Jo‘rabek Jahon (1987)

Jo‘rabek Jahon 1987 yili Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy Universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.

***

Do‘st qolmadi menga o‘zga qalam birlan qog‘ozimdan,
O‘gitlar o‘rganib o‘sdim hayot nomli marosimdan.

Dilimda dildorlar o‘sdi, yo‘limni minorlar to‘sdi,
Ishq yurakning yaqin do‘sti, qo‘ymasin sarvinozimdan.

Qulog‘imda hanuz so‘zi, aytgan parilarning o‘zi,
Ko‘r dedilar sevgi ko‘zi, tanir meni ovozimdan.

Orzuni qutqazib ko‘rdim, armonga yutqazib ko‘rdim,
Har neki o‘tkazib ko‘rdim vijdon nomli tarozimdan.

Maqsadim pok yetodirman, ishq etagin tutodirman,
Ruxman bir kun ketodirman tana degan libosimdan.

O‘tmas yendi hech bohona, do‘stlar Jo‘rabek Jahona,
Oshdim chunki bir pog‘ona sevgi bergan lavozimdan.

***

Menga juda keraksan dildor,
Sen hayotim ma’nosi naqshi.
Qanday yaxshi: Seni sevaman!
Lek sensizlik undanda yaxshi.

Hushyorlikni suymaydi hushim,
Ishq mayidan buncha bo‘ldim mast.
Sen jonimga jon bag‘ishlaysan,
Men jonimga qilgim kelar qasd.

Tushlaringda izg‘iydi kimlar,
Koshki edi buni tushunsang.
Dahshatmasmi, men jim yotaman,
Sen kimningdir tushiga kirsang.

***

Kimning tanasiga quvilgan ruhman,
Kining vujudini ko‘tardim tikka.
Uning uchun go‘yo men bir majruhman,
Menga yalinmasdan, yolvorar ko‘kka.

Ey, aqilsiz jasad, qalbi yo‘q jonjod,
Bir bor o‘ylab ko‘rda, mensiz sen kimsan.
Hozircha bandiman, bo‘lsam gar ozod,
Nega indamaysan,nimaga jimsan?

Ikki ko‘zing tag‘in qadalgan ko‘kga,
Najod tilayverib nechun bezmaysan?
Bekor yalinasan, bekorga, yo‘qqa,
Ichingda ekanim nahot sezmaysan?

***

Xaqiqat ko‘ziga qarolmasdan tik,
Ishonib yurganlar bisyor cho‘pchakka.
Baxtlilar ko‘zida baxtsiz bir xadik,
Baxtli yashash og‘ir, Baxtiyor aka.

Xaq gap bor: Obodlik dildan boshlanar,
Ne uchun ko‘ngilda saqlaylik gina?
Yurakni ozgina kengroq tutaylik,
Bag‘rimiz ochaylik endi salgina.

G‘iybatlar yo‘qolsin, anduxlar bitsin,
Qalbdan changlar ketsin, yurakdan zanglar.
Yo‘lga chiqqan kim u, murodga yetsin,
Omadini topsin omad kutganlar.

Mehr – muhabbatdan erisin ko‘ngil,
To‘lib – toshaversin ilm ziyoga.
Akami, opami, ukami, singil,
G‘amsiz yashayversin g‘amli dunyoda.

Dilimdan og‘riqlar, dardlar ketmasin,
Inson zoti borki baxtsiz o‘tmasin,
Mendan boshqalarga g‘amlar yetmasin,
Ne qilay ishongim kelmas cho‘pchakka…
Baxtli yashash og‘ir, Baxtiyor aka!

Mo‘jiza

Kech. Shaharga oy ko‘ringan chog‘,
Bir bo‘ri va bir kiyik sarson.
Ikkisining makoni ham tog‘,
Ikisi ham juda qadirdon.

Kezishadi uchrar qorbobo,
Ohu unga ishonmas dildan.
Bo‘ri uchun yurti bebaho,
Kiyik uchun tsirk eng zo‘r vatan.

Dardlashishar tun bo‘yi… yo‘lda
Bo‘ri birdan unga tashlanar.
Kiyik ermak bo‘ladi qo‘lda,
Bir mo‘jiza yuz berar sahar.

Xayratlanar kim qolsa ko‘rib,
Tabiatning qudrati buyuk.
Yig‘lab ortga qaytardi bo‘ri,
O‘lja izlab izg‘irdi kiyik.

***

Men sizni sevaman!
Ishonmasangiz,
Uyimning kalitin beraman sizga.
Men yo‘q payitimda ham borib ochsangiz,
Shifonerda osug‘ turar baxt
Dazmollangan ko‘rimar ko‘zga.
Uni egningizga kiyib oling ho‘p,
Bunaqa sovg‘alar hali menda ko‘p.

***

Siz shunga arziysiz,
Siz shunga loyiq.
Boshqa sifatlarga kelmayapsiz mos.
Buyruq shu:
Qilish shart,
Bajarish kerak,
Shu so‘zlar aylanar miyada, xolos.
Qalbingizga singib ketar ertaga
Buyruq shu:
Qilish shart,
Bajarish kerak,
Nega yashayapsiz, ayting nimaga?
Yugur-yugur uchun yaralgan odam,
Yugurdak odam.

***

To‘g‘ri yo‘ldan ketyapman ota,
Siz aytgan shu to‘g‘ri yo‘llardan.
Egri yo‘llar qolib ketyapti,
To‘g‘ri yo‘llar bunchalar uzun…
Oyoqlarim tolib ketyapti.
O‘tirgani biror kursi yo‘q.

***

Salom tollar, salom teraklar,
Archajonlar, sizlar qalaysiz.
Mana qancha vaqtlardan beri,
Oy sanaysiz, yillar sanaysiz.

Siz teraksiz bo‘yingiz uzun,
Sizga hasad qilmaydi tollar.
Nima uchun, nega? Bilmadim,
Chaqaloqqa hasadgo‘y chollar.

Odamlardan o‘girdim yuzim,
Bag‘ringizga otildim keyin.
Men sizlarga singishib ketdim,
Endi Odam bo‘lishim qiyin.

***

Xonadan chiqmoqqa qo‘rqasan kishi,
Qo‘rqasan oynadan boqmoqlikka ham.
Men chiday olardim bardoshim yetib,
Dunyo chidolmagan ahmoqlikka ham.
Lekin xiyonatga,
Bevafolikka.
O‘ylab ko‘rish kerak bu xususida,
Menimcha,
Yo‘q. Aniq. Chidayolmayman.
Sevgilimni ko‘rsam tovus tusida.

***

Qurbaqalar sayraydi xushnud,
Ninachilar o‘ynaydi ko‘lda.
Hech kim yordam bermas, toshbaqa
To‘ntarilib yotibdi yo‘lda.

Har narsani ko‘rar aslicha,
Shu yotishda daho bo‘lib u.
Oyoqlari yerga yetsaydi,
Ko‘rganidan o‘tib ketardi.

***

Sen ketding…
Englarim silkib qo‘l,
Ayriliq azobin angladi.
Shu kuni…
Ko‘ylagim buncha ho‘l,
Yig‘ladi, yig‘ladi, yig‘ladi.

So‘ng seni eslatib muzlatgich,
Chunonam titradi g‘azabdan.
Bilmadim, dastro‘mol, qaysidir gapdan
Ko‘nglini tig‘ladi.

Paypoq poyabzalin kiydiyu
Qaygadir shoshdi va jo‘nadi.
Hayot shu!
Qismat shu!!
Taqdir shu!!!
Peshona boriga ko‘nadi.
Sen ketding…
Shu kuni…
Bir shisha dunyoga sig‘madi.

***

Qarang qanday tanhoman,
Men – Robinzon Kruzo.
Do‘stlarim cho‘kib ketkan,
Odamlar orasiga…

Maslakdoshim yo‘q biror,
Jumavoyim qaydasan?
Yo topib kelasanmi,
Biror yumish haydasa.

***

“Meni sevasanmi?”
– Ha.
Qalbga o‘rnashar shodlik.
Bular ishonchli gapmas,
“Meni sevasanmi?”
Jim…
Keyin uzun sokinlik.
“Ha” deganimi – “unut”,
Sendan qo‘rqish kerak aslida,
Sukut.

***

Otamning ko‘ziga tikka boqqanman,
Onamga qattiq so‘z aytganim ham rost.
Bundan hijolat ham bo‘lmaganman hech,
Bir oqshom uxlamay chiqqanman, xolos.
Nega sening ko‘zingga tikka boqib bo‘lmaydi,
VIJDON?..

***

Shkaf g‘amgin turar burchakda,
Stulchaga oshiq bo‘lgan u.
Stul yaqin keladi goho,
Uning uchun qandayin baxt bu.

Unga yetmoqlikni xohlaydi chindan,
Umidi yagona, istagi bitta.
Ajablanmang, erta yo indin,
Shkaf yurib ketar, albatta

***

Ortingdan ergashib ketyapman,
Jallod,
Kecha sevgilimni o‘ldirib qo‘ydim.
Hozir jazo kursida edim,
Endi sirtmoq ostida bo‘ynim.
Nega meni osarlar dorga?
Gunohkorga tegmaydi hech kim.
Olomonning ichidan kulib,
O‘limimni kuzatar
Rashkim.

***

Sevgi menga kimdan meros qolgan ekan?
– Otamdanmi? Desam, otam onamlarni,
keyin bilsam, sevmay turib olgan ekan.
– Bobomdanmi? Desam, bobom momomlarni,
Faqatgina chimildiqda ko‘rgan ekan.
Sevgi menga kimdan meros qolgan ekan?

***

Eshigimni qulfladim ichdan,
Derazadan tosh otdim – Unga.
Nega deya so‘radi.
– Shunga.

Derazamga pardalar tutib,
Chiroqni ham o‘chirdim – yo‘qman.
– O‘g‘lim, ovqat yeysanmi?
– To‘qman.

Ko‘rpaning ostiga berkindim qattiq,
Qulog‘imni tambalab yopdim.
Birdan yurak qichqirib aytdi:
– Topdim!

***

Qishloq.
Tungi o‘n bir. Uyga qaytaman.
Onam so‘rar “Qaydayding daydi?”
Men bezori bo‘lishimnimas,
Komil bo‘lishimni istaydi.

Shahar.
Tungi ikki. Uyga qaytaman,
Dilim bir iliq so‘z izlaydi.
Hech kim meni qistovga olmas,
Qo‘rqib ko‘zgu aytadi − “Daydi”.

***

Ey, malak kel menga ham,
Ishqning totini sezdir.
Majnun etib dunyomas,
Er-u samoni kezdir.
Meni Muhabbatga elt,
Meni Muhabbatga elt,
Muhabbatga eltgin-u
Keyin yashashdan bezdir.

***

Ey osmonni suyagan daraxt,
Yulduzlarni qitiqlagan gul.
Sen ne deya qilgansan, ayt, axd,
Tutindingmi quyoshga o‘g‘il?

Osmonlarni ko‘tarib ko‘kka
Hatto qadding bo‘lmagan ham dol.
Oyga qo‘nim berib tunlari
Neni xayol surasan, ey chol?

Tushunmaymiz sening vazifang
Osmonlarga bo‘lishmi tirgak.
Seni anglash uchun kamida
Yurak kerak,osmonday yurak.

***

Erga yuborishgan majburlab,
“Yasha” qatiy qo‘yilgan talab.
Meni yana bitta vazifam,
O‘limgacha yurish kun sanab.

Ko‘p narsadan bo‘lganman mahrum,
Ozor berish, masalan, jonga.
Buyurilgan eng og‘ir yumush,
O‘xshash kerak ekan Insonga.

***

Sen deb kimdir yashasa, tavba.
Va seni deb chaqmoqlar chaqsa,
Oftob hamma uchun boqsa-yu,
U oftobga, seni deb boqsa.
Bu ne hol, bu ne gap bo‘ladi,
Bunga qanday chidab bo‘ladi.

***

Sovuqdan qunishib bemaqsad,
Bemanzil qaygadir jo‘nasang.
Shunchalar izg‘irin,
Sen esa,
bekatda tunasang,
Yulduzni tunasang,
Oyni tunasang,
Seni tunab ketsa bir go‘zal..!
Mizg‘isa joningni quchoqlab,
Sovuq uxlatmaskan pichoqlab.

***

Yurakni yayrating,
Dilni sayrating,
Xattoki hizirning qo‘lidan tutmang,
Tilla baliqni ham bir umir kutmang,
Xohlang eslab qoling,
Xohlang uniting,
Mo‘jiza yarating!
Mo‘jiza kutmang!