Komiy (Komiljon Otaniyozov) (1917-1975)

Komiljon Otaniyozov (1917.20.7, Shovot tumani Bo‘yrachi qishlog‘i — 1975.5.11, Toshkent; o‘z qishlog‘iga dafn etilgan) — xonanda, sozanda (tor), aktyor va bastakor. O‘zbekiston (1949), Turkmaniston (1964), Qoraqalpog‘iston (1968) xalq artisti. Nihoyatda jozibali va kuchli ovoz sohibi bo‘lib, har bir asar talqinida badiiy yetuklikka erishgan. Doston yo‘llarini Bola baxshi Abdullayevdan, Xorazm maqom ashula yo‘llarini Matpano Xudoyberganovdan o‘rgangan.
Toshkentdagi Hamza nomidagi musiqa bilim yurtini tugatgan (1955), Toshkent konservatoriyasida ta’lim olgan (1955—56). Xorazm teatrlarida xonanda va aktyor sifatida ishlab (1936—52), Farhod («Farhod va Shirin»), Tohir, Parfi hofiz («Tohir va Zuhra»), Qodir («Gulsara»), Davron Ota («Davron Ota») kabi obrazlar yaratgan.
Komiljon Otaniyozov 30-yillardan murakkab xalq ashulalarini, dostonlardan qo‘shiqlar ayta boshlagan. Xorazm suvora va maqomlari Komiljon Otaniyozov ijrochilik faoliyatining yuqori bosqichi bo‘ldi. Komiljon Otaniyozov Xorazm doston qo‘shiq(noma)lari asosida yangicha uslub yaratgan. Bastakor sifatida bu uslubda ijod qilgan «Salom, senga Xorazmdan», «Muborak», «Vatan», «Olqish», «Temir yo‘l», «O‘zbekiston», «Xorazm» kabi qo‘shiklari o‘zining ommabopligi va xalqchilligi bilan ajralib turadi.
Komiljon Otaniyozov A. Stepanov bilan hamkorlikda «Aziz va Sanam», «Oshiq G‘arib», S. Hayitboyev bilan «So‘nggi xon» kabi musiqali dramalar yaratdi.

G‘AZALLAR

(Mashrab ohanglarida)

Ko‘rsat yuzingni devonalarga,
Ishqingda kuygan aftodalarga.

Vaslingga yetmay afsona bo‘ldim,
Lutf ila boqqil afsonalarga.

Sansan jahonda mahbubi dono,
Jabringni kam qil g‘amxonalarga.

Umid etarman mehr ila shafqat,
Qilg‘in tarahhum bu gadolarga.

Olamda sendek mohi tal’at yo‘q,
Zohir et partav shabnolalarga.

Devona bo‘ldim vaslingni izlab,
Solmading nazar sarsonalarga.

Komilga bo‘lsa vasling muyassar,
Madhingni yozsa dostonalarga.

(1963 yil, Yessentuki shahri)

* * *

Mehr uzoring birlan olamni munavvar qil,
Qolsin xurshid hayratda, partaving namoyon qil.

Gullar ochilib xanda, o‘ziga qilib banda,
Lolaruh jamolingdin g‘unchani dilin qon qil.

Gar meni etsang sar shod lutfingni mayi birla,
Etgil murodim hosil, raqiblarni sarson qil.

Bu notovon oshiqning qon etma yurak-bag‘rin,
Ushshoqlar aro har dam ma’shuqlig‘ing izhor qil.

Qilsang tabassum nogoh sevganingni ko‘rganda,
So‘rg‘oli g‘arib holin lutfingni farovon qil.

Ko‘rganda g‘izolingni asiri bo‘lmish nargis,
Qora chashmingga shaydo ohuni giriftor qil.

Bog‘ aro xiromingdan tovusni qilib hayron,
Qomati niholingdan sarvi qaddini dog‘ qil.

Istabman kamolingni, xurshidi jamolingni,
Olg‘il yuzingdan parda hojatimni oson qil.

Anduhi firoqingda yondi necha yil Komil,
Qo‘ng‘il komiga yetsin naqdi xusning arzon qil.

(1963 yil, Yessentuki)

ANDIShA QIL

(Xuvaydo g‘azaliga Komiy muxammasi)

Ey ko‘ngil, bu so‘zim angla, yordin andisha qil,
Qilmasi so‘zing qabul, bezordin andisha qil,
Joninga jabr aylama, ozordin andisha qil,
Ey dilo gul chog‘ida, gul kordin andisha qil,
Uzmagil behuda gul, gulzordin andisha qil.

Gar yo‘lingda xarj qilsa, xonu monu, molini,
Ham muloyimliq bila, qurbon qilsa jonini,
Emagil xargiz oning minnatli bergan nonini,
Pashshakim bedorliqdan ichdi odam qonini
Ba’zi-ba’zi mardum ul bedordin andisha qil.

Ketmagil, yo‘ldan adashma, sen uni hamdam bilib,
Bermagil ko‘nglingni aslo simu zar, andam bilib,
Ham jarohat ko‘ksing ochma, har so‘zin malham bilib,
Rozi dilni aytmag‘il, har kimni sen mahram bilib,
Oqil ersang mahrami asrordin andisha qil.

Kirdilar bo‘ston aro, sarvi niholin tikmadi,
Gar vafo tuxmidin ul mehriyu, gulzor ekmadi,
Kelmadi rahmi oning, qaddini aslo bukmadi,
Kimki kirdi bu chamanga, gulni uzmay chiqmadi,
Aro-aro gul uzarsan xordin andisha qil.

Behuda o‘rtanma, Komiy rahme qilmas bag‘ri tosh,
Joningg‘a aylar jafo, dildor bilan qilma talosh,
Ko‘ksingni sadpora aylab, ham qilar ko‘zingni yosh,
Ey Xuvaydo, etmagil Mansurdek sirringni fosh,
Etkim Mansur, analhaq dordin andisha qil.

* * *

(Xislat g‘azaliga muxammas)

Ayroliq o‘ti dilda nihondur,
Etolmay vaslingga bag‘rimda qondur,
Aqlimni olgan ul mohi tobondur,
Hajringda, ey yor, korim fig‘ondur,
Tinmay ko‘zimdan ashkim ravondur.

Savdoyi visol qilib andisha,
Zikr etmagim seni bo‘libdur pesha,
Zulmat firoqingda chekarman necha,
Tortib judoliq darding hamisha,
Xolim xarobu rangim somondur.

Kelgil qoshima munis qaribim
Xoling nechuk deb bekas g‘aribim
Ozod qil g‘amdan ham bergil nasibim,
Sen-sen habibim, xoziq tabibim,
Dardimga beshak bu begumondur.

Yo‘l yursam hodidur noming tilimda,
Orom olur bo‘lsam koming dilimda,
Gar yetsam vaslingga orzu elimda,
Armonu hasrat ko‘pdir dilimda,
Desam tuganmas, go‘yoki qondur.

Bo‘libman giriftor oshiqi vola,
Jamoling ko‘rolmay chekarman nola,
Rahm ayla, ko‘z yoshim yo‘lingda jola,
Ey yori jonim, qildim havola,
O‘ziga bul kun har kim yomondur.

Bu ishqning dardidin maskanim furqat,
Chekdigim kuyingda ohu nadomat,
Xun bo‘ldi jigarim qilmasang shafqat,
Ham lola yonglig‘ ko‘ksimda qat-qat,
Boz ustiga boz tog‘lar nihondur.

Gulistonda yo‘qdur bunday latofat,
Odamda bo‘larmi muncha fazilat,
Vasling uchun Komil tortadi kulfat,
Gulday yuzingning ishqida Xislat,
Bulbulga o‘xshash kori fig‘ondur.