Lazizjon Baxranov (1981)

1981 yili Paxtachi tumanidagi Qirguli qishlog‘ida tug‘ilgan. Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutining San’atshunoslik fakultetida tahsil olgan.
«Oson yashashning yo‘li», «Sog‘indim» nomli kitoblari chop etilgan.

BILOLMADIM

Oshyoning uzoq edi, yaqin bo‘ldi,
Yuragimda uyg‘ongani chaqin bo‘ldi.
Bilmam, senga yana kimlar yaqin bo‘ldi,
Bilolmadim, yuragingni bilolmadim.

Ag‘yorlarga hamma narsa ayon ekan,
Ne qilsam-da, faqat menga ziyon ekan.
Bilmam, endi mening yo‘lim qayon ekan,
Kelarimni, ketarimni bilolmadim.

Orzuyim ko‘p, orzuyimning poyoni yo‘q,
Do‘stlarim ko‘p, hammasi zo‘r, yomoni yo‘q.
Ovchidirman, yelkasida kamoni yo‘q,
Kerakmanmi, yo‘qmi senga, bilolmadim.

Ishonganim nahot bari yolg‘on bo‘lsa,
Ishonganim nahot yolg‘on tomon bo‘lsa.
Nahot sevgi almisoqdan qolgan bo‘lsa,
Kim do‘stimu, kim dushmanim, bilolmadim.

Qo‘lingdagi chigal-chigal ipmi, gulim,
Yoki sening dardlaring ham ko‘pmi, gulim.
Endi mensiz yig‘lamagin xo‘pmi, gulim,
Kechir meni, sening ko‘ngling ololmadim
Endi sensiz ne qilaman, bilolmadim.

EKAN

Molu dunyolarga zor hayot ekan,
Sevganlar qadrsiz, xor hayot ekan.
Ishqu vafolarga tor hayot ekan,
Hayot boshqa ekan, muhabbat boshqa.

Mehrsiz insonga isinma ekan,
Pastkashga past ketma, qisinma ekan.
Pishmagan olmaga uzanma ekan,
Hayot boshqa ekan, muhabbat boshqa.

Baxt bilan baxtsizlik bir qadam ekan,
Baxt mezoni har xil ko‘p o‘lcham ekan.
Baxtli bo‘lmoq uchun sevgi kam ekan,
Hayot boshqa ekan, muhabbat boshqa.

* * *

Uzoqdagi yaqinim,
Nigohi gul, chaqinim.
Baxtlilardan baxtliroq
Bo‘lishingni istayman.

Shodu xurram yur doim,
Baxt gashtini sur doim.
Yuzing-ko‘zing sevinchga
To‘lishini istayman.

Oppoq qordek poksan sen,
Dilimdagi choksan sen.
Oppoq quvonch, oppoq dard,
Men yetmagan mohsan sen.

Berma menga e’tibor,
Topmasin diling ozor.
Goh jilmayib, goh shodon,
Kulishingni istayman.