Gavhar Ibodullayeva (1961)

Gavhar Ibodullayeva 1961 yilda tug‘ilgan. Xorazm Davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini tamomlagan. “Qutlug‘ so‘zlar”, “Bir vujud sog‘inch”, “Yuragimda yashayotgan sir”  nomli kitoblari chop etilgan. Asarlari “Uch tomir”, “Muborak kunlar”, “Ellik navo”, “Shovot mavjlari”, “To‘maris izdoshlari”, “Xorazm ohanglari”, “Onajon”, “Muhammad Yusuf zamondoshlari xotirasida” kabi to‘plamlar, “O‘zbek adabiyoti antologiyasi” dan o‘rin olgan.

* * *

Faqat ko‘zim yashaydi siz-la,
nigohim zimnida
bir suvrat muqim.

Faqat rangim yashaydi siz-la,
qaynoq kaftlaringiz
sog‘inib.

Faqat so‘zim yashaydi siz-la,
har kuni ming bora
ismingiz alqab.

Faqat bo‘zim yashaydi siz-la,
kelar yo‘lingizda
og‘rinib.

Yuragim. Tilagim. Xohish. Irodam.
Orzuim. Armonim. Ohim. Va zorim.
Bari-bari  siz bilan birga.

Faqat,
o‘zim yashay olmayman
siz bilan…

* * *

Sevaman deng,
qismat yo‘liga
bu so‘zingiz sadaqa bo‘lsin.
Sevaman deng,
ma’shuqa ruhning
shodon bo‘lib, qalbi-da to‘lsin.

Sevaman deng,
inomni qalbdan
etagimga tashlang non kabi.
Zoru nolon
ochiqqan qalbning
ko‘zi to‘ysin, to‘yinsin ta’bi.

Xayr qiling,
bir tomchi suvday
toki, jon vujudga quyilsin.
Sevamang deng,
shafoat eting,
peshonamning sho‘ri yuvilsin.

Sevaman deng,
shu zar tilloni
bir chaqaday soling kaftimga.
So‘nggi nafas,
so‘nggi damgacha
boju xiroj bo‘lsin baxtimga.

Sevaman deng, marhamat qiling,
tortiq eting dunyoga ishqni.
So‘ngra haydab
soling mayliga,
so‘ngra qaytib ochmang eshikni…

Faqat,
sevaman deng bir bora…

* * *

Hammasi tugadi,
hammasi tamom,
hukmi Haq –
vidoni cho‘zib netaman?
Diydamdan dur bo‘lib oqar
dunyongiz,
men unga dilimni qo‘yib ketaman!

Hammasi tugadi,
hammasi tamom,
endi naqd sukutning qo‘lin tutaman.
Fikrim – chosh,
ko‘zim – yosh,
dilingiz esa tosh,
shu toshga ismimni o‘yib ketaman!

* * *

Sizni sog‘insam gar,
yuragim
esimga keladi.

Esimga kelsa gar
yuragim,
sog‘ina boshlayman o‘zimni.

O‘zimni sog‘ina boshlasam,
siz chiqib kelasiz
qalbim tubidan.

* * *

Buncha so‘roqlaysiz sevasanmi deb,
Sizni sevdim deyish oson ekanmi?
Tillarim uvushsa, jonim uvushsa,
Sevgi dilga botgan sanchiq, tikonmi?

Sizni o‘ylar bo‘lsam, lahzalar yildek,
Kun-kunim sixlasa, umrim tig‘lasa.
Kiprik qoqolmasam tunlar  g‘am bosib,
Kiprigim ustida sog‘inch uxlasa.

Sizga yurar bo‘lsam, yo‘lim gullasa,
Ruhimda boshlansa Navro‘z ayyomi.
Dilim oqib ketsa mendan ilgari,
Sevgi qirg‘oq bilmas toshqin daryomi?

Sizni ko‘rar bo‘lsam, o‘z dunyom abas,
Dilni poralasam, bag‘rimni tilsam.
Mayli, ko‘rmasam-da, mayli, yetmasam,
Hajringiz malolin bo‘ynimga ilsam!

Sizni topar bo‘lsam, o‘zni yo‘qotsam,
Jonimga yoprilsa hislar quyuni.
Ilkis dovdirasam, tinsam, tutilsam,
Boshim gangisa bu baxtdan suyunib.

Sizga talpinishdan tolmasa yurak,
Oxiri bo‘lmasa bu shirin tushning.
Ayting, nima qilsin, ayting, ne desin,
Zaboni bo‘lmasa sho‘rlik bu  qushning?

Buncha so‘roqlamang sevasanmi deb,
Sizni sevdim deyish oson ekanmi?..

* * *

Suluv yigit, huv yigit,
Goh mas’um, goh quv yigit,
Umr – oqar suv, yigit,
Qaytmas imkon muborak!

Shahlo ko‘zim, yosh ko‘zim.
Egildi-ku bosh, ko‘zim.
Nechun jimsan, tosh, ko‘zim,
Jon o‘rtar on muborak!

Qora sochim, tun sochim,
Goh alif, goh nun sochim,
Bu ne qora kun, sochim,
Zulf parishon muborak!

Xazon ko‘nglim, bog‘ ko‘nglim,
Goh jarlik, goh tog‘ ko‘nglim,
Qayon  boqsam  dog‘ ko‘nglim,
Mangu hijron muborak!

O‘ksik bag‘rim, xush bag‘rim,
Qulochi oqqush, bag‘rim,
Bu o‘ngmi yo tush, bag‘rim,
Limmo-lim qon muborak!

Chiroyli qiz, go‘zal qiz,
Kulgichlari – g‘azal qiz,
Muhabbat yo‘q, azal, qiz,
Go‘zal armon muborak!…

Chiroyli qiz, go‘zal qiz,
Suluv yigit, h-u-u-u-v yigit!..