Elyor Murod 1987 yilda tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘qigan. She’rlari respublika matbuotida e’lon qilingan.
* * *
Olislardan engashganda oy,
Tun vahmini quvadi yog‘du.
Yulduzmi bu, quyoshmikan, hoy,
Yuragimda tug‘ilgan tuyg‘u?
Yorishadi butun vujudim,
Borliq aro yo‘q bunday yorug‘.
Tog‘dek o‘sar endi umidim,
Ruhim bo‘lar zulmatdan forig‘.
Entikishlar go‘zal gullardek
Uchib borar nigohlar misol.
Tomchi-tomchi qaysar do‘llardek
Botinimga yog‘ilar visol.
Hayotimning kun-tunigacha
Tuyg‘ularim ochilib ketdi.
Yuragimning tub-tubigacha
Muhabbatim sochilib ketdi.
* * *
Qor edim. Ko‘klardan otilgan,
Urildim yuzingga bexosdan.
Men o‘sha sochingga osilgan
Muzlagan nafasman… nafasman.
Sharfing ipiga o‘raldim,
Termildim yuzingga betoqat.
Xayriyat! Ko‘zingni ko‘roldim,
Yurakda uyg‘ondi muhabbat.
Orzular og‘ushi bir lahza,
Sharfing silkitding, to‘kildim.
Etiging poyida ezildim,
Suv bo‘ldim…suv bo‘ldim…suv bo‘ldim!
Bug‘landim, bulutga aylandim,
Yomg‘irman bu safar, qor emas.
Ko‘zingni ko‘rishga shaylandim,
Ko‘zingda muhabbat bor emas.
Farishtam so‘nggi bor men tomon
Kelsayding quvonchga to‘lardim.
Poylaringga tashlab o‘zimni
Sevgidan muzlagan bo‘lardim.
* * *
Tun ko‘ksida o‘ynoqlar shamol,
Gullar nurdan to‘qiydi qo‘shiq.
Kengliklarda kezinib xayol
Yulduzlarga bo‘ladi oshiq.
Gullar qadim qo‘shiqchilardir,
Turfa rangda ochilgan nota.
Er xiromda, raqqosalardek
Maysalarning kuyi bexato.
Uylar yerga qilingan bandi:
Na kuylaydi, na qoni qaynar.
Oyoqlari zaminga botgan
Tushlarida o‘ynaydi uylar.
* * *
Sevganiga yetolmagan oshiq edim,
Qo‘lin siltab ketolmagan oshiq edim.
Ko‘ngli bilan kuyib-kuyib ado bo‘lgan,
Yor to‘yiga borolmagan oshiq edim.
Bugun ko‘kdan yomg‘ir emas, yosh oqadi,
O, ko‘ksimga mushtdekkina tosh botadi.
Yor-yorlarning sadolari buncha g‘amgin,
Yolg‘izlikning yoronlari qosh qoqadi?
Tun bag‘rini tilib-tilib uchadi kuy,
Kimni baxtli, kimni baxtsiz qiladi to‘y.
Yuragingni xotiralar tirnab tolmas,
Meni esa bir lahza ham eslama qo‘y.
Sevganiga yetolmagan oshiq edim,
Qo‘lin siltab ketolmagan oshiq edim.
Ko‘ngli bilan kuyib-kuyib ado bo‘lgan,
Yor to‘yiga borolmagan oshiq edim.
* * *
Momolarim sochlarini qirqta o‘rib o‘tgan yer,
Bobolarim necha avlod suyak surib o‘tgan yer.
Halima Xudoyberdiyeva
Yomg‘ir yuvgan qirlarimda lolalarim o‘sgan yer,
Baland-pastlik adirlarda dalalarim o‘sgan yer.
Momolarim urchug‘iday chir aylanar bu dunyo,
Bobolarim duo qilib, balolarni to‘sgan yer.
Xayr yog‘ar, oydin nurli ko‘chalarim yodimda,
O‘lan aytar qiz bo‘lguvchi chechalarim yodimda.
Ot choptirgan tog‘alarim or talashib o‘tmoqda,
Akalarim kurash tushgan kechalarim yodimda.
Suvlar yurgan adirlarda ko‘zim oqdi, oymomo,
Ikki daryo orasida so‘zim oqdi, oymomo.
Onamning ko‘zlarini toliqtirar izlarim,
Eh, kimlarning ko‘chasiga yo‘lim oqdi, oymomo?
Yomg‘ir yuvgan qirlarimda lolalarim o‘sgan yer,
Baland-pastlik adirlarda dalalarim o‘sgan yer.
Momolarim urchug‘iday gir aylanar bu dunyo,
Bobolarim duo qilib, balolarni to‘sgan yer.
* * *
Og‘rinaman, ko‘zim yumib, jim,
Sog‘inchlarga burkaydi xayol.
Meni kutib yig‘laydi yum-yum
Ro‘mollari sudralgan ayol.
Ovozlarim qotar bo‘g‘zimda,
Sovuq teshib o‘tar tanamni.
Qor, muz bosgan olis yo‘limda
Uchratmadim nechun onamni?
Qaytolmadim, men noshud o‘g‘il,
Borliq yutdi nolamni zor-zor.
Poyezdlarga yalindim mungli,
Olib keling onamni bir bor.
Bahor kelar, to‘zg‘ib ketar g‘am,
Nurga to‘lib ketar mungli yuz.
Qishlog‘imda kutadi onam,
Kutib turar vokzalda poyezd.
* * *
Qahraton. Izillar shamol,
Derazani chertadi tovush.
Tor xonaga bandi o‘y, xayol
Yuragimga o‘rnashgan xomush.
Otilgudek bo‘lar ko‘zlarim,
Yurak istar yerning hidini.
Topilmagan nodir so‘zlarim
Izlab yurar erkning izini.
Yaqinlashar qorong‘i, zulmat,
Shunda shiftda yoqilar quyosh.
Qismat uchun yig‘layin desam
Muzlab qolgan ko‘zimdagi yosh.
Yo‘q… yo‘q, endi, sukutga ketib,
Derazaga uraman o‘zni.
Yuragimdan topib olaman,
Allakimdir yo‘qotgan so‘zni.
Ruhimda erk kezinib yurar,
Tomirimda tiriklik kuyi.
Ko‘zlarimning suratin chizar,
Mensiz qolgan qishloq kun bo‘yi.