Komil Majid (1980)

Komil Majid (Komiljon Abdumajid o‘g‘li) 1980 yil 10 iyunda Jizzax viloyati Baxmal tumani Qoraqishloq qishlog‘ida tug‘ilgan.
She’rlari “Sharq yulduzi” , “Yoshlik” jurnallari va boshqa markaziy gazetalarda chop etilgan.
Birinchi she’ri 2002 yil “Ma’rifat” gazetasida chop etilgan.
Ilk kitobi – “Yonayotgan gul” nomi bilan 2010 yili Toshkentda chop etilgan.

YoNAYoTGAN GUL

Sira ochilmadi baxtim bahori,
Sira yo‘liqmadi yo‘limda maysa.
Faqat saganoqning olov toshlari,
Netay tovonimni qonataversa.

Biram taqdirimdan topgandim tilak,
Sog‘inib kutdimey sabringizni.
Ajalga yetganday ko‘zimiz yumsak,
Qayta sanayversak kiprigingizni.

Suyib sag‘anoqning olovchalari,
Tovonimni uzib ko‘ngil so‘radi.
Dilning ishqqa talash xayolchalari,
Hecham o‘zingizdan keta olmadi.

Uzr, ochilmagan baxtim – bahori?
Bir sizni izladim, she’rni qirtishlab.
Qo‘yolsangiz bo‘ldi nayson singari,
Yonayotgan gulning yonog‘iga lab…

26.03.2001

* * *

Bu ishq qalbim ardog‘idan taralgan nur,
Bu ishq qalbim dargohidan topilgan dur.
Vatan ishqi yuragimda so‘nmas surur,
Vatan dardi qalbda mangu muhabbatdir.

Jannat hurlar, malaklarga makon bo‘lgay,
Yurak nurlar, tilaklarga do‘kon bo‘lgay.
Muhabbatli yurak dardga vatan bo‘lgay,
Vatan dardi qalbda mangu muhabbatdir

Azim tog‘lar ulug‘ligin ko‘targan el,
Aziz kunlar bo‘lmog‘ini kutolgan el.
Munavvar tong otib nurga yetolgan el,
Vatan dardi qalbda mangu muhabbatdir.

Qadim ko‘nglim kengligida ruhim baland,
Bugun dunyo tomlarida tug‘im baland,
Quyoshim bor, yulduzlarim, mohim bilan,
Vatan dardi qalbda mangu muhabbatdir.

Sog‘inchlardan samolarga sochilgan ishq,
Haqdan suygan bandasiga yog‘ilgan ishq,
Komil Majid uchun dildan tug‘ilgan ishq,
Vatan dardi qalbda mangu muhabbatdir.

22.04.2010

TILAK

Tilab topgan tilagim,
Yig‘lab yotgan yurakdir.
Endi mening keragim,
Yurakmi yo tilakdir.

Umid – asli nimadir,
Shoxdan uzilgan yaproq.
Etsa ko‘ngil yetadir,
Etmasa yetar tuproq.

Yig‘lab-yig‘lab kutganim,
Yig‘lab bergan falakdir.
Tole’imdan topganim,
Ul bevafo malakdir.

Mendan so‘rama taqdir,
Qismatim bitgan Tangrim.
Balkim, qismatim shuldir,
Yig‘lamoq istar – ko‘nglim.

Eh mening ushalmasdan,
Qolgan bolalik orzum.
Hali telba yurakdir,
Bilmaydi sira qarzim.

1999 yil

JUMBOQ

Dunyoga keladi yig‘lab chaqaloq,
Ko‘z yoshi yuvadi mo‘‘jaz yonog‘in.
Chaqaloq yig‘isi bizlarga saboq,
Yig‘lagan go‘dakning nedir gunohi.

Dunyo alamlarin anglarmi andak,
Yosh bo‘lib oqarmi dildagi alam.
Adashib keldim deb yig‘larmi go‘dak,
“Onajon bu dunyo g‘urbatmi yo g‘am”.

Yig‘lamoq azalmi, yig‘lamoq abad,
Garchi umr o‘tar, ko‘zga to‘lib yosh.
Yig‘lamoq qismatmi, yig‘lamoq hikmat,
Chekkan azoblarni yuvarmi ko‘z yosh.

Dunyoga kelarkan yig‘lab har inson,
Xush nechun – hayotning qadriga yetmas.
Yaxshilik qilsaydi, qilsaydi ehson,
Balki dunyo dondek sochilib ketmas.

20.02.1998

* * *

YuRAK – Muhabbat demak
U azobning xumchasi.

KO‘NGIL – Oppoq atirgul
Muhabbatning hojasi.

MUHABBAT – Azobli rohat
Hijron quchgan baxt.

QALB – Bu nedir yo rab
Odam uchun yagona davlat.

SEVGI – Qalbdagi yig‘i
Istagan joyiga to‘kilaverar.

DIL – Bulbuldagi til
Gulga qo‘nsa qo‘shiq to‘qilaverar.

18.05.1998

* * *

Faqat sening borliging saxih,
Qolgan hamma-hammasi yolg‘on.
Faqat mening dilimda tengsiz,
Bitta gul bor, bittagina – nom.

Ko‘ngil nima? Aslida g‘arib,
Hamda buyuk sohibi-imon.
Unga ortiq bermasman ta’rif,
Bitta gul bor, bittagina – nom.

U baxtimmi, bebaxtligimmi,
Balki qilar bir kuni badnom.
Ardoqlayman qabarib qalbim,
Bitta gul bor, bittagina – nom.

O‘sha gul – sen, o‘sha nom – isming.

14.02.2000

* * *

Ruhim karaxt, ishq – hokim,
Ko‘nglimda dard yig‘laydi.
Faqatgina tan sokin,
Ko‘ngil dardin bilmaydi.

Dilim – uyg‘oq, til – doim,
Allalaydi – telbasin.
Kipriklarim to‘rdayin,
O‘tkazmas ishq sharpasin.

Sizga yetmas azizam,
Bir muhabbat qissasi.
Ado qilar yetsayam,
Sizni g‘amim bittasi.

Ruhim – karaxt, ishq – hokim,
Faqat so‘zlar ko‘nglima.
Bildirmasdan tan doim,
Kulib turar jimgina.

12.12.2000

ChOLIQUShI

Ko‘zingizda jilmayadi g‘am,
G‘am aslida sevgi soyasi.
Chiroq yoqib sizni izlamam,
Siz dilimda ishq hikoyasi.

Shundoqqina yurak ustida,
Chopqillaysiz go‘dak boladay.
Ko‘ksimga armonlar to‘ldirib,
Ketasiz bir zumlik jaladay.

Har doim kiprikla erkalab,
Allalab qoshimga o‘rayman.
Har tola sochimday siypalab,
Do‘ppimda yashirib yashayman.

10.12.2000

* * *

Ko‘nglimning eng harir libosi – sevgi,
Ko‘ngilning bir pari ibosi – sevgi.
Mening shu ko‘nglimdan ortiq nimam bor,
Ko‘ngildan tomgan she’r ma’nosi – sevgi.

Sevgidan tug‘ilar har bitta qismat,
Sevgidan hayotim munavvar har vaqt.
Xudoyim omonat etgan dunyoda,
Sevgilar – abadiy, abad muhabbat.

14.02.2002

* * *

Yuragimga yashirdim isming,
Zor elandi zarvaraqlarim.
Sen – dilingla asragan siring,
Menga aytdi qorachuqlarim.

Termulaman, endi sen nigoh
Qarashidan yiroq ketmassan.
Sen – yaxshimi, yomonmi, biroq
Kecholmasman, sira kechmasman.

Olib qochma nigohing – mendan,
Ko‘zlaringni yashira ko‘rma.
Seni izlab yurmay yiroqdan,
Sen – qalbimga qo‘yilgan surma.

Iztirobim to‘ksam-da she’rga,
Sen yashaysan qalbimda abad.
Seni o‘rab yuraman nurga,
Qalbim asrar sen uchun bir baxt!

13.05.1998

* * *

Yomg‘ir yog‘di, yana yomg‘ir,
Buncha dilni ezdingey.
Hamdardginam bulut qurgur,
Yana dardim bildingey.

Armon – nima, nimadir – g‘am,
Yana mendan istama.
Dardlarimga sherikkinam,
Bunchalar qon yig‘lama.

Dunyo – azal shundaymidi,
Yo men anglab yetmadim.
Qayda – qalbim, qayda – sevgim,
Izlayverdim – topmadim.

Netay ishqqa hamon bandi,
Poyida bir xasdirman.
Ololmasman sening darding,
O‘z dardimga mastdirman.

04.03.1999

ARMON

Qachondir aytganman jimgina,
Qachondir bilgansan bu so‘zni.
Qachondir sen mening ko‘nglima,
Solgansan ko‘kdagi yulduzni.

Afsuslar o‘rtaydi, afsuslar,
Dilimda qolgandi bir so‘zim.
Samodan termulgan yulduzlar,
Eslatar sog‘ingan yulduzim.

Qachondir aytolmay qolganman,
Qachondir kutgansan bu so‘zni.
Qachondir bir zumga ketganman,
Topolmay qolganman shu izni.

Dunyosi ayovsiz beshafqat,
Qismatning qo‘lida bo‘lganman.
Hozirda ro‘yoman men faqat,
Qachondir xajringda o‘lganman.

Afsuslar qiynaydi, afsuslar,
Dilimni zorlatar u so‘zlar.
Samodan termulgan yulduzlar,
Eslatar – kechalar, kunduzlar.

19.07.1999