Hasan Karvonli (1974)

Hasan Karvonli 1974 yil 1 fevralda Samarqand viloyatining Nurobod tumanida tug‘ilgan.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini tamomlagan.
Hozirda “Ishonch” gazetasida faoliyat yuritadi.
“Istiqlol umidlari” (2001), “Yoshlar kitobi” (2008) almanaxlarida she’rlari chop etilgan. 

* * *

Mendan arazlagan shu telefon ham,
Savollar so‘rasam saqlaydi sukut,
Shunda borligini bildirar bir g‘am
Qolgan hamma g‘amni aylatib unut.

Xonaga sig‘mayman — ochilar darcha,
Havoyam to‘ldirmas dilda kamimni.
Toqatim qilib parchayu parcha
Soat sanayverar sog‘inchlarimni.

Ko‘chaga chiqaman shoshib, yetar, bas,
Yonimda to‘xtaydi tanish tramvay.
Meni olib jo‘nar chiqarmasdan sas,
Hol so‘rmay, indamay, xuddi ukamday.

Uzoq yo‘l yuraman, so‘nadi shashtim,
Kuydiraman yana kuygan yurakni.
Yo‘l yurdim, izladim, ming bekat oshdim
Bilolmay uyingga yaqin bekatni.

Kun bo‘yi kezaman shaharni sarson,
Ortimda bekatlar, uzun-uzun iz…
To hanuz dilimda bir savol armon:
Qayerda yashaysan, yurakdagi qiz?

* * *

Gulga aylan, gulga aylangil,
Bahorlarning kelsin havasi.
Muhabbatning otashlariday
Kuydirguvchi bo‘lsin nafasing.

Shabboda oh ursin poyingda
Kiprigiga yoshlar ilinib.
Hazin-hazin qo‘shiqlarida
Sevganligi tursin bilinib.

Hatto ko‘kda oy-u yulduzning
Ko‘zlarida hayrat aks etsin.
Jamolingni bir ko‘rib quyosh
Nurlarida sog‘inch raqs etsin.

O‘zligini unutib xurshid
Termulsin-da qolsin boshingda.
Gulga aylan, gulga aylangil,
Men ham gulga aylanay shunda.

* * *

Daraxtlar yam-yashil, maysalar yashil,
Orzular oq rangda, osmon zangori.
Bo‘y yetgan qizlarday sho‘x qiqirlashib,
Husn talashadi aprel tonglari.

Buloqdan chorboqqa shoshar shalola
Bir yillik sog‘inchday o‘zni unutib.
Akasi sayrga opchiqqan bola —
Shabbodani sira bo‘lmaydi tutib.

Go‘yo g‘am-alamni ko‘rmagan dunyo,
Hecham tugamaydi qushlarning nazmi.
Dunyoning bir cheti — shu chorbog‘ aro
Tobora avjlanar bahorning bazmi.

Bir uycha. Ko‘zi to‘rt bo‘lgan deraza.
Deraza ortida tuvakda bir gul.
Birov undan holing ne deb so‘ramas,
To‘kilib boradi yuragi chil-chil…

OLAM SEVGIGA DOIR, MEN HAM UNGA DOXILMAN

Dunyoning ishlariga gohi lol,
goh qoyilman,
Bitta sirini bilsam 
ming biridan g‘ofilman.

Bir kun yashar kapalak,
mening umrim necha yil,
Umr o‘tgusi, ammo 
mangulikka moyilman.

Yo‘l yuradi odamlar,
mo‘l yuradi odamlar,
Mening manzilim boshqa-yu 
kimgadir manzilman.

Chal rubobingni, mashshoq, 
ol ishq mayidan, shoir,
Olam sevgiga doir, 
men ham unga doxilman.

Bir dilbarga dil bersam 
taqdir menga chil berdi,
Suratimda Karvonli,
siyratimda bedilman. 

* * *

Mening ildizlarim yerda, 
osmondadir yulduzlarim,
Quyosh bilan oy jam bo‘lgan 
bir chiroyli kunduzlarim.

Umrimning mazmuni ijod, 
xayollarim menga qanot,
Yuragim bir qadah she’rdir, 
tomirda to‘lqin hislarim.

Bilmam, qay kun tush ko‘rdim men, 
tushda kimni xush ko‘rdim men,
Shundan beri shovullaydi 
ko‘nglimdagi dengizlarim.

Kulsa gul, yig‘lasa dur 
qizim bor, tangriga shukur,
O‘g‘lim o‘zimga o‘xshagan – 
ortimda qolar izlarim.

Karvonliman, kamim yo‘qdir, 
ishqdan boshqa g‘amim yo‘qdir,
Yashayapman sog‘inch bilan, 
baxt shu emasmi, do‘stlarim?

YO‘Q ODAM

Uning boshqalardan yo‘q farqi,
El qatori quvonchi, tashvishi.
Salom-alik va xayr-xo‘sh. Darvoqe,
Tilladan oynagining gardishi.

Viqor bilan indamay yurar,
Savlati taqozo qilganday.
Gohida siz uchun kuyunar
Ichingizdagini bilganday.

Birovga tushmaydi og‘iri,
Ko‘ksingizga otmaydi o‘q.
Faqat… og‘ir kunda
Suyanay deb qarasangiz – yo‘q.

* * *

Siqildim. Falakka termildim,
Termildi u mening yuzimga.
Olisdan qarashi jim
O‘xsharkan sevgan qizimga.

Ohista ko‘zimni yumdim,
O‘zimcha osmonga singdim.
Ortimdan termilib qoldi
Bitta-yu bitta singlim.

Hayqirdim, sevaman dedim,
Yurakdan oy qadar o‘sdim.
Men kimni sevaman dedi
Hech kimni sevmagan do‘stim.

Ko‘zimni ochdim. Oyda
Bir qizcha yig‘laydi yum-yum,
O‘ltirar.
Zaminda – ovloq bir joyda
Hech kimni sevmagan do‘stim
O‘y surar…

* * *

Hijron g‘olib keldi nihoyat,
O‘rtamog‘in boshladi jonni.
Tutib olib mohir bir sayyod
Qiynaganday hurkak jayronni.

Oh, bu yurak kimlarga shaydo,
Olov sachrar chekkan ohidan.
Negaligin bilmadim, ammo
Sog‘inaman seni gohida.

Beishqlarga borligingni ayt,
Bir jilmaygin odamga o‘xshab.
Sen – tirik she’r, sen – tirik hayrat,
Seni ko‘rgim keldi, Binafsha.

* * *

Bir paytlar kosmonavt bo‘lmoqchi edim,
O, osmon – sinoat, cheksizligu g‘ayb.
Osmondan badarg‘a qilingan odam
Farzandiman, netay, orzuga yo‘q ayb.

Tegramga qarasam cheksiz zangori,
Tepamga qarasam hammayoq moviy.
Meni chorlar edi kengliklar sari
Otam aytib bergan ertak samoviy.

Qanotsiz ham mumkin osmonda uchmoq,
Oy bilan o‘ynashmoq, bulutni quchmoq.
Shamoldan ham o‘zmoq, yulduzzor kezmoq,
O‘zingni dunyoda eng baxtli sezmoq.

Hayot ertak emas degaylar garchi,
Orzuli odamning hayrati ortgay.
Orzular odamni ko‘kka chorlasa
Kichkina tashvishlar tuproqqa tortgay.

Mayda odam bo‘lishdan xudo asrasin,
Mayda odamlarning qarichi kalta.
O‘ylashga vaqti yo‘q, tinmaydi,
Elkasida yirtiq ro‘zg‘orxalta…