Ma’ruf Jalil (1936-2004)

Ma’ruf Jalil 1936 yil 10 oktyabrda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Payshanba shaharchasida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tugatgan (1966). «Men sizni sevardim», «Rahmat, odamlar» (1970), «Seni o‘ylab» (1973), «Notanish yo‘llar» (1976), «Qo‘shiq ishtiyoqi» (1979), «Men suv ichgan daryolar» (1981), «Parizodim» (1984), «Daryoni izlar shamol» (1987), «Baxtimga sen borsan» (1989) kabi she’riy kitoblari, «Bunyodkor qalb» (1984), «Orol madad so‘raydi» (1987) ocherk va publitsistik to‘plamlari chop etilgan. 2004 yil 14 dekabrda Toshkent shahrida vafot etgan.


UMR

Kimlar bu ko‘chadan o‘tmagan?
Himmati daryodan ustunroq,
G‘azabi vulqondan jo‘shqinroq,
Yuragi osmonday kenglarmi?
Mardlikda Rustamga tenglarmi?
Yo maktab, yo paxsa uy qurib,
Yo o‘ksik ko‘nglini to‘ldirib,
Har tongda bir hikmat kutganlar?
Yo aldab razil ish tutganlar?
Zindonda nur ko‘rmay sinikqan,
Yo omoch yetaklab chiniqqan,
Mehribon, zaxmatkash dehqonmi,
Bosqinchi, beshafqat xoqonmi –
Kimlar bu ko‘chadan o‘tmagan?
Zamonlar ortidan chang bo‘lib,
Umidlar qolganmish to‘kilib.
Shularni avaylab teraman,
Saralab xalqimga beraman.
Yurmoqqa kelganda navbatim,
Mehnatu ishq bo‘ldi ulfatim.
Yillardir, oylardir unga zeb,
Kisqasi, atalar UMR deb.
Kimlar bu ko‘chadan o‘tmagan?

PARIZODIM

Parizodim, seni izlab tog‘larga bordim,
Aytolmadim yurakdagi savollarimni.
Ammo, topib yupansin, deb qo‘yib yubordim –
Tog‘ burguti kabi o‘jar xayollarimni.

O‘zim javob berolsaydim,
Boshimni egib,
Shamol kabi yugurmasdim, qo‘nim bilmasdan.
Shivirlamas edim har bir daraxtga tegib,
Hatto tog‘lar so‘zlar edi sukut qilmasdan.

Pishqiradi yuvosh bo‘lib qolgan daryolar,
Xazon bo‘lgan lola qayta ko‘taradi bosh.
Eski yo‘lda yangrar edi yangi navolar,
Kuchga to‘lib nur sochardi kuzda ham quyosh.

Har bir meva tug‘iladi kurtak va guldan,
Ammo ozmi atirgulday mevasiz gullar!
Yo‘q, men qiyiq qidirmadim bu yerda qildan,
Manzil sari eltmas ekan duch kelgan yo‘llar.

Men tanlagan yo‘l hayotga begona emas,
Mo‘jizalar uchramaydi unda ehtimol.
Balki hech kim taqdirimni qilmaydi havas,
Senga atab ekolmasam bitta ham nihol.

Qarong‘uda yo‘qotarman balki yo‘limni,
Balki bir tosh yiqitadi adashganimda,
Balki birov madad berar ko‘rib holimni,
Balki kunim bitar senga yetishganimda.

Ammo senga qilmagayman zarra xiyonat,
Qasam ichib bermaganman garchi qat’iy so‘z.
Sen mangusan bu dunyoda, men – bir omonat,
Ezgu hislar ichra lekin yonurman hanuz.

Parizodim, seni izlab tog‘larga bordim,
Aytolmadim o‘ylab yurgan savollarimni.
Ammo, topib yupansin, deb qo‘yib yubordim –
Tog‘ burguti kabi o‘jar xayollarimni.

* * *

Men orqangdan la’nat demasman
Va qilmasman seni gunohkor.
G‘iybatlarga tashna emasman,
Bunda emas g‘urur, iftixor.

Ko‘ngil xushi bo‘lsa matlabing,
Muhabbatdan izlading nega?
Nega qaltis jardan hatlading,
Jur’at qilib so‘zlading nega?

Visol bilan qisqargan tunlar,
Orzularning hammasi tamom.
Tamom bo‘lgan baxtiyor kunlar
Bu kun bizdan olar intiqom.

Endi chida. Ortga qaytish yo‘q,
Qo‘ldan kelsa unut barini.
Qaytarolmas na ont va na do‘q
Ozod bo‘lgan dil kaptarini.

* * *

Netay sen el aro afsona bo‘lsang,
Menam yolg‘iz, senam bir dona bo‘lsang.

Meni sog‘ deb ichingda chekma ozor,
Menam devonaman devona bo‘lsang.

Necha kunki shinam uy izlar edim,
Meni bag‘ringta olgin xona bo‘lsang.

Xusumat qo‘lini ajrat yoqamdan,
Agarda yarqiroq peshona bo‘lsang.

Olib Zuhra kabi oshkor qilurman,
Odamlar ichra sen pinhona bo‘lsang.

Hamon so‘zim yetib bormas dilishta,
Nahotki shunchalar begona bo‘lsang?!

* * *

Qani mening sevinchlarim, g‘amlarim qani?
Zang bosmagan qilich kabi damlarim qani?

Zim-ziyo qalb go‘shasida do‘stlar sham edi,
Bugun yorug‘ qalb go‘shasi shamlarim qani?

Mudom to‘kis hayotimda bo‘lar bir kamlik,
Ayting, kemtik hayotimda kamlarim qani?

Goh hijron, goh uchrashuvdan ko‘zlar bo‘lar nam,
Uchrashuv bor, hijron boru namlarim qani?

Belga bog‘lab yurar edim belbog‘u xanjar,
Do‘ppim boshda, belbog‘ bilan xanjarim qani?

Ma’ruf, endi afsus qilma o‘tgan kunlarga,
Degil: Qoshi qaro, sochi anbarim qani?