Ergash Muhammad (1940)

Ergash Muhammad 1940 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini bitirgan. Shoirning “Kunchiqar qo‘shiqlari”, “Zaminga sadoqat”, “Uchinchi qutb”, “Uchayotgan qushlar”, “Men tug‘ilgan uy” nomli kitoblari nashr etilgan.

KUTISh VA KUZATISh

Ko‘zlarimga surkalar mezon,
Olislab ketmoqda turnalar.
Yuragimda tuyg‘ular larzon,
Ko‘z o‘ngimda olam turlanar.

Ko‘zlarimga surkalar mezon,
Boqqa qo‘nar tillarang kulgu.
Menga o‘zin etadi ehson
Ariq to‘la tiniq bir tuyg‘u.

Ko‘zlarimga surkalar mezon,
Bir yo‘qotish ko‘kka yo‘g‘rilar.
Sevinaymi, yig‘laymi bu on,
Yangi bir chaqaloq tug‘ilar.

Ko‘zlarimga surkalar mezon,
Kuz yo‘rgagi ko‘zimga pardoz.
Ketmakdadir aziz bir mehmon –
Turnalarning qanotida yoz.

Ko‘zlarimga surkalar mezon,
Yana bir bor qaytar turnalar…

QO‘LINGNI QO‘Y QO‘LIMGA

Qani, do‘stim, qo‘lingni qo‘y qo‘limga,
Kaftga ko‘chsin yurakdagi taftimiz.
Kuylab beray yo‘ldosh bo‘lsang yo‘limga,
Kuyga ko‘chsin aytolmagan gapimiz.

Qani, do‘stim, qo‘lingni qo‘y qo‘limga,
Kutar bizni alvon-alvon ufqlar.
Ohista kir, kirmoq bo‘lsang dilimga,
Dil ko‘shkida ko‘zi ochiq tong uxlar.

Qani, do‘stim, qo‘lingni qo‘y qo‘limga,
Bosh barmoq ham ko‘p kerilmay birlashsin.
Eryigitov tik boqqanday o‘limga,
Tik boqaylik, ko‘zlar so‘zsiz sirlashsin.

Qani, do‘stim, qo‘lingni qo‘y qo‘limga,
Yo‘l boshida yaxshi tilak tilaylik.
Kuylamasman neki kelsa tilimga,
Ezgulikning tili shirin, tinglaylik.

Hamroh bo‘lsang, yo‘lim kular charaqlab,
So‘ngra, men ham do‘st mehriga to‘yarman.
Gar istasang, ko‘rgil, mayli, varaqlab,
Yuragimni kafting uzra qo‘yarman.

XAYoL

Orzuim ko‘kida kulsa istiqbol,
Istiqbol oftobi bo‘lib porlagay.
Umid otlarida yog‘dulardan yol
Ziyoga yo‘g‘rilgan baxtdek porlagay –
So‘ngsiz tasavvurim dashtida xayol.

Ezgulik qo‘msagan chog‘ida ko‘ngil,
Ezgulik daraxti shoxalar nurdek.
Idrok epkinida tebranib yengil,
Fikrlar yaprog‘in to‘kadi durdek –
So‘ngsiz tasavvurim dashtida xayol.

Muhabbat dilimga bo‘lganda oshna,
Muhabbat gulxani bo‘lib porlagay.
Hislarim talpinar sahrodek tashna,
Alanga misoli ko‘kka o‘rlagay –
So‘ngsiz tasavvurim dashtida xayol.

Burkagan chog‘ida ko‘ngilni qayg‘u,
Qayg‘u mo‘rkonidir ko‘z oldim – ufq.
Mo‘rkondagi qushdek potirlar tuyg‘u,
Qop-qora qurumday quyilar qo‘shiq –
So‘ngsiz tasavvurim dashtida xayol.

O‘zin ko‘rsatguncha, toki, kashfiyot,
Tafakkur qo‘ynida xayol chopadir.
Tug‘ilmoq istasa bir go‘zal bayot,
Albatta, uni ham izlab topadir –
So‘ngsiz tasavvurim dashtida xayol.

ZARB

Yurakdan taralar zarblar karvoni,
Yutoqib tinglaydi zarblarni vujud.
Quvonchu dardlarim karvon sarboni,
Zarblarda rang-barang ohanglar mavjud.

Yuragim yonadi, chaqmoqday go‘yo
Chaqnar tomirlarim chaqmoqlari ham.
Vujudim sayraydi, olam mahliyo,
Hatto kuylay boshlar barmoqlarim ham.

Tinglayman,
Men bo‘lib tinglaydi olam,
Ko‘nglimning ko‘shkidan taralar zarblar.
Men hofiz emasman, qo‘limda qalam,
Yuragim zarbiga aylanar harflar.

Vujudim to‘lg‘anar, jo‘shib kuylar qalb,
Men kuy qadar o‘sdim…
Sen meni qo‘y, jim…
Men faqat uyg‘otdim yuragingda zarb,
O‘z qalbing zarbiga quloq sol, do‘stim.

RO‘YoB

Ko‘zlarimda sog‘inib yashar,
Senga to‘yib boqmoq nigohi.
Umidlarim sen tomon shoshar,
Axir, sensan tole dargohi.

Orzuimning ko‘zlari senda,
Bo‘lmoq istar ko‘ksingga nishon.
Sensiz yo‘qdir halovat menda.
Halovatim sen o‘zing ishon.

Umidlarim qolmasin yetim,
Orzularim bo‘lmasin ro‘yo.
Intiqlikdan toliqib ketdim,
Ko‘rsatsang-chi, o‘zingni ro‘yob.

Orzuimni oy qilib osay,
Qani, ro‘yob, siynangni burgil.
Nigohimni bo‘sadek bosay,
Ro‘yob, kulib qarshida turgil.

Ko‘zlarimda sog‘inib yashar,
Senga to‘yib boqmoq nigohi.
Umidlarim sen tomon shoshar,
Axir, sensan tole dargohi.

TABIAT

Go‘yoki tabiat sohibjamol qiz,
Nozanin qiz yanglig‘ nozlanar bu dam.
Oshiq qalbim kabi uni etib his,
Ko‘rkam liboslarga burkaydi ko‘klam.

Go‘yoki tabiat sohibjamol qiz,
Yoz unga qalb taftin to‘kadi har dam.
Saxiy qalbim kabi uni etib his,
Hosildan ziraklar toqadi yoz ham.

Go‘yoki tabiat sohibjamol qiz,
Tegajak kuz unga girgitton har dam.
Havoyi xazonga uni o‘rab kuz,
Avrab yechintirar, qolgani mubham.

Go‘yoki tabiat sohibjamol qiz,
Qish uni uxlatib suqlanar har dam.
Mendek junjiktirar g‘alati bir his,
Oq choyshabga o‘rab diydirar qish ham.

Go‘yoki tabiat sohibjamol qiz,
Har xil ko‘zda ko‘rar har fasl uni.
Mehr ila ko‘rib husnini to‘kis,
Ko‘klamu yoz misol bo‘ling maftuni.

MEHR EShIGI

Ostonamda qarab turgan kim bo‘ldi?
Qaramoqqa jur’at topmay qotdim, jim.
Qo‘zichoqning dupuriga uy to‘ldi…
Sen emasmi bolaligim, sho‘xligim?

Ostonamda qarab turgan kim bo‘ldi,
Qaramoqqa jur’at topmay qotdim, jim?
Yosh qalqigan xo‘rsiniqqa uy to‘ldi…
Sen emasmi armonlarim, o‘kinchim?

Ostonamda qarab turgan kim bo‘ldi,
Qaramoqqa jur’at topmay qotdim, jim?
Pirpiragan sham nuriga uy to‘ldi…
Sen emasmi o‘chib, yongan umidim?

Ostonamda qarab turgan kim bo‘ldi,
Qaramoqqa jur’at topmay qotdim, jim?
Qo‘shiqlarning chorloviga uy to‘ldi…
Sen emasmi uyg‘oq o‘tgan tunlarim?

Ostonamda qarab turgan kim bo‘ldi,
Qaramoqqa jur’at topmay qotdim, jim?
Yugurik ot dupuriga uy to‘ldi…
Sen emasmi jilov bilmas orzuim?

Kimligingni bilmoq uchun o‘grilib,
Asta ortga qaramoqqa botindim.
Kulib, o‘ksib, yonib, chorlab, yugurib –
O‘tgan umrim quchog‘imga otildi…

O‘zin otdi, xayol kabi yugurib –
Quchog‘idan mehrlari sochildi.
O‘ltiribman. Tasbeh tizib, o‘girib,
Vatan! Mehrim eshiklari ochildi…