Guljamol Asqarova (1978)

Guljamol Asqarova 1978 yilda Kattaqo‘rg‘on tumanida tavallud topgan. O‘zMUning jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Dil fasli”, “Uyg‘otuvchi alla”, “Oshiqlar tumori”, “Erkalik imtiyozi” singari kitoblari nashr etilgan. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlar qo‘mitasida faoliyat yuritadi.


SOG‘INCh

Judayam sog‘indim xushnud onlarni,
Baxtli lahzalarni juda sog‘indim.
G‘amgin hislarimdan toliqdim juda,
Menga shodlik kerak, baxt kerak endi.

Borsam, bag‘ringizga bosarmikansiz,
Ko‘zim yoshlarini artarmi hislar?
Yomon sog‘intirdi, yomon zor etdi,
Otashin tuyg‘ular, hayotbaxsh islar…

Tuyg‘ularning haddi, ishqning sarhadi,
Manglayda yozilgan yoziq xatgacha.
Tushuning, men Sizni yaxshi ko‘raman,
Termulib turaman qiyomatgacha…

BIZNING SEVGI
Azizim, ko‘zlaring ko‘zimda hamon,
Sen olovga otib yondir xatimni.
Men esa bag‘rimga bosib ketarman,
Er-ko‘kka sig‘magan muhabbatimni.

Taajjub, qayerdan bu begonalik,
Nahot shu nolasiz yurak yurakdir.
Har qanday sevgiga hayot kerak, lek,
Bizning sevgimizga o‘lim kerakdir.

TASKIN

“Qo‘y, yig‘lama, og‘riydi boshing”.
Shavkat Rahmon.

Qo‘y, yig‘lama, ruhimga qo‘shil,
Yuraklaring ursin men bilan.
Bu dunyoda neki bor mushkul,
Bog‘layverma qaro tun bilan.

Ko‘p yozg‘irma, bu taqdir, nasib,
Ayblama, tonma, ranjima.
Qaro tunlar yaralgan asli,
Oppoq tuyg‘ularning mavjidan.

Kel, kelaqol, Sen axir nursan,
Borliq seni aylar to‘tiyo.
Men toabad senga intiqman,
Nurga mangu zordek bu dunyo.

MEHR KO‘RGAZ

Sahrolardan keldim, cho‘llardan keldim,
Ko‘p uzoq, ko‘p qadim yo‘llardan keldim,
Haydashdi, dilingga dillardan keldim,
Menga mehr ko‘rgaz, mehribonlik qil.

Buncha ham berahm, zolim odamlar,
Buncha ham zalvorli, og‘ir qadamlar,
Judayam keraksan, jonim, shu damlar,
Menga mehr ko‘rgaz, mehribonlik qil.

Bu issiq yozlarda sovqotdim juda,
Nahotki hammasi bekor, behuda,
O‘zingni uyg‘otgin g‘aflat, uyqudan,
Menga mehr ko‘rgaz, mehribonlik qil.

O‘ttiz yilki yo‘lim tugamadi hech,
Ming o‘ldim, bu o‘lim tugamadi hech,
Bugun erta, erta bo‘lmasidan kech,
Menga mehr ko‘rgaz, mehribonlik qil.

Ilohiy suralar o‘qib kelganman,
Tillodan zanjirlar to‘qib kelganman,
Seni deb jannatdan chiqib kelganman,
Menga mehr ko‘rgaz, mehribonlik qil!

NOMA

Qog‘ozlar ichida ko‘milib qoldim,
Og‘ir kuy chalmoqda bo‘g‘zimdagi nay.
Mana o‘tiribman benavo, bedil,
Xavotir olsam ham xabar ololmay.

Holing nechuk o‘zi, do‘stu hamrohim,
Ne uchun ko‘ksingda kechmoqda janglar?
Ketdimi ko‘zingdan qayg‘ular rasmi?
Qoldimi ko‘ksingda ilohiy ranglar?

Kel, meni qutqargil, jonim, azizim,
Bu hijron dastidan charchadim, toldim.
Men nega hislaring to‘lqinidamas,
Qog‘ozlar ichida ko‘milib qoldim?!

ZAMONAVIY ShE’R

Senga xatlar yozdim, yetib bormadi,
Yo‘lda qolib ketdi smslarim.
Qo‘ng‘iroqlar qildim, bo‘g‘zimda qoldi
Telefonda aytmoqchi bo‘lgan hislarim.

Senga she’rlar yozdim, tushunmading hech,
Bekorga ovvora bo‘ldi so‘zlarim.
Aslida yo‘q edi yuragingda ishq,
Men bekor izladim, bekor izladim.

Vaqt o‘zi qo‘yarkan har nega nuqta,
Bugun tuyg‘ularga o‘zim qo‘ydim chek.
Qara, yuragimda yo‘qoldi hislar,
Yo‘llarda yo‘qolgan smslardek.

KAMALAK RANGLARI

Nursiz kunlarimga nur kabi kelib,
Kamalak rangini ko‘rsatding menga.
Seni topib olgan kunimdan boshlab,
Kamalak ranglari ko‘zimga ingan.

Olcha gullarini yuzimga yopib,
Ismingni shivirlar lablarim unsiz.
Men seni yo‘qotib o‘zimni topdim,
Va o‘zimni topa olmadim sensiz.

Bu ma’yus, bu g‘amgin qismatim bilan,
Taqdiringga keldim shodlik beray deb.
Lekin ayt, azizim, qayg‘u gullari
Baxtning saroyiga bo‘lolarmi zeb?

Seni topgan baxtli kunimdan boshlab,
Lolalar ergashib yurdi izimdan.
Qachonki ismingni shivirlab aytsam,
Kamalak ranglari… ketmas… ko‘zimdan…

MAJNUNNING BOShI

“Men bu ostonadan boshimni olmayman”, dedi Majnun Layli ostonasiga boshini qo‘yib…
“Layli va Majnun” asaridan

Meni yosh boladek bir chetga olib,
Tomosho qildirib favvoralarni.
Nasihat ayladi men sevgan odam,
“Ko‘r, – dedi – dunyoda ovvoralarni”.
Va yana dedi u:“Shoir xalqining,
Sevgisi, nafrati had bilmas ekan.
Ularning sevgisi osmoniy juda,
Erga yurganlarga mos kelmas ekan”.
U dedi qo‘limni olib qo‘liga:
“…Bugun men eng so‘nggi manzilga yetdim,
Sening shu sevgingga zormanu, lekin
Sevging azobidan to‘yiblar ketdim.
Bu qadar kuchli ishq kerakmas edi,
Shart emasdi menga ko‘p shiddat, olov.
Qayerdan bilibman bu sevging bilan,
Ravon yo‘llarimga bo‘lishingni g‘ov.
Uzr, meni kechir, tugat barini,
Bo‘ldi, bas, men endi yashashga shayman.
Axir men aqlli odamman, jonim,
Faqat yurak bilan yashay olmayman”.
…Uning so‘zlarini tinglar ekanman,
Ko‘ksimni yoriblar chiqarkan dardim.
G‘ururim izlarin o‘pardim tinmay,
Tinmay yuragimdan uzr so‘rardim.
…Men uning sha’niga ko‘p she’rlar yozdim,
Xotir daftariga bitdim dastxatlar.
Ehtimol ayriliq shunday boshlanar,
Balki shunday tugar buyuk hasratlar.
…Negadir…olisda…xayollarimda…
Tark etmoqda edi meni ishq, junun.
Layli eshigining ostonasidan,
Boshini ko‘tarib olardi Majnun…


TAKBIR

Laylat ul-qadrlarda suralar o‘qib yotsam,
Qalbimda ishq atalmish zanjirlar to‘qib yotsam,
Bu devona ruhimni qush kabi cho‘qib yotsam,
Shunda sen kelarmisan, ayt, shunda sen kelarmisan?

Koshki endi ruhimning changlarini yuvolsam,
Koshki edi ko‘ksimning zanglarini yuvolsam,
Dunyoning qora, chirkin ranglarini yuvolsam,
Menga bir kularmisan, ey, menga bir kularmisan?

Men kirolmagan uyning ostonasi tillodan,
“Nafs otlig‘ qiz ko‘rdim, bo‘shamadi yallodan”,
Ko‘zguda neki ko‘rdim, barin ko‘rdim Ollodan,
Bir shafqat qilarmisan, ay, bir shafqat qilarmisan?

Dalalarga taralsam, huv bebosh ariqlarday,
Ming bittaga ko‘paysam xirmoniy tariqlarday,
Suv ichida suvsasam beqaror baliqlarday,
Holimni bilarmisan, hoy, holimni bilarmisan?

Bir sandiq yasab qo‘ydim Tohir bilan Zuhroga,
Qumlarin sanab berdim savodi yo‘q sahroga,
Birga-birga oqay deb ko‘p yalindim daryoga,
Manzilim bo‘larmisan, heeey, manzilim bo‘larmisan?

* * *

Sog‘insak qaytadi quvonchlarimiz,
Chorlasak qaytadi hattoki g‘amlar.
Birodar, yalinu yolvor, ketkazma,
Hecham qaytmas ekan ketgan odamlar.

Qushlar qaytib kelar sog‘inib yurtni,
To‘lqinlar qaytadi sohillariga.
Yomg‘irlar samoni aylanib kelib,
Qaytgusi zaminning bag‘irlariga.

Shuning-chun sen odam yo‘qotma, qalbim,
Hatto tiz cho‘ksa ham sen deb olamlar.
Bu dunyoga qaytib kelmaganidek,
Qalbingga ham qaytib kelmas odamlar.

HOLAT SUVRATLARI

Bugun ichdim… g‘am sharobini,
Qayg‘u sharobini ichdim men.
Ko‘zlaringni iztirobini
Va ishq azobini ichdim men.

Mastman… boshim og‘ir tosh kabi,
Taskin bermas eski dastxating…
To‘rt tomonda chehrang ko‘rinar,
Hamma yoqda sening suvrating.

Yosh boladek erkalab avval,
So‘ng baxt tomon yetaklab bording.
Manzilingni topib ol deya,
Qo‘llarimni qo‘yib yubording.

Jovdiradim men go‘dak kabi,
Angladimki, sevgi bu – o‘qdir.
Men SEN tomon boraman faqat,
Sendan boshqa manzilim yo‘qdir.