Jamoliddin Muslim (1965)

Jamoliddin Muslim 1965 yili tug‘ilgan. 1991 yili Namangan Sanoat institutini suv inshootlari qurilishi muhandisi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. “Ko‘kka o‘rlayotgan iztirob”, “Qalb istehkomi”, “Muhabbatli manzillar”, “Shaffof buloqlar”, “To‘kilmas yaproqlar” kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
Hozirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyat bo‘limi rahbari.

Sonetlar

* * *

Fusunkordir bugungi oqshom,
Yulduzlar ham bo‘ldi payvasta.
Sevgimizga ular havas-la
Zavqlarini etdilar in’om.

Ular kabi olis edi baxt,
Taqdirimiz qovushdi bu on.
Ko‘ksimizda ishq urdi javlon,
Aylagandik bir umrga ahd.

Murodiga yetdi muhabbat,
Ajib, sirli ertaklar aytib,
O‘shal onlar kelmaydi qaytib…

Ulg‘aytirar, albat, sadoqat,
Qutlar bizni shivirlab go‘yo,
Bitta dardi arigan dunyo…

* * *

Atirgulday ochilgin sen ham,
Azoblagan bol totli hijron.
Ochilganing ko‘rib, mahbubam,
Yuragimga bag‘ishlasin jon.

Yulduzlar ham tabrikka tushsin,
Kelar yo‘ling yoritsin ular.
O, xayolim, oh, shirin tushsan,
Sen-la umrim baxtlarga to‘lar.

Hayajonga aylanib vujud,
Men-la kutib yashaydi dunyo.
Umiddan sep yoyar taraddud,

Sog‘inch esa oqguvchi daryo.
Daryo toshib, ey guli ra’no,
Visolingga qilur mubtalo.

* * *

Menga rohat oy-la sirdoshlik,
Sukut saqlab tinglaydi meni.
Mening qalbim – oyning Vatani,
Dog‘in chizgan kasbi naqqoshlik.

Tangri azal biz ikkimizni
Hamdard etib yaratdi abad.
Tug‘ilsin deb dardli muhabbat,
Sochdi har yon quvonchimizni.

Quvonchni biz termadik har dam,
Shundan bosdi ikkimizni g‘am.
Berdi bizga osmonday bardosh…

Kim bo‘lolsa bizlarga hamdam,
Dard chekmoqni qilsin ixtiyor,
Lek, to‘kmasin ko‘zlaridan yosh…

* * *

Do‘stim bo‘lsa quyoshday yorqin,
Tunda yo‘lim oyday yoritsa.
Baxshidadir borlig‘im butun,
G‘amin aytib mayli qaritsa.

Do‘stlik asli ilohiy ne’mat,
Dildagi mehr – uning doyasi.
Do‘stlik qasrin qurmoq-saodat,
Sadoqatdir uning g‘oyasi.

Do‘stlik qasrin yurakka qurdim,
Olib qochdi kalitni ko‘plar.
G‘animlarni pashshaday ko‘rdim,

Suqishdi-ya ko‘zimga cho‘plar.
Qani, endi, do‘stim bo‘lsaydi,
Qasrim mening nurga to‘lsaydi.

* * *

Tabassum qil, ayriliq bir bor,
Hayratlanib ochilsin g‘uncha.
Sabo kuylab, suyukli dildor,
Sochlaridan olaqol muchchi.

Tabassum qil, ayriliq bir bor,
Unsin endi xorsiz chechaklar.
Qaldirg‘ochlar keltirib bahor
Ayvonimda aytsin ertaklar.

Ey, bulutlar, keltiring yomg‘ir,
Shivir-shivir yog‘sin-ey, bu dam.
Fosh bo‘lib yor ko‘nglidagi sir,

Chisir-chisir yonsin-ey, bu dam.
Ayrilig‘im hasratga lim-lim,
Ayrilig‘im mo‘jiza, tilsim…

* * *

Tushlarimga kirsa sohibjamolim,
Sayr etaman go‘yo arshi a’loda.
Isloh qilmoq uchun ishqsiz a’molim,
Qayta tug‘ilaman foniy dunyoda.

Mendan ortda qolar ming bitta Majnun,
Ishq so‘rarman faqat ostonasida.
Iltifotga zorman bo‘lib jigarxun,
Rahm qil, Laylim, tush bahonasida.

Jonim senga tutgan Oshiq G‘aribman,
Vasling umidida o‘tdim sargardon.
Xayol bilan yashab, e, voh, qaribman.

Uyg‘otib yuborma meni tushimdan,
Jonim ilkidagi xushsurat jonon.
Faqat o‘zingsan-ku meni tushungan…