Madina Baxshilloyeva (1991)

Madina Baxshilloyeva 1991 yilda Buxoro viloyatining Romitan tumanida tug‘ilgan. “Do‘rmon-2013” seminari ishtirokchisi. Hozirda Navoiy Davlat pedagogika institutining O‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi.

* * *

Ko‘ksingda osmonning guli bor,
Osmonlar naqadar betakror.
Ko‘ksimda ko‘nglingning izi bor,
Yuragim baxtiyor…
Baxtiyor!
Qorlarning hidi bor dardingda,
Dardlaring qordan-da beg‘ubor.
Azizim, xayolim
Xayoling –
Jimgina o‘ylaydi beozor…
Yorug‘ kun!
Ulug‘ kun!
To‘liq kun!
Tashlasak qadamlar birga yor.
Qandayin baxt erur…
Ikkimiz,
Bir ishqqa,
Ishq bizga giriftor!

NIYaT

Lablaringda quyosh yomg‘iri,
Ko‘zlaringdan to‘kilar g‘urur.
Kel, Ishq uchun, Matonat uchun,
Bu olamni biroz yashab tur!
Sog‘inchlarning barisida qalb,
Umid ila bo‘lak bo‘lyapti.
Yonayotgan u yorqin shafaq
Umidlardan darak beryapti.
Uchayapti ko‘ngildan g‘amlar,
Orzu qilmoq qanchalar totli!
Esingda tut! Do‘stim, bu damlar
Bir umrga tatirli… yodli…
Har bir kunning zavqini asrab,
Osmoningdan ginalarni ot.
Yuragingni ertalablari,
O‘zing suygan Umid-la uyg‘ot!

SEN IShQ BO‘LDING

Sen Ishq bo‘lding,
Men esa Kitob.
Yuraklarga ko‘prik bo‘ldik biz.
Xayolimni chulg‘adi xitob,
“Sevaman”, deb yig‘lab yurgan so‘z!
Ko‘kka uchib o‘yinlar qildim,
Orzu edim sen uchun hali.
Va tun-u kun ustingdan kuldim,
Meni kitob qilgan mahaling…
Birdan tushdim osmonlarimdan,
Ruhim menga etmasdi itob.
Ketib qolding jon-la tanamdan,
Men Ishq bo‘ldim,
Sen esa Kitob!

* * *

Sen ko‘zimga berkinding
Men izma-iz yuribman
Soyangdan qarzdor bo‘lib.

* * *

Men kulishni o‘rgandim,
Suratim chizdi Hayot
Kulgichlarim sap-sariq.