Iftixor Xonxo‘jayev (1991)

Iftixor Xonxo‘jayev 1991 yil 24 oktyabrda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tug‘ilgan. “Birinchi kitobim” loyihasida “Uyg‘oq yurak”, so‘ngra “Hayot kuyi” nomli kitoblari nashr qilingan.

ADAShGAN XAT

“Yuragimni qamragan sog‘inch,
Har nafasda eslayman sizni.
Hatto tunlar uxlolmayman tinch,
Tushlarimdan izlayman sizni.

Jodu kabi tortarkan mehr,
Xat yozarman bedor tunlarim.
Sog‘inganda ortarkan mehr,
Shukr, yaqin diydor kunlari…”.

Har haftaning yakshanbasida
Takrorlanar oddiy odat bu.
Bir yigitdan rafiqasiga
Jo‘natilgan o‘ninchi xat bu.

Bu gal biroz bocdimi g‘aflat,
O‘rtada xat tashuvchi qushni,
Xotiniga yozilgan bu xat
Onasining qo‘liga tushdi.

Xotin o‘zi bilan ovora,
Na er, na xat bilan ishi yo‘q.
Ammo bugun bu keng dunyoda –
Onasidan baxtli kishi yo‘q.

Bizga aql o‘rgatma, demang,
Bir shoirni telba atashib.
Xat bitganda onanggizga ham
Yozib turing, mayli, adashib…

SEVSANG…

Sevsang sevgin-da, axir,
Senga mast yigitman-ku.
Alpomish bobomday bir
Zabardast yigitman-ku.

So‘zing yo‘qmi so‘zlarga,
Ko‘mma dilni muzlarga.
Har xil ishva-nozlarga
Sotilmas yigitman-ku.

Kelgin, tanga jon kelsin,
Somon yuzga qon kelsin.
It tugul, arslon kelsin,
Qopilmas yigitman-ku.

Ey qalbimning quyoshi,
Bo‘l bir umr yo‘ldoshim,
Sendan o‘zgaga qoshi
Qoqilmas yigitman-ku.

Oshiqlaring bo‘lsa jam,
Barini yenggay bu dam.
Oltin shamshir kelsa ham,
Chopilmas yigitman-ku.

Ketsam Tohirday oqib,
Qolma hushingdan og‘ib.
Kunduzi chiroq yoqib
Topilmas yigitman-ku…

TILAK

Sen uchun oddiy hol bo‘lishi mumkin,
Zavol bilmay o‘sib-uning, deyishsa.
Lek nima qilarding do‘xtir yo folbin:
Bu sening oxirgi kuning, deyishsa?

Balki ko‘zlaringga yosh to‘lib bu on,
Vasiyat yozishga kirishgaydirsan.
Balki eshitganim yolg‘on deb, yolg‘on,
O‘zingni aldashga tirishgaydirsan.

Yoki gado kelsa eshiging chertib,
Boringni unga shu zahot berarsan.
Balki miskinlarga savob bo‘lar deb
Sadaqa berarsan, zakot berarsan.

Yo og‘ritgan bo‘lsang kimningdir qalbin,
Borib undan uzr so‘rarsan balki.
Yo ziyorat etib volidang qabrin,
O‘sgan tikonlarin o‘rarsan balki.

Suygan taomingni pishirib balki,
Ko‘zingga yosh olib yegaymisan yo.
Vujudingda ajib shijoat qalqib,
Bir boshga – bir o‘lim, degaymisan yo.

Umrida kalima keltirmagan zot
Balki sajda etib duo ham o‘qir.
Kelajak avlodlar aylar deya yod,
Kimlardir o‘ziga yodnoma to‘qir.

Bir umr chekishga qarshi kurashib
Yashagan tamaki chekadi balki.
Kimdir kimlargadir nafi tegar deb
Mehr bilan nihol ekadi balki.

Balki o‘tkazay deb bu kunni shodon
Kimdir mayxonaga bosar qadam ham.
Yomonlik qilgisi kelmaydi bu on
Hatto dunyoda eng yovuz odam ham.

Agar shunday o‘tsa oxirgi kuning,
Ko‘ksing yaxshilikka yuz ochsa agar…
Unda oxirgisi bo‘lsin har tuning,
Har kuning so‘ngisi bo‘lsin, birodar!

YoR KETADI…

Yor ketadi ot ustida yot bilan,
Yot yorimni olib ketar ot bilan.
Taqdir ekan deya unga baxt tilab,
Kuzataman faryod bilan, dod bilan.

Yoz yomg‘iri junjiktirar tanimni,
Sezdirmayman unga og‘ringanimni.
Go‘yo olmoq istaganday jonimni
Nigoh tashlar ko‘zlari jallod bilan.

To‘y kechasi yayrab o‘ynagan ham men,
Oq libosga boqib to‘ymagan ham men,
Qadah to‘la jomni qo‘ymagan ham men,
May do‘st ekan yuragi barbod bilan.

Ketib qolgim kelar qorli tog‘larga,
O‘zim kabi mag‘rur, orli tog‘larga,
Malikamni yodga solmas yoqlarga,
Qanday yashay, axir, buncha yod bilan.

To‘y ham tugar, hamon o‘sha-o‘shaman,
Na yig‘layman va na haddan oshaman.
Kulibgina u-la vidolashaman,
Go‘yo vidolashganday hayot bilan.

Yorim ketar ot ustida yot bilan,
Yot yorimni olib ketar ot bilan.
O‘sha otning tuyog‘iga men tentak
Taqa qoqib edim belda bod bilan…

USMON NOSIRGA

Ko‘ngli oqqa belanib Usmon
Sochiga oq tushmasdan ketdi.
(Valisher Vohidov)

Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Ozroq savol-javob qilishar ekan.
Kerakmas, sumkamga yegulik solma,
Tekshirib qolishsa kulishar ekan.

Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Ozgina o‘tirsam javob berarkan.
Siqilma, bu yerning azobi holva,
Faqat sog‘inch yomon azob berarkan.

Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Kim ham yovlashar bir oddiy shoirga.
Ammo ko‘rib kelay endi bir yo‘la,
Yo‘llanma berishdi bugun Sibirga.

Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Yig‘lama, yuragim to‘xtab qoladi.
Azroil ololmay yongan jonimni,
Sening ko‘zlaringning yoshi oladi.

Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Axir taqdir shuni yuzlagan ekan.
Ajab, to‘rtta fasli muz bu o‘lkada
Insonlar qalbi ham muzlagan ekan.

Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Sog‘indim yuragi otash elimni.
Ularga o‘qib ber muzlar bag‘rida,
Otash qalbim bilan yozgan she’rimni.

Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Bevafo itlarning hurmog‘i uchun.
Roziydim ming bora jonim berishga,
Yurtimning bir siqim tuprog‘i uchun.

Ona, men qaytaman, xavotir olma,
Ajal so‘nggi yo‘lga jonni hozirlar.
Ammo sen yig‘lama, Onajon, hali,
Tug‘iladi qancha Usmon Nosirlar.

Ona, men qaytaman, xavotir olma!

MEHRIBONLIK UYIDA

Yuzsiz, badbaxt ona dastidan,
Zor yig‘ladi hayot beshigi.
Taqilladi yarim kechada
Mehribonlik uyin eshigi.

Ichkaridan so‘rashdi kim deb,
Hech kim javob bermadi, biroq…
Biroq eshik oldida yig‘lab
Yotar edi murg‘ak chaqaloq.

Axir it ham o‘z bolasining
Yuzlaridan o‘par erkalab.
Oq sut berib o‘stiradi-ku,
Yunglarini mehr-la yalab.

Beyuz, badbaxt ona dastidan,
Zor qaqshadi hayot beshigi.
Chaqaloqqa ochdi bag‘rini
Mehribonlik uyin eshigi.

U farzandi endi shu uyning,
Bu uyda u yangi, kenjatoy.
Tunlar uning boshini silab,
Yig‘lab-yig‘lab alla aytar oy.

Chaqaloqning dardli ingasi
Hatto oyning jonini siqdi.
Menga esa alam qilgani
Uning tili “ona” deb chiqdi.

ADAShGAN XAT

“Yuragimni qamragan sog‘inch,
Har nafasda eslayman sizni.
Hatto tunlar uxlolmayman tinch,
Tushlarimdan izlayman sizni.

Jodu kabi tortarkan mehr,
Xat yozarman bedor tunlarim.
Sog‘inganda ortarkan mehr,
Shukur, yaqin diydor kunlari…”

Har haftaning yakshanbasida
Takrorlanar oddiy odat bu.
Bir yigitdan rafiqasiga
Jo‘natilgan o‘ninchi xat bu.

Bu gal biroz bosdimi g‘aflat
O‘rtada xat tashuvchi qushni.
Xotiniga yozilgan bu xat
Onasining qo‘liga tushdi.

Xotin o‘zi bilan ovora,
Na er, na xat bilan ishi yo‘q.
Ammo bugun bu keng dunyoda,
Onasidan baxtli kishi yo‘q.

Bizga aql o‘rgatma demang,
Bir shoirni telba atashib.
Xat bitganda onangizga ham
Yozib turing, mayli, adashib.

* * *

Senga yaxshi ko‘rinaman deb,
Ko‘ylak kiydim egnimga oppoq.
Bo‘g‘ilsa ham hatto nafasim,
Taqib oldim qalin bo‘yinbog‘.

Yo‘lga chiqdim ko‘ksim hapqirib
Oyog‘imda yaltiroq tufli.
Kiyib oldim qop-qora kostyum,
Bo‘lgim keldi hammadan ko‘hlik.

Senga yaxshi ko‘rinaman deb,
Sochimni ming turda taradim.
O‘z-o‘zimdan ko‘nglim to‘lmayin,
Ko‘zguga ming bora qaradim.

Sezmagandek o‘tdim beparvo,
Suluv qizlar labin burganda.
Yuragimda yonsa-da olov,
Kulib turdim seni ko‘rganda.

Menga yaxshi ko‘rinaman deb,
Oppoq ko‘ylak kiydingmi sen ham?
Bo‘libsan-ku hammadan ko‘hlik,
Yo men kabi kuydingmi sen ham?

Qanot yozib tushdim o‘yinga,
Menga qarab kulishing uchun.
To‘yib-to‘yib ichdim to‘yingda,
Sening baxtli bo‘lishing uchun.

Tan olaman, hamma ayb menda,
Sevgimizning boshiga yetdim.
Senga yaxshi ko‘rinaman deb,
To‘ying buzmay jimgina ketdim…

O‘LSANG…

O‘lsang shunday o‘l-ki, boshini egib,
Hayqirib-hayqirib tog‘lar yig‘lasin.
Ko‘klamlar sarg‘ayib qolsin oh chekib,
Xazonga aylanib bog‘lar yig‘lasin.

O‘lsang shunday o‘l-ki, osmon guldirab,
Yomg‘irlar bo‘ronga, do‘lga aylansin.
Tobuting talashib ko‘targan qo‘llar
Mozoringga eltar yo‘lga aylansin.

O‘lsang shunday o‘l-ki, yurak qoningni
Icholmay hayratda yonsin Azroil.
Ko‘ksingda jovdirab turgan joningni
Ko‘zida yosh bilan olsin Azroil.

O‘lsang shunday o‘l-ki, ruhingni Olloh,
Samoning jannatiy shahriga olsin.
Jonsiz vujudingni jonajon tuproq,
Bolajonim deya bag‘riga olsin.

O‘lsang shunday o‘l-ki, jisming qoshida,
ßqin-u olislar bo‘lishganda jam,
Duoga qo‘l ochib qabring boshida,
O‘ksinib yig‘lasin dushmanlaring ham.

Falonchi o‘libdi deya eshitgan,
Dillarni larzaga solib o‘l, o‘lsang.
Madhiyaga aylan, aylan qo‘shiqqa,
Dunyoning yodida qolib o‘l, o‘lsang.

O‘lsang shunday o‘l-ki, dunyo yig‘lasin,
Yoki o‘lganingni hech kim bilmasin.

* * *

Senga xayr demay ketgim kelgandi,
Sarobga aylangan shirin tush kabi.
Garchi, sensizlikda bo‘lib qolsam-da,
Qanoti kesilgan ojiz qush kabi.

Senga xayr demay ketgim kelgandi,
Baxtingni o‘zingga qaytarmoqchiydim.
Axir sen malika eding-ku jonim,
Axir men shoh emas, oddiy soqchiydim.

Senga xayr demay ketgim kelgandi,
Mayli, yuragingga to‘lsa-da nafrat.
Mayli, qarg‘asang ham roziydim hatto,
Faqat… sog‘inmasang bas edi, faqat.

Senga xayr demay ketgim kelgandi,
Ko‘zlaring yoshiga hushim yo‘q edi.
Axir, jondan ortiq sevardim seni,
Axir, sendan aziz kishim yo‘q edi.

Senga xayr demay ketgim kelgandi,
Garchi tirik murda bo‘lib qolsamda.
Senga xayr demay ketgim kelgandi,
Olislarda sensiz o‘lib qolsamda.

* * *

Senga bolang yomon deyishsa,
Bu gaplar rost, ishon, Onajon.
U beozor, mo‘min o‘g‘lingdan
Qolmadi nom-nishon, Onajon.

Ko‘rgin endi bolang holini,
Nima qilib qo‘ydi bu hayot. Ona,
Qara ko‘kragim bo‘m-bo‘sh,
Yuragimni o‘ydi bu hayot.

Bas, yig‘lama, ko‘z yoshingni art,
Tokay bag‘ring yeysan, Onajon.
Bu dunyosi yomonzor bo‘lsa,
Menga nima deysan, Onajon.

Bir boshga bir o‘lim azaldan,
Ammo ona men ming bor o‘ldim.
Sen boshingni egma, Onajon,
Men yomonlar yomoni bo‘ldim.

Nega qo‘rqay axir ulardan,
Qibla dunning to‘rt tomoni-ku.
Sen faxrlan yomonzor aro,
Ona, bolang eng yomoni-ku.

Koshki edi g‘aribu beklar,
Bir yoqa, bir yengga o‘xshasa.
Yo‘qolsaydi qani, mendeklar,
Qani, hamma senga o‘xshasa.

Sen borsanki, nurlidir jahon,
Sen dunyoning naqshisan, Ona.
Sening bolang hammadan yomon,
Sen hammadan yaxshisan, Ona.