Mansur Yunus 1982 yili Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida tug‘ilgan.
2005-2010 yillarda “Nihol” (bosh muharir), “Oltin qalam” (mas’ul kotib), “Muvozanat” (bosh muharrir), “Sharq ziyosi” (bo‘lim muharriri), “Media plyus” (bosh muharrir o‘rinbosari) gzetalarida, “Muhammad Yusuf” fondida direktor o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Olmazor tuman Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi raisi vazifalarida ishlagan.
2010 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini Xalqaro munosabatlar magistri darajasida tamomlagan.
Hozirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida guruh rahbari lavozimida faoliyat olib bormoqda.
VATAN BU
O‘zbek elim maqbaralar savlating,
Qadim meros madrasalar davlating,
Zavol bilmas mangu buyuk san’ating,
Temuriylar davron surgan Vatan bu!
Hisor tog‘laridan baland bardoshing,
Surxon soylarida oqqan ko‘z yoshing,
Katta karvon bugun ulug‘ yurtboshing,
Navoiylar makon qilgan Vatan bu!
Ulug‘bekni posbon qilgan yulduzlar,
Sinolardan darmon topgan ko‘r ko‘zlar,
Musofirdir, yuzlab o‘g‘lonin izlar,
Boburlarga armon bo‘lgan Vatan bu!
Bilsang Vatan, har bir qalbda sajdagoh,
Qo‘shig‘imsan, kuylarimga bo‘l hamroh,
O‘zbek elim seni asrasin Alloh,
Tangrim nazar solgan ulug‘ Vatan bu!
SOG‘INDIM
Dunyoda eng sodda, mehribon,
Har qilgan duosi bir osmon.
Sizdek mehribon yo‘q, onajon,
Men shirin allangiz sog‘indim.
Sochingizda oq tola – dardlarim,
Yuzingizda ajinlar – shartlarim.
Dunyoda boyligim, ham zarim,
Onajon mehringiz sog‘indim.
Siz ekkan rayhonni bo‘yladim,
Atriga hech qachon to‘ymadim.
Kuylasam, siz uchun kuyladim,
Men shirin so‘zingiz sog‘indim.
Har bosgan izingiz muqaddas,
Duogo‘y so‘zingiz muqaddas.
Poyingizda bo‘lolsam, oddiy xas,
Mehrli yuzingiz sog‘indim.
Har tong qo‘llarim duoga,
Iltijolar qilgum Xudoga.
Onam ko‘p yashasin dunyoda,
Men faqat o‘zingiz sog‘indim.
MANGU LAHZALAR
O‘tkinchi erur olis orzular,
O‘tkinchi yoshlik, shodon – kulgular.
U faqat dunyoda mangu yashaydi,
Qalbingda in qurgan mo‘nis tuyg‘ular.
Bu foniy olamda diydor g‘animat,
Har inson o‘tkinchi, o‘lim haqiqat.
Yaxshilik dunyoda mangu yashaydi,
Yaxshi nom qolgusi insondan faqat.
O‘tadi yillar, o‘tadi yo‘llar,
Osmonga uzatsang yetmaydi qo‘llar.
Ona yer barchaga ochar quchog‘in,
Umr karvonimiz to‘xtagan kunlar.
O‘tkinchi erur go‘zal fasllar,
Osmonga bo‘ylagan davlat, qasrlar.
Sajdaga boshing eg hamisha Mansur,
Dunyoni go‘zallik, duo qutqarar.
BAHOR FASLI KELGANDA
Tabiat – sohibjamol,
Mayin esadi shamol,
Yaproq yozar majnuntol,
Bahor fasli kelganda.
Ta’zim qiladi tog‘lar,
Osmon, quyosh va bog‘lar,
To‘lib oqar daryolar,
Bahor fasli kelganda.
Gullaydi daraxt qiyg‘och,
Keltirar shodlik, quvonch,
Kuylab qo‘shiq qaldirg‘och,
Bahor fasli kelganda.
Parvoz qilar turnalar,
Quyosh ko‘kdan sochar zar,
Entikadi yosh qalblar,
Bahor fasli kelganda.
O‘ZBEGIM TO‘YLARI
O‘zbek yigit mard, qizi xushruy bo‘ladi,
Ikki qalbning muhabbati kuy bo‘ladi,
Nasib etsa, bir kun kelib to‘y bo‘ladi,
To‘yning gashti qalblardan hech ketmaydi,
O‘zbegimning to‘ylariga yetmaydi.
O‘n sakkizga kirgan qiz bo‘y bo‘ladi,
Har inson niyat qilib to‘y qiladi,
Sevishganlar baxtidan pok uy quradi,
O‘zbek qizi nomardga qo‘l tutmaydi,
O‘zbegimning to‘ylariga yetmaydi.
Go‘zal voha, vodiyining alyori bor,
Momolari to‘yda aytar yor-yori bor,
Bobolardan me’ros qolgan tumori bor,
O‘zbek yigit va’dasin unutmaydi,
O‘zbegimning to‘ylariga yetmaydi.
Samarqandning shirin noni, holvalari,
Xorazmning oshi, Keshning xurmolari,
Toshkentimning qazi, Chustning olmalari,
Tatib ko‘ring, ta’mi tildan ketmaydi,
O‘zbegimning to‘ylariga yetmaydi.
Qalbi butun, dasturxoni to‘kin elim,
Mehnatsevar, yoshi-qari bilmas tinim,
Bosh egib, xizmatiga shay turay o‘zim,
To‘ylari hech sho‘x yallasiz o‘tmaydi,
O‘zbegimning to‘ylariga yetmaydi.
MUHABBAT
Yurakni olovdek kuydirar,
O‘zgani o‘zingdek suydirar,
Armonni pichoqsiz so‘ydirar,
Qalbingda bor bo‘lsa muhabbat.
Toshda ham maysani undirar,
Sabrga, toqatga ko‘ndirar,
G’azabni dillardan so‘ndirar,
Qalbingda bor bo‘lsa muhabbat.
Ming yillik arazni o‘ldirar,
Dillarni sog‘inchga to‘ldirar,
Har kuni yig‘latib, kuldirar,
Qalbingda bor bo‘lsa muhabbat.
ARMON
G‘arib dunyo ishlaring g‘alat,
Kimga shodlik, kimga armonsan.
Kimga chimdim loying g‘animat,
Shu g‘urbatda doim omonsan.
Quchog‘ingda bir olam tuyg‘u,
Ko‘ngli yarim, yetim-esirlar.
Kimning dardi, hayoti kulgu,
Yolg‘on bari, soxta bu dillar.
Qayda o‘zi rosting ey dunyo,
Ummondami yoki osmonda.
Maqtovingga uchdimmi go‘yo,
Makring yashar dorilomonda.
O‘tkinchi bu orzularing-chun,
Shartmi qulluq, shaxsga sig‘inish.
Ko‘z yoshimga arzirmiding sen,
Yosh boshimga solsangda tashvish.
Nobakorning hiylasi yomon,
Ortingdan jim qilishar g‘iybat.
Bu o‘tkinchi dunyoda hamon,
Mangu yashar oddiy haqiqat.
YIGITLAR
Qiz bolaning nozlari bo‘y yetkuncha,
Erkaligi, ko‘z yoshlari to‘y o‘tkuncha,
Ishonadi rosti yolg‘onga yetkuncha,
Sevgisini savdo qilmang mard yigitlar.
U birgina shirin so‘zga gado bo‘lur,
Savlatgamas, mehringizga shaydo bo‘lur,
Kulfat solmang yosh boshiga g‘avg‘o bo‘lur,
Mehringizni darig‘ tutmang mard yigitlar.
Qizi bor uy fayzi bo‘lak koshonadur,
Oriyatli, rizqi ulug‘ ostonadur,
Ranjitsangiz gar dilini vayronadur,
Butun qalbin yarim qilmang mard yigitlar.
Har oshiqning baxtini Xudo bersin,
Chin sevgining ishonchi vafo bo‘lsin,
Beshiklar Farxodu, Shirinlarga to‘lsin,
Yigit Pirim sizga hamroh mard yigitlar.
Er yigitlar unutmas o‘z ayolini,
Saqlar doim, or-nomusu, xayolini,
Olmas mehr-muhabbatning uvolini,
O‘z yoriga sadoqatli mard yigitlar.
QAShQADARYo-ONAJON
Sensan buyuk Vatanim,
Gullar ichra chamanim.
Mangu mavo bahorim,
Qashqadaryo – onajon.
O‘g‘lonlaring polvondir,
Alpomishdek qalqondir.
Tarixda u sultondir,
Qashqadaryo – onajon.
Amir Temur Vatani,
Nasafiylar maskani.
Hur o‘zbegim gulshani,
Qashqadaryo – onajon.
Maqbaralar senga shon,
Cheksiz boyliklarga kon.
O‘zliging elga doston,
Qashqadaryo – onajon.
Sho‘x qizlari chevardir,
Va tenggi yo‘q go‘zaldir.
Senga o‘qiydi takbir,
Qashqadaryo – onajon.
YoRIM MANI
Ul yorni shaydosiman,
Parvona jonim mani.
Ishqida adosiman,
Kuydirdi zolim mani.
Bog‘ida bulbul bo‘ldim,
Kuy bo‘ldi ohim mani.
Ul yor bevafo ekan,
Bechora holim mani.
Netay yor sani sevdim,
Nadir gunohim mani.
Armonni qo‘lin tutdim,
Asra Allohim mani.
Asra ey pok muhabbat,
Yo‘qdir ozorim mani.
Bu besh kunlik dunyoda,
Sadpora holim mani.
IShQ QASRI
Ishq qasri bitmas oson,
Chin oshiq bo‘lmaguncha.
Azobida qolar jon
Oshiq qalb to‘ymaguncha.
Sevganing sevmas ekan,
Davlating bo‘lmaguncha.
Bevafo kuymas ekan
Sevishni bilmaguncha.
Bevafodan bo‘l yiroq,
Allohni sevmaguncha.
Duoga bo‘lgin mushtoq
Paymonang to‘lmaguncha.
Bu dunyo bir azobdir,
Nafsingni tiymaguncha.
Nokas holi xarobdir
Chin inson bo‘lmaguncha.
O‘zgani bilmas nodon,
O‘zligin bilmaguncha.
Omadi kulmas hamon
Taqdiri kulmaguncha.
DIYDOR ShIRIN
(Hamqishlog‘im, marhum Sherzodbekka)
Bevaqt ajal shafqatni bilmas ekan,
Qaro yer odamga hech to‘ymas ekan.
Bu omonatda dunyoda diydor shirin,
Zamondoshim yosh joning bilmas ekan.
Ko‘chalarni to‘ldirib yurgan eding,
Keng dunyoda bir senga joy yo‘qmidi.
Endigina balog‘atga to‘lgan eding,
Do‘stlar yig‘lab, dushman ko‘ngli to‘ldimi.
Yolg‘on bari, men bunga ishonmadim,
Ko‘krak kerib, goho kulib yurgandaysan.
Omonat jon xastaligin ichga yutib,
Bu dunyodan shunchaki yuz burgandaysan.
SEN KETASAN
Sen ketasan…
Ortingdan termulib ko‘zlarim tolar,
Xayolim o‘ziga so‘ylaydi ertak.
Bo‘g‘zimda tiqilib so‘zlarim qolar,
Unga olib bor deb yig‘laydi yurak.
Sen ketasan…
Sochlaring to‘zg‘itib, hissiz, parishon,
Baxtimga eng so‘nngi nuqtani qo‘yib.
Bilaman,sen meni sevaman hamon,
Lekin bolalikka qo‘yasan yo‘yib.
Sen ketasan…
Ortingdan bir bora qiyo boqmasdan,
Armondan qo‘limga tutqazib qalam.
Kimnidir sevarsan yoqib, yoqmasdan,
Balki baxt toparsan, balki iztirob.
Sen ketasan…
Yuragim avvaldek urmaydi endi,
Qo‘llarim bo‘g‘zimdan tutib oladi.
Mendan yodgor bo‘lib yorug‘ dunyoda,
Quyoshsiz bo‘zargan ufqim qoladi.
BOLASINI TAShLAB KETGANLAR
Tunlari qiynalib chiqar,
Gunohlari yuragin siqar,
Paymonasi to‘lar shu mahal,
Bolasini tashlab ketganlar.
Ko‘zlari nam, yuraklari qon,
Diliga g‘am, behalovat jon,
Do‘zax bilan bo‘lar yonma-yon,
Bolasini tashlab ketganlar.
Muhabbatni o‘yin bildilar,
Dilbandini hazar qildilar,
Go‘dak qadrin keyin bildilar,
Bolasini tashlab ketganlar.
Yaratganning qarg‘ishi yomon,
Tosh yuraklar topmaydi darmon,
Vujudini kemirar armon,
Bolasini tashlab ketganlar.
Onasiz bolalar bo‘lmasin,
Mehrga intizor bo‘lmasin,
Oxirat azobin o‘ylasin,
Bolasini tashlab ketganlar.