Hafiza Egamberdiyeva (1965)

Hafiza Egamberdiyeva 1965 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tamomlagan. Uning “Ko‘ngil ko‘shki” she’riy to‘plami, “Qorong‘i to‘qay”, “Naxshona” kabi nasriy kitoblari chop etilgan.

* * *

Baxtning bolishiga bosh qo‘ydimmikan,
Yoki hasrat ichra to‘kdimmi, bargim?
Qayg‘u chirmovug‘i chirmab ruhimni,
Toshga urib boshim keldimi yorgim?

Oq otli shahzodam edimi, yorim,
Yolg‘izoyoq yo‘lda adashdimmi yo?
Bir butun bo‘ldikmi, biz ikki yarim,
Baxtlisiz, deb, bizni aldashdimi yo?

Ortimga boqsam gar xatolar bisyor,
Uzilgan uzumdek o‘tmish mo‘ltirar.
Ro‘paramda esa ko‘kka bo‘y cho‘zib,
Boladek beg‘ubor orzular turar.

Men esa turibman kaftimda umrim,
Kecha ham, erta ham birdek qadrdon.
Yo‘qotgim kelmaydi topganlarimni,
Yuragim, baxtlisan, deyishsa, ishon.

* * *

Chug‘urlashdik  uchta  qiz,
Uchdik  uchta  tomonga.
Taqdir  bizni  ajratdi,
Otdi  qo‘yib kamonga.

Yig‘ilishsak  bir  yayrab,
Onam  ko‘ngli  xush  bo‘ldi.
Endi  ul  kunlar  yorab,
Eng  chiroyli  tush  bo‘ldi.

Yig‘ilamiz  uchovlon,
Bo‘lolmaymiz  shodon, sho‘x.
Ko‘nglimizni  toparga
Onamiz  yo‘q, ona  yo‘q.

Xafa  bo‘lmang, yangajon,
Qizlar  ko‘ngli   to‘lmasa.
Keng hovli ham tor ekan,
Uyda ona bo‘lmasa.

Duoga qo‘l ochdik biz,
Eslab  pand-so‘zingizni.
Qo‘llab  turing, onajon,
Uch  ona qizingizni!

* * *

Uzilgan barglarni yig‘moqda farrosh,
Uzilgan barg kabi boqadi yuvosh.
Uzun supurgidek uzun xayoli,
Go‘yo u tiramoh ayoli.
O‘tgan-qaytganlarni ma’yus kuzatar,
Fikrin supurgiga uzatar.
Kun urib – sarg‘aygan ro‘moli,
Lab juftlar bor kabi savoli.
O‘ylovsiz bosilgan qadamlar,
Dunyoni to‘zitgan odamlar,
Manzilga oshiqqan yo‘lovchi,
Gap bilgan, ish bilgan ovlovchi,
Farroshning bor bitta savoli,
“Uvoli urmasmi, uvoli?!.”

* * *

Boxabarmiz bir-birimizdan.
Bir novdaning ikki shoxida: sen va men
Ortda qolmoq istamaymiz: sen va men.
Maqsadimiz ulug‘, niyat ham qutlug‘,
O‘smoq, yanada o‘smoq…
Boxabarmiz bir-birimizdan,
Nur yog‘sa qizg‘anib emamiz,
Do‘l yog‘sa bittadir kemamiz.
Nihoyat, biz kutgan kun keldi,
Qo‘l ushlashib uchsak bo‘lardi,
Qurg‘ur ko‘ngil zavq-shavqqa to‘lardi.
Lahza, nasim ko‘magida uchdik ko‘k sari,
Zumda ortga qaytdik, e, voh, novdaga emas,
Tushdik yer sari.
Boxabarmiz bir-birimizdan.
Faqat bilmaymiz,
Endi kim birinchi xazonlar ichra?!.

* * *

Yodingni   yod  olgan  lahzasi,
Dil tubiga tukkan bo‘xchasi,
Otashning bir parcha lahchasi –
Xotira!
O‘zliging  anglatur davlating,
Taxti  Sulaymoning, sarvating,
Ko‘zyoshingga  turtki g‘urbating –
Xotira!
Achchiqmi-shirinmi  seniki,
Yodingga  olasan ko‘nikib,
Tug‘ilib, topganing ichikib –
Xotira!
Istamasdan  tergan  xazinang,
Bee’tibor  bosgan har zinang,
Rozi-rizoliging, zor, ginang –
Xotira!
Ul, ayriliq ismli naqshdur,
Yurakka o‘t qalab yoqishdir,
Kechadan ertaga boqishdir –
Xotira!

* * *

Chordana qurgancha mo‘ysafid osmon
Yulduzlardan tasbeh o‘girar.
Hasrat kalavasi chuvalib, dunyo
Yuragimda charxin yigirar.

Ko‘z uzgani qo‘ymas tobakay,
Tun ko‘ylagin oppoq yamog‘i.
Jim kutishar bulutlar har yon
Boshlanishin namchil savog‘in.

Tun ko‘ylagin so‘kilar choki,
Yo‘qotadi osmon tasbehin.
Yosh boladek kezib borliqni
O‘ynay boshlar koptogin sekin.

Xayolimning mahzun kuyini
Buzar tongning tashvish, qutqusi.
Charx ovozin bosib ketadi
Go‘daklarning shodon kulgusi.

* * *

Qoldim bu kun tiz cho‘kib,
Sensiz o‘tgan kunlarda.
Qanday ketdim men cho‘kib,
Adog‘i yo‘q o‘ylarda?..

Sensiz o‘tgan kunlarda
Ismim qo‘ydim yo‘qotib.
Qop-qorong‘i kunlarga
Tashlab ketding o‘q otib.

Qanday ketdim men cho‘kib,
Topolmadi hech kimsa.
Chiqarmidim kurashib,
Birorta xas ilinsa.

Adog‘i yo‘q o‘ylarning,
Intihosi bormi, ayt?
Boshlab katta to‘ylarni,
Yaxshisi yonimga qayt.

* * *

Oy ortidan oqdi ko‘zlarim,
Yulduzlar yuragim suvidan bo‘kdi.
Noilojlik ekkan ilinj daraxti
Tunning kaftlariga yaprog‘in to‘kdi.

Charchadim, sukunat iskanjasida,
Ming bir tomchi bo‘lib, ezilib ketdim.
Nega bu hayotning qoq panjasida
Onaginam, sendan uzilib ketdim?

Endi, ko‘kka boqib ko‘zlarim tolur,
Ma’yus chehrang bo‘lib ko‘rinur oy ham.
Bir uzun jilg‘alar izsiz yo‘qolur,
Qoldirgan ro‘moling oftobga yoysam…