Habibullo Said G‘ani (1944-2007)

Habibullo Said G‘ani 1944 yil 10 dekabrda Qo‘qon shahrining Shayxulislom guzarida kitobxon oilada dunyoga keldi. Habibullo Saidg‘aniyev Qo‘qon davlat pedagogika institutining rus tili va adabiyoti fakultetini hamda Toshkent Xalq xo‘jaligi institutining savdo ekonomikasi fakultetini tugallagan.
Uning “Mening oppoq dalam” (1980), “Ovozning shakli” (1984), “Qo‘qon ushshog‘i” (1986) kitoblari chop etilgan.
Habibullo Said G‘ani mohir tarjimon sifatida Abdurahmon Jomiy, Foniy, Samuil Marshak, Aleksandr Faynberg, Boris Pasternak, Gevorg Agadjanyan, Rasul Hamzatov, Yevgeniy Yevtushenko, Jak Prever, Nikolay Lukashov, Mixail Charniy, Ilmer Nazarovlar ijodidan talay she’rlarni mahorat ila o‘zbek tiliga o‘girgan.

* * *

Qaldirg‘ochnin bo‘lganida qanoti qog‘oz
Turnalarning qanotida kelganida yoz
Yuragimda umidlarim bitganda bayoz,
— Sizni hech ham o‘ylamadim, — deding kulgancha,
O‘ldi bulbul so‘lib qolgach daf’atan g‘uncha.

Qiymalardim tushlarimni tun-la erinmay,
Tushlarimda qiynar edim seni ham netay.
Qo‘llarimga lola tutding sababin aytmay,
— Sizni hech ham o‘ylamadim, —deding bemalol,
Qonliroqdir lolalarning rangidan xayol.

Qor yog‘ardi: etak-etak jonsiz kapalak,
Mening sevgim tarang turgan xavfli kamalak.
Men na sayyod, sen ham na sayd, o‘rtada falak.
— Sizni hech ham o‘ylamadim, —deding gunohkor,
Kuz o‘tgandi, qish o‘tgandi, o‘tgandi bahor…

1969

* * *

Bog‘lar to‘lg‘onadi notinch, entikib,
Rangpar xazonlarga to‘ladir xilqat.
Tinchini yo‘qotgan qalbim qimtinib,
Sokin yo‘llaringdan toparmidi baxt?

Ruhimda adashgan shamollar rasmi,
Ruhimda gullarning siniq chiroyi.
Ruhimda to‘kilgan yaproqlar aksi,
Bahor deb talpinib topar oroyish.

Men endi gullarga o‘qib dostonlar
Yururman qalbimga qo‘ndirmay g‘ubor,
Sarg‘aygan xazonlar aro mastona
Men seni kuylayman, munavvar bahor!

Men endi yulduzga boqib azonlar
Muhabbat makriga tushmog‘im dushvor.
Sarg‘aygan xazonlar aro mastona
Men seni kuylayman, munavvar bahor!
Men endi, men endi…

Bog‘lar to‘lg‘onadi notinch, entikib…

1970.

OQQUShNING QO‘ShIG‘IN TINGLAB

Bir qultum suv bilan ichib qo‘yaymi seni,
Turibsan-ku bir hovuch nur kabi pokiza.
Bir qultum visolingga zor etding-ku meni
Subhidamda yuzin ochgan guldek bokira.

Kech tashlamish visol damin taqdir o‘rtaga,
Azaldanmi toleimga bitilgan firoq?
Mening qalbim illatlardan so‘ngsiz o‘rtangan,
Sening qalbing chizilmagan qog‘oz kabi oq.

Necha yillar seni qo‘msab, kezib sargardon,
Xayolimdan yaratdimu sig‘inib oldim.
Muhabbatim kutmoqda deb oldda begumon
Meni sevgan ne-ne qalbdan yulinib qoldim.

Yaqindirmiz bugun ikki qosh orasidan,
Qo‘lim yetar qo‘lginangni tutgali bot-bot.
Qora tortar ruhim ikki qosh qorasidan,
Yillar bilan kirib kelgan hadik degan zot.

Bir qultum suv bilan ichib qo‘yaymi seni,
O‘zimdanu o‘ylarimdan pokroq muhabbat.
Kiprigimda ko‘tarib ham yurardim seni,
Yoshligimdek orzu bo‘lib qolmasang faqat.

1975.

USMON NOSIRGA

Kabutarga o‘xshar Usmon she’rlari,
Parvozda shiddatli, misoli yog‘du.
Bokira so‘zlarga to‘ymaydi labi,
Umrining oftobi yo‘qlikka og‘di.

Yurtning quyoshidan yashar bebahra,
Farg‘ona bog‘lari berolmas salqin.
Qushlar kuylar ekan har kun saharda,
O‘zbekiston bo‘lib tuyular tag‘in.

Vujudini bosib keladi titroq,
Enasoy tarafning ma’vosi sovuq.
Hech qachon u bo‘lmas jo‘ngina tuproq,
Do‘stlar yiroqda-yu, qismatdir yovuq.

Tonglar etagiga she’rlarin bitar,
Eng so‘nggi duoga ochgan kabi lab.
Sog‘inchlari bo‘lib uchar kabutar,
Qo‘qon muzofotin ko‘ziga joylab…

1975 yil.

OQLIK

Ruhim bugun oqliklardan topadi taskin,
Ko‘ngil qo‘msar qaynarbuloq dalamni.
Ne uchundir shahar ichra Vatanim hissi
Paxtazordek titratmaydi dilimni.

Paxtazorda har kimsaga sig‘adi haddim,
Paxtazordan menga ravshan ko‘rinar iqbol.
Ko‘zlarimda yashillikning yashil rang hidi,
Tushlarimga kirib chiqar oppoq bir xayol.

Oydin kecha, oydek paxta qoshida
Bir chol turar, umidlari bilmagan to‘zim.
Shu otaxon jala urgan paxtazorning boshida
Yum-yum yig‘lab turganini ko‘rganman o‘zim…

Ko‘ngling shuncha bo‘sh edimi, otaxon?
G‘am bilmasin paxtadayin oq ko‘ngling.
Yo‘l olganda olislarga kattakon karvon,
Axir, og‘ir yukni tanlagan o‘zing…

Men bir no‘noq g‘o‘r qalamkash, qiynalib
To‘kkunimcha oq qog‘ozga qatrani,
Paxtazorni dehqon necha aylanib
Tog‘-tog‘ qilib uyib qo‘ydi paxtani.

Men esa, bobodehqon, maqtovingga topolmay qiyos,
O‘ltiribman hislarimga berolmay sayqal.
Bu tog‘lar «oq oltin» tog‘lari emas,
Metin bardoshingga qo‘yilgan haykal…

Ruhim bugun oqliklardan topadi taskin,
Ko‘ngil qo‘msar qaynarbuloq dalamni.
Ne uchundir shahar ichra Vatanim hissi
Paxtazordek titratmaydi dilimni.

1976.

BADIHA

Kuy uchib yuribdi xonamda titrab,
Adashib qolgandek xuddi kabutar.
O‘zini otaru oynaga qarab,
Nim qizil qoniga shishani bo‘yar.
Bir hikmat aytaru yerga qulaydi,
«Orzular o‘ladi, inson o‘lmaydi».

Kuy uchib yuribdi bog‘larda miskin,
Bir g‘uncha bag‘riga kirib berkinar.
Keltirsa shabboda gullarning isin,
G‘oyibdan sado-la tovushlar kelar.
Iltijo qilinglar, gul so‘lmasaydi:
«Orzular o‘ladi, inson o‘lmaydi».

Kuy uchib yuribdi xonamda yakkash,
Go‘yoki oq sochi to‘zg‘igan ona.
Uchib berk qalblarga urar ekan bosh.
Yodimga tushadi oynali xona…
Shunda majruh ohang ezib kuylaydi,
«Orzular o‘ladi, inson o‘lmaydi».

Kuy uchib yuribdi qalbimda, yerda.
Uning shiddatidan qalbim bezillar.
Kuy titrab so‘raydi: «Orzung qaerda?»
«Orzuni qo‘ysang-chi»,-deydi ba’zilar.
Hayqirgim keladi: «To‘xtang, bo‘lmaydi.
Orzu o‘lmasaydi, inson o‘lmaydi!»

1976.

ARAVAGA QO‘ShILGAN XAShAKI OT

Chavandozlar!
Yodingizdami?
Zulukdek ot edi Qorabayir,
Zulukdek!
Depsinib qo‘yganida
Nurlar sachrar edi tuyog‘idan
Chilangar qo‘liga
Quyilgan yulduzlar kabi…
Tezlikda shamol bilan qilar edi raqobat.
Qorabayir armon edi ko‘plarga, chavandozlar!
Yodingizdami?
Uloq chopganida
Do‘mbiraga aylanardi yer,
Hislar chapak urib
Raqsga tushib ketar edi yuraklar,
Shodlanib go‘zalligidan.
Kishnab yuborganida,
Borliq ulkan qo‘ng‘irog‘u-
Jarangi edi ovozi,
Insonlarni
Chorlaguvchi bayramga.
Qorabayir armon edi ko‘plarga, chavandozlar!
Zulukdek ot edi Qorabayir,
Shunchalar qaroki
Uzoqroq tikilsangiz
Moviylashib ketar edi u
Orzudek.
Bir qiz sevgisiga umidvor yigit
Qorabayirni minib borsa qoshiga
Chil-chil sinmas edi yigitligi…
Qorabayir armon edi ko‘plarga, chavandozlar!
U shundek ot edi
Ushalmagan orzusida,
Chavandozlar!

1976.

BETXOVEN

Seni sinab ko‘rdi yana tabiat,
Endi eshitmassan navoni hech ham.
Kar quloqlaringga qulaydi faqat
Titroq yuragingdan to‘kilgan g‘amlar.

Organ pardasini bosasan shitob,
Tovushlar quyilar ayqash va uyqash.
Qandaydir xonimlar qiladi xitob:
«Inqilob!»
Sening-chi — qalbing qontalash.

O‘zingni otasan kuylarga yonib,
O‘zingni o‘rtaysan namuncha axir.
Muhabbat ranglarin kuylardan topib,
Ranglarda yashamoq amri maholdir.

Sevgiling uqtirar nenidir tajang,
Senda-chi bezovta, ilohiy yurak.
«Turmush, to‘y»,- deganin anglading arang,
Hayqirding: «Qontalash ohanglar kerak!»

1977.

* * *

Qorayib bormoqda daraxtlar,
Qaytmoqda tun bilan chorasiz xatar.

Men o‘zim o‘zimdan ketaman qo‘rqib,
Ko‘ringan jismda ismingni o‘qib.

Har yerda namoyon kibor suvrating,
Yoningda soyadek badjahl «iting».

Uning har narsaga yetadi kuchi,
Sen esa hech qachon ketmading cho‘chib…

Istasang boshingdan sochar marvarid,
Men- chi, chiqarganman jahling bemavrid.

Noyob matohlarga seni o‘rar u,
Men uchun dunyoda sensan ko‘rarim.

Qo‘rqaman! Yoyilib ketmoqda suvrat.
Sen yomg‘ir ortida yig‘lagan hayrat…

1979 yil.

PAXTAMIZ

Paxtani «Oq oltin» desalar
G‘ashim keladi.
Oltin ma’dan-da,
Rangli bo‘lganida ham,
Paxta tanamizning
Oliy a’zosi.
Paxta- mening jigarim,
Paxta- sening jigaring,
Paxta- uning jigari,
Paxta- bizning jigarimiz.
Eng yaqin kishisini
«Jigarim» ,- deydi xalqimiz.
Eng yaqin kishisi o‘lsa
«Voy jigarim»,- deydi xalqimiz,
«Ezilib ketdi jigarim»,- deydi xalqimiz…

1979 yil.

QO‘QON UShShOG‘I

Beism nasimlar maskani yurtim,
Ko‘zimdagi yoshdek beg‘ubor Vatan.
Agar sendan ayro biror kun yurdim,
Jismim jonsiz qolib o‘layotgan tan.

Sening osmoning ham she’riyat qadar,
Tuprog‘ingda gullab yotgan she’r dedim.
Sen- la yashayverdim bilmasdan kadar,
Yashayverdim va lek sog‘inaverdim…

Bu sog‘inch makoni dilgir dilimda,
Nigohimda erur muhabbat ramzi.
Seni kuylayverdim ona tilimda,
Sen rost hislarimdan tug‘ilgan nazmim.

Tikilib qararga yurak betlamas,
Og‘ir botmasin-da deyman nigohim.
Goh ohim sabosi izmimga kirmas,
Munavvar siyrating siypalab gohi.

Sen mening olamda topganim, borim.
Munis xislatlaring o‘zimgadir tan.
Sen mening beqiyos mahbubam, yorim,
Sen mening nigoron bolamsan, Vatan!

1980 yil.

QIShLOQQA BAHORNING KELGANI

Bir siqim tuproqni hidlagan ko‘yi
O‘zi bilan suhbat qurardi ota:
– Qish cho‘zildimi deymanov shu yili,
Hozir naq bodomlar gullardi, attang…
Sovuq urib ketdi husaynilarni,
Qayin anorlar ham bo‘lgandir nobud.
Shu battol ko‘nmovdi ko‘maylik desam,
Uvoli yomon-da,- ketadi nolib.
Tomorqaga kirar bezovta, o‘ychan,
Qaytar daraxtlarni silab- siypalab.
Og‘ilda qo‘ylari kemtiydi pichan,
Govmishi parishon turar tuz yalab.
Kampiriga qilgan bo‘lar po‘pisa:
– Xol, bu kech eshikni ochib qo‘y biroz.
Mabodo, qaldirg‘ochlar qaytib kelsa,
Panohsiz qolmasin, kechalar ayoz…
Junjikib kiradi sovuq to‘shakka,
Allamahalgacha pichirlar labi.
Tirq etsa qaraydi qiya eshikka,
To‘ydan kenja o‘g‘lin kutgani kabi.
Azonga yaqinmi, ko‘zi ilinib
Tush ko‘rar: gullamish behilar, anor.
Har qalay otani omonat bilib,
Avval shu qishloqda yuz ochmish bahor.

1981 yil

QIShLOQ YO‘LIDA

Havo dim.
Qishloqi ayol borar
Jim.
So‘l qo‘lida go‘dagi
G‘ashlanar.
O‘ng yonida katta o‘g‘li,
Qo‘lida non
Tamshanar.
Bozorga kelayotir,
Kundir pirtak.
Peshonasidan oqqan terni
Puflab qo‘yar.
Sho‘rttak!
Xayolini band etgan bir savdo:
« Robiga kelgan sovchilar
Falon joydan,
Iloyo…»
Ro‘molining bir chetiga tugilgan
Qurt puli.
Astarliklar olmoqchiydi chayqovdan
Har turli…
Paxtaning mukofotiga to‘y qilsin biram!
Bilinmasin otasining yo‘qligi
Hech ham…
Havo dim.
Qishloqi ayol borar
Jim.
O‘ylariga o‘zga narsa solmas
Ko‘lanka.
Go‘yo Falastinda,
Salvadorda
O‘lmagandek
Go‘daklar.
Chili qayda,
Qayda Livan
U bilmas.
Eshitgandir bu nomlarni

2

Balkim,
Elas- elas.
O‘ylaysizki
Qishloqi ayolning
Dunyosi tor.
Shunday bo‘lsa- bo‘lsin,
Ammo kim gunohkor?!
Sig‘mayman osmonga, yerga,
Havo dim.
Ayol, go‘dak, bola
Olislab ketdi
Jim.
So‘l qo‘lida go‘dagi
G‘ashlanar.
Shahar tomon
Shu ayolning
Tashvishlari
Tashlanar…

1981 yil.

* * *

Yotar ostonamda tanho za’far barg,
Shamolning ohidan to‘kilgan parcha.
Bu- g‘amgin kuzakdan eng so‘nggi darak,
Eng so‘nggi noladir yashab charchagan.

Sen nechun alvido demasdan, gulim,
Pinhon yuboribsan majoziy yaproq?
Xazon- qovjiragan tilsiz maktubing,
Ismsiz tilagingdan to‘kilgan firoq.

Men ham dardlarimni baayni bahor
To‘kib tashlagandim minglab daraxtga,
Mening ko‘z o‘ngimda sarg‘ardi nochor
Yashil yaproqlari sig‘inib baxtga.

Xushbaxt kuylay olmas rangin qushchalar,
Xushbaxt kuylay olmas og‘ochlar bu kun.
Meni sendan to‘sib qo‘ymish shunchalar
Yongan xazonlardan sirqigan tutun.

1981 yil.

QIRQ SAKKIZ SOAT TO‘XTOVSIZ YoMG‘IR
VA Yo AYRILISh QASIDASI

Biz ajrashdik. Sen esa kulding.
Kulib yomg‘irlarga tutding yuzingni.
Hamma narsa tamom, dardsiz unutding
Meni, yomg‘irni va o‘zingni.
Ta’nalar otmadik, jim qoldik bir dam,
Aybimga ishondim- gunohkor o‘zim.
Shamsiyang tutib ol, qaragin, erkam,
Yomg‘irdan ho‘l bo‘lib ketibdi ko‘zing!
Tinmoq neligini bilmaydi yomg‘ir,
Sen esa, quvonchim, shoshmagil bir pas.
Yomg‘irda ajramoq naqadar og‘ir,
So‘ng esa, mayliga, ketabergil, bas.
Yomg‘ir ham tinadi, chiqadi quyosh,
Qushchalar kuylaydi yana beparvo.
Maysalar silkinib ko‘taradi bosh,
Faqat sen bo‘lmaysan yonimda ammo.
Menga nasib etmas endi visoling,
Seni chorlamoqqa ocholmasman lab.
Xuddi so‘z o‘rgangan soqov misoli
Nomingni har yerda yururman yodlab.
Sen esa kezgaysan atir ufurgan
Xazonsiz bog‘larda baxtingdan yashnab.
Men
uyqusizlikning ufqlariga
Suvrating chizarman tunlari qaqshab.
Go‘zalim!
Hozircha ma’yus jilmayib
Qarshimda turibsan, shovullar samo.
Yuragim qushchadir, qanoti mayib,
Senga tolpinadi, yetolmas ammo.

Biz ajrashdik. Sen esa kulding,
Kulib yomg‘irlarga tutding yuzingni.
Hamma narsa tamom, dardsiz unutding
Meni, yomg‘irni va o‘zingni…

1981 yil.

ChORKESARLIK MERGAN

Chorkesar tog‘larining
Toshidan kakligi ko‘p.
Chorkesarlik Qurbon otani
Birov Qurbon mergan desa,
Birov g‘alati mergan deguvchi edi.
Biz bolalar,
Qurbon otaning
Nega “ mergan” nom olganligini
Bilmay halak edi jonimiz.
Chunki biz
Hech qachon ko‘rgan emasmiz,
Qurbon otaning ovdan qaytishini,
Na parranda bilan,
Na darranda bilan…
Qurbon otaning ovdan qaytishi
Bir kulgi bo‘lib olar edi
Guzarda choyxo‘rlik qiladigan
Tengqurlariga…
Bir kuni,
Endi oqshom tushayotgan payt,
Qurbon ota
Har safargidek
Ovdan qaytayotganida,
Do‘sti Ashirmat pismiq buva:
«Mergan bo‘lsa shundoq bo‘lsa !» – deb edi,
Ko‘tarilgan kulgudan
Gurr uchib ketdi
Sada qayrag‘ochning sayroqi qushlari.
Qurbon otaning
Negadir bu gal
Jahldan chaqnab ko‘zi,
Elkasidan shartta miltiqni oldi-da:
– Ot osmonga do‘ppingni,
Qizitaloq! – dedi.
Ashirmat pismiq buvaning
Havoda uchib ketayotgan
Chust do‘ppisi
Gumburlagan tovushdanmi,
Bir seskanib,

2

Tuproqqa qulab tushdi.
Biz bolalar
Yugurib borganimizda,
Ilma-teshik bo‘lib yotar edi
Ashirmat pismiq buvaning
Chust do‘ppisi!

1982 yil.

* * *

Qo‘qonda shamollar yana boshlandi.
Oromli bog‘larning tinchini buzib.
Qo‘l yetmas ufqdan nigoh tashlading,
Xazonlar singari qolurman to‘zib.
Men bildim, yolg‘izim, sensiz tabiat
Abadiy kuzlardir, abadiy shomlar.
Men bildim, yolg‘izim, nadir muhabbat
Qo‘qonga yoprilib kelgach shamollar.
Shunda sensiz qolib yashagan kunim
G‘am bo‘lib, dard bo‘lib ko‘zimga ko‘chdi.
Gullarning ichidan tanlagan gulim
Ko‘kdagi yulduzdek bag‘rimdan uchdi.
Qo‘y endi. Istasang, tavbalar qilay,
Poyingga qulayin xazonlar bo‘lib.
Shamoldek bir kelib ketsang ham mayli.
Shamoldek bir kelib qola qol, gulim…

1982.

KUZNING BIRINChI KUNLARI

Qiyin bo‘ldi ikkimizga ham,
Qiyin bo‘ldi ko‘hna olamga.
Sen ketursan, ko‘zlaringda g‘am,
Men qolurman ko‘milib g‘amga.
Sen ketursan, emassan mag‘rur.
Senga hokim asov qaysarlik.
Men-chi, bunda tursam-da mag‘lub
Otilmasman dod deb sen sari !
Kunlar kelar, balkim, daf’atan
Xotiramni solib junbushga,
O‘ylarimni aylab bevatan
Chiqib ham ketarsan turmushga.
Kunlar kelar, balkim seskanib
Uyg‘onursan dahshatli tushdan.
Parishon ro‘moling sirg‘olib
Oyog‘ingga urarmi kishan…
Ko‘z yoshingga g‘arq bo‘lar jur’at,
So‘na boshlar yalt etgan yulduz.
Meni qiynar bugun tabiat,
Yuragimda yig‘lamokda kuz.

1982.

NIKOLAY MUALLIM

Jurnalist va shoir N.A. Lukashovga

Olmos qishloqda
Nikolay muallimni
Tanimagan kimsa yo‘q.
Ming to‘qqiz yuz qirq birning
Ayni mezonida
Rizvon kampirning hovlisi to‘la odam.
Birov osh olib keldi,
Birov qatlama.
Nikolay muallimni urushga kuzatish
To‘y bo‘lib ketdi chog‘i,
Ming to‘qqiz yuz qirq birning
Ayni mezonida.
Rizvon kampir bir kulib,
Bir yig‘lab, non ko‘tarib keldi
Nikolay muallimning qoshiga:
– Bolam, shu nonni bir tishlab ber,
Qaytganingda yeysan qolganini,- der,
Unsiz yig‘lab
Ming to‘qqiz yuz qirq birning
Ayni mezonida.
Marakaning so‘nggida
Qishloqning mo‘ysafidi
Qur’on o‘qidi uzoq…
Hamma jim.
So‘ng
Hamma qatori,
Nikolay muallim ham
Duoga ochdi qo‘lini.
Tashvishli yuzlarga tortildi fotiha…
…Nihoyat yil
Ming to‘qqiz yuz qirq besh bo‘ldi.
Ayni mezonda
Choshgoh payti,
Qishlog‘iga kirib keldi
G‘alaba bilan
Nikolay muallim.

Rizvon kampir,
Qo‘lida tosh qotib ketgan
Noni bilan,
Qarshisiga chopdi
Nikolay muallimni.
Etar chog‘i,
Munkib ketibmi,
Quladi
Nikolay muallimning qo‘liga.
Nikolay muallim
O‘zbekchalab:
«Onajon!» – deb qichqirib yubordi.
«Urushda ham o‘zbekchani unutmabdi,
Baraka topgur»,- deb
Mamnun bo‘lib qo‘ydi xaloyiq.
U esa toshdek qotib ketgan
Nonni tishlab
Bir kulardi,
Bir yig‘lardi.
Bir kulardi,
Bir yig‘lardi.
Ming to‘qqiz yuz qirq beshning
Ayni mezonida,
Olmos qishloqning
Nikolay muallimi…

1983 yil.

IT HAQIDA DOSTON

— G‘ulomqodir, eshitdingmi?
Guzarning oldida
Oqil akaning kuchugini
Mashina bosib ketgan emish.
— Yaqinda domga ko‘chgan Oqil akanimi?
— Ha-da.
— Kuchukni tashlab ketishgan ekan-da?
— Xashaki edi…
— Bilasanmi?
Ko‘rganlar
O‘zini tashladi deyishyapti…

1983.

AZIZ ABDURAZZOQQA

Er bugun azondan jigarrang, targ‘il,
Bahor qaytib keldi olamga birdan.
Bahor qaytib keldi bu yerga tag‘in,
O‘rmonning qushlari, gullari bilan.
Raqsga tushib ketdi daraxtlar bir-bir,
Kurtaklar uyg‘onish navosin chalib.
Chekkada bir daraxt turibdi og‘ir,
Go‘yoki chorasiz dardga chalinib.
Hayrat-la boqmaydi zangor olamga,
Najot ham kutmaydi, turibdi karaxt.
O‘xshaydi omadsiz, siniq odamga
Bevaqt o‘layotgan bahorgi daraxt !
Sen uni shoshilib kesma o‘tinga,
Bir chimdim sabrni ayama, zamon.
Balkim, tanasida umid o‘lmagan,
Balkim, yuragida bordir hayajon.

1986.

MUHABBATNOMA

Seni o‘ylab she’rlar yozaman,
Ular jo‘ndir, ko‘nglim to‘lmaydi.
Eshigimdan sen hali zamon
Kirib kelarsan deb o‘ylayman.
Tikilaman. Qilt etmas eshik.
Men yo‘qman. Men endi nigorman.
Ko‘zlarimni eshigim, eshit,
Taboqangda naqshin nigohman.
Ochilib ketasan nihoyat,
Bormisan, ey sabo! Sen nasim?!
Bo‘g‘zimda yonmoqda bir oyat :
« Senmisan ? Senmisan ? Sen-mi-san ?»
Ostona. Unda bir minor nur,
Lovullab turasan, ne sirsan ?
Yo nurga evrilib ketgan hur,
Senmisan ? Senmisan ? Sen-mi-san ?
Ko‘zimga og‘ochlar ham toshlar
Nur bo‘lib sanchilar har zamon.
Nurlardan ko‘zlarim qamashar,
Qay taraf qaramay—men hayron.
Sen borsan makonda, tuydim men,
Qo‘limni uzatsam, yetarman.
Xudoyim, nurlardan kuydim men,
Men seni ko‘rmasam, netarman ?
Go‘yo men bir umr zindonda
Nurga zor yashagan bandiman.
Va erkka erishgan zamonda
Nurlardan ko‘r bo‘lgan bandaman.
Seni o‘ylab she’rlar yozaman,
Ular jo‘ndir, ko‘nglim to‘lmaydi.
Eshigimdan sen hali zamon
Kirib kelarsan deb o‘ylayman.

1991.

MEHRIBONLIK UYIDA BAHOR

Men shoir bo‘lsaydim, yozardim shundoq:
—Onajonim hamda dadam yaxshilar.
Atrofimga mungli boqaman biroq.
Ular qaerdalar, ayting, yaxshilar?

Hamma bolalarga o‘xshayman men ham,
Ba’zida to‘polon, ba’zida mahzun.
Negadir kunduzi menga bir tutam,
Negadir kechalar men uchun uzun…

Boshqadan farqim ham bormikan picha.
Men qushlar tilini bilaman chandon.
Men shamol tilini bilaman juda.
Ular gapirgani doim – onajon !

Men tushlar ko‘raman bir xil har sahar:
Oppoq libosdagi ayolmish ona.
Go‘yo qush bolaman, qo‘lchalari par,
Onamga yetolmay qilaman nola…

Kutganlarim har vaqt behuda ketar,
Men-chi o‘ylarimni o‘ylayveraman.
Siz kelmasangiz ham, bas, sadqai sar,
Siz kelmasangiz ham yashayveraman.

Birdan lang ochilib ketadi eshik,
Hapqirib ketaman. To‘kilar ifor.
Lojuvard gullardan ko‘tarib beshik
Qoshimga onammas, keladi bahor !

2004.

KUZGI DARAXTGA

Tabiat libosi kimsanmi, yangi.
Qaylarga yo‘qoldi zangori olam.
O‘rikning bargida yongan bu rangni
Azal naqqoshimi chizmakda o‘ktam.

Shoshib bargin to‘kar anovu daraxt,
Oftobda toblaydi murg‘ak novdasin.
Axir, qishi bilan yotadi karaxt,
Atrofida achchiq izg‘irin sasi.

Go‘yo hech kimsaga yo‘qdir keragi,
Hattoki qushlar ham unutgan uni.
Ammo sokingina urar yuragi,
Bildirmay kutadi g‘alayon kunin.

Zangori shovqinlar to‘lar atrofga,
Mag‘rur bosh ko‘tarar maysalar shu on.
Faqat uyg‘onganlar yetar oftobga,
Uyg‘ongan daraxtga sharaf ila shon!

25.10.2004 y.

* * *

Ho‘qandi latifning kichik bog‘ida
Sayilsiz o‘tmagan biror kun avval.
Qo‘shiq askiyaga ulangan chog‘da
Odamga qo‘shilib kulardi gullar.

Qorilar to‘rida katta yig‘inning,
Mug‘ombir yuzlarda o‘ynar shu’lalar.
Biroq kim ko‘ribdi biror qorining
Mag‘lub ketganini tortishuvlardan.

2005.

G‘AZAL

Azaldan yo‘q ekan asti adolat,
Adolat izlagan kasga malomat.

Boqib senga mudom hayratdadurmen,
Latofat bunchalar, ra’noki qomat.

Yuzingga boqdimu hayronda qoldim,
Malohatdan nechuk jonimga ofat?

Ko‘ngulning mulki sultoni o‘zingsan,
Ki sulton qilmagay davlatni g‘orat.

Duoga lab ochdim, zikrimda sensan,
Tilarman har qachon senga saodat.

Tikancha yo‘qmikan oldingda qadrim,
Habibga qaydanam buncha adovat?

2006 yil.

BODOM GULLADI

Hovlimizda
Men yaxshi ko‘rgan bodom
Qiyg‘os gulladi.
Shosha-pisha tugib oldi
Bodomchalarini.
Shamol qurg‘ur
Naq yarmini to‘kib yubordi.
Avvaliga bo‘ldim darg‘azab.
So‘ng
Donishmand kabi
Qildim mulohaza.
Bir hisobda
To‘kilgani yaxshi bo‘ldi,
Endi ularni
Chaqolmaydi odamlar.

31. 03. 2007 yil.

G‘AZALLAR

* * *

Mohitob! Oydek yuzing oylab meni qildi xarob,
Kim ko‘ngil qo‘ydi chunon oxir xarob aylar sharob.

Qaqshagan og‘och kabi men yo‘l chetida xokisor,
Bir nazar solsang degil devonaga qildim savob.

Qayga boqsam ko‘zlarimga sarvi qomat ko‘rinur,
Dashtda giryon yig‘laganga ro‘baro‘ bo‘lgay sarob.

Men ko‘ngil qumrisiga nomingni xo‘b mashq aylasam,
Ko‘zlarida mung bilan ko‘rdim azobu iztirob.

Men talab vodiysida qoldimmi yo rab, sarsari,
Sen baqo osmonida porlab turuvchi Mohitob.

To qiyomat bir xabar kutsam-da sendin yo‘q ilinj,
Ofatu, ranju balolar kelmagi bo‘ldi shitob.

Ey Habib, qo‘y, vaslin istab xotiring injitmagil,
Kasbi kori ul parining ham balovu ham itob.

2005

* * *

Jahondek asli vayron ham o‘zimdirman,
Bu vayron ichra hayron ham o‘zimdirman.

Ko‘ngulga sig‘magi oson jahonlarning,
Jahonga sig‘magan jon ham o‘zimdirman.

Pariro‘lar makon etmish chamanlarni,
Fano dashtida nolon ham o‘zimdirman.

Samo sirrin bilolmas asti gumrohlar,
Topib asrorga imkon ham o‘zimdirman.

Ko‘nib yurmak falak izmiga dushvordir,
Qadi dol, qasdi isyon ham o‘zimdirman.

Habibga noravo balkim, oning ishqi,
Bu ishqsiz ohu afg‘on ham o‘zimdirman.

2005

FONIYDAN TARJIMALAR

MUXTARA’

La’lingki nabotu suxaning obi hayotdur,
Lablarda uchuq bizlara bir habbi nabotdur.

Mayxonani tashlab harakat masjida yo‘qtur,
Mayxonada chun mug‘bacha shirin harakotdur.

Mehrobni qo‘yib o‘zni xarobot sari urdim,
Kim kechsa o‘zidin yana mayxona najotdur.

U huri parizodki, bor jumla sifotlar,
Bilmon, nasabi hurmi yo odamizotdur.

Mushkin kabi zulfi, ne ajab, hindu ko‘rinmish,
Ham Qadru Barotdin biza ortiqki sifotdur.

Kim hodisa chaqmog‘iga sobit esa tog‘dek,
Bor gavhari maqsudi agar dilda sabotdur.

Kim jannati Firdavs yo‘lin izladi rog‘ib,
Jannat yo‘li Foniyga xiyoboni Hirotdur.

TATABBU’I BA’ZI A’IZZA

Abri nayson soyasida kechalar yonmish sharor,
Yo bahor lashkarlari yoqqan olovdir lolazor.

Yoki lola shu’lasidin ko‘kka o‘rlarmi bulut,
Yo magar ergashtirib abrin kelurmi navbahor.

Lolaning hovanchasida yanchdi mushkin bul havo,
Ehtimol sahro tarafning lolasida mushk bor.

Lola Parvez tojidurkim charx barbod aylamish,
Bundin ortiq topmas ibrat hech jahonda tojdor.

Jomi Jamshid qoldi bo‘m-bo‘sh bo‘lsa ham ishratfizoy,
Jomu Jamdin yo‘q nishon, soqiy, shukrkim boda yor.

Lolarang may xushtururkim lolaro‘ dilbar ila
Bazmi may ayyomi bo‘lsa, bo‘lsa atrof lolazor.

Lolaro‘ning hajridin ko‘nglimda qoldi bir siyoh,
Lolalar dog‘i kabi ko‘nglim bu kunkim dog‘dor.

Bu zamon ahlida ham yo‘q loladek bo‘yi vafo,
Qora ko‘ngul bul ulusdin chekinib bo‘lg‘il kanor.

Foniyo, chun lolazor umri shitob bo‘ldi fano,
Uzma labni lolarang bul jomdin beixtiyor.

MUXTARA’

Bo‘lsa bir olam manga, bul ahli olam bo‘lmasa,
Olam ahlin g‘amlaridin dilda hech g‘am bo‘lmasa.

Notavonlar ko‘z yoshidin qatlima sel kelmasa,
Kechalar ohdin g‘ariblar usti motam bo‘lmasa.

Bu falak bedodidin ko‘ngil uyi dard bilmasa,
Bu sitamlar zaxmidin bechora odam bo‘lmasa.

Na pariru xaylida bor odamiylikdin nishon,
Devsifat odamlari ham menga hamdam bo‘lmasa.

Orzu topmoq istading, mayxonaga burgil yo‘ling,
Ichma may ko‘hna safoldin kosai Jam bo‘lmasa.

La’l monand mayga boqsang sofu shaffof sathida,
Ne ajabkim, to‘nkarilgan osmon ham bo‘lmasa.

Mayni shunday sipqar ey, jom osmondek bo‘lsa ham,
Xuddi do‘zaxdek tubida qatrai nam bo‘lmasa.

Tark qilsin xotirimni bu jahonning tashvishi,
Ul fano sahrosidin ham xotirim kam bo‘lmasa.

Foniyo, andesha qil o‘ylashdin olam holatin,
Koshki idrok yechmagan asrori mubham bo‘lmasa.

TATABBU’I XOJA

Keldi xabar visolidin dilda biroq qaror yo‘q,
Har nafasim nido manim, ilkimda ixtiyor yo‘q?

Telbanamo bu ishqima izla shifo, hakim, bu kun,
Qo‘lga kishan bo‘lodig‘on zulfi kamand yor yo‘q?

Men ishonib yurar edim, kelsa balo aql-ku bor
Ishq g‘ami sipohidin aqlima e’tibor yo‘q?

Kelsa gulim xush bo‘y ila ravza erur bu bazmimiz,
Mutribi xush navo qani? Kosada xushguvor yo‘q ?

Piri mug‘on to‘kar agar xok sari sharobdin,
Tashna bo‘lib manim kabi maykada xokisor yo‘q?

Hajr tikonu, xasi-la to‘ldi ko‘ngilning xonasi,
Vasliga zormen nechun otashi guluzor yo‘q?

Kelgusi yil kimam bizi yodga olar, buyur sharob!
Yil o‘tdi, do‘stlar qani, kechagi baxtiyor yo‘q?

Sharhi firoqni so‘rmagil, qaysi yo‘sinda yozayin?
Cheksa raqam hayotidin yozgali hech mador yo‘q?

Lofi fanoni urmagil, Foniy, agar dilingda o‘t
Yonmasa ul fig‘onlaru ko‘zdagi yosh bekor, yo‘q?

TATABBU’I SULTON UL FUSAHO HUSAYNI

Sen tomon dil boradur, jismim nishone qoladur,
Qush uchub ketsa magarkim, oshiyone qoladur.

Ishqidin ovoraman, mulki vatandin xoliman,
Xonumonim ketadur, bexonumone qoladur.

Hajrida bo‘ldim adolar, maqsadi qatlim hanuz,
Ketdi jonim, lek jonondin gumone qoladur.

Tashladim o‘zni itingg‘a, bir yemish bo‘lsam edi,
Gar ayoq ostida qaqshab ustixone qoladur.

Xasta holim ko‘rgali boqsang agarkim yo‘l taraf,
Ostona uzra o‘lgan notavone qoladur.

Sarvi qomat xotiri doldek tanamga bir aso,
Xotirimda sho‘xning ishqi nihone qoladur.

Emdi Foniy qoldi do‘stsiz bul adam sahrosida,
Xasta-yu noshud itisiz korvone qoladur.

DAR TAVRI XOJA

Moh titrab bazmi subhdin ko‘rinur mastu xarob,
Go‘yiyo sharqdin qulab chiqqan kabidir oftob.

Anjuman ahli samog‘a sochilur kavkab kibi,
Ko‘zlari nargis ko‘zidek subhidamda masti xob.

Ul menga g‘avg‘o qilur mastlik ila tinmay sahar,
Qahr ham lutflar tuzib bundoq shior qildi xitob.

« Sen ki, ey, xos bazmidin ayro yurar bir bandasen,
Yoki baxting yo‘qligidin yuz tutar senga azob.

Qatl tig‘i birla chopgaymen boshingni, toki sen
Er yuzin qoning bilan yuvsang-da bo‘lg‘aydir savob.

Subhidamda do‘st ila ichganda boda sen nihon,
Yoki bizning bazmimizdin o‘zni qilding ijtinob ? »

Iztirob turdi tanamda yerga bosdim yuzni men,
Tilga so‘zlar kelsa hamki qo‘rqamen topmay javob.

Ko‘rdi, ahvolim zabun, keldi turib yonimga moh,
Xanda aylab oldi soqiydin ki jom, barqi sharob.

Derki : « Ey, Foniy, qo‘limdin mayni ol, no‘sh aylagil»,
Ichdimu mulki adam sorig‘a yuz tutdim shitob.

MUXTARA’

Har chamandin izladim, sarvi xiromon yo‘q ekan,
Yig‘ladim shiddat bilan, gulbargi xandon yo‘q ekan.

Bog‘ aro boqdim havasmand abri nayson singari,
Nolayu afg‘on chekardin o‘zga imkon yo‘q ekan.

Sabru toqat haddiga chorlab ko‘ngilni qistadim,
Lek hijron g‘amlaridin yaxshiroq shon yo‘q ekan.

Notavonliq tegrasiga dilni tortar iztirob,
Sabru toqatga manimdek epsiz inson yo‘q ekan.

Maskanimga dam ba dam qaytmoqqa chora izladim,
Beqaror, dilgir dilimda qat’iyat, jon yo‘q ekan.

Bul nihon ishqim siridin topdi ayg‘oqchi xabar,
Asramak jonimni mushkul, fursatu on yo‘q ekan.

Ul parining hajrida Foniyga ma’zur rashk ham,
Man kabi devonaga bo‘lguvchi hayron yo‘q ekan.

AYZAN

Bir jom to‘la may istab mayxonaga borgayman,
Hech tashqari chiqmasdan paymonaga borgayman.

Shayxlar munojotda, rindlar xarobotda,
Istab seni baytulloh, butxonaga borgayman.

Mayxonada sarxush, mast, tondim-ku o‘zimdin, bas,
Mardona fig‘on tortib mastonaga borgayman.

May jomi manga qotil, maqsudi bo‘lar hosil,
Gar yor qadah tutsa ostonaga borgayman.

Minbarga chiqib voiz, maqtandi behisht bois,
Afsonani tinglab men xobxonaga borgayman.

Yorim gulu bo‘stonim, ham sham’i shabistonim,
Parvona-yu bulbulman, o‘txonaga borgayman.

Foniy, tila xorliqni, undan-da xarobliqni,
Ma’mur kishi mendurmen, vayronaga borgayman.

DAR TAVRI MAXDUM

Nigorim turku tojikdur, qilur yuz xona vayrona,
Ayo, kirpiklari tojikvashu ham chashmi turkona.

Murodim doimo surmak nigorim sochiga ko‘zni,
Faqat kirpiklarim qodir taroq bo‘lmoqqa shoyona.

Qanotu quyrig‘i ham dil qushining kechalar kuygay,
Axir, sham’ tegrasida tunlari parvona-parvona.

Dilimning ishq binosiga eshikdir darzi ko‘ksimning,
Alifdirkim eshik yoni, tekis xatlarki – dandona.

Faqir devor tagiga bordi istab soya-salqinlar,
Qulab tushmish bu ohimning namidin saqfi koshona.

Mug‘on dayriga bor, ey shayx, agar xilvat qorong‘udir,
Sharobi arg‘uvon birla charog‘on kunji mayxona.

Sanam zunnor ila bog‘lar belimni xo‘b, gunohkormen,
Gunohimdin agar kechsa dinimdir sovg‘a – shukrona .

Agar rindga uzatsang bir piyola may, menga jom tut,
Ko‘ngulni ovlamoq bo‘lding, durust, ber jomi paymona.

Nasihat qilma Foniyga, aqldan bo‘lmagay bu ish,
Ki devona ishiga kim qo‘shildi – bo‘ldi devona.