Guliston Matyoqubova (1948)

Qoraqalpog‘iston xalq shoirasi. 1948 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetida o‘qigan. “Hayajonning yetti rangi”, “Oydin ostona”, “Sevib qolsin”, “Daryoga botayotgan quyosh” , “Izlaganlarim” , “Oybaldoq”, “Muhabbat yurti” nomli kitoblari nashr qilingan. 2011 yilda “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovining g‘olibasi bo‘lgan.

Vaqt ertaklari

Mening olamimda bo‘shliqlar yo‘qdir,
Cheksizliklarida uzoq manzillar.
Zulmatlar yo‘q unda, nurlar to‘kilib,
Faqat bahor bo‘lib qolgan fasllar.

Mening olamimda mayin ohanglar,
Ishq to‘lqinlarida yulduzlar kuylar.
Rangli mushak kabi otilar tonglar,
Vaqt ertaklarini to‘qir sehrlar.

Mening olamimda yolg‘onlar yo‘qdir,
Nafis bir hikmatga aylangan rashk ham.
Dengizlar mohiyat yaratar, daryo
Aql nurlaridan toshadi ko‘rkam.

Mening olamimda biz abadiymiz,
Taqdir ham yo‘q unda, unda yo‘q vaqt ham.
Mening olamimda bir pokizalik,
Oddiylik nuri-la yasanar xurram.

Mening olamimning boshlanishi yo‘q,
Demak ko‘rinmaydi uning oxiri.
U yaratilgan men tug‘ilmasimdan,
Unda jamdir ishqning taqdiri.

So‘z bilan hayratni chizib berolmam,
So‘z bilan chizolmam muhabbatni ham.
Bir tomchi shudringda dengiz ko‘rinsa,
Bir dona lolada yer kurrasi jam.

Kutib ol

Ochil bugun ko‘nglim eshiklari,
Bolalikni chorla bor ovozing-la.
Yoshlik zavqi bilan to‘lib ketsin-da,
Chekka ko‘chadagi kichik bir kulba.

Muhabbat uchun ochiq bo‘l yurak,
Har tomiringga singsin nafosat.
Yulduzlarga o‘tsin o‘t nigoh,
Agar uchsam bo‘l mahkam qanot.

Kengroq ochil, kichik so‘qmog‘im,
Maysa, daraxtlarga ulangin.
Mitti ninachining nafis qanoti
Kuchli qanotlarga aylansin.

Umr, yangra toza sas bo‘lib,
Aqlimni tozala chang-g‘uborlardan.
Tog‘lar viqoriday qudratga to‘lib,
Yillar orasidan chiqib kelay men.

Yurak sado bersin yangi kunlarga,
Ishonchga, ruhingga ber sayqal.
Eng yorug‘ nur bilan shu’lalan,
Vaqt zanjirlaridan uzilib, tarqal.

Yuragim yulduzlar ichiga joylan,
U yerda yaralar yangi kun.
Nur bilan uzilib, yerga tush,
Kutib ol…
Yangidir hayoting bugun…

Yomg‘ir tomchilari

Bir, ikki, uch…
Yomg‘ir tomchilarin sanayman,
Ko‘kda bulutlarga qarayman.
Bulutlarning ortida samo,
Samolarga tutash koinot.
Yulduzlarni sanash mumkinmi?
Cho‘llarda qumlarning donachalarin
Sanab bo‘larmi?
Ro‘yobga chiqmagan
Orzulardan qolgan alam dog‘larni,
Qurigan bog‘larda to‘kilgan yaproqlarni
Yoki singan ko‘ngil parchalarini,
Umr bo‘yi yuzga tomgan yosh donachalarin
Kim sanab chiqqan?..
Bir , ikki, uch…
Yomg‘ir tomchilarin sanayman.

Tush sehri

Quyosh buncha erta ufqqa shoshilar,
Tushlarimning siri yashar shafaqda.
Jiyda gullarining atri sochilar:
Qirlarga, yo‘llarga, atrofga.

Jiyda gullariday oltin rang nurlar,
Jiyda barglariday kumush rang osmon.
Olamga yoyilgan xushbo‘y atirlar,
Ko‘ngil osoyishta, umid bearmon.

Jiydalarning mayda gullari asta
Qo‘ng‘iroqchalarin chalar yo‘llarda.
Ishongim keladi gul xushbo‘ylari
Asraydi yurakni zulmat tunlardan.

Jiydali xush oqshom uyquga ketar,
Bir shirin tushlarga boshini qo‘yib.
O‘tadi, o‘tadi, bu kun ham o‘tar,
Yurak devoriga dardini o‘yib.

Yulduzlar osmondan tushganday

Mayli, bog‘lar meni olib qolmasin,
Bog‘da yolg‘iz o‘zim netaman?
Yulduzlar osmondan tushganday
Erga she’rlarimni yozib ketaman.

Unda bog‘, o‘rmon ham, daryo ham yashar,
Maysalar ichida oqar buloqlar.
Nurlarga o‘zini urib kapalak
Sirli bir olamga eshiklar ochar.

Unda tutlardagi pilla qurtlari
Nafis, shaffof ipak to‘qiydi.
Ipak ro‘mollar ham shabnamga to‘shalib
Men yerga yozgan she’rlarni o‘qiydi.