Komila Nosirova 1983 yil 6 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. 2003-2010 yillarda “Hordiq plyus” gazetasida muxbir, 2011-2012 yillarda “Humo+TV” gazetasida muharrir bo‘lib ishlagan. 2012 yildan “7x7” gazetasida tarjima va axborot bo‘limi muharriri sifatida faoliyat yuritmoqda.
Uning “Hali uchrashamiz” (2005 yil) she’riy hamda “O‘kinch” (2008 yil) hikoyalar to‘plami nashrdan chiqqan. “Yoshlar kitobi” hamda “Onajon” to‘plamlarida she’rlari e’lon qilingan. Agata Kristi, Brem Stoker hamda hind va Yaqin Sharq yozuvchilarining asarlarini tarjima qilgan.
SEVAMAN DEMANG…
Ortiq mening g‘amimni yemang —
Sevmaganman hech qachon sizni.
Qo‘ying, seni sevaman, demang,
Aytmang menga endi shu so‘zni.
Ajablanib boqmang ko‘zimga,
Men o‘zgaga berganman dilni.
Istaganga yoki har kimga
Tortiq qilib bo‘lmas ko‘ngilni.
Siz boqasiz ko‘zimga hayron,
So‘zingizga quloq solmayman.
Aylasam-da qalbingiz vayron,
Sizni sira seva olmayman.
2001 y.
ShOIRGA NE KERAK?
Shoirga ne kerak o‘tkinchi shuhrat,
Ne kerak ortiqcha sharaf, lavozim?!
U dardin aytmoqni istaydi faqat,
Qalblarni titratsa, deydi ovozim.
Shoirga kerakmas maqtov, xushomad,
U sajda qilmaydi dunyoga, pulga.
Tutqun yashamoqqa qilmaydi toqat,
Nafrat-la boqadi har qanday qulga.
Shoirning qalbida muhabbat, nafrat,
Birma-bir yozadi qalbda borini.
U dardin aytmoqni istaydi faqat,
Yurakka topshirib ixtiyorini!
2002 y.
* * *
Taqdirga bitilgach ayriliq, firoq,
Sira yig‘lamading — sen juda botir.
Men esa ojizman, men esa, qo‘rqoq,
Mening ko‘zlarimda yosh qalqiyotir.
Taqdir shunday ekan, deding ohista,
Ha, qismat shu ekan, dedim ezilib.
Sen qiynoqlaringni bildirding so‘zda,
Men ayta olmadim andisha qilib.
Ayriliqqa ko‘nib ketding qayrilib,
Men-chi, turib qoldim turgan joyimda.
Yurakdan ayrildim sendan ayrilib,
Qaragin: yuragim yig‘lar poyingda…
2002 y.
BILMAYSANKI…
Bilmaysanki, yuragim og‘rir,
Yurak og‘rir seni o‘ylasam.
Bilmaysanki, o‘ylarim og‘ir,
Xayol og‘ir seni o‘ylasam.
Bilmaysanki, menga muhabbat
Eng ko‘hna va eng shirin orzu.
Bu orzudan ezildim faqat,
Yuragimni qiymalaydi u.
Bilmaysanki, ko‘nglim umidvor,
Nelarnidir istab yonadi.
Goho etar dardini oshkor,
Goho esa, “yo‘q” deb tonadi.
Bilmaysanki, ahvolim zabun,
Yuragimga o‘t qalar hijron.
Farqlamasdan sira kunu tun,
Yuragimni qiymalar hijron.
2002 y.
MUHABBATNI AYBLAYMI?
Ko‘zlaringga ko‘zlarimni qadolmasam,
Isming hatto tushlarimda aytolmasam,
Xayolingni hayotimdan haydolmasam,
Muhabbatni ayblaymi yoki o‘zni?
Yo‘llaringda oyoqlarim izi qolsa,
Ko‘zlaringda ko‘zlarimning so‘zi qolsa,
Eng pokiza hislarimning o‘zi qolsa,
Muhabbatni ayblaymi yoki o‘zni?
Yuragingdan o‘chib ketsa ismim bugun,
Ishq rishtasi uzilsa-yu, qolsa tugun —
Azoblarda o‘rtangan bu jonim uchun
Muhabbatni ayblaymi yoki o‘zni?
Vayronadek bo‘lib qolsa jonim mening,
Armonlarga to‘lib qolsa jonim mening,
Sovuq so‘zdan o‘lib qolsa jonim mening,
Muhabbatni ayblaymi yoki o‘zni?
O‘rtamizda sarson bo‘lgan sevgi axir,
Arosatda hayron bo‘lgan sevgi axir.
Sevgi so‘nib, yuraklarda qolsa qahr,
Muhabbatni ayblaymi yoki o‘zni?
Muhabbatni ayblaymi?..
2003 y.