yuraman hafa.
Menga duch keladi so‘ngsiz olomon,
Chetroqqa chiqaman ayni shu da’fa.
U aslo xalq emas – bir gurux, bir to‘p,
Qayga yetaklasa, ketar maqsadsiz.
Ularga boqaman siqilib, yonib,
Qo‘rqaman, qolmasa savodsiz, xatsiz…
Haqiqat izlasam aybdorman bugun,
Malomat toshlari “kelar” nomimga.
Shundan o‘zim mayus, ko‘zlarim g‘amgin,
Shundan qaytolmayman o‘z dunyoimga…
KUTIB O‘TDIM…
So‘ngan olovlarni yoqmoq ishqida,
Yuragim chaqmotosh kabi ishqalab,
Kimsasiz orolning baland ko‘shkida,
Kelmas yor vaslini kutib o‘tdim men.
Xazonrezgi kuzdek parishon hayol,
Atrofda ming odam…Qarayman befarq,
Barchaga tabassum qilsam-da hiyol,
Dardlarim ichimga yutib o‘tdim men.
Tong sahar qo‘l ochib, ming qilib duo,
Yozimni unutib, yig‘lab, xo‘rsinib,
Ko‘zimda bor mehrim dildan etib jo,
Qalbimni qo‘limda tutib o‘tdim men.
Tanamda qolmadi zarracha mador,
Sillam ham qurigan… Umid bor faqat
Imonim o‘zimda tutib barqaror,
Boshqasin arzonga sotib o‘tdim men
KUZ XAYoLI
Kuz…Qalbda qandaydir jimlik o‘y surar,
Mudrab qolgandayin hayot sevgisi…
Derazam ortidan uyimga qarar
Ko‘chada barglarning xazonrezgisi.
Quyosh uzoqlashib borar zamindan,
Uchib ketayotgan qushlar singari.
Kunduz qisqa bo‘lib boradi tundan
Daraxt libos tashlar kun o‘tgan sari.
Soylar sharqiramay oqmoqdadirlar,
Tog‘lar xohlamayin kutadi qorni…
Sariqlikni kiygan ko‘hna adirlar,
Lolani sog‘inib qo‘msar bahorni.
Tong bilan tush vaqtni ajratish qiyin.
Xayolim misoli to‘zg‘ir yer-osmon.
Shamol olib kelgan g‘uborni keyin
Yomg‘ir yuvib ketar allaqay tomon…
Lekin ketarmikin bu bilan g‘ashlik?
Ko‘ngil maxzunlikka bo‘lganmi surgun?
Axir g‘animatdir bebaho yoshlik,
Ketdik, qalb, istiqbol tarafga yurgin!
Atrofni egallab olgani yetmay,
Dilga ham xazinlik keltirmoqda kuz…
KETYaPMAN
Ketyapman kelajak ostonasiga,
Qo‘lda dard tufayli sarg‘aygan daftar
Ketyapman taqdirim koshonasiga,
Yashagan kunimdan bo‘lib ming mustar…
Ketyapman…
Ortimga qaragim kelmas,
Yo‘limda g‘am-tashvish – sochilgan tikon.
Hayot to‘siqlari aslo kor qilmas
Izimdan iztirob yig‘layapti qon…
Ketyapman, uzoqqa… biroq yonimdan
Oqqan suv qadrini bilmasdan, zabun…
Ismim ham chiqqandek bo‘lar yodimdan,
simga soladi ilohiy bir un.
Ketyapman…
Bahorni tashlab firoqqa,
Va senga aytmasdan biror og‘iz so‘z…
Ketyappan bu yerdan juda yiroqqa,
Sherikka olmasdan birota ham do‘st…
Ketyapman, so‘rgani umr – bu nima?
Sochimga oq nega oralar bevaqt…
Bilgani yolg‘onning uyin kim qurgan?
Ne uchun muxtasar kelar ekan baxt…
Ketyapman…
ko‘zlarim ochiq bo‘lsa-da,
Ko‘rmasdan yonimdan o‘tgan odamni.
Qoldirib ortimdan bir misra she’ru,
Yolg‘onga ko‘milgan nursiz olamni…
Ketyapman…
SENI O‘YLAYaPMAN…
Seni o‘ylayapman…
Qaydadir sen ham,
Olis yulduzlarga
Termulasan jim…
Kimnidir kutasan
Intiqib shu dam.
Men hali bilmagan,
Dilgir malagim.
Kichik bir nuqtada,
Jamuljam xayol…
Yo‘l qarab charchagan
Nigohing g‘amgin.
Toliqqan qarashda
Son mingta savol,
Orasta qalbingga.
Bermayapti tin.
Iching anor kabi.
Qizillikka g‘arq,
Har bitta donasi –
Azobing, darding.
Ayt nega jim tiling,
Sarvinozi Sharq,
Bunchalik sabrni
Qaerdan olding?
Bitmas matonat-u
Tuganmas toqat,
Va jindek tabassum,
Ko‘zlaringda jo.
Yuraging aqlingdan
Istaydi shafqat,
Har bitta zarbasi –
Yuzta iltijo.
Bas, yetar!
Qiynoqli damlaring
Ortda,
Unutib g‘amlarni,
Shodon kulamiz.
Ezgulikka to‘la
Ko‘rkam hayotda,
Albatta ikkimiz
Baxtli bo‘lamiz…
Sog‘inib, o‘rtanib,
Entikib yonib,
Seni o‘ylayapman…
ONAJON
Yolg‘iz tunlarimda uxlamay chiqsam,
Tongda quyosh kutib bossa hayajon.
Mehrimni ko‘z yoshdan bittalab yiqsam,
Yuborgim keladi Sizga onajon!
Dilimda gaplarim to‘planib qolgan,
Hech kimga aytmagan sirlarim bisyor.
Hattoki yuragim urishdan tolgan,
U Sizga talpinar, mushfiq onajon.
Boshimga kechalar yostiqar botsa,
Ishongan do‘stlarim sotsalar meni.
Saratonda yoshim kiprikda qotsa,
Dardlashgim keladi Siz-la , onajon.
Dunyo tashvishidan to‘ldi bardoshim,
Qo‘l siltab bariga, ketaymi, deyman.
Tizzangizga qo‘yib so‘ng dardli boshim,
Uxlagim keladi, munis, onajon
Mehribon tabassum ko‘zim o‘ngida,
Uxlasam quloqda allalaringiz.
Har qachon duoim bosh-u so‘ngida,
Albatta, Siz borsiz, aziz onajon.
Qalbingiz misoli bir ohanrabo,
Yozingiz ko‘kdagi porlagan quyosh.
Ovozingiz mayin, sahargi sabo,
Judayam sog‘indim, Sizni onajon.
DARD…ALAM…IZTIROB
Dard – ko‘nglim tark etmas xazin tarona,
U menga tutqazdi qog‘ozu qalam.
Dardsizlik bo‘lmagan menga hamxona,
Dardim ko‘pligidan qilmayman alam.
Alam – bedor tunlar bitilgan ash’or,
Alam – ishq kuyida chekilgan azob.
U – navo bitmasdan sinib qolgan tor,
U – maxzun kunlardan achchiq iztirob.
Iztirob – tuyg‘ular nursiz xonasi,
U sabab yashaymiz, tirikdir shu jon.
U sevgim birinchi ochgan shonasi,
Ham bilak tomirda urib turgan qon.
Muhabbat – yurakka yashirilgan sir,
Hayotga ginam u, ko‘klarga dodim.
Muhabbat – ilinjim umrim bo‘yi bir,
Ham dardim, ham alam, ham iztirobim!
SIR
Men Sizga izhorim etmayman oshkor,
Yurak-yuragimdan kulmayman ortiq.
Dunyo yuzin ko‘rmas behisob ash’or.
Quchoq gullar boshqa qilmayman tortiq.
Tushlarim bugundan sizniki emas,
To‘lin oy kechalar keltirmas ilhom.
Ko‘zingiz sehriga qilmayman havas,
Samimiy so‘zingiz etolmaydi rom.
Mahliyo bo‘lmayman husningizga ham,
Mayli Siz dunyoda yakka-yagona.
Dardingizga hatto qo‘ymayman malham
Shu kundan bizlarmiz butkul begona.
Sababi aytmayman…so‘ramang aslo,
Xissiz ko‘nglingizgi qiynab netaman?
Ollohim bilguvchi bu sirni tanho,
O‘zim-la qabrga olib ketaman…
AYB
Binoyidek yurish-turishi,
Suhbati ham sermazmun juda.
Gohi maftun qilar kulishi,
Rom etadi xatto uyquda.
Kipriklarin yoyi qalbingiz
To‘g‘ri nishon oladi bexos.
Ko‘ngli, – deysiz – katta bir dengiz,
Daryosidan quyiladi noz.
Kokillari misli majnuntol,
Quyosh yanglig‘ tabassumlari.
So‘zidan chak-chak tomadi bol,
Gul bargida shabnam singari.
Ro‘molini qo‘ymas boshidan,
Uzun ko‘ylak qomatin bezar.
Yosma qo‘yib yetti yoshidan,
Buyuk san’at asarin chizar.
Qultum suv-la yutaman deysiz,
Buncha go‘zal bo‘lmasa, Xudo!
Faqat bitta aybi bor, esiz…
Unga yurak etmagan ato!
BOLALIK
Qalbga sig‘may olam dardlari,
Ba’zan chuqur o‘yga tolaman
Juda xomush bo‘lgan paytlarim,
Bolalagim eslab qolaman…
Eslayman-u, ichimda bir joy,
Jiz etadi.
O‘rtanadi jon…
“Oymoma” deb atalgan ey, oy –
Qayerdasan, qayda, bolajon?
Zumga bo‘lsa ham o‘sha damga,
Bo‘lar edim jon-jon deb qaytgan…
Ba’zan ketsam edi quvilib,
Quvlamachoq o‘ynagan paytga…
Arg‘imchoqqa o‘tirib olsam,
G‘ubor qolmas ruhda, ham tanda
“Katta bo‘lsam…” degan xayolni,
Qilmay qo‘yar edim o‘shanda…
Bekinmachoq istagan ko‘ngil,
Shamol kabi yeladi goho…
O‘tib ketgan yillar ortiga
Yashiringim keladi goho…
Bolaligim, oh, bolaligim,
Shaloladan sho‘x bolalagim
Qaytib kelmas beg‘ubor davrim –
Gunohlari yo‘q bolaligim…
Ketib qolding… juda ham erta,
Endi seni qaydan topaman?
Sening bilan qilgan orzuni,
Bugun g‘amlar bilan yopaman…
Kattalikni qilmagin tilak;
Oxiri yo‘q o‘ylagan ishing…
Biri tugab-tugamay yana,
Boshlanadi boshqa tashvishing…
Qalbga sig‘mas bo‘lsa dardlarim,
Bolaligim eslab qolaman…
SENING KO‘ZLARING
Dilimda tasvirlab bo‘lmas bir surur,
Yozgacha zavq berar olgan nafasim.
Zuhro yulduz misol taratguvchi nur
Tabassum yuzlarga kelar havasim.
Borliq go‘zalligin atrofga sochgan,
Iforlar keltirib esadi nasim.
Xayolim o‘g‘irlab oylarga qochgan,
Zulfing torlariga kelar havasim.
Yoylanib qolaman…Goh o‘yim ro‘yo,
Gohida nuqtaga tikilaman jim.
Hayotdan minnatdor, ham mehridaryo,
Qalbi butunlarga kelar havasim.
Yuragim orziqib, o‘rtanar jonim,
Quvonchli kunlarim yodga solib zum…
Bu yorug‘ olamda hech yo‘q armoni,
Baxtli insonlarga kelar havasim.
Yuzlandim necha bor ming turli ko‘zga,
Zor bo‘ldim bir og‘iz darmonli so‘zga,
Har erdan izladim, topmadim o‘zga,
Sening ko‘zlaringga kelar havasim…
SOG‘INCh
Assalom, mehribon, mehridaryo dil,
Ovozlari mayin, beg‘ubor ko‘ngil,
Sog‘inchdan ko‘ngilga sig‘mayapti qil,
Tushungizga kirgim keldi, onajon…
Yoningizdan jilmay, quvonchga to‘lib
Dunyolarga sig‘may, qiyqirib, kulib,
Biz zumga bo‘lsa-da, yosh bola bo‘lib
Orqangizdan yurgim keldi, onajon…
Aytar gaplarim ham ko‘pdan ziyoda,
Yig‘lolmasdan yoshlar ichimda shoda…
Qo‘ng‘iroq qilibmas, faqat ro‘yoda
Holingizni so‘rgim keldi, onajon
Ichim jimirlaydi, havotir tinmas,
Bemehr o‘glingiz qadringiz bilmas,
Har kun tavof aylab, rasmingiznimas,
O‘zingizni ko‘rgim keldi, onajon…
…Tunlar uxlolmasdan halak bu jonim,
Mehringizni qo‘msab bir zumga tindi…
Qo‘llari duoda – jon Onajonim,
Shu kecha Men Sizni juda sog‘indim…
KUZ O‘YLARI…
Atrof sariq tusda, xiradir osmon,
Yaproqlar shivirlab so‘ylamoqda sir.
Sinoatga to‘lgan shu fasli xazon,
Hassos yuragimning tarjimasidir.
Xayolim qush kabi uchib ketmoqda,
Ayro yo‘llari yo‘q shamol yo‘lidan.
Taqdirga tan berib hayot o‘tmoqda,
Tutib yolg‘izlikning so‘lg‘in qo‘lidan.
Huzur-halovatga begona ko‘nglim,
Shikasta dillardan izlaydi najot.
Umid-la ko‘z tikib, boshin egib, jim,
Qilarin bilmasdan boshlaydi ijod.
Xazin satrlardan qalbimni topib,
Mungli misralardan qidirib to‘zim,
O‘zim bemor qilib, ham bo‘lib tabib,
To‘lg‘anib yozaman har bitta so‘zim.
Daraxtlar sevinchi – ko‘klam ilinji…
Men esa oromim qidirib tundan,
Ichimni kemirib, timdalab, yulib,
She’rlarim yozaman…
Shu qolar mendan.
Kuzgi barg sigari sarg‘ayib, so‘lib,
Uzilib, yo‘q bo‘lib ketmasam bo‘ldi.
Bir-birovga muhtoj foniy jahonda,
Hech kimga keraksiz o‘tmasam bo‘ldi…
G‘ALATI ShE’R…
Yuragimga qon kerak,
tomirda g‘am oqmoqda.
Ruhimga-chi, jon kerak,
tanam olov yoqmoqda.
Dardlarimdan olam ham,
tor ko‘rinar ko‘zimga
Kundan kunga oxshamay,
borayapman o‘zimga.
Gardanimga tap tortmay,
gunohlarni ortyapman.
Savob aravasini,
zo‘rg‘a-zo‘rga tortyapman.
Borayapman, manzilim
abadiydek – beparvo,
O‘zim totgan sharbatni,
o‘zgaga ko‘rmay ravo.
Boshqalar-la ishim yo‘q,
menday xudbin bormikin?
Dushmanlar-ga oshno-yu,
do‘stga dilozormikin?
O‘tkazarman bugunim,
qulluq qilib gadoga.
Ertamni o‘ylamayman –
tavakkaldir Xudoga.
Mana shunday bir kasman –
Hammadan ham osiyroq.
Ko‘nglimda mehr tanqis,
Ishqdan ketganman yiroq.
Yuragimda qon yo‘qdir,
Bu tanmada jon yo‘qdir,
Barchasin tushunguvchi,
Bitta mehribon yo‘qdir…
Yolg‘zioyoq yo‘l uzoq,
Yalang bosib o‘taman.
Zulmat ichra quyoshni,
Faqat Haqdan kutaman
Yorug‘likka intilib,
Nurdan topgum panohim
“Menga o‘xshaganlarga
To‘zim bergin Allohim…”
G‘AZALLAR
Ishqim pinhon tutgum, aslo oshkor etmam yorima,
Iztirob-azob o‘tini bermagum dildorima.
Kuzgi yaproq singari dil sarg‘ayib so‘ldi tamom,
Keldi ko‘klam, lek yashildan qatra yo‘q gulzorima.
Ayni fasli yoshligimda keldi-yu, ketdi shitob,
Endi qilmam qancha afsus, eshitmaydi zorima.
Qo‘lim ishda, yor yonima, ko‘ngul bunda shod edi
Yo‘qotib lol o‘ltiribman, hech unum yo‘q korima.
Qay yerni ul etdi makon osmonnimi, yo zamin?
Menki tayyor ketishlikka, qurbon aylab borima
Orazini ko‘rmog‘im chun intihodan qaytmagum
Mayli qo‘ysin ikki ustun va sirtmoqni dorima.
Ohlarimga quloq tutmas do‘stu yoron ming taraf,
Bayon etdim dardlarimni shu mo‘jaz ash’orima.
* * *
Davo istar qalbima hech malhami jon topmadim,
Dil zorimni aytmog‘img‘a bitta inson topmadim.
Dard tajalli mezbon o‘lan xonavayron ko‘nglima,
Bir tasalli berodirg‘on gul-guliston topmadim
G‘amzalardan basirlikka mahkum bo‘lgan ko‘z uchun,
Lutf ila hamnur o‘luvchi chashmi giryon topmadim
Chashmtalab, ziyo talab zim-zimiston ko‘kima,
Shulai nur tarqatuvchi kavkabiston topmadim.
Kunlar bazo‘r o‘tayotir, iztirobga arjumand,
Shodu xurram yashamoqqa yakka imkon topmadim.
Yor qidirdim, dashti ishqda bo‘zlagan Majnun kibi,
Necha yillar izlayapman, va lekin hamon topmadim
Zohirimda nola-oh, ham imonimda ishtiboh,
Botinimni uyg‘otishga sohibi zabon topmadim.
Mag‘ribu Mashriq qolib, jar solib, tildan qolib
Jon olib, jonim berib, jon tikib jonon topmadim.
* * *
E’tiqoding ziynating emas,
Qadring minba’d qiymating emas,
Mo‘minga xos xislating emas,
Dilda agar ixlos bo‘lmasa
Qalbda nurdan bo‘lmaydi darak,
Zim-ziyodir quyoshli falak.
Kimga kerak undayin yurak –
Dilda agar ixlos bo‘lmasa
Jannat hidin abad tuymaysan,
Farz-sunnatni, xatto suymaysan
Mol-dunyoga balki to‘ymaysan –
Dilda agar ixlos bo‘lmasa
Bandasi hech kelolmaydi bas,
Farzandlaring qilmaydi havas,
Sen nima-yu, nima yerda xas,
Dilda agar ixlos bo‘lmasa
Ajrlarni kutmagin zimdan,
Uzoq bo‘lgin Qur’on Karimdan.
Mehr kutma Payg‘ambarimdan,
Dilda agar ixlos bo‘lmasa
Rasulimning ummatimassan
Dilda borin tilda demassan,
Qalbda iymon bilan o‘lmassan,
Dilda agar ixlos bo‘lmasa
Hadis kirmas bo‘lar quloqqa,
Pokizalik ketar yiroqqa,
Tinch ketmaysan qora tuproqqa
Dilda agar ixlos bo‘lmasa
Amallaring qabul etmagay,
Daftaringga savob bitmagay,
Yaxshilikni hech kim kutmagay –
Dilda agar ixlos bo‘lmasa
Riyo seni egallab olar,
Xush ishlaring dunyoda qolar.
Tavhid shamsi butkul yo‘qolar
Dilda agar ixlos bo‘lmasa
Duolaring ijobati yo‘q,
Bu kasalning tabobati yo‘q,
Ko‘ngling sira bo‘lolmaydi to‘q –
Dilda agar ixlos bo‘lmasa
Kirar yo‘ling bo‘lar jaholat,
Ichingda in qurar razolat
Zalolatdan erur dalolat –
Dilda agar ixlos bo‘lmasa…
Munofiqsan – muhlis ermasang,
Imoningni qoplab olar zang
Yuzingdan ham qochib ketar rang
Dilda agar ixlos bo‘lmasa
Vijdon tig‘i ming bora tilsin,
Boshqalar ham eshitib bilsin,
Alloh senga kifoya qilsin,
Dilda agar ixlos bo‘lmasa
Oqibatin o‘ylagin biroz –
Tandan shayton bo‘lmaydi xalos.
Namoz -tanga mashg‘ulot xolos,
Dilda agar bo‘lmasa ixlos…
Indalloni aytayin shu chog‘,
Gap xullasi – ushbudir izoh:
Alloh Sendan bolmagay rizo,
Dilda agar ixlos bo‘lmasa.
***
Subhidam…
Tong asta yuzini ochib,
Qorong‘ilik yorug‘ osmondan qochib
Quyosh ham nurlarin erinib sochib,
kun boshlanmoqda…
Kimga mukofot-u, kimgadir jazo
Allakim baxtli-u, kimdadir azob
Bir joyda tug‘ilish, boshqada qazo…
kun boshanmoqda…
O‘tgan kun yashnagan gul so‘lgunicha,
Sekin ochilmoqda kechagi g‘uncha
Har safar oq betni varaqlagancha
kun boshlanmoqda…
Tirikchilik, deya tinmaydi odam,
Dunyo abadiymas – bilmaydi odam
Har kunim oxirat sari bir qadam…
kun boshanmoqda…
Bu kunni kimlardir uyg‘onish sanar
Boshqa dil bugun chun dilidan yonar,
Shu kundan har qalbda umid uyg‘onar
Kun boshlanmoqda…
Bizni yetuklikka yetaklab asta,
Birov salomatu, boshqasi xasta…
Fanoni baqoga etib payvasta,
Kun boshlanmoqda…kun
***
Qalb – Mendan yashirgan dil daftaringiz,
Ko‘ngil – Siz qizg‘angan sirli tuguncha…
Ko‘z yosh – yuragingiz g‘arq etgan dengiz,
Orzu – niyatlardan yaralgan g‘uncha.
Jimlik – Sizni jumboq aylagan asr,
Tabassum – chehrangiz abad mehmoni
Sabr – malikasi siz bo‘lgan qasr,
Sevgi – Siz tuymagan tuyg‘u ummoni
Subhidam – sizni ilk o‘ylaganim vaqt,
Oqshom – xiralashib qolgan bir xayol.
Uyqu – men bilmagan o‘zga halovat,
Bedorlik – meni ko‘p qiynagan savol…
Nur – Sizdan taralgan ajib chin yog‘du,
Shabboda – sochingiz o‘ynagan nasim…
Mehr –so‘zingizda yashirin jodu…
Tundek ko‘zingizga kelar havasim…
***
Siz uxlaysiz…
Qaydadir bir dil,
Tuni bo‘yi
Sizni o‘ylaydi.
Xayolida balki
U ko‘ngil
Sirlarini
Sizga so‘ylaydi…
Siz uxlaysiz,
Tinch ham osuda,
Tushingizda
xatto jilmayib.
Havasimni
keltirar juda…
Uyg‘otmoqlik–
go‘yo bir ayb…
Siz uxlaysiz,
Ma’sum, beg‘ubor,
Osmonlarni,
Kezib ro‘yoda
Ayni damda,
Qaydadir bedor,
Kimdir o‘ylar
Sizni dunyoda…
Siz uxlaysiz…
Sezayapsizmi?
Oy ham so‘nib,
Quyosh qaytmoqda…
O‘sha kimdir,
Sizni topgan-chun,
Yaratganga
shukr aytmoqda…
Siz uxlaysiz…
kimdir uyqusiz…
Sizga alla aytar ichida…