Eshqobil Shukur 1961 yil Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanidagi Boymoqli qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini bitirgan (1984). Ilk she’rlar to‘plami — «Yurakni o‘rganish» (1984). Shundan so‘ng uning «Sochlari sumbul-sumbul» (1988), «Tungi gullar» (1989), «Yashil qushlar» (1995), «Hamal ayvoni» (2003) she’riy kitoblari va 2005 yilda «Ko‘hna bog‘ rivoyatlari» nasriy kitobi nashr etilgan. «Naqshband», «Ibtido xatosi» kabi dostonlari, «Nasoyim ul-muhabbatga sayr» turkumi, shuningdek, «Oqibat oqshomi», «Dunyoning ko‘chishi» kabi qissalari ham bor.
RUHIM
Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!
Men qushlarning tushlarida ko‘rinay,
Men tushlarning qushlarida ko‘rinay.
Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!
Men tillarning gullarida ko‘rinay,
Men gullarning tillarida ko‘rinay.
Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!
Men to‘ylarning kuylarida ko‘rinay,
Men kuylarning to‘ylarida ko‘rinay.
Ahay-aha-hay. Ahay-aha-xay!
Men ko‘zlarning so‘zlarida ko‘rinay.
Men so‘zlarning ko‘zlarida ko‘rinay.
Ahay-aha-hay. Ahay-aha-hay!
* * *
Suv ustida, suvlar ustida
Yuraklarim chisirlaydi-ey.
Ishq dastidan, hijron dastidan,
Suyaklarim qisirlaydi-ey.
O‘t ustida, o‘tlar ustida
Ko‘z yoshlarim daryo bo‘ldi-ey.
Ishq qasdida, hijron qasdida
Bardoshlarim ado bo‘ldi-ey.
Tosh ustida, toshlar ustida
Ko‘nglim erir oy kabi ma’yus.
Ishq faslida, hijron faslida
Yig‘la, Bahor, mening ismim – Kuz.
Yo‘l ustida, yo‘llar ustida
Oyoqlarim yurak bo‘ldi-ey.
Ishq kasridan, hijron kasridan
Umrim faqat tilak bo‘ldi-ey.
OLAPAR
Olaparni shundoq ko‘zim oldida
Otdilar – do‘stini bolaligimning…
Onam o‘rgatganday: «Rozi bo‘l» dedim,
Shu ilk bor rozilik so‘rashim mening.
Jigarrang, alamli ko‘zlarin tikib,
Olapar vidolar aytarkan beso‘z…
Birdan o‘q otildi. Ortga burildim –
Elkamga qadalib qoldi ikki ko‘z.
Yillar o‘tib ketdi. O‘z o‘tmishim bor –
Kechganim goh dushman, goho do‘st bilan.
Men endi qarayman bolashgimga
Elkamga qadalgan bir juft ko‘z bilan…
SEHR
Kecha tildan qoldi, qoldi-ya tildan…
Hilol etagida yig‘layotgan sen…
Qadimiy oyatlar bitilgan yo‘lda,
Eshqobil emasman endi men.
Dengizlar ko‘karib tortadi chilim,
Baxmal bulutlarni kiyayotgan sen.
Oltin baliqchaga aylandi tilim,
Eshqobil emasman endi men.
G‘uborli tumanlar chimildig‘ida,
Olov qanotida titrayotgan sen.
Qara, ko‘zlarimning topildig‘iga,
Eshqobil emasman endi men.
Kecha tildan qoldi, qoldi-ya tildan,
Nafas torlarimda uxlayotgan sen.
Qushdan ildiz oldim, qanotni guldan,
Eshqobil emasman endi men.
ARUZ
Temir xalajidan
Ters o‘tgan momo,
Kurbaqaning butiga shardoz boylab ber endi,
Yig‘layapman… Yog‘li-yog‘li ilik chakib ber endi.
Kelim-ketim dunyodan
O‘ng o‘tgan momo,
Suruv-suruv qayg‘ulardan suluv saylab ber endi,
Ola toshdan qoq yelkamga tumor taqib ber endi.
Temir xalajidan Ters o‘tgan momo,
Qurbaqaning sol butiga ko‘k tomirim boylandi,
Ko‘r qurbaqa meni sudrab zindon bo‘ylab aylandi.
Kelim-ketim dunyodan
Keng o‘tgan momo,
Talonzada ko‘kragimga avrab gulmix qokdilar,
Ichidan qo‘sh daryo oqqan iligimni chakdilar.
Temir xalajidan Ters o‘tgan momo…
* * *
Tilimni kuydirdi bulbulning suti,
Tanglayimni yokdi gul ichirgan qon.
Men ikki dunyoni bir hatlab o‘tib,
Og‘zimga solganim bor-yo‘g‘i tolqon.
Ko‘zimni muzlatdi jahannam o‘ti,
Ko‘nglimni xor qildi bu «gulzor, chaman».
Men ikki dunyoni bir hatlab o‘tib,
Ko‘z ochib ko‘rganim bor-yo‘gi tuman.
Qulog‘im kar qildi haqning sukuti,
Bu sukutmi va yo tilsiz qatag‘on.
Men ikki dunyoni bir hatlab o‘tib,
Eshita olganim bor-yo‘g‘i yolg‘on!
* * *
O, meni yig‘latma…
Yomon tushlar ko‘rib namozshomgulim,
meni yig‘latma.
Men poyi-pataging bo‘lay qayg‘ulim,
meni yig‘latma.
Otingdan aylanay, og‘rima gulim,
meni yig‘latma.
Uh tortsang, ustuni qular falakning,
iig‘latma.
Ko‘krak qafasiga yanglishdan xudo
Ayolning yuragin qo‘ygan erkakni
yig‘latma.
LAHZANING UMRI
Payg‘ambar eshigin taqillatgan men,
Shaytonni o‘ttiz yil laqillatgan men,
Qo‘ynida hurlarni so‘lqillatgan men,
Sen axir nimasan? NIMAsan, o‘lim.
Qil ko‘prik ustidan o‘ynab o‘tgan men,
Bir hurga yetmish xil yurak otgan men,
Etimga
Etti qobirg‘amdan tirgak tutgan men,
Sen axir nimasan? NIMAsan, o‘lim.
Og‘zidan yuz bulbul uchirolgan men,
Isoni Ka’baga ko‘chirolgan men,
Ko‘nglini xudoga ichirolgan men,
Men KIMman. Sen esa, NIMAsan, o‘lim.
MOHIYaT
Men ham tangrining bir bitigidirman
Va toshga aylanib qolarman bir kun.
Nondai uzilarman, balki, tandirdan,
Sopolda yozuvga aylansam… mumkin.
Va shunda… bilmasman, yerdanmi, ko‘kdan,
Suvmi, nurmi bo‘lib qaytib kelarman.
Va shunda… dunyodan anglamay o‘tgan
Bitikni – O‘zimni o‘qiy olarman.
Men ham tangrining bir bitigidirman.