Go‘zal Ro‘ziyeva 1986 yil 31 oktyabrda Buxoro viloyati, Jondor tumanida tug‘ilgan. 1993-2004 yillarda Jondor tumanidagi 22-o‘rta umumta’lim maktabini, 2004-2008 yillarda Fayzulla Xo‘jayev nomidagi Buxoro davlat universiteti tarix fakultetini tugatgan.
“Tong sabosi” nomli she’rlar (2004) to‘plami nashrdan chiqqan.
ZARAFShONGA
Kabutardek potirlab ko‘nglim,
Kengliklarni sog‘inadi goh.
Zarafshonning bo‘yidagi chim,
Do‘ngliklarni sog‘inadi goh.
Men qishloqdan chiqib ketgandim,
Pokiza his, tiniq qalb bilan.
Dog‘lar to‘lgan, yamoq yurakni
Olib ortga qanday qaytaman?!
O‘lchovlari sarhadsiz shahar,
To‘rtburchak uy, to‘rtburchak tomlar.
To‘rt burchidan tugunlab qalbni,
Yashar ekan bunda odamlar…
Onam kirlar osgan dorarqon,
Tushlarimga kiryapti bot-bot.
Orzularim ilgan iplarni,
Silkib bunda o‘ynaydi hayot.
Otam derdi, to‘qmoqli haq so‘z,
Ammo, borin so‘zlab yurgandim.
Bugun har ne ko‘rgach, baliqdek
Gung yashashni o‘rgandim!..
Tosh yo‘l…Tosh uy…Toshdan yuraklar…
Sog‘indim chang yo‘lda izimni.
Eslaysanmi,onajon qishloq
Shaharlik toshko‘ngil qizingni!
Kechir meni, zarlar daryosi,
Aytolmayman endi qolganin.
Sezayapman, qaytaman bir kun,
Kechmishlarni yuvib olgani…
FARQ
Bolalikda g‘alatiydim — o‘yinchoqlar o‘ynamasdim,
Xayolchanroq, o‘ychan edim, boladayin quvnamasdim.
Ammo, bugun taqdir meni qo‘g‘irchoqqa o‘xshatmoqda,
Yuragimni yulib olib, bilganicha o‘ynatmoqda.
Eslayapman, bolalikda samo to‘la yulduz edi,
Onam alla aytsa — kecha, so‘ng qolgani kunduz edi.
Bugun endi osmonimning yulduzlari yo‘qolgandek,
Dunyoga tun etak yoygan, kunduzlari yo‘qolgandek…
U damlarda ko‘chalar ham sho‘xu-shandon qadam edi,
Begona yo‘q — unda hamma mehri issiq odam edi.
Bugun dilni achishtirar sho‘r so‘zlarning tuzlari-ey,
Odamga o‘xshamay borar, odamlarning ko‘zlari-ey!..
Eh, u onlar!.. Osmon shundoq qo‘l uzatsam yaqin edi,
Zamin esa yumshoq, tafti misol qaynoq chaqin edi.
Bugun mana samo olis masofaga tengigandek,
Er tobora nurab borar, bo‘shliq tomon singigandek…
O‘jar edim, aytganimga erishmasam qo‘ymas edim,
Qo‘l cho‘zganim berishmasa, yig‘lab-yig‘lab to‘ymas edim.
Evoh, bugun erishmagan orzularga to‘layapman,
Garchand, ko‘zlar tubi yoshli, mag‘rur turib kulayapman!..
Xullas, endi yopib bo‘lmas, yuragimning darzlarini,
Armon bilan to‘layapman, shod kunlardan qarzlarimni…
Qachonlardir jamalaklar taqqan sochim qisqaribdi,
Ona, katta bo‘lgunimcha dunyo shuncha o‘zgaribdi…
KEL, DUNYoNI KO‘TARIB QO‘YGIN…
Kel, dunyoni ko‘tarib qo‘ygin…
O‘tib ketay uning ostidan.
Gapimga yo yig‘la, yo kulgin,
Yurib bo‘lmay qoldi ustida.
Kel, dunyoni ko‘tarib qo‘ygin…
Toza yellar tegsin ko‘ksiga.
Miliard yilki ko‘zi to‘la mung,
Million yildan beri o‘ksigan.
Kel, dunyoni ko‘tarib qo‘ygin…
Quyosh bizdan uzoqlashyapti.
Oyning dog‘i ko‘rinmay qoldi,
Zuhal buncha yiroqlashyapti…
Kel, dunyoni ko‘tarib qo‘ygin…
Podalardan to‘zon qadamlar.
Dinozavrlar chopib yurgandi,
Unda og‘ir chiqdi odamlar.
Kel, dunyoni ko‘tarib qo‘ygin…
Bo‘shliq uni tortib bormoqda.
Ko‘ksidagi yaralar vulqon,
Ortganidan ortib bormoqda!..
Kel, dunyoni ko‘tarib qo‘ygin…
* * *
Eslamaymiz bir-birimizni,
Na biror xat, na bir qo‘ng‘iroq.
Biz teskari magnitlar go‘yo,
Na yaqinmiz, lekin na yiroq.
So‘ng kelasiz.
O‘ychan qiyofa,
qaddingiz tik, nigohingiz o‘q.
Shu lahzada anglayman birdan,
Olamda siz!
Boshqa hech kim yo‘q.
Ko‘ylagimning naqshlariga,
Ko‘zlarimga termulasiz jim.
Deysiz: Yo‘lim tushdi shu tomon,
Sizni ham bir ko‘ray deb kirdim.
Ichidan chirt sinadi nogoh,
Tashrifingiz xush yoqqan ko‘ngil.
Lahzalik baxt sezar zirqiroq,
Ko‘zlariga tortilgandek mil…
So‘ng chekasiz, o‘rlaydi tutun.
Sizni o‘rar xalqali tuman.
Baxtimizni asriy tumanlik,
Qoplagandek g‘ashlik sezaman!
Ketasiz!
Qalb gulduroslari
Sizga yetmas, qaytarolmaydi.
Ammo…
Sog‘inch nuqsi o‘tirib qolgan
Ko‘zlaringiz aldayolmaydi!
Xayr demam,kuzatolmayman,
Yuragimda noma’lum hadik.
Izingizdan surilar parda…
Tik qaddingiz tortgandek egik.
Xayollarga beraman izn,
Ko‘ksim tobor tortaverar g‘ash.
Ko‘ylagimning naqshlaridek,
Nega bizning taqdirlar chalkash..?
”Xayr” og‘ir,
”Alvido” azob,
Darpardani g‘ijimlayman jim.
Ishqimizning gulgun yuziga
Qay kun parda tortdik, azizim?
Kelgandingiz, demadim “Qoling…”,
Sizni emas, o‘zni aldadim.
Shu lahzada…
Tepada kimdir
ikkimizni yomon qarg‘adi!..
***
Yaxshiyam yo‘llar jim,
Gapirmas yo‘llar,
Yaxshiyam toshlarning toshligi bor gap.
Agar, tilga kirsa banogoh ular
Chaqirib kelardi sizni ataylab…
Yaxshiyam osmonning osmonligi haq,
Yo‘qsa, sog‘inchimni sizga aytardi.
Yomg‘irga aylanib ko‘z yoshlarimdan,
Ko‘ksingizga to‘kilib qaytardi!..
Yaxshiyam simlarning tili yo‘q hali,
Eshitadi xolos, so‘zlaginimni.
Faqat u-telefon bilar tunlari,
Go‘shakka osilib yig‘laganimni…
Yaxshiyam daraxtlar shovullar faqat,
Qo‘rqaman bir kuni qolsalar so‘zlab.
Ismingiz o‘yilgan sershox po‘stloqqa,
Million martalab bosgan edim lab…
Yaxshiyam Siz borsiz soqov dunyoda,
Turnalar,qushlarning borligi kabi.
Goh ro‘yo,gohida jannatiy tuhfa
Orombaxsh tushlarning borligi kabi.
Yaxshiyam Siz borsiz tilsiz dunyoda!..