Humoyun (1964)

Humoyun (Humoyun Akbarov)  1964 yili tug‘ilgan. 1980-1985 yillar ToshDU (hozirgi Milliy universitet)ning o‘zbek filologiya­si fakultetida, 1997-1998 yillarda O‘zbekiston Respub­likasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tahsil olgan.
Hozirga qadar shoirning “Unutilgan gul”, “Yurakdagi rangin kamalak”, “Dilxiroj”, “Ko‘nglim guli”, “Yoshlik bekati” kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan.


Yo‘llar

Zaminda keng, ravon yo‘llar bor,
So‘qmoq bo‘lgan ular qachondir.
Katta-kichik,
notekis yo tor,
So‘qmoq bo‘lgan ular, baribir.

Hayotda-chi,
yo‘l ko‘p nihoyat,
Xayol bo‘lgan ular, avvalo.
Shirin orzu bo‘lgan yo niyat,
Ijobati turlicha ammo.

Ammo, bir gap bordir –
yomon yo‘l,
Yaxshilarni oralab o‘tgan.
To‘g‘ri emas,
gohi o‘ngu so‘l
Ezgulikni qoralab o‘tgan.

Borsa gumon,
…kelmas yo‘llar ham,
Yo‘l tushmagan tog‘u cho‘llar ham,
Yo‘l topilmas toshdek dillar ham,
Tilagim shu seni qo‘llarman,
Ey, yo‘lovchi, yo‘lingni bersin!

* * *

Oy qayig‘i cuzar ohista,
Oppoq bulut to‘lqinlarida.
Sohilini borarkan izlab,
Singar tungi osmon qa’riga.

Jimirlagan yulduzlar olis,
Nurga tashna borliq. Sukunat.
Tun soyaday, bir butun, yolg‘iz
Daydib yurar o‘ylarim faqat.

* * *

Ajib xayollarni to‘zg‘itar shamol,
Soya solar dilga bulutli osmon.
Sukunat cho‘kkanda ko‘ngilda malol,
Rutubatli havo… Mudrarsan bir on…

Uyg‘otib yuborar momoguldurak,
G‘aflat pardalarin yirtaru shitob,
Yomg‘irda yuvilar g‘ubordan yurak,
Ko‘ngil ravshan tortar,
jilmayar oftob…

Yomg‘ir simfoniyasi

Yomg‘ir yog‘ar bir tekis:
Bog‘larga, ko‘chalarga,
Goh sozli, gohi sassiz,
Kunga ham kechalarga.

Sayr etarman bag‘rida,
Har ko‘chada turfa soz.
Tomlarda doirada,
Maysada munis ovoz.

Yomg‘ir yog‘ar bir tekis,
Ravshan tortadi ranglar.
Goh shovqin, gohi sassiz,
Hayot kuyi jaranglar.

* * *

Hilol oshib o‘tdi dovondan,
Tun yarmi og‘di.
Zuhro mujda beradi tongdan
Tonglarning oldi.

Tun. Yolg‘izlik. Ajib chiroyga
Oshiqdir ko‘zim.
Qanday og‘ir yolg‘izlik oyga,
Oyim – yolg‘izim.

* * *

Borliq ichra muallaq sabr,
Shivirlamas hatto yelvizak.
Daraxtzor jim, osmon negadir
Rutubatdan beradi darak.

Sabr hamon quyoshni kutar,
Nafas olmay osuda borliq.
Oftob, nahot, yerni unutar,
Nahot, nurin etmaydi tortiq?

Necha kunki, yuraklar xijil,
Yana yomg‘ir zabtiga olar.
Havolar ham misli zil-zambil,
Qish oxirlab qolgan pallalar.

* * *

Bilmayman, ko‘nglingda nelar bor sening,
Bilmayman, ne kechar xayollaringdan?
Bilganim, ruxsoring o‘ylarim mening,
Bilganim, yuragim ayrilmas sendan.

Bilganing, sevishim, muhabbatimni,
Bilganing, men seni bila olmasman.
Bilmaysan, bitarkan sevgi xatingni
Kimga yuborasan uni daf’atan?


Bedorlik

Yarim tunda bedorlik keldi,
Kutilmagan mehmon, bemahal.
Oshyonim o‘ylarga to‘ldi
Hech kim bermas bizlarga xalal.

O‘ylar, buncha uchqursiz, axir,
Qachon sizga yetib olarman?
Bedorlikni olib qaygadir
Ketganingiz bilmay qolarman…