Isomiddin Po‘latov (1985)

Isomiddin Po‘latov 1985 yilda Samarqand viloyati Urgut tumani So‘fi qishlog‘ida tug‘ilgan. 2004-2004 yillarda Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetini bitirgan. 2008 yildan buyon viloyat «Zarafshon» gazetasida faoliyat yuritib kelmoqda.
Ayni paytda ta’lim va madaniyat bo‘limi boshlig‘i.


QISQARTIRIB BO‘LMAS…

Olti kunning o‘tishi qiyin,
Kamaytirib bo‘lmas haftani.
Ba’zan bilib, ba’zan bilmayin,
O‘ldiryapman onni, lahzani.

Tushunmasdim kuyinishingiz,
Qo‘ng‘irog‘im edi tasalli.
Farzand dushman ekanin ona,
Qaerdanam bilardim, dalli…

O‘g‘lim hali to‘lmagan birga,
Goh yo‘talar, goho gijinglar.
Yig‘laganda botaman terga,
Bitta ohi bag‘rim g‘ijimlar…

Sizni qattiq sog‘inayapman,
Sig‘mayapti haftaga hislar.
Dunyodagi ayol zotida
Yo‘q, sizdagi jannatiy islar!

O‘g‘lim sizni ko‘rmoqchi, ona,
Talpinyapti mendan battarroq.
Nahot changdan qo‘rqib qolarkan,
Shahar tomon bosilgan oyoq…

Olti kunning o‘tishi qiyin,
Telefonim qoldi buzilib…
Qisqartirib bo‘lmas haftani,
Borayapman vaqtdan yuz burib!

TANGRINING RAHMATI

Rahmim kelib ketdi,
Chang ko‘chadan o‘tayotganda,
Kunni zulmat yutayotganda,
Rahmim kelib ketdi…
Oyoqlarimga…

Kimdir menga sekin shipshitdi,
Xiyonatning qoq nuqtasini,
Hislarimning «oy bolta»sini
Rahmim kelib ketdi…
Quloqlarimga…

Tunda jonim bir ruh silkitdi,
Tinim bilmay yozayotgandim,
O‘zimga go‘r qaziyotgandim,
Rahmim kelib ketdi…
Barmoqlarimga…

Umrim xayol kabi tez o‘tdi,
Yotib oldim dunyo deya keng,
Menga boqib, ko‘kda Tangrining,
Rahmi kelib ketdi…
Tuproqlarimga!..

DALDA

Kechir meni yurak,
Men seni ayamadim.
Kipriging qayirib,
Sochingni bo‘yamadim…
Kechir meni yurak,
«Xunukman», deb nolima sira.
Sen hali turmushga chiqmagan,
Qizday bokira!..

***

Saharlab hovliga chiqqan ayolim,
Qorni ko‘rib, tuydi rohatni.
Kitobimdan yirtib bir varaq,
Chopib ketdi tutib Qorxatni…

G‘ijimlangan qog‘oz qo‘limda,
Istak yozmish unga ayolim.
Yuragimni achitgan qishmas,
Eh, kitobga ketdi xayolim…

Tonggi xohish etildi vojib,
Rafiqamning yorishdi yuzi.
Ishlarimdan ko‘nglim to‘lmadi,
Menga nima bo‘lyapti o‘zi…

O‘tiribman issiq uyimda,
Tashqarida o‘kiradi qish.
Erkalanar mamnun ayolim,
Menga aytib qo‘yadi olqish.

Qor chiroyli, qor buncha oppoq,
Boqasan-u bosar hayajon.
Qishloqda men o‘sgan kulbada
Sovqotmayapsizmi, ayajon!?.

BEKAT

Men bekatdaman,
Bu bekatda to‘xtamaydi
avtobuslar,
Hali uzoq yillar kutib
tursam kerak.
Men kutganim kelgunicha
bu bekatga
Dunyo bilan xayrlashib
ketsam kerak!..
Kutmoq kerak! Kutmoq kerak!!
Kutmoq kerak!!!
Qarg‘ish urgan shu bekatda
mixlanganday.
Men hayotning yuragiga otilaman,
Avtobusni kutayapman
o‘qlanganday!..
Mendan boshqa kutuvchilar
ko‘rinmaydi,
Mudrayotgan bu dunyoning
burchagida.
Doston bo‘lib ketdimmikin
o‘zlaricha,
Qaynayotgan dunyosining,
cho‘pchagida…
Vaqt chekinib ketdi mening
xotirimdan,
Malol emas,
qiyomatga qadar kutmoq…
Bir so‘z kelar hasrat to‘la
botinimdan,
«Kelayotgan avtobusning yo‘lin o‘pmoq!»
…men bekatdaman…
Bu boshqa bekat…
Bu bekatda to‘xtab o‘tar,
avtobuslar.
Manzilingga eltib qo‘yar
o‘shal zamon,
Biroq netay… o‘lib borar,
tirik hislar!..

KIM?

Yuragimni yirtib,
Tashlab yuboraman eski qutiga.
Siniq yashik
g‘imirlay boshlar…
Ermak ham topilar, g‘alcha to‘tiga –
Ming‘ir-ming‘ir
ko‘nglimni g‘ashlar.
Sekin-sekin evrilar olam…
Yuraksizlar –
yurakka ega,
Indamayin, o‘zgarar odam.
Nega? Nega?! Nega?!!
Siniq yashik g‘imirlama, qo‘y,
yurak jim!
Bir savol:
Dunyoni to‘tilardan,
Kim qutqarar, Kim?!.

TAShVISh

Yomg‘ir yog‘ib qoldi…
Men yoningga bormoqchi edim,
Yog‘averdi qasdma-qasdiga,
Yuragimning baland-pastiga.
Men yoningga bormoqchi edim,
Quchog‘imdan qo‘ymayin seni,
Sochlaringdan o‘pardim to‘yib,
Yoningga gar borolganimda,
Tashvishlarni bir chetga qo‘yib…
Endi biroz kutib turasan,
Yomg‘ir tingunicha tugaydi ishim,
Yoningda Xizrday paydo bo‘laman,
Mana ko‘rasan, mening dilqushim…
Yomg‘ir tinmayapti…
Barxanlarni sel olib ketdi,
Ko‘zyoshlaring sel bo‘lib ketdi,
Yalinsang ham qaysar qarog‘ing,
Hech ko‘nmayapti…
Tugayapti mening tashvishim,
Tugayapti sening yoshlaring,
Lahzada yoningga yetaman,
Lablarimga bosib qoshlaring…
Qo‘y, yomg‘irni la’natlayverma,
Qarg‘ishlaring ketar besamar,
Yuguraman, do‘llar yog‘sa ham,
Tashvishlarim tugasa agar…
Men yoningga bormoqchi edim,
Yomg‘ir yog‘ib qoldi,
Kechir…
Yillar qildi netay hukmini,
esim og‘ib qoldi…
Boshimga tashvishmas
Qorlar yog‘ib qoldi!..

QOTIL QO‘Y

Xafa bo‘ldi Muhammad Yusuf
Mendan ranjib qoldi hoynahoy.
Poda haydab bahor chog‘,
Qir-adirlar ochganda chiroy.
Qo‘y-qo‘zilar yurardi sakrab,
Qo‘lda edi shoir kitobi.
Eshitildi go‘yo olisdan,
Bir yurakning mungli xitobi.
Men yugurdim qir tepasiga.
Qonga to‘lib ketgandi zamin…
Qo‘yni quchib, yig‘lab yubordim,
U odamday boqardi vazmin…
Kitob mening ko‘ksimda kuydi,
Sindiraman qo‘y tuyog‘ini.
O‘tga qo‘shib g‘ajib qo‘yibdi,
Muhammadning qizg‘aldog‘ini!..

***

Sen gulni sevasan,
Bahorday.
«Gullar haqida, yozing», deysan she’r.
Gulni kuylab nima ham qildim?
Eshitganlar,
aytchi nima der?
Kulishmasmi ortimdan sekin,
Men gul haqda
qo‘shiq kuylasam?
Qo‘lga qalam olaman,
lekin
Gullar yoqmas,
seni o‘ylasam…
Sen go‘zalsan,
bittasan – tanho.
O‘zgasini o‘ylayolmayman.
Sen turganda ko‘zim oldida,
Gullar haqda
kuylayolmayman!..

TOMChI BO‘LDIM

Qo‘llaringni ber endi,
Yuzlarimga bosayin.
Kiprigingga stolcha,
Qo‘y. O‘zimni osayin!
Ko‘zyoshlaring men bo‘lay,
Stolchani yiqitma,
Qoracho‘g‘ing vahmida,
Men sho‘rlikni qo‘rqitma…
Yanog‘ingni yuvayin,
Lablaringda yuvilib.
Dunyodagi baxtiyor –
Tomchi bo‘ldim tug‘ilib!

QARG‘ISh

She’rlarim ko‘p qizga
atalib ketdi…
To‘g‘risi, men bundan
charchaganim yo‘q
Go‘yoki ushbu kun
poyonga yetdi
Ko‘ksimga qadalgan,
allaqanday o‘q!
Endi oyimchalar
mendan kutmang she’r
Bekorga qovoqdan
yog‘dirmang qorni…
Endi g‘amingizni
qurbaqalar yer..!
Men uchun osmonga
ilinglar dorni!
Qatlga yig‘iling
hamma jononlar
«Bu qismat nechun?», deb
mendan so‘ramang,
Ufqni olovday
yamlasin qonlar
Mayliga xokimni
gulga o‘ramang.
Qo‘ldagi ash’orni
poyimdan yoqing
Gunohkor she’r olsin
oyoqlarimni!..
Go‘zallar,
takror va takroran o‘qing,
Iltimos,
tez ochib barmoqlarimni:
Men uchun sharafdir
olqishlaringiz…
Do‘zaxdan asraydi
qarg‘ishlaringiz!!!

QONUN

Qip yalang‘och daraxt,
titrab turibdi.
Yaproqsiz! Yaproqsiz!! Yaproqsiz!!!
Ildizlar karaxt,
shoxlar quribdi.
Yaroqsiz! Yaroqsiz!! Yaroqsiz!!!
Butun dunyo bo‘shliqqa cho‘mgan…
Qip yalang‘och daraxt
G‘adir-budur badan…
Qop-qora qarg‘alar qo‘ngan…

***

Keng shaharda tentirayapman,
Ko‘p bor seni unutgim keldi.
O, bo‘g‘zimda qolgan o‘sha so‘z,
Minginchi bor yurakni tildi.

Xotiramni adashtiray deb,
Ko‘chalarda adashib yurdim.
Shahardagi qishloqi qizning,
Ko‘zlarida rasmingni ko‘rdim…

Oh uraman baland uylarda,
Ohim ko‘kka yetsin, deb zora.
Kundaligim titishar qizlar,
Undan seni izlab ovora…

Senga aytay degan so‘zimni,
Omonatday asrab yuribman.
Xotiramning g‘arib lavhida,
Tol tagida kutib turibman.

Qishlog‘imning go‘zal juvoni,
Xayolimda turaver kulib,
Men shaharda tentirab yuray,
Senga nedir demoqchi bo‘lib!..

TO‘YoNA

1

«Seni unutaman», dedim
So‘z berdim:
«Yo‘lingni to‘smayman», deya
«Yo‘llarimiz boshqa-boshqadir», deding,
seni unutolsam,
o, qaniydi-ya!
ont ichdim, o‘zimcha,
xat yozmayman, deb,
huvillagan ko‘changda tanho
yurmayman daydib!..
seni unutaman,
kuzatib qo‘ymayman
endi uyingga…
yuragimni qutiga solib,
jo‘nataman –
to‘yonadir
erkam to‘yingga…

2

Yuragimni qutiga solib,
Jo‘natmoqchi edim to‘yingga…
Atirgulning bo‘yab barglarin,
To‘shamoqchi edim yo‘lingga…

Kechir meni, topolganim yo‘q
Yuragimga loyiq qutini…
Ajablanma, ko‘zing yoshlagan,
Hasratimning qora tutuni!

Bo‘ldi yetar, jim turolmayman,
Hammasiga qo‘yaman nuqta.
Sevgilimning yonida turgan,
Meni kutgin, ey sovuq suxta!..

Mana keldim, shafqatsiz qizcha
Anovingga aytib qo‘y so‘zim,
Agar seni qilmasa baxtli,
Oyog‘idan osaman o‘zim!

Endi xayr, ketaman olis
Hasratimning tarqar tutuni.
Eh, yuzida kulgichi bor qiz,
Olib qo‘ygin manov qutini!..

«BU ShE’RINGIZ MEN HAQIMDAMI?»
(Santalatga)

Mudom qo‘lga olsam qog‘ozni,
Qoracho‘g‘ing olovlanadi:
«Bu she’ringiz men haqimdami?»
Deysan, tilim kalovlanadi…

Yupataman va’dalar bilan,
Yosh boladay qolasan ko‘nib.
«Barcha she’rim senga atalgan»,
So‘zlaringdan gul chiqar unib.

Lek qiynalar vijdonimmi-ey,
Yolg‘onchidan qolmaydi farqim.
O‘tdi yillar, yonimdasan-u
Yozganim yo‘q, ta’rifing Baxtim.

So‘z izladim rosti sen uchun,
Yangi tashbeh yo‘liga zorman.
Bevafolar oldilar o‘chin,
Endi so‘zning qo‘lida xorman.

Maqtovlarni arzon sotibman,
Ichim yonib borar o‘ylasam.
Nega sen-chun asramadim-a
Bo‘lmasmidi seni o‘ylasam?

Ich-ichingdan qilasan umid,
Ich-ichimdan turaman sezib.
Ovqatingni qo‘yib oldimga,
Termulasan yurakni ezib.

Kutayapsan, bolasiz ayol
Farzandini kutganidayin.
Ikki misra shunchalik malol,
Yozolmadim senga atayin…

Anglaganday bo‘layotirman,
Xulosaga yaqinman, yaqin.
Umring Haqdan so‘rayotirman,
Taqdirimda chaqnagan chaqin.

Qalam olsam ko‘z oldimdasan,
Erkalaysan o‘g‘limni quchib.
Dilqafasda qaynaydi hislar,
Qog‘oz-qalam qoladi cho‘chib…

Har gal shu hol takrorlanadi,
«Bu she’ringiz mengami» deysan.
Qoracho‘g‘ing olovlanadi –
Eng go‘zal she’r o‘zingsan, bilsang!

O‘QIB BERILMAYDIGAN ShE’R

Xonam.
Yolg‘izgina soat «chiq-chiq»i
Sukut meni o‘ldirayapti…
Xotiraning qiynaydi yuki
Sekund meni o‘ldirayapti…

Ko‘cha.
Odamlar ko‘p, yugur, ur-yiqit,
Shovqin meni o‘ldirayapti…
Go‘zal hislar tashlandiq, chiqit
Shoshqin meni o‘ldirayapti…

Dunyo.
Qorishib ketganday shuurim,
Sekund meni o‘ldirayapti…
Bosh olib ketmoqda g‘ururim,
Sukut meni o‘ldirayapti…
Yurak…

***

Sen ketding-u
Yuragimga tushdi og‘irlik
O‘zgarganday
qaysarligim, toqatsizligim
Bosayapti shashtimni hadik.
Sezilyapti, sezilyapti
…o, baxtsizligim!

Sen ketding-u
G‘ururimga tushdi zarbalar
Tomirimda
Gupurmayin qo‘ygandayin qon.
Bag‘rimga in qurib oldi
Tunday qarg‘alar
…bechora vijdon!

Sen ketding-u
Tugamadi mening hayotim
Yashayapman!
Tanimaysan, o‘zgardim rosa
Boshlanyapti yangi kunim, yangi soatim
…shudir xulosa…