Jahongir Ismoilov (1952)

Jahongir Ismoilov 1952 yilda Qiziltepa tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetida tahsil olgan. “Tutash taqdirlar”, “Yurtim tarovati”, “Yurt mehri”, “Sog‘inch”, “So‘nggi manzil” kabi ko‘plab nasriy va nazmiy to‘plamlar muallifi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

* * *

Qandaydir manfaat, ilinjni ko‘zlab,
Har kuni sen bilan ko‘rishar diydor.
Va tilda sadoqat, mehrdan so‘zlab,
Dilda buning aksi bo‘lgan kaslar bor.

Ba’zi bir do‘stlar bor yiroqdir, hatto —
Yillab ko‘rishmoqning topmas yo‘lini.
Boshingga bir mushkul tushganda, ammo
Yoningda tik turar, cho‘zar qo‘lini.

Shundaylar haqida o‘ylaganim dam,
Tasalli beraman o‘zimga o‘zim.
Mening uchun yillab ko‘rishmasa ham,
Mehr, oqibatli do‘stlar bor bo‘lsin.

BUXORONING TOG‘LARI

Omon Matjon she’riga nazira

Garchi Buxoroning bag‘rida tog‘ yo‘q,
Balki shu jihatdan kemtikligi rost.
Lekin afsus chekma, kechmishingga boq,
Siymolar ko‘p, toqqa etgulik qiyos.

O‘tmish ortda bugun, zamona yangi,
Ilmiga to abad dunyo berar tan.
Nomi yashayotir olamda mangu,
Ayting, Ibn Sino qaysi tog‘dan kam?!

Buxorolik deya Imom Buxoriy,
Ko‘ksimiz tog‘ tutib, tuyamiz g‘urur.
Istiqloldan qadr topdilar oliy,
Etti pir — har biri bitta tog‘ erur.

Bas! “Ko‘hna va boqiy Buxoro”ga bor,
Sirtiga bitilgan nomlarni o‘qi.
Undagi har bir nom bir tog‘ purviqor,
Bag‘rida bo‘y cho‘zgan sanoqsiz cho‘qqi.

Sharif shahar erur, azaldan beshak.
Nur yanglig‘ taralmish ma’rifat, ilm.
Qancha farzandlar bor sharafi yuksak.
Sanab adog‘iga yeta olgan kim?!

Noyob obidalar meros shaklida,
Ajdodlarning bizga bitgan izhori,
Teran nazar solsang ular aslida,
Har biri o‘zicha bir tog‘ timsoli.

Og‘ushida yurib idrok etgan chog‘,
Ramziy tog‘ ko‘rasan, boqma qayoqqa.
Shu vaj bu zaminda ehtimol Olloh,
Hojat yo‘q degandir tabiiy toqqa.

* * *

Kim dili pok, kimdir loqayd, kim ko‘ngli qora,
Kimdir befarq, kimdir buzar, kimdir quradi.
Insonlarni goh pinhona, gohi oshkora,
Manfaatlar bir-biriga bog‘lab turadi.

Bu hayotda ko‘plar izlab, topadi tengin,
Oqibatu sabr, mehnat chin insonga xos.
Ba’zan yaqin do‘stlikka ham darz ketar lekin,
Manfaatlar bir-biriga kelmay qolsa mos.

* * *

Rost gapni beparvo yolg‘onga yo‘yding,
Farqlamagan kabi oqdan qorani.
Bitta so‘zing bilan sen uzib qo‘yding,
Ko‘nglim rishtasidan bitta tolani.

Nechun pok hislarga javoban itob,
O‘ylasam, yuragim battar ezilar.
To‘g‘ri anglamasang, berolmasdan tob,
Mustahkam rishta ham bir kun uzilar.

* * *

Hasadgo‘y kimsaning shudir bo‘lgani:
Na yetib, na yurib, na ko‘rib bilar.
O‘zgalarning ishi yurib turgani,
Uning vujudini xanjardek tilar.

Topgani, yegani tatimas aslo,
Qurib boraverar, yashar qon yutib.
Quloqlari dingdir, ko‘zlari bejo,
Ishi yurishganning zavolin kutib.

Bir tomondir boshqa dardlarning bari,
Lekin hasadgo‘ylik eng og‘ir ko‘rim.
U hasad o‘tida yongani sari,
Bosib boraverar ko‘nglini qurum.

Shu zayl vaqt o‘tib, nafaqat ko‘ngil,
Qurumga aylanar tani ham butkul.
Battar kuyaverib, to‘lg‘anib mungli,
Oqibat bo‘ladi bir kun hovuch kul.

Unga achinaman,
Bu shundayin dard,
Davolashga hatto ojiz tibbiyot.
Undan xalos bo‘lish mumkindir faqat,
Inson o‘z ko‘nglini etolsa obod.

DEHQON

Hamma ish ham oson tuyular sirtdan,
Urug‘ qaday olur har qanday merov.
Lekin yerga urug‘ qadagan odam,
Dehqonga aylanib qolmaydi darrov.

Bir ekin yerining shart-sharoiti,
Boshqa bir dalaga kelavermas mos.
Erga qadadingmi urug‘ni, rosti,
Parvarish ham darkor shu ekinga xos.

Shoir dilidagi tug‘yon, tuyg‘uni,
Boshqalarga tuhfa etadi she’rda.
Bugun afzal ko‘rsa orom, uyquni,
Tushirishi mumkin qog‘ozga erta.

Yoki bunyodkorning ishini ko‘rgin,
Zarur ashyolar jam, turaveradi.
Agar uning qo‘li tegmasa bugun,
Ertaga bemalol quraveradi.

Dehqon saratonmi, qahraton qishmi,
Dalada kuymanar, tinim bilmas hech.
Ertaga qo‘yolmas bugungi ishni,
Bugun ulgurmasa, erta bo‘lar kech.

Er bilan “tillashar” haqiqiy dehqon,
Biladi qayerda to‘kis, kemtigi.
Bilim, omilkorlik bobida, ishon,
U o‘z dalasining Akademigi.

* * *

Yurishib turganda ishing, ko‘ngling chog‘,
Oilang tinch esa, dilda shukrona.
Ozoring tegmaydi hech kimga, biroq —
Kimdir zavolingni kutar pinhona.

Qo‘llari muz,
Dili qurumdan battar,
Basharasi nursiz, boqishi mungli.
Quvonsang-u og‘ir qayg‘uga botar,
G‘am chekkaning ko‘rsa yayraydi ko‘ngli.

Do‘stim, parvo qilma sen unga hech vaqt,
Aslo arimasin tegrangdan yog‘du.
Ichini qurt yegan daraxtga o‘xshab,
O‘z-o‘zidan ado bo‘lib borar u.

* * *

Sen tengsiz go‘zalsan, oy kabi yakto,
Diydoringni qo‘msab o‘rtanar dilim.
Lek jur’at etolmam qarashga hatto,
Ko‘ngil izhoriga ojizdir tilim.

Muhabbat oshiqni qo‘yar qul aylab,
Malika erursan ko‘nglim taxtida.
Menga og‘ir yashash bahorni bo‘ylab,
Hayotim kuzga yuz tutgan vaqtida.

* * *

Kim bilar taqdirda nelar bitikdir,
Zahar bo‘ldi goho bol deb totganim.
Qaysi bir jihatdan ko‘nglim kemtikdir,
Topganimdan ko‘pdir yo‘qotganlarim.

Hamma payt ham ishing kelavermas o‘ng,
Cheksiz dunyo ba’zan qafasdan ham tor.
Bol ulashsa xushnud bo‘lganingdan so‘ng,
Zahar tutganda ham chidashing darkor.

* * *

Hayotda mavjuddir mukammal tartib,
To‘g‘ri yo noto‘g‘ri qo‘yasan qadam.
Uning azobini bir o‘zing tortib,
Bir o‘zing ko‘rasan rohatini ham.

Qoqilmagin, bo‘lsin suyanching aql,
Foydasi yo‘q keyin to‘kkan ko‘zyoshni.
Ajdodlar bejizga qilmagan naql:
“Har kim yeydi o‘zi pishirgan oshni”.

* * *

Garchi ko‘p bor dilda borini aytdim,
Ezgu, pok niyatda uzatsam ham qo‘l.
Har gal huzuringdan bosh egib qaytdim,
Sening yuragingga topolmadim yo‘l.

Butkul so‘kilmagan umidim choki,
Sarg‘aygan kuz emas, mening yoshimdir.
Ishq mening eng so‘nggi topganim, yoki
Ehtimol eng so‘nggi yo‘qotishimdir.

* * *

Sening muhabbating ilohiy erur,
Quyosh kabi yoniq, ufqday cheksiz.
Sen mening baxtimga ko‘kdan tushgan hur,
Sensiz yorug‘ olam sovuq va ko‘rksiz.

Mitti yuragingda mehr bir dunyo,
G‘amlarim muz yanglig‘ erir taftida.
Horg‘in ko‘zlarimga inadi ziyo,
Ruhim madad olar tolgan vaqtida.

Sen bilan bahordir umrim kuz fasli,
Xayolingsiz yashay olmasman sira.
Farishtam, ilohiy muhabbat asli,
Ilohiy sadoqat bilan bokira.

TO‘RTLIKLAR

Uzoqni o‘ylamay ish tutma aslo,
Ko‘rdim, ishonch hosil qildim kuzatib.
Qimmatga tushadi gohi bir xato,
Uni umr bo‘yi bo‘lmas tuzatib.

* * *

Behuda chiranish bermaydi samar,
Haddin bilmaganning holi oxir tang.
Yo‘g‘onga taqlidan cho‘zilsa agar,
Ingichka albatta uzilar, bilsang.

* * *

Hayot sinov, gohi shafqat qilmaydi,
Irodali odam oson “sinmaydi”.
Banda olar balki qo‘lingdagini,
Peshonangdagini ola bilmaydi.

* * *

Rizqiga shukur qil, ajralma eldan,
Kamtar, elparvarga tole bo‘lar yor.
Kimningki oyog‘i uzilsa yerdan,
Oxir bir kun qulab tushmog‘i ham bor.

* * *

Azalu abaddan shu sado kelur,
Tinglab, bir savdoga lol qolar kishi:
Itning kasbi mudom hurmoqlik erur,
O‘tib ketmoq erur karvonning ishi.