Ikromjon Asliy (1984)

1984 yilda tug‘ilgan. Andijon Davlat universiteti filologiya fakultetini tamomlagan. “Andijon yoshlari” gazetasida muharrir o‘rinbosari lavozimida xizmat qiladi. Shoirning “Tonggi sabo”, “Andijon chashmasi” she’riy to‘plamlari nashr etilgan. U Zomin seminari, “Kelajak ovozi” Respublika ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi g‘olibi.

* * *

Sizni kutgan tonglarim oydin, musaffo bo‘ldilar,
Uchrashib kunduzlarim ham nurga oshno bo‘ldilar.

Ko‘kda oy, oftob, sanoqsiz yulduzu sayyoralar,
Boshingizda charx urib, bir sizga shaydo bo‘ldilar.

Laylining shaydosi tanho Qays edi olam aro,
Sizga-chi, minglarcha oshiq yo‘lda paydo bo‘ldilar.

Ko‘nglingiz topmoq muammosin qalamga olmisham,
Taxmisu fardu ruboiy ham muammo bo‘ldilar.

Bu zamin zebolari pardozu odob o‘rganib,
Oldiyu andozani gulchehra zebo bo‘ldilar.

Siz araz qildingizu o‘zga nigor topmoq bo‘lib,
Manzilim Farg‘onayu Shoshu Buxoro bo‘ldilar.

Topmadim, qaytdim qoshinggizga men Ikromjoningiz,
Hislarim, dilrozlarim bir turfa insho bo‘ldilar.

Yo‘llardaman

Chorlamishdirsiz shitob, yo‘llardaman,
Siz kuting, ey mohitob, yo‘llardaman.

Yo‘llarim ungay, bu marqablar qator,
Chustu, Toshkentu Kitob – yo‘llardaman.

Yo‘l azobi go‘r azobi bo‘lmagay,
Menda toqat, menda tob, yo‘llardaman.

Bu hayot yo‘ldir baqoga boshlagan,
Do‘stu dushmanlar serob yo‘llardaman.

Kim yurar – manzilga yetgay, deydi el,
Orzular bo‘lmas sarob, yo‘llardaman.

Oshiq Ikromjonni gulmohi, kuting,
Chorlamishdirsiz, shitob yo‘llardaman.

* * *

Ey dilim, dunyo g‘amin qo‘y, dilraboni eslagil,
Xush kalomu xush salom, xush muddaoni eslagil.

Ketdilar olisga sendan ba’zi bir oshnolaring,
Jon ila jismingga do‘st – chin oshnoni eslagil.

Ishq eli ma’shuqasin dono deya faxr aylagay,
Shul zamonning ziynati – aqli rasoni eslagil.

Ne sabab, holing parishon, boqishing bemorga xos,
Bir nigohi beadad dardga davoni eslagil.

Qo‘y bukun Layloyu Shirinning shirin afsonasin,
Barining ustozi bo‘lmish mahliqoni eslagil.

Soqiyo, quygil tiniq maykim, ko‘ngil tinsin yana,
Bazmi jamshid ichra yor chalgan navoni eslagil.

Bas qil, Ikromjon, u gulruh madhi madhingdan baland,
Ne qilib qo‘yding, o‘zing qilgan xatoni eslagil?!

Atoiyga tazmin

“Jamoling vasfini qildim chamanda,
Qizordi gul uyattin anjumanda”.

Sening vasling hamisha dilda matlab,
Yoqarsan ne uchun minglab gumonda?

Birov bormi chiroyda senga monand,
Baliqchi yo Namangan, Marg‘ilonda?

Ocharman sirlarimni birma-bir men,
Ajabkim, dilda asroring nihon-da.

So‘roq-sog‘inchlarim saf-saf, sanamjon,
Faqat nozu firoq bor sen tomonda.

Sinab, qiynab, sanab sonsiz sababni,
Zerikmassan, senga ishqim ayon-da.

Sevilgan shohu sevgan qul erur, voh,
Qulin tashlab ketish shohga oson-da.

Chin oshiqlar chidar, der ahli mo‘min,
Mening baxtimga, mayli, bo‘l omonda.

Bo‘libdir elga afsona bu sevgim,
Degay qizlar: ilinji – Zuhraxonda.

Bu Ikromjonni qadrin anglamay, sen,
Hamisha noz-firoq qilsang yomon-da.

Gap qilmang

Muhabbatim muqaddas, mayda-chuyda gap qilmang,
Mish-mishlarga zo‘r berib, o‘nglarimni chap qilmang.

Laylo emas u, axir, mustaqil yurt dilbari,
Mendan ham siz Majnunning fe’lini talab qilmang.

Oshiqlarning ohlari yuragida pinhona,
Hijron bilan visolni tarafma-taraf qilmang.

Bir aldaysiz, go‘zallar ikkinchi bor ishonmas,
Yolg‘on-yashiq va’dani bo‘yniga sadaf qilmang.

Yo‘lga chiqsam visol deb, usiz omad zavol deb,
Sevgisizlar daf bo‘ling, meni hargiz daf qilmang.

Ikromjonning qalbida dona xolli bir qiz bor,
Muhabbatim muqaddas, mayda-chuyda gap qilmang.