Hayitboy Abdusodiq (1957)

Hayitboy Abdusodiq – Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist. 1957 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tamomlagan. Ijodkorning “Meni kashf eting”, “Yorug‘lik istagi”, “Aslim, aslim xo‘ja eli”, “Tirik tug‘ilgan oy” nomli she’riy kitoblari nashr etilgan.

Ota yurt

Ko‘zlarimni yumsam
ko‘z oldimda paydo bo‘lasan,
Ko‘zlarimni yummasam ham
ko‘z oldimda paydo bo‘lasan.

Orziqib kutiladigan hamsuhbat

Kitobning orasida
bir dona yaproq.
Qurib qolgan, sariq tortgan
bir dona yaproq.
Har safar menga shuni
ko‘rsatasan
Va har safar xotiralaring
so‘zlab berasan,
Va har safar men
sen aytayotgan tollarning
kesilib ketganini
aniq bilsam-da,
indamayman atayin.

Qadrning nisbiyligi

Uy to‘rida turibman, deb,
gerdayma sandiq,
Sening qadring ichingdagi
mollarga bog‘liq.
Eski sir –
ikkovimizni
bog‘lab turgan
birdan-bir
tugun.

Ruhiy po‘rtana

Bundayin po‘rtanaga
dunyo chidolmas,
qo‘llar chidolmas,
ko‘zlar chidarkan.

Hazrati eshik

Hamma ishdan xabardor:
u yonning salomini olg‘uvchi,
bu yonning salomini olg‘uvchi.
O‘rtadagi qo‘sh tutqichli
hazrati eshik.

Erga og‘irlik

Hammamiz ham vazmin tortib,
o‘zimizni bosaversak,
erga og‘irlik tushmasmi?

Noaniq nuqta

Kecha so‘roq bo‘lib ko‘rindi,
bugun undov,
ertaga qanday
ko‘rinarkan
bu nuqta?

Ming jonli

Ming jonli oshiqman,
visol sari jonim
bir son ko‘payar.
Har hijronda
ozayar birga.

Kuch

Quyosh nuri suvda
sinadi.
Mening nurim
ko‘zlaringda.
Ushalmagan orzularim

Armon, deydilar-a,
ushalmagan orzularni.
Bor bo‘ling-a,
ushalmagan orzularim.
Ko‘p turing-a,
ushalmagan orzularim.
Ushalmagan orzularim
mening baxtim,
ovunchoqlarim.
Ushalmagan orzularim –
zirhli qo‘rg‘onim.

Yomg‘ir

Erni tozalashga zo‘r berib urinasan:
ba’zi yerlarni tozalaysan ham,
ba’zi yerlarni esa loy qilasan.

Tosh otdi

Inson ekdi daraxtni,
inson ko‘kartirdi.
yana bir inson
unga tosh otdi.

Loqayd odamning qalbi

Uning qalbidan
samimiyatni
zarrabin tutib qidir,
zarrabin.

Qonuniyat

Biz o‘z hukmimizni
o‘qimasdanoq,
tabiat hukmidan
uzilgay yaproq.

Ajab

Ba’zilar dunyoga ustun bo‘lsam, der,
Holbuki, beustun aylanadi yer.

Issiq va sovuq nurlar

Eng issiq nurlarni
odam ko‘zlarida ko‘raman.
Eng sovuq nurlarni ham
odamning ko‘zlarida.

Aytar

Kimdir tushini
juftiga aytar.
Kimdir esa
anhor suviga.

Ayirish va yumshatish belgilari

Bu ayirish belgisi –
ayiradi.
Bu yumshatish belgisi –
yumshatadi.
Yumshatish belgilarini
yaxshi ko‘raman.

Aksil samara

Quloch yoyib,
qamrovni keng
olgan sayin,
toraymoqda ko‘nglimiz.

Hijron

Ko‘chada izg‘irin,
ichda izg‘irin,
dunyoda izg‘irin.
Mungli ko‘zlardan
sizib chiqar,
achchiq ta’mli suv
yuzni qizdirib.