Ilhom O‘rmon – 1958 yilda tug‘ilgan. Qo‘qon davlat pedagogika institutini bitirgan. Ijodkorning «Qaldirg‘och qo‘shig‘i», «Ming yil yashar edim» she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
Xayolot bog‘i
Sukunatning ovozi bor,
Yurak bilan tinglang siz.
Yolg‘iz qolib, kirib ko‘ring,
Xayolotning bog‘iga.
Bu bog‘ aro xohi quvnang,
Xohi to‘yib yig‘lang siz,
Bir dam tashlang o‘zingizni
Istakning quchog‘iga.
Ruhingizdan to‘kiladi
Sitamu dard, alamlar.
Etib bo‘lmas orzular ham,
Zumda bo‘lar ijobat.
Bilmam, qanday yashar ekan
Xayolotsiz odamlar?
Bu olamda yozolmasa,
Ko‘nglini bexijolat.
Dildan tilga chiqmay qolgan
So‘zlar toshga aylanar.
Oxir borib ular bir kun
Ich-ichingni ezganda,
Ayov bilmas azoblardan
Tanu jonlar qiynalar.
Yorug‘ dunyo qaro bo‘lib,
Yashamoqdan bezganda,
Kirib ko‘ring, sayr aylab,
Xayolotning bog‘iga.
Dadil tashlang o‘zingizni
Istakning quchog‘iga.
Baland tog‘lar
Baland tog‘lar, baland tog‘lar,
Ortingizni ko‘rmoq uchun
Cho‘qqilardan o‘tmoq kerak.
Bulutlarni quchmoq uchun
Qoyalarga yetmoq kerak.
Baland tog‘lar, baland tog‘lar,
Bo‘yingizni bo‘ylab turgan,
Poyingizda hayronlar ko‘p.
Hasratlarin yutib yurgan,
Nozik dili vayronlar ko‘p.
Baland tog‘lar, baland tog‘lar,
Olislardan ko‘ringuvchi
Qor bo‘lsaydim boshingizda.
Lola kabi intilguvchi
Yor bo‘lsaydim yoningizda.
Baland tog‘lar, baland tog‘lar,
Cho‘qqingizni zabt etgani
Burgutdayin qanotim yo‘q.
Hayqiriqlarim yetgani –
Qaytgan sado qiladi do‘q.
Baland tog‘lar, baland tog‘lar,
Ildizlari qoyalarga
Chuqur botgan na’matak xush:
Bosh egmayin soyalarga
Keng samoga urgan u to‘sh.
Baland tog‘lar, baland tog‘lar,
Cho‘qqingizdan sakrab o‘tgan
Ohularga havas qildim.
Yuksaklik ne, cheksizlik ne
Ekanini endi bildim.
Baland tog‘lar, baland tog‘lar,
Ortingizni ko‘rmoq uchun,
Tik qoyaga yetmoq kerak,
Cho‘qqilardan o‘tmoq kerak…
Quyosh botayotir
Quyosh botayotir, nurlari siniq,
Tinimsiz ishlagan dehqondek horg‘in.
Kunbo‘y ilitgani – bo‘z tuproq iliq,
Yalangoyoq yursang, vujud olar tin.
Quyosh botayotir, ufq qontalash,
«Yorug‘ kun kelar» deb, qilamiz umid.
Ko‘ngil ko‘chasini kesib o‘tar g‘ash,
Xayollar tug‘ilgay istaklarga zid.
Quyosh botayotir, fusunkor osmon,
Sukunat falakdan tushayotgandek.
Zamin qo‘llarini cho‘zib shu zamon,
Ko‘k pari baridan tutayotgandek.
Quyosh botayotir, nurini yutgan
Borliqni qaro tun qo‘yniga tortar.
Kimdir sovg‘a qilib, kimdir unutgan
Atirgul yo‘lakda qovjirab yotar.
Quyosh botayotir, qontalash ufq –
Zaminu samoning bo‘sasidan bu.
Bugungi kun uchun oftobga qulluq,
Erta tug‘ilajak yangi tong – suluv.