Farida Husainova (1959)

Farida Husainova 1959 yilda tug‘ilgan. 1976-1980 yillarda Qo‘qon Davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida o‘qigan. Shoiraning “Sunbulginam”, “Porlayotgan shu’la” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan.


Kuz manzarasi

Qushlar tashlab ketdi daraxtni,
Qalbi to‘la nolalar qoldi.
Zumrad barglar sog‘inch ranggida,
Qarog‘ida jolalar qoldi.

Iztirobdan titraydi tani,
Kiyar faqat hijronrang libos.
Sog‘inchini barg – maktubiga
Yozar tinmay oshiqlarga xos.

Taskin berar rahmat yomg‘iri,
Boshlarini mayin silaydi.
Tortiq etar billuriy sirg‘a,
Poklantirib baxtin tilaydi.

Sinchkov shamol sirin o‘g‘irlab,
Qalb izhorin o‘qiydi ochib.
Haddan oshsa tortqilab olib,
Zamin uzra yuborar sochib.

Qaldirg‘och

Hofizlar qolgaydir qaldirg‘och bo‘lib.
Oydin Hojiyeva.

Charx uradi sodiq qaldirg‘och,
Moviy ko‘kning keng quchog‘ida.
U sodiq do‘st, gulmi yo bo‘znoch,
Muhabbatdir dil ardog‘ida.

U mehrni chuqur qilar his,
Bormi yoki dil tarozisi?
Keng osmondan yumolmaydi ko‘z,
Keng osmondir mudom orzusi.

Ayriliqda bo‘zlaydi nolon,
Ko‘zlariga yoshlar to‘ladi.
Hatto, yovi – ayyor ilonning
Qo‘ynidagi g‘ashlar o‘ladi.

Charx uradi sodiq qaldirg‘och,
Yuksaklarda, ko‘kning toqida.
Boshlarida sadoqatdan toj,
Muhabbatdir dil ardog‘ida.

To‘ldirib kel hayotning kamin

Ko‘zlaringday musaffo osmon,
Nur sochadi ziyobaxsh umid.
Nur – kamalak tortilgan kamon,
Parqularin sudraydi bulut.

Isming yodga soladi shamol,
Quvonchingni ardoqlar ko‘ngil.
Hayrat ichra quyosh turar lol,
Iforlarin nisor etar gul.

Gar masofa yiroq bo‘lsa ham,
Ko‘ngil yaqin, axir, azizim.
Armonlarin quchoqlab mahkam,
Sog‘inchlarim bedordir har zum.

Kim aytadi, osmon, deb, yiroq,
Xayollarim qanoti uchqur.
Tuyg‘ularim gul ochar bodroq,
Sim qoqqanda e’tibor bir qur.

Umidlarim maysasi durkun,
Yumshoq tortib boradi zamin.
Borliq tutar mo‘jiza har kun,
To‘ldirib kel hayotning kamin.

 

KO‘NGIL  UChUN SEVMANGIZ

Shunchaki iltifot men uchun yotdir,
Shunchaki sevmoqlik shoirga gunoh.
Yo‘qsa tomirlarim kuyib ketar-ku,
Yurak tokchasiga taxlanadi oh.

Muhabbat dilimning bebaho mulki,
Shunchaki o‘zgaga ishonolmayman.
Shunchaki tuyg‘udan dilda iztirob,
Netay, tuyg‘ulardan hech tonolmayman.

Derlar: “Ko‘ngil uchun o‘lmoqlik kerak”,
Mayli, azizim, bir ko‘rsating shafqat.
Lekin yuragingiz qo‘ying mayliga
Ko‘ngil uchungina sevmangiz faqat.

ShOIRNING YuRAGI

Ba’zan  tushunmaydi odamzod o‘zin,
Qancha tanqidlarni ko‘tarar fildek.
Ba’zan fig‘onini chiqarar bir so‘z,
Jon ipi omonat tortilar qildek.

Eh, ko‘ngil torlari bunchalar nozik,
Shoirning yuragi guldan-da latif.
Haqiqatni unga aytavering tik,
Topolsangiz agar yumshoqroq ta’rif.

YoR QADRI

Qidiramiz bir inja satr,
Yangi tashbeh tuyular nurli.
Topganimiz topmaydi qadr,
Yiroqdagi tuyular sirli.

Yangi kiysa shodlanar kishi,
Dilga taskin yangi imorat.
Har narsaning yangisi yaxshi,
Yorning esa… eskisi faqat.

KO‘NGIL NAQShI

So‘z ijro-la ko‘rsatar samar,
Va’da qarzdir, qaytarmoq darkor.
Yuraklarda tug‘ilmasin jar
Subutsizlik erkak uchun or.

«Bir so‘zlikni izlang ertakdan»,
Demangiz, lafz – ko‘ngillar naqshi.
Ming va’daboz, lafzsiz erkakdan,
So‘zda sobit bir ayol yaxshi.