Ma’mur Qahhor 1957 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) falsafa fakultetini tugatgan. Muallifning “Kulib tursinlar doim”, “Sehrli so‘z” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Falsafa fanlari doktori.
TONG
Tong otmoqda, oppoq tong,
maysa shudringga qondi.
Ko‘zlarini ishqalab,
ana, quyosh uyg‘ondi.
Mayin jilmayganicha
ko‘kka tomon yo‘l oldi.
Ufqda-chi, qip-qizil
faqat to‘shagi qoldi.
ShAMOL
Maza, maza, kimga maza,
shamolga maza?
Dala, qirda armon bilmay,
o‘ynaydi rosa.
Bulutlardan yasar turfa
shaklu o‘yinchoq,
Daraxtlarning qaddin egib,
kuladi quvnoq.
Yomon, yomon, kimga yomon,
shamolga yomon.
Aniq borar manzili yo‘q,
elar har tomon.
Yolg‘izlikdan, oh chekibmi,
ayozli tunlar,
Derazamga boshin urib,
bo‘ridek uvlar?
TUYaQUSh
Tuya desang, tuyamas:
pati bor, qanoti bor.
Qush desang ham kelmas mos,
tuya degan oti bor.
O‘ylab-o‘ylab boshimga
bir gap keldi, xullasi:
Tuyalarning qushi u,
qushlarning-chi tuyasi.
KUNGABOQAR DALASIDA
Oftobachalar
behisob,
Saboq berar
tob-tob.
O‘rgatar ul
kulishni,
Nafis kokil
o‘rishni.
YuMRONQOZIQ
Er ostida ming xona
qurib qo‘ydi pinhona.
Hayrondir endi, biroq,
o‘tkaza olmay chiroq.
QORA MUShUKChA
Oyi, qora mushukchaga
popuk taqib qo‘yaylik.
Oyi, qora mushukchani
oppoq rangga bo‘yaylik.
Shunda, qora mushukchani
quvmas daydi bolalar.
“Falokatning belgisi”, deb,
atamaydi xolalar.
Hamma uni ko‘rgan oni
deydi: “Buncha chiroylik!”
Oyi, qora mushukchani
oppoq rangga bo‘yaylik.
GULLAR
Tili bordir
gullarning,
So‘zi – hidi
ularning.
Suhbat qurmoq
istasang,
Basdir, o‘rtoq,
hidlasang.
KO‘PRIK
Ko‘ngillarni
xush etar,
Sohillarni
esh etar.
To bu do‘stlik
buzilmas,
Umri uning
uzilmas.
ARIQChA
Qo‘riqlar sho‘x
ariqcha,
Armoni yo‘q
tariqcha.
Unga baxtdir:
gul, maysa
Sochib atir,
jilmaysa.
KURTAK
Uxlar kurtak
yo‘rgakda,
Hali murg‘ak
go‘dak-da.
Yashnab afti –
angori,
Tush ko‘ryapti
zangori.