Go‘zal Begim (1974)

Go‘zal Begim 1974 yili Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida tug’ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetinining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. 2001-2003 yillarda Moskvadagi M.Gorkiy nomidagi oily adabiyot kursida ta’lim olgan.
Shoiraning «Sukunat jaraigi» (1998), «Uchayotgan yaproq soyasi» (2002), “Shabada qirg’og’i” nomli she’riy kitoblari chop etilgan. “O‘zbek modern she’riyati” (Toshkent, 2003), “Yoshlar kitobi” (Toshkent, 2008), “Anor” (Moskva, 2008) to‘plamlarida she’rlari e’lon qilingan. Ijod namunalari rus, ingliz va qozoq tillariga tarjima qilingan.

EY SUYDIRGUVChI

Ey suydirguvchi
gul bargini yuragimdan olib o‘tgan
tuyg‘ularimning billur shaklini
ovoz xiyobonida erkalaguvchi
saksovul iforida raqsga tushgan
sabo sandig‘idan ozod bo‘lgancha
qushlar qiroatin ko‘kka yo‘llagan
nigoh kengligiga yo‘l olgan ey so‘z
tiz cho‘kkan tovushlar sening qarshingda
va yurak haqidagi ertaklar
Ey suydirguvchi
ko‘zimning tim qora muhabbatini
shaffof sukunatga chog‘ishtirgan zot
yuragimning o‘nqir-cho‘nqirlarida
shafaq ummonini barpo etguvchi
olis manzaralar ichidan
oltin jimlik ila olib o‘tguvchi
Ey suydirguvchi
tun va tongning oralig‘iga
qahqaha hikmatini ilib qo‘yguvchi
tuyg‘ular qa’riga
nodir buyumlarni jamlab qo‘yguvchim
qo‘llarimni ochiq holida
samo saroyiga yo‘llayotganda
ko‘z yosh javharini yaratgan ey zot
tabassum shiviridan o‘sgan so‘zlarni
muhabbat diyoriga muhrband etib
yuragimning mingta tomoni bilan
ey suydirguvchi ey suydirguvchi

***

Men she’r o‘qiyapman
ko‘zlarimga osilgan munglar
daryo-daryo so‘zlar qarshimda
qum kechadi alp orzularim
tun otyapti qorachig‘imda
Men she’r o‘qiyapman
yuragingiz ichida turib
to‘kilyapman to‘rt tomonimga
ovozimda chayqalib borar
binafsha rang kunlar qismati

***

Tomchi haqidagi tasavvurlarim
aks etganda tungi yaproqda
yomg‘ir yog‘ar edi yo yog‘mas edi
Kechagi kunimni eslatib qo‘lim
namozshomgullarning g‘amgin hidini
maktublarga joylayotgandi
Suvga qiyo boqqan yolg‘izligimda
gullar ochilmagan edi
ochilmagan gulga yaqin edim men

***

Oy tushib kelyapti
yuragimning izi yomg‘irli shodlik
Sen va Mening oralig‘ida
tuyg‘ularga qurilgan ko‘prik
shivirlaydi
“Mana men keldim”
Oy tushib kelyapti
bo‘sag‘amda oyli qadamlar
ovozimda sollanib turar
tun ko‘rfazin kechayotgan sog‘inch
ko‘zlarimning cho‘qqilarida
u yoqdan bu yoqqa o‘tayotgan ilinj
pichirlaydi
“Mana men keldim”
Oy tushib kelyapti
Bo‘sag‘amda turibdi mana
havodagi moviy chiziqlar
yo‘qlik tegrasida aylanaverar
muzga do‘ngan bitta olov so‘z
“Mana men keldim”

***

Nigohimni gullar silagan
Majnuntolga qo‘shilgan ismim
Ko‘z ortimda titraydi havo
Yuragimga tomchilar
Shabnam
Za’faronlik ko‘ngli buzilgan
Oy oynasi tushar dilimga
Irodamning kipriklaridan
Er shariga tomchilar
Ovoz
Ana umidimning to‘fonlarida
Suzayotgan qog‘oz qayiqcha
qalamimning yuragin tutib
tomirimga tomchilar
Quyosh

***

Yuragimning oqargan sochi
Tushib ketar qo‘lingdan bir kun
Daraxtlar ostiga to‘kiladi kuz

***

Atirgul ismiga ismimni qo‘shib
Gulning irodasin hidladim
chayqaldi moviylik