Halima Ahmedova 1960 yilda Buxoro (hozirgi Navoiy) viloyatining Qiziltepa tumanidagi Po‘loti qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1983). Birinchi she’riy to‘plami — «Ko‘zimning tili» (1986). Shundan so‘ng shoiraning «Tungi marvaridgullar» (1987), «Erk darichasi (1996), «Tiyramox» (2005) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
* * *
Xayol kechalari qismat bog‘ida,
Yolg‘izlikda adashgan manmu?
Olloh, kaftlaringda bir kuni
Maysa bo‘lib egilamanmu?
Yomg‘ir kabi yog‘ilsa jonim,
Qarog‘larim bo‘larmikin jom?
Tig‘ urilgan bag‘rim qoniga
Yuragini chayarmu oqshom?
Men nur bo‘lib o‘psam jimgina,
Dil shahrining ertaklarini,
Tillarida so‘zlashamanmu
Onam qabrin chechaklarini?
Qushlar ko‘zin qorachig‘ida,
Asir etib ko‘milgan manmu?
O, jahannam otashi, sandan
Qochib, sanga intilamanmu?
Ko‘z yosh kabi silqigan jonni
Ichkanida ichikkan diydor,
Dil qonidan man sarhush o‘lsam,
Bandangmanmu, ayt, Parvardigor?!
Xayol kechalari qismat bog‘ida,
Yolg‘izliqda adashgan manmu?..
* * *
Ko‘ksimga qamadim haydalgan ishqni,
Kishanlar yasadim qorong‘u tundan.
Qonagan oyog‘in ko‘zimga surtib,
Bir yurak so‘radim telba Junundan.
Vujudni xokistar etdi alanga,
Yaproqni kuydirdi tiyra bo‘zlarim.
Qayta daraxt bo‘lib yuksatarmanmi,
Tuprokqa to‘lganda ishqli ko‘zlarim?
Yaratgan, azobing ichra ochildim,
Garchi nigohingda nihon edim man.
Zaminga xokistar bo‘lib qorishdim,
Qushlar ko‘zidagi osmon edim man.
Ko‘ksimga qamadim haydalgan ishqni,
Ashkim daryosidan yurakkinam nam.
Dilning ko‘z yoshini qurita olmas
O‘n sakkiz ming olam quyoshlari ham.
So‘ngagim ichida oqqan bahorlar,
Yo rab, muzlagaymi umrim so‘ngida?
Mening ishqqa to‘la o‘jar yuragim
Chirsillab yonmoqda ko‘zim o‘ngida.
Yongan yuragimni ko‘maman o‘zim,
Yaprokdar bandida qolar dog‘larim.
Bir kun daraxt bo‘lib yuksalsam, Olloh,
Meni tanigaymi kuzgi bog‘larim?!
* * *
Ufqlar ortida zangori yo‘l bor,
Balki u xayolim, balki afsonam.
Pokiza kunlarin shu yo‘lga boglab,
Kechmoqda qismatim – yo‘lovchi sanam.
Ufqlar ortida zangori yo‘l bor…
Yuragim vujuddan ketar sitilib,
Yashayman kimningdir yodidan qochgan –
Adashgan arvohday unga intilib.
Ufqlar ortida zangori yo‘l bor…
Ruhimni izlayman, qayda u, evoh?
Osmon, yulduzlarning qabrini ko‘rsat,
Unda ko‘milganmi ruhim begunoh?
Ufklar ortida zangori yo‘l bor,
O‘lim erk ustiga qadalgan tug‘dir.
Ketaman, qontalash ufq ortiga,
Xayolim munavvar, yo‘lim yorug‘dir.
Ufqlar ortida zangori yo‘l bor,
Hayqir, dalli dilim, sen nechun nigun?
Nega jim kechasan, la’livash qonim,
Sen kimni izisan, ko‘zimdagi mung?
Ufqlar ortida zangori yo‘l bor…
O‘G‘LIMGA DARSLIKLAR
1. Tabiat darsi
Har bitta daraxtda bir dil yashaydi,
Tiqilgani sari o‘sadi ko‘nglim.
Ularga quloq sol, ularni tushun,
Daraxtlar aldashni bilmaydi, o‘g‘lim.
Jajji yuragingda kimning sog‘inchi,
Sezaman, ne qilay, boshqadir yo‘lim.
Senga dadangdan ham mehribon, yaqin,
Daraxtlar nomardlik qilmaydi, o‘g‘lim.
Jasur bo‘l, ko‘zingda ko‘rmay sira yosh,
Har qanday alamni ichingga yut jim.
Do‘stlardan azizroq, do‘stlardan baland,
Daraxtlar hech qachon sotmaydi, o‘g‘lim.
Qachondir barvasta yigit bo‘lursan,
Toleingni ko‘rib to‘lgaydir ko‘nglim.
Ulardan sadoqat sabog‘ini ol,
Daraxtlar xiyonat qilmaydi, o‘g‘lim.
2. Adabiyot darsi
Goho bo‘m-bo‘sh ko‘nglim oralab
Sudraladi kuzak shamoli.
Sarg‘aygan gul yaproklariga
Dilim chizar ishqning xayolin.
To‘kilmoqda tomchilab umr
Malaklarning gul kosasidan.
Men tug‘ilgan edim-ku bir kun
Yomgirlarning sirli sasidan.
Daraxt edim, egilmas daraxt,
O‘sardim nur emganim sayin.
Yashil dunyo sog‘inchlarida
Bir kun xazon bo‘lmog‘im tayin.
Shoir edim, bebosh yuragim, –
Talashardi ruhim, samo, yer.
Men sendayin paytimda, o‘g‘lim,
Dalalarga o‘rgatardim she’r…
O‘g‘lim, sendan boshqa kimim bor,
Ko‘zlaringda oqadi dilim.
She’rday Majnun kunlarim haqqi,
Sen dunyoni shoir qil, o‘g‘lim!
3. Matematika darsi
Men ancha bo‘sh edim, toliqar edim,
Aqlim chalkashtirib ketganda sonlar.
Hali ham qalbimni o‘rtaydi ba’zan –
Qalbi tenglamaga o‘xshash insonlar.
Sen esa miriqib yechasan misol,
Jajji barmoqlaring yayrab sanaysan.
Meni g‘amlarimdan ayirgin, desam,
Ishonib-ishonmay kulib qaraysan.
Hayot masalalar turkumi ekan,
Kimnidir kimidan ayirar o‘lim.
Kimdir ko‘paytirar cho‘ntakda cho‘g‘ni,
Sen qalbda cho‘g‘ingni ko‘paytir, o‘g‘lim.
Haqni nohaqlarga qo‘shib qo‘ymagin,
Kambag‘alni boydan ayirma hech vaqt.
Mening bilimdonim, kichik oqilim,
Senga nasib bo‘lsin men ko‘rmagan baxt.
Bir kun vujudimdan ayriladi jon,
Qay ildiz ostida chirqirar dilim.
O‘shanda men sevgan bir tup rayhonni
Qoraygan qabrimga qo‘shib qo‘y, o‘g‘lim.
* * *
Kunday yorug‘ qorong‘uliqda
Oyning nafasiga yediring dilni.
Bedil bo‘lib kiring mastona –
Ma’yus xayoliga qaro sunbulning.
Kunday yorug‘ qorong‘ulikda
Kiprikda chizingiz tunning suratin.
Yiqilgan osmonga sekin shivirlang,
Tongda ochilguvchi g‘uncha hayratin.
Kunday yorug‘ qorong‘uliqda…