Husan Karvonli (1974)

Husan Karvonli 1974 yil 1 fevralda Samarqand viloyatining Nurobod tumanida tug‘ilgan.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini tamomlagan.
Hozirda “Ma’rifat” gazetasida mehnat qiladi.
“Istiqlol umidlari” (2001), “O‘zbek modern she’riyati” (2004), “Yoshlar kitobi” (2008) almanaxlarida she’rlari chop etilgan. 

* * *

Balki bu eng so‘nggi safardir
Boychechak pardasin tortgan tong
G‘amsizlik to‘ldirdi dilimni.

Qizg‘aldoq xayolim ufqi yo‘q
Parishon yorishgan chehrasiz
Sarg‘ayib yotibdi ko‘kalam.

Ildizsiz shamolning ko‘ngli bo‘sh
Siynalab o‘tadi dashtlarni
Xotirim sog‘inchi sokindir.

Enasin entikib emganday
Yo‘rgakda yotadi yurak go‘l
Kun tug‘ib, tun yutgan pallalar.

Xotirim sog‘inchi sokindir
Siynalab o‘tadi dashtlarni
Ildizsiz shamolning ko‘ngli bo‘sh.

Sarg‘ayib yotibdi ko‘kalam
Parishon yorishgan chehrasiz
Qizg‘aldoq xayolim ufqi yo‘q.

G‘amsizlik to‘ldirdi dilimni
Boychechak pardasin tortgan tong
Balki bu eng so‘nggi safardir.

QIZG‘ALDOQ

Qizg‘aldoqqa elangim keldi,
O‘lib qolsa bo‘ladi sensiz.
Samarqandda qizg‘aldoqlar ko‘p.

Hu-uv uzoqda, Qarshi yo‘lida
Shundoqqina tog‘ etagida
Qizg‘aldoqlar ichida bir qiz.

Vaqti yo‘qdir meni eslashga
Ma’sum qizg‘aldoqlar ichida
Ko‘zlarida Hayrat suvrati.

Qizg‘aldoqqa ko‘milgim keldi,
Hayratingga cho‘milgim keldi,
Qizg‘aldoqqa aylangan go‘zal!

* * *

Namozdigar to‘rvasin yoydi
Tom ustidan uchdi saraton
Qushlar qarab qoldi Mag‘ribga.

Paxta guli labini so‘rib
Asalari qaytdi iziga
Yo‘q ko‘chaga qo‘ndi hayajon.

Ukasini iyartib o‘tdi
Men sog‘ingan tomonga qarab
O‘ttiz birga kirgan toshotar.

Yantoq guli dimoqqa urdi
Toshib ketdi tomirimda hayot
Xayolimga sig‘madi sog‘inch.

RAMAZON

Qishning qoq chillasin oqligini ber,
Shabnam tarovatin ber menga, Alloh.
Saratonning avji kamolotini,
Xazon halovatin ber menga, Alloh.

Yaldo kechasining sabrini bergin,
Kunlarning avvalin xurramligin ber.
Oftobing avjlangan kungi xush nasim,
Tiramoh qushlarin birdamligin ber.

Hikmating charxida aylangan kunlar
Sobir qullaringni etmishdir so‘zon.
Assalomu alaykum, Laylatul-qadr,
Xush kelding qalbimga, Mohi ramazon!

… ChAQMOQ YuRAGIMGA IZLAR YO‘L

1

Tog‘dan qochib kelgan shabada
qovushadi maysalar bilan
ichib olib nikohsuv — shudring.

Quyosh bo‘yab qo‘ygan qirlarni
ematimchik* bulut parishon
yo‘rgaklaydi qizg‘aldoqlarni.

Ko‘kalamning qo‘shig‘in avji
taraladi tom ustigacha
toshloq ko‘cha topgan tarovat.

Tog‘ ortidan kelar toriqib
to‘polonchi savr buluti
chaqmoq yuragimga izlar yo‘l.

2

Namozdigar to‘rvasin yoydi 
tom ustidan uchdi saraton
qushlar qarab qoldi Mag‘ribga.

Paxta guli labini so‘rib
asalari qaytdi iziga 
yo‘q ko‘chaga qo‘ndi hayajon.

Ukasini iyartib o‘tdi
men sog‘ingan tomonga qarab
o‘ttiz birga kirgan toshotar.

Yantoq guli dimoqqa urdi
toshib ketdi tomrimda hayot
xayolimga sig‘madi sog‘inch.

3

Ko‘zlarimda gulladi osmon
soy bo‘yiga cho‘nqaydi vahm
eshigini qo‘shirdi kunduz.

Angarlarni o‘padi shamol
salobati yiqilar jarga
bir kerishib oladi daraxt.

Ko‘z oldimda yechinar dala
so‘ng kiyadi qop-qora to‘nin
bekinib oladi hovlimga.

Tog‘lar bilan iskashgan bulut
qoziq qoqar qishloq ustiga
odam bilan o‘chakishganday.

4

Pana izlar sovqotgan shamol
suykaladi oqto‘n daraxtga
terak safi xuftonni o‘qir.

Muzlagan Oy uyquga yotar
yaxlab qolgan osmon elanib
Erga tinmay jo‘natar elchi.

Shamollagan daryo yo‘talar
qavib bo‘lgunicha choponin
zarga bulab kiyadi keyin.

Ko‘zoynagi xiralashgan uy
ko‘krak kerib bog‘ o‘rtasida
chilladan qo‘riydi ko‘kalni.

*shevada: qaysar, qiziquvchan.