G‘ulom Fathiddin (1955-2023)

G‘ulom Fathiddin 1955 yilda Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi Vohim qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDU (bugungi Milliy universitet)ning jurnalistika fakultetini bitirgan . Bir necha she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov ta’biri bilan aytganda, “G‘ulom Fathiddin – hisssiyot shoiri, hissiyot esa hayot va uning rang-barang taassurotlari bilan doim tutash”. 2023 yil 3 sentyabrda vafot etgan.

Qaytish

Mana, huzuringga otlandim, yana.
Yana qaytayapman,
qo‘llarim bo‘m-bo‘sh.
Bu gal, hatto, gul ololmadim,
ololmadim birorta sovg‘a.
Bu gal, senga
olib bormoqdaman o‘zimni zo‘rg‘a….

Mana, huzuringga borayapman, yana…

To‘rt fasl haqida  besh she’r

I
Qaydasan?
Qaydasan,
bahor?
Sen-la uchrashmoqqa
seni ko‘rmoqqa –
juda olis,
juda mushkul yo‘l bosib keldim:
bu yerlarga,
bu kunlarga…
Nahot, men shoshildim?
Nahot, kechikdim?

II
Atrofda shovullar qadimiy mavzu,
Shovullar qadrdon saraton fasli.
Go‘yo, zavqu jo‘shgan sho‘x qiz – Navro‘zning
Go‘zal siymosida jo‘shar sarmastlik.

Tobora o‘t qalar zamin bag‘riga
Mehri jo‘shib ketgan quyosh ko‘zlari.
Turishar labida osilib, zo‘rg‘a
Mevali daraxtning rangli so‘zlari.

Takror etaverib, tegar jig‘ingga
Boyqush sovuq kuyni, noxush navoni.
Faqat yoz aytmoqda o‘z qo‘shig‘ini,
Bu qo‘shiq bahorning ruhiy davomi.

III
Titrab ketdi men suyangan tol,
Qotib qoldi ko‘zimda yulduz.
Ahvolimga boqqanicha lol,
Miltiraydi so‘nayotgan ko‘z.

Fikrim o‘qib, jimirlar barglar,
Shox seskanib o‘grilar mayin.
Chekinar oy sarosimida,
Tik boqmoqqa botinolmayin.

IV
Yuziga sim to‘r tutgan
Shinam uyning darchasi.
Tun labida qimtinar
Oyning so‘nggi parchasi.

Yulduzlar nola chekar
Derazadan yirog‘da.
O‘rtanib kezar bedor
Kuz kimsasiz bu bog‘da.

Yomg‘irlar tomchilaydi,
Goh barg qular o‘ksinib.
Yasholmas endi ular
Shamollarga bo‘ysunib.

V
Mehmonxona derazasini
Zirillatar kulgi jarangi.
Ayozlarda yotar isinib
O‘jar qishning shohona rangi.

Hansiraydi suluv tasvirlar
Oq tumanlar pinjiga kirib.
Muzdan kuloh kiygan qasrlar
Adashadi men bilan yurib.

Shohi niqob tortgan yuziga
Umid yanglig‘ jabr tortgan baxt
Chaqiradi imlab yoniga
Oppoq bayroq ko‘targan daraxt.

Unutilgan o‘tlarda yonib,
Tugun kabi tuyilar qonim.
Ayt, qaylarga ketyapmiz, jonim,
Uxlab yotgan bahorni olib?