Farmon Toshev 1954 yilda tug‘ilgan. Samarqand Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan. “Onang tirik, bolam”, “Men yomg‘irli kunda kelaman”, “Jurnalistning noni qattiq”, “Otamning saboqlari”, “Umrning o‘rtasi”, “O‘zimdek yashashni istayman”, “Bedavo ko‘ngil”, “So‘z aytmoq saodati”, “Sog‘inch”, “Ayollar nima deydi?” kabi kitoblari nashr etilgan.
* * *
Mulki borliqqa zamin, suv birla quyosh ehtiyoj,
Bil, safar chog‘i musofirlarga yo‘ldosh ehtiyoj.
Ahli nochor qilcha mushkulda ojizlik mayl etur,
Sabri yo‘q, yo‘q toqati, bir tomchi ko‘zyosh ehtiyoj.
Umri foniyda muzaffar bo‘lgali inson uchun,
Ko‘p emas: sabru qanoat hamda bardosh ehtiyoj.
Duch kelur odamga darding aylama oshkor sira,
Ahli oqilga mudom do‘st – bitta sirdosh ehtiyoj.
Sen mehr birla muruvvat ko‘rsaturga ayla shahd,
Nokasu beiqtidorda otgali tosh ehtiyoj.
Befarosatli kishiga amri ma’ruf besamar,
Bundayin kaslarga doim g‘alva, avbosh ehtiyoj.
Farmono, xulqing go‘zal, bayting go‘zal bo‘lsin, ayo,
El sezur nazming aro so‘zga naqqosh ehtiyoj.
* * *
Xotiri jam kishi umri farog‘atdur,
Farog‘atli umr har bandaga rohatdur.
Vale, rohatda o‘tmaydur butun umring,
Qadamda bir sinov birla sinoatdur.
Sinoat solmasin hayrat shuuringga,
Zakovat va qanoat bunda omaddur.
Yaratgan baxsh etur omadni shavqliga,
Umr ma’nosi g‘ayrat va shijoatdur.
Shijoatsiz, ilmsiz kimsa g‘ofildur,
Yashab ne ham toparsen, bu jaholatdur.
Jaholatda kechar oning zalolat, bil,
Baqoda yo‘q, fanoda yo‘q, arosatdur.
Arosatkim, bani muslimga xos ermas,
Bani muslimga xos xislat ibodatdur.
Ibodatni mehr, ezgu niyat bilsang,
Barokot ul, sharofat ul, sharofatdur.
Ayo, Farmon, shafoatga erishsang gar,
Etishgaysan nuri Haqqa – saodatdur.
* * *
Agar do‘sting erur loqayd senga hamdam bo‘lolmaydi,
U hech hamdard bo‘lolmaydi, ishon, hech ham bo‘lolmaydi.
Ne tong, goho ko‘ngil zebo sanamlarga havas qilgay,
Biroq, bilki, nikohsiz ul, senga mahram bo‘lolmaydi.
Chiqib oftob gahi kunlar vujud, tanga huzur bergay,
Vale, aqrab va yo to‘qson bahor, ko‘klam bo‘lolmaydi.
Bo‘lib dovdir birovning qalbiga urma kalom tig‘in,
Uzr, avfu nadomatlar abas, malham bo‘lolmaydi.
Izn berma kunokun ulfatu suhbat, safolarga,
Ziyofat, bazmi jamshid, to‘y, iydu bayram bo‘lolmaydi.
O‘zin dono qilib ko‘rsatsa-da, nodon kibor birla,
Lavozimda yurar ammo g‘ani, akram bo‘lolmaydi.
Mudom Farmon, sadoqat-la ulug‘ xalqingga qil sajda,
Unutganlar g‘ami elni sira xurram bo‘lolmaydi.
* * *
“Ey qalam, yozsang agar qalbimni yoz”*
Qalbdagi tuyg‘ularim – dardimni yoz.
Rost demakka ahd qilib erdim, vale,
Izlama tashbeh go‘zal, ahdimni yoz.
Hur Vatan og‘ushida tole nasib,
Benazir, bekam, tugal baxtimni yoz.
Xo‘p erishdimki buyuk iqbolga men,
Erkli, hur o‘zbek degan taxtimni yoz.
Shu ulug‘ yurtim, elimga jon fido,
Dildagi ezgu niyat, shahdimni yoz.
Farmono yolg‘on demakdin or qilur,
Ey qalam, o‘truk nechun, naqdimni yoz.
* O‘lmas Jamol satri.
* * *
Ko‘ngil xilqat, ko‘ngil asror, izohi yuzda bo‘lg‘aydur,
So‘zimdin izlamang ishqni, muhabbat ko‘zda bo‘lg‘aydur.
Havoyi kimsalar doim havoyi va’dalar bergay,
Oqil, dono uchun jo‘ja sanashlar kuzda bo‘lg‘aydur.
Pishirsang ne masalliqdin taom nozik havas birlan,
Aning xushxo‘rligi, ta’mi bilib qo‘y, tuzda bo‘lg‘aydur.
Ibo nozu nazokatlar zohir sirli qarashlarda,
Samo yog‘dusi oydan, lek jilo yulduzda bo‘lg‘aydur.
Qachon ketgung, qayon borgung, faqat yolg‘iz o‘zi bilgay,
Neki taqdirga tushgay ul, ayo, rizq-ro‘zda bo‘lg‘aydur.