Jumaniyoz Jabborov (1930-2010)

Atoqli adib, O‘zbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborov 1930 yili Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida tug‘ildi. 1952 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni tamomladi.
Mehnat faoliyatini 1953 yili «Sharq yulduzi» jurnalida bo‘lim mudiri sifatida boshladi. Keyinchalik «Gulxan» jurnali bosh muharriri, «O‘zbekiston ovozi» gazetasining bosh muharrir o‘rinbosari, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti direktori kabi mas’ul vazifalarda ishlab, matbuot va adabiyotimiz rivojiga salmoqli hissa qo‘shdi.
Ustoz shoir o‘zining 60 yillik serqirra ijodiy faoliyati davomida «Vatanimni kuylayman», «Bahor nafasi», «Maqsad yo‘lida», «Tog‘lar sadosi», «Ona yer qo‘shig‘i», «Subhidam xayollari», «E’tiqod» kabi she’riy kitoblari, dolzarb mavzulardagi dramatik asarlari, jahon mumtoz adabiyotining eng sara namunalaridan qilgan badiiy tarjimalari bilan adabiyotimizda munosib o‘rin egalladi. Ayniqsa, istiqlol yillarida Vatanimizning mustaqilligini, xalqimizning ozod va erkin hayotini, inson qadr-qimmatini tarannum etuvchi badiiy yuksak she’r va qo‘shiqlari, bunyodkor zamondoshlarimizning fidokorona mehnati, yurtimizdagi ulkan islohot va o‘zgarishlar haqidagi publitsistik maqolalari bilan ko‘pchilikning e’tiborini qozondi.
J.Jabborov tajribali adib, jonkuyar tashkilotchi sifatida jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib,  xalqimiz o‘rtasida milliy g‘oyamiz tamoyillarini keng targ‘ib etish, yoshlarni ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda jonbozlik ko‘rsatdi. Ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi sifatida faoliyat yuritib, o‘nlab yosh iste’dod egalariga ustozlik qildi.
Jumaniyoz Jabborovning o‘zbek adabiyotini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib takdirlangan. U «O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi» va «O‘zbekiston xalq shoiri» faxriy unvonlari, shuningdek, bir qator orden va medallar bilan mukofotlangan.
U 2010 yil 13 dekabr kuni 80 yoshida vafot etdi.

YO‘QLASh

To‘kis bo‘lmas insonning baxti,
Bir qusurdan xolimas taqdir.
Yashnayotgan umr daraxti
Nelargadir yana ilhakdir.

Yuragimda yotar bir tugun,
Tanga solib alamli titroq,
Echilmaydi, afsus, kunma-kun
Tug‘iladi balki qattiqroq.

Barcha baxtli soatlarimga
Bir dog‘ bo‘lib uradi muhr,
Tabiatim, odatlarimga
Tamg‘a chekib ketmish bir umr.

Yuragimda dardlarim nihon,
O‘rtanaman, yonaman jim-jim.
Go‘yo bo‘ron qayirgan nihol,
Topolmayman aslo ilojin.

Bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolaman birdan,
Hazm etolmay yashash tuyg‘usin.
Topib bo‘lmas seni hech yerdan,
Yo‘qotganim, onajon, bu sen!

Qancha senga bo‘lmayin xumor,
Yo‘qlik sari qo‘ygansan qadam.
Ko‘zlarimga olam bo‘lsa tor,
Chigilimni yozadi qalam.

Hamma narsam yetarli bugun,
Baxtu obro‘ – bari mukammal.
Orzularim ochilib gulgun,
Ishq, ijodda sevinchim tugal.

Qani, shodlik, hayajonimga,
Sherik bo‘lib, jilmaysang bir zum.
Eshikdan shod kirgan onimda,
Ko‘zlaringda yonsa tabassum.

Orzularim so‘zlasam bir-bir,
O‘gatlaring tinglasam kulib.
Mayli, koyi, o‘tsa biror sir,
Men eshitay tasliming bo‘lib.

Biroq endi mumkinmas bular,
Bular endi sarob bir xayol.
Xayol ba’zan aldamchi bo‘lar,
Xayollardan g‘olibdir hayot.

Dildan yoding sizib o‘tarkan,
Tiqiladi birdan nafasim.
Onalarni boshga ko‘targan,
O‘g‘illarga kelar havasim.

Shunda seni izlab qolaman,
Farzandlarim qoshu ko‘zidan.
Achchiq o‘ylar ichra tolaman,
So‘zlaringni izlab so‘zidan.

Yana mehring bo‘ladi dalda,
Deysan: «Endi ko‘p kuyma, o‘g‘il!».
Sal yengillik sezaman dilda
Va ish bilan bo‘laman mashg‘ul.

Hamma narsam yetarli, to‘liq,
Ko‘z o‘ngimda yop-yorug‘ jahon.
Faqat endi yonimda sen yo‘q,
Gunohimni kechir, onajon.

BIR KUNI…

Men moviy deb yozdim samoni,
Ta’rifladim tongni, saboni.
– Hayotdan uzilgan, – dedilar.

Sevgi ko‘rki – hijronu visol,
Deb yaratdim ming lavha, misol.
– Sof tuyg‘u buzilgan, – dedilar.

Doston qildim mehnatni, shonni,
Yo‘llar, yillar bergan ehsonni.
– Ortiqcha, cho‘zilgan, – dedilar.

Lekin bir kun xayolga toldim,
O‘zligimni qo‘shiqqa soldim.
– Yurakdan tuzilgan, – dedilar.

* * *

Ich-ichimga sho‘ng‘ib ketmoq istadim,
Istadim, sho‘ng‘isam qalbim qa’riga.
Xayolim otini necha qistadim,
Vale o‘tolmadim sendan nariga.

Etti mo‘jiza bor, derlar, jahonda,
Kim bilsin yettidir yo balki yetmish.
Faqat sen barqaror erursan jonda,
Olloh seni menga mo‘jiza etmish.

* * *

Donolar kitobin ko‘p o‘qib chikdim.
Dilbar o‘lkalarni etdim tomosha.
Hayrat manzillari ichra chinikdim,
Senga yetmoq bo‘ldim tog‘ma-tog‘ osha.

Sen hamon olisda, hamon oldinda,
Qancha yurgan sarim bo‘lursan yiroq.
Goho qorong‘uda, goho oydinda
Seni qidirishdan tolmasman biroq.


UMR MAZMUNI

Beshiqtsan to qabrga qadar
Odam umri ajabdir, ajab.
Bog‘cha fasli tugalsa agar,
Quchog‘iga olgaydir maktab.

Bir entikish, ma’yus bir lahza
Go‘dak qalbin imtihon etar.
Bu ayriliq – ilk og‘ir larza –
Huvillatib bog‘chani… ketar.

So‘ng maktabda o‘n yillik hayot,
Yoshlik kechar soyday guvillab.
Bir kun kelib «xayr», der, hayhot,
Maktab qolar ortda huvillab.

So‘ngra esa oliy ilmgoh,
Bunda umr sabog‘in olar.
Bul qasr ham bir kun qolur, oh,
Oltin davr huvillab qolar.

So‘ng… hayotda ming sinov kechib,
Ko‘rajakdir uzoq-yovuqni.
Goho shirin, goh achchiq ichib,
Ko‘p ko‘rajak issiq-sovuqni.

Har bir odam o‘zi bir olam,
Yo‘q o‘xshashi, takrori aslo.
Dunyo ichra dunyodir odam,
Bir-biridan farkli, mustasno.

Ko‘z oldida evrilar zamon,
Farq etadi baxtni, ro‘yoni.
Avj nuqtaga yetganda inson
Huvillatib ketar dunyoni.

AYLANUR

Toki o‘z mehvoridan bul charxi gardun aylanur,
Vaqtu soat o‘zgarib, kunduz bilan tun aylanur.

O‘zgarur mehru muhabbat, o‘zgarur dardu alam,
O‘zgarur taxtu itob, oshkoru maknun aylanur.

Neki tingay bu jahonda, unga o‘lmakdir nasib,
Charx urib losh ustina, shul lahza quzg‘un aylanur.

Ey tiriklik, ming tashakkur sevgi iqboling uchun,
Sevgi borkim, tovlanib ming tusli ochun aylanur.

Goh visolu goh firoqning o‘rtasinda o‘rtanib,
Qalbim ichra ishq degan tug‘yonli mazmun aylanur.

Suhbatingda bir nafas bo‘lmoq buyuk orzum erur,
Bul jasorat qoshida ming bitta Majnun aylanur.

Ikki sochingkim, urib to‘lqin, oqar yelkang uza,
Birda Sayxun mavj otib, ul birda Jayxun aylanur.

Ko‘zlaringda bul jahonning ko‘rki yaqqoldir ayon,
Shul sabab dunyo o‘zi boshingda maftun aylanur.

Sen omon bo‘l, sen abad bo‘l bul jahon gulzorida,
Boqishingdan bog‘ o‘zi ming rangda gulgun aylanur.