Gulchehra Nurullayeva 1938 yilda Toshkent viloyatining Choshtepa qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent universitetining jurnalistika bo‘limida tahsil olgan (1956—1964). «O‘zbekiston xotin-qizlari» (hozirgi «Saodat», 1961—1967) jurnalida ishlagan. 1967—1969 yillarda Moskvadagi ikki yillik oliy adabiyot kursida o‘qigan.
Uning ijodi 60-yillardan boshlangan bo‘lib, birinchi she’riy to‘plami «Quyosh tabassumi» (1965) nomi bilan chop etilgan. Shu kungacha o‘ndan ortiq to‘plamlari e’lon qilingan. Gulchehra Nurullayevaning «Orzularim qoqadi qanot» (1969), «Tashnaman» (1972), «Ikkinchi bahor» (1973), «Lirika» (1975), «Bag‘ishlov» (1977), «Paxta hidi» (1981), «Nurli nuqtalar» (1986), «Muhabbatning suvrati» (1988) kitoblari chop etilgan.
Gulchehra Nurullayeva 2021 yil 16 yanvar kuni Toshkent shahrida vafot etgan.
AVTOPORTRET
Ko‘zim qorachig‘i — butun yer shari,
Kulgum, qayg‘ularim — bani bashari.
Mehrim — aql ko‘zim ochar zotlarga,
Muhabbat, adolat, e’tiqodlarga.
Ishim — hayotimni qilgancha taftish,
Yurak notinchligin behasham aytish.
Taajjubim — badning beayovligi,
Yaxshining qobilu bo‘sh-bayovligi.
Nafratim — omaddan mast-alastlarga,
Xalqning yuragini anglamaslarga.
Ko‘rganim — majnuntol xokisorligi,
Ko‘rmaganim — unda xivich borligi.
Aybim — quruq so‘zdan yonolmasligim,
Soxta buyuklarni tan olmasligim.
Nodonligim — ifor etishim talab,
Uchratganim gulmi yo sassiq alaf.
O‘ylamay qay firib g‘ajib tashlarin,
Hosilni guldayoq chamalashlarim.
Nodonligim yana — aylanmay tilim,
Yolg‘on mulozamat qilolmasligim.
Kimga gul, kim uchun balki tikanman,
Yurtim, xizmatingga yararmikanman?!
1984
HAQIQAT HAQIDA QO‘ShIQ
Sen — oltinsan, qadri mo‘lsan,
Borki olam talabgor.
Qay yurtlarga armon bo‘lsang,
Qay yurtlarda sen bisyor.
Qo‘rqqanidan kimlar esa
Seni yo‘qqa yo‘yar ham.
Bag‘ri senga torlik qilsa,
Erga ko‘mib qo‘yar ham.
Zanglamassan yerda lekin,
Chirimassan ko‘zada.
Sen, bari bir, biror bir kun
Chiqajaksan yuzaga.
Suv bor — yuvib yer yuzini,
Senga eshlik qilguvchi,
Topqirlar bor — yer ko‘ksini
Ilma-teshik qilguvchi.
Vulqonlar bor — yer qa’rin ham
Ag‘dar-to‘ntar etar kuch.
Ne bo‘lmasin, senga odam
Albat bir kun bo‘lar duch.
Faqat topsin, seni ko‘rish —
Istaklari so‘nmasdan.
Yo‘qsa, zavol ketar olqish,
Qadring mischa bo‘lmasdan.
1981
XALQIMGA
Ko‘zingda ko‘rsamu mungdan bir zarra,
Baxting to‘kis, deya solar bo‘lsam jar,
Kechirma, kechirma, kechirma sira,
Yaray olmas bo‘lsam koringga agar.
Ulush bo‘lolmasam muhabbatingga,
Nafrating nafrat deb etmasam talqin,
Mehringni darig‘ tut, ko‘m nafratingga,
Meni ro‘yxatingdan o‘chirgil, xalqim!
Sen dala bag‘rida kuymalangan jon,
Xalovat neligin unutgan yurak.
Yil sayin ortadi uyganing xirmon,
Ortar bo‘lishlaring bedor, jonhalak.
Men shu bedorlikdan bo‘lmasam bedor,
Quyosh ushlarkansan, izlasam salqin,
Bekor, bekor, menga insonlik bexor,
Meni ro‘yxatingdan o‘chirgil, xalqim!
So‘zingni aytmasa, bordir ne ma’no
Men uchun mo‘tabar, suyuk qalamdan?!
O‘zing bergan eding, aylay qol judo,
Senga u agarda boqsa balanddan.
Davr ko‘tarolmas avji pastlikni.
Davr yuraklardan so‘raydi yolqin.
Bayrog‘im bilmasam xaqni, rostlikni,
Meni ro‘yxatingdan o‘chirgil, xalqim!
Sarin shabadasi yuzga teguvchi
Nurafshon manzillar o‘ziga chorlar.
Ro‘yxatlarda bo‘lsin «yurtim» deguvchi,
Ro‘yxatlarda bo‘lsin nomusi borlar.
1982
QODIRIYNING SO‘NGGI XAYoLLARI
Mashrab kim?
Biz uchun besh qo‘lday ayon:
Insof, adolat deb yurgan darbadar.
Uni ostirarkan akobir-a’yon.
Osiy, devona, deb tarqatdi xabar.
Ulug‘bek — o‘zbekning ko‘ksidagi tor.
Ko‘k unga, u ko‘kka baxshida, ehson.
Lekin ul dahoning boshin olar chog‘
Qo‘ydilar ming bir ayb, ming bitta nuqson.
Otildi ne-ne tosh — turfa malomat
Davriga sig‘magan buyuk zotlarga.
Bu — qay nadomatu, bu — qay adolat:
Avlodlar ko‘mishdi iltifotlarga.
Sira xor bo‘lmagay fidoyi taqdir.
Buyuk baxshidalik qolmagay yerda.
Kechaning xatosi — bugunda tahrir,
Bugunning yolg‘onin fosh etar erta.
Mamnunman, oldindan ko‘rib o‘rtada
Qora — qoraligin, oqning oqligin.
Lekin alam qilar o‘shal ertada
Mening bo‘lmasligim, mening yo‘qligim…
1982
* * *
Bir pas xayollarga bog‘lanib turdim,
Turfa savollarga bog‘lanib turdim,
Ne bo‘lar, o‘zing ayt, onajon yurtim,
Shoir rost so‘zini aytmasdan qo‘ysa?!
Bag‘ringni yog‘iylar to‘ldirmasmikin?
Mehmon mezbonini o‘ldirmasmikin?
Yolg‘on yurt to‘rida o‘ltirmasmikin? –
Shoir rost so‘zini aytmasdan qo‘ysa…
Erkin fikrlarni sirish ortar-ku,
Silliq ruxsorlarda tirish ortar-ku,
Iymon-e’tiqodda chirish ortar-ku,
Shoir rost so‘zini aytmasdan qo‘ysa…
Odam odamligin qo‘ygay unutib,
Loyqa talotumni bo‘lmas tinitib,
Sovrilmog‘i tayin, charhi dun yitib,
Shoir rost so‘zini aytmasdan qo‘ysa…
Minbar, kitoblardan qiling quvg‘indi,
Uvol erur unga hatto yuvindi,
Mayli, g‘urbatlarga bo‘lsin sig‘indi,
Shoir rost so‘zini aytmasdan qo‘ysa…
G‘urbat ham jirkanib, atasin «xoin»,
Undan darig‘ tutsin bir parcha joyin,
Umrlik qismati shu bo‘lsin doim,
Shoir rost so‘zini aytmasdan qo‘ysa…
Yashnoq ko‘ray, deyman, yurtim atlasin,
Har jilosi uning rost she’r yodlasin,
Portlay qolsin zamin, osmon portlasin,
Inson rost so‘zini aytmasdan qo‘ysa…
1987
TO‘RTLIKLAR
* * *
Hayot yashash ilmin mendan yashirdi,
Hamdamlar top, deya shoshdi-shoshirdi.
Topdim… Boshga qo‘ydim… Ko‘plarin pastlik,
Ajab, o‘z-o‘zidan yerga tushirdi…
1987
* * *
Duch kelgan har kimdan do‘st-yor izladim,
Har kun, har soniya bisyor izladim.
Bu – menga taqdirning nechog‘ hazili:
Demagan edim-ku: «Ag‘yor izladim…»
1987
* * *
Yaxshilar, yaxshiyam borsiz hayotda,
Yuragim soati bilaman sizni.
Hovliqsam, to‘xtasam yo qolsam ortda,
Tinglashga tushaman zarblaringizni…
1987
* * *
Do‘lvorginam, tentakcham – poklik,
Har kimsadan izlaysan oqlik.
Men qo‘rqaman: shu atvor bois
Tushmasa, deb, boshga g‘amnoklik.
1987
FARIShTA ODAM
Uchraganni atadingiz opa yo aka…
Uchraganni atadingiz uka yo singil…
Ayting, ayting, suvaydosiz nechun oydaka?
Ayting, nechun ko‘ngil berib, topmabsiz ko‘ngil?
Qarayman-u ko‘zlarimdan tirqiraydi yosh,
Yaxshisizki, yaxshilikka tashnasiz doim.
O‘zgalarni o‘ylar ekan beozor, yuvosh,
O‘zgalar ham o‘ylagaymi beozor royin?
Indamaysiz…
Siznikimas beshafqat olam…
Jon kuydirish, fido bo‘lish, o‘rtanish abas.
Farishtasiz yasholmagay farishta odam…
Men bilaman: farishtangiz bu yerda emas.
«Keting, – deyman, – bu davraga keting tupurib.
Ma’qul, – deyman, – nokaslardan qutilmog‘ingiz…»
O‘ylanaman: keyin yana yetmasmi firib?
Keyin kimlar to‘ldirarkin ko‘ngil bog‘ingiz?
… Siz ketasiz…
Yana hamma opa yo aka…
Siz ketasiz…
Yana hamma uka yo singil…
Bu dunyoni oppoq istab siz ham oydaka,
Yana boshdan qovrilgaysiz, farishta ko‘ngil…
1987
* * *
Oyijon, necha oy bora olmadim,
Armonim aytmagan so‘zimda pinhon.
Sizga dil yorardim… Yora olmadim…
Yig‘ilgan yoshlarim ko‘ksimda pinhon.
Dedim: «Dardli dunyo, hasratli dunyo…
Baskim, marhumlarni qiynamoq nechun?»
Oyijon, alvido aytganmisiz yo
Yashash – azoblanish bo‘lgani uchun?!
«Yo‘q-yo‘q, xotirjamman, – derdingiz bizga, –
Kuygunchak qalblarim – mardlarim ila».
Men esa boraymi huzuringizga
Yakkash hasratlarim – dardlarim ila?!
Netay, hayot nursiz menga bu damda,
Shoir aytganiday, dormi, oyijon?!
Bo‘yi bo‘yimga mos ko‘pdir tegramda,
Ko‘ngli ko‘nglimga mos bormi, oyijon?
Istardim: erkaklar balandbo‘y bo‘lsa,
Baland o‘yli bo‘lsa, deyardim yana.
Istardim: ayollar lolaro‘y bo‘lsa,
Totuv uyli bo‘lsa, deyardim yana.
Yigit xayolida zamin-zamonmas,
Manmanlikni ko‘rsam, yerga kiraman.
Ayol turmushida tinchmas, omonmas,
Vayronlikni ko‘rsam, yerga kiraman.
To‘kis muhabbatim, baxtimdan xursand,
Oyoqni uzatib ketganingiz chin.
Oh, men o‘z baxtimdan xotirjam yursam,
Qachon mukammallik topgay bu ochun?!
Oyijon, olishuv bormoqda oshkor
Bo‘yi baland, o‘yi maydalar bilan.
Yaxshilik neligin bilmagan zinhor,
Mehrsiz, tosh-metin diydalar bilan.
Chekimizga tushgan qayta qurishlar, –
Vatan yo‘llarini poklamoq ishi.
Zimdan qarshiliklar, suyiqasd ishlar…
Shundan qizingizning bisyor tashvishi.
Necha oylar o‘tdi…
O, men – bemehr…
Ziyorat etmabman, mehribonginam!..
… Qanday odam bo‘ldim, oyijon, axir
Dardim bilan kelsam marhumlarga ham…
1987