Dilshod Shams 1964 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1986 yili Toshkent Davlat Universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
1986-1992 yillari O‘zbekiston radiosida ishlagan. 1992 yildan shu kungacha O‘zbekiston televideniyesida xizmat qilmoqda. Hozirda O‘zMTRK «Kinoteatr» telekanali direktori.
1985 yili “Ezgulikning moviy osmoni” kitobchasi “Buloq ko‘z ochdi” to‘plamida chop etilgan. 1991 yili “Tumor” she’rlar kitobi, 2011 yili “Qalbimdagi Vatan” badialar to‘plami nashr etilgan. 1992 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
She’rlari Hamid Ismoilov tarjimasida Moskva, London nashrlarida e’lon qilingan.
* * *
Tun to‘shiga botgan novdalar chag‘ir,
Sukunat qo‘ynida bevatan ovunch.
Daraxt –
darralardan qavargan bag‘ir,
Ovozsiz ohingda og‘riqli sog‘inch.
Tun sokin…
Sukutda bir buyuk Vatan,
Yulduzlar, daraxtlar fuqarolari.
Bezovta oromda buyuk ruh va tan
Qalbida o‘t bilan suv yarolari.
Sukunat shunchaki ko‘ringay bedard,
Yaproqlar uqsa-da yangicha urfni,
Ne asrlar asrar beshikast, begard
Ildizlar changallab yotgan qulfni…
1989 yil
BAShORAT
Umidlar qaytadi, baxtlar qaytadi,
Qaytadi unutgan kuylaring.
Moziydan yarador mardlar qaytadi,
Ziyoga to‘ladi uylaring.
To‘lg‘in tunlaringni bezaydi oylar,
Yulduzlar qoshingga qo‘nadi.
Quzg‘unlar cho‘chitgan jonbaxsh humoylar,
Hotirjam boshingga qo‘nadi.
Tog‘larning tubidan chiqar sandiqlar,
Ming yillik kitoblar chiqadi.
Sahfalar sathida bitgan chandiqlar
Bag‘ridan xitoblar chiqadi.
Qismatning burishgan so‘qmoqlarini
Tilakning gullari yoritar.
Falakning sim-siyoh puchmoqlarini
Yurakning yo‘llari yoritar.
Bulbullar yelkangga qo‘nib kuylaydi,
Uyg‘onib ketadi buloqlar.
Quyosh naq teppangda,
Vujud kuymaydi,
Kuyadi kishanlar, tuzoqlar.
1988 yil
* * *
Hali siz ko‘nglimning parchalarini
Guldonda saqlashdan xijolat chekib,
Yuzingizga bosib bedor o‘tasiz.
Mayus diydalarni umidvor tikib,
Sevgimning zabonsiz jarchilarini
“Tirikmisiz” deya, yig‘lab o‘pasiz.
Balki, u kunlarga yetmog‘im gumon,
O‘rtamizda, balki, umrim uzun choh,
So‘ngaklar so‘ngida ozodruh og‘riq.
Ufqda ummatin chorlagan ummon
Ko‘nglimda ishq borki, undan-da tortig‘ –
Abadiy armondir ul yorug‘ dargoh.
Har nechuk muhabbat ko‘nglimda so‘nmas,
Poyingiz gardidan ruhim yorishgay,
O‘lim-da ul nurni qilolmas qaram.
Bevafo umr rizo. Lek, ruhim ko‘nmas,
Go‘yo ishq – beajal mangu yonishday,
Tobut – kunday guldon, oyday suv – kafan.
1988 yil
* * *
Oydin ostonamni o‘zim asragum,
Yolg‘iz osmonimni o‘zim asragum,
Tilda dostonimni o‘zim asragum,
Elda zabonimni o‘zim asragum,
Tangrim, imonimni o‘zing asragin.
Ko‘hna Ruh daraxtin yashil bargimiz,
Ruhimiz omondur – qutlug‘ dardimiz.
Shu buyuk bo‘stonning bo‘lsak mardi biz
Ilohiy yog‘dudan yonar qalbimiz,
Tangrim, imonimni o‘zing asragin.
Ufq janggohida quyosh to‘kar qon,
Bir muddat chekingay, tinmagay isyon.
O‘lmagan g‘olibin boshda tutar tong,
Boisi imondir, boisi imon.
Tangrim, imonimni o‘zing asragin.
Ko‘nglimda bir quyosh – nuri o‘zgacha.
Tolasi payvanddir cho‘g‘u muzgacha.
Yuz ochar birdayin kimxob bo‘zgacha,
Rizqimiz doyasi nondan tuzgacha.
Tangrim, imonimni o‘zing asragin.
Tonglar tomirimda tunar to‘lg‘onib,
Bulbullar qoshimda sayrar uyg‘onib.
Chechaklar shivirlar ishqqa cho‘lg‘anib,
Imon – Ishq ahlining qadim qo‘rg‘oni,
Tangrim, imonimni o‘zing asragin.
Tuproq entikishi baxtdan alomat –
Bizni o‘rtamasin qatlu qiyomat.
Boshimizdan ketar mangu malomat,
Vatan salomatdur – imon salomat.
Tangrim, imonimni o‘zing asragin.
Umid ummonida umrimiz – bayot,
Ko‘nglimiz ko‘shkida qumridir sabot.
To hayot bor ekan, to bormiz hayot,
Bizga imon murod, imondir qanot,
Tangrim, imonimni o‘zing asragin.
1989 yil
* * *
Kuydim-ey, daryolar boshida kuydim,
Dilimga daryodan dardlar quyildi.
Shu zayl sahrolar qoshida kuydim,
Sahrolar qayg‘uday qattol tuyildi.
O‘rtangan umrimning o‘lmas lahzasi –
Vujudim sahroga qonlarim quydi.
Dunyoda bittadur dardning lahjasi,
Osmon qumda kuydi, qum xunda kuydi.
Men bunda abadiy qoldim, ketmadim,
Ruhim sahro uzra sargardon kezar.
Qumlar qirg‘og‘iga, ammo, yetmadim,
Qurigan bu ummon bag‘rimni ezar.
Bilmadim, bir mening qonim ne bo‘lg‘ay,
Baribir baxt sari bitta manzilman.
Yurak sardobamdan suv kutgan cho‘lda
Bir o‘zim Vatanman, bir o‘zim elman.
Demakki, sitamlar qolmas adoqsiz,
Har tomchi qonimdan unar bir chaman.
Sarg‘aygan sahroning sonsiz-sanoqsiz
Qumlari qonimga bo‘lolmas kafan.
1989 yil
* * *
Muhabbat bizga tan bo‘lg‘ay,
Yurakka bir Vatan bo‘lg‘ay.
Ul oyning hajrida o‘lsam,
Vujudimg‘a kafan bo‘lg‘ay.
Fig‘onlar o‘lkasi uzra,
Hiyonat ko‘lkasi uzra
Tilaklar qovjirab o‘tsa,
Tilaklarg‘a chaman bo‘lg‘ay.
Dilimning doyasi – oftob.
Elimning qoyasi – oftob.
Magar oftob – o‘shal mohtob,
Ko‘ngulg‘a kun badan bo‘lg‘ay.
Saharlar salqini so‘lmas,
Bahorlar yolqini so‘nmas.
Yuziga yuz tutib kun mast,
Atirgul yo suman bo‘lg‘ay.
Yurakning yostig‘i – vasling,
Muhabbat tasdig‘i vasling.
Asl vasfing – asal asling
Shikast dilg‘a rasan bo‘lg‘ay.
Ko‘ngil but – ishq degan el shod.
Agar el shod, demak, dil shod.
Yoniq so‘zim – yonar til shod
Muhabbatg‘a qasam bo‘lg‘ay.
1989 yil
* * *
Bu ikki yo‘l: o‘ngu so‘l –
Qismatimiz ayriliq.
Siz ketarsiz, dilda do‘l,
Qahr bilan qayrilib.
Qaqragan ishq qontalash,
Tomir to‘la armondir.
O‘t, suv aro jon talash,
Yurak kuygan qo‘rg‘ondir.
Umr o‘tar o‘rtanib,
Har lahzasi isyondir.
Ko‘ksimdagi po‘rtana
Ham tuproq, ham osmondir.
Shu tuproq, shu osmonim
Sizga ham teng edi-ku…
Ko‘nglimdagi jahonim
Osmonday keng edi-ku…
Yo‘llar mayus gul-g‘uncha
Umid so‘lg‘in, dil g‘arib.
Endi o‘la-o‘lguncha
O‘tar bo‘ldim axtarib.
Qadamimga nur quyib,
Oftob notinch, oy notinch.
Parcha-parcha et o‘yib,
Yo‘lni to‘ydirar sog‘inch.
1989 yil
* * *
Oftob boshing uzra charaqlab kulsin,
Bosgan izlaringdan chechaklar unsin,
Qalbing baxtga to‘lsin,
quvonchga to‘lsin,
Faqat ko‘zing yoshga to‘lmasin, jonim.
Seni sog‘inganlar qilsinlar duo,
Jamoling jilvasin aylab to‘tiyo,
Bor bo‘lsang,
bizga ham butundir dunyo,
Dunyo ko‘zingga tor bo‘lmasin, jonim.
Hayot – bu…
Dovon ham, sinov ham ko‘pdir,
Izg‘irin, qahraton, qirov ham ko‘pdir,
Muzlarga qasdma-qasd olov ham ko‘pdir,
Qalbingda olovlar so‘nmasin, jonim.
Senga ko‘p yarashgay kulgu, tabassum,
O‘zingday samimiy,
ko‘zingday macum,
Tole – bog‘laringdan ketmas bir mavsum,
Sen kuyib, g‘animlar kulmasin, jonim.
Har qalbda ochilgay
bir gul, bir chaman,
Shu chaman ichrasan,
chaman ichraman.
Dilga tanho Vatan,
Mehrga Vatan
Bizning bu chechaklar so‘lmasin, jonim.
Bandamiz,
xato ham o‘tar bu boshdan,
xijron ham, jafo ham ketar bu boshdan.
Ko‘ngillar ko‘ngilga
qaytadur boshdan,
Ko‘ngilda ko‘ngillar o‘lmasin, jonim.
Qarayman,
bir yo‘llar ko‘ringay yorug‘,
Gumonlardan forig‘,
g‘amlardan forig‘,
Ko‘ksimdan ketmoqda armon va og‘riq,
Bizlarni xudoyim qo‘llasin, jonim.
2006 yil
* * *
Yur, gul yuzim, ikkimiz
yiroqlarga ketamiz,
Zulmat orti porlagan
chiroqlarga ketamiz.
Qalbga botgan tikondan
lolazor bo‘ldi yo‘llar,
Mayli, qo‘llar shilinsin,
gul bog‘larga ketamiz.
Xijron – azob, g‘am – azob,
diydor tanqis, baxt tanqis,
Har lahzasi g‘animat
xush chog‘larga ketamiz.
Ravon yo‘lda g‘animlar
qadamimiz poylasa,
Ul nokaslar yetolmas
so‘qmoqlarga ketamiz.
Keng shaharda ikki dil
“oh”lariga oshyon yo‘q,
Toshkent qolsin huvillab,
qishloqlarga ketamiz.
Dardlarimiz to‘kilsin
daryolarning qa’riga
Qum zarrasi – dur-gavhar
qirg‘oqlarga ketamiz.
Ishq tig‘iga dosh bermoq
oshiqlarga osonmas,
Qismatimiz shu ekan,
qiynoqlarga ketamiz.
Qo‘lim Senga cho‘zilgan,
umrim ipi tarangdir,
Ketolmasak…
Bir umr
firoqlarga ketamiz.
2006 yil
* * *
Yomg‘ir yoqqan kun bu kun,
Yomg‘ir balqqan kun bu kun.
Yomg‘ir bo‘lib yodimga
Yomg‘ir oqqan kun bu kun.
Yomg‘irlarga qo‘shilib,
Yomg‘ir bo‘lib aytaylik.
Yomg‘ir bo‘lib yig‘lama,
Yomg‘irlarga qaytaylik.
Yomg‘ir qo‘ngan labingdan
Yomg‘ir bo‘lib sizarman.
Yomg‘ir quchgan poyingda
Yomg‘ir bo‘lib suzarman.
Yomg‘ir tinsa, mayliga,
Yomg‘ir yerga singgaydir.
Yomg‘ir- yomg‘ir tuyg‘udan
Yomg‘ir ko‘nglim tinmaydir.
Yomg‘ir faqat suv emas,
Yomg‘ir otash, yomg‘ir cho‘g‘…
Yomg‘ir yoqqan yurakda
Yomg‘irdan so‘ng og‘riq yo‘q..!
2006 yil
“KUZ ERTAGI” serialiga
Kuygan yurak emas,
to‘kilib yotgan,
Daraxtdan uzilgan yaproqdir asli.
Shafaq ham aslida shoshilib botgan
Quyoshning zavoli,
tiyramoh fasli…
Garchi, yuragimga qo‘nsa ham hazon,
Baxtiyor kunlarim ketsa qayrilib.
Muhabbating bilan ruhim charog‘on,
Bizni ajratolmas hatto ayriliq…
2005 yil
* * *
Quyuq edi qaro tun,
qoshing tegib ketdimi,
Sochilmoqda novdalar
soching tegib ketdimi,
Umr – umid,
jon – umid,
uzilmog‘i uzunmas
Ushoqqina yulduzdek
toshing tegib ketdimi…
2006 yil
* * *
Yaproqlar uzilar vidolar kabi,
Visol va diydordan judolar kabi.
Shivirlar eng so‘nggi nidolar kabi,
Ruhingni silaydi duolar kabi…
2009 yil
* * *
Yana sharros yomg‘ir.
So‘ng birinchi qor…
Qushlar ham yayrashib qiladi “churq-churq”.
Lablarim shivirlar millionchi bor:
“O‘ttiz sakkiz…
O‘ttiz to‘qqiz…
Qirq…”
Har tomchi – xotira…
Har tomchi – fig‘on…
Suyakmas,
yuragim qiladi “zirq-zirq”…
Aytsam,
tomirimda tiriladi jon:
“O‘ttiz sakkiz…
O‘ttiz to‘qqiz…
Qirq…”
Har bulut ortida oftob bor alvon!
Umr va umidga hijron – chig‘iriq…
Qontalash bo‘lsa-da,
chiqdi-ku omon
“O‘ttiz sakkiz…
O‘ttiz to‘qqiz…
Qirq…”
Hech kim yecholmagay raqamlar sirin,
Bahor o‘tdi hisob,
fursat endi ziq…
Bag‘rida armonim,
baxtim yashirin
“O‘ttiz sakkiz…
O‘ttiz to‘qqiz…
Qirq…”
Yana o‘sha yomg‘ir…
Va birinchi qor…
Qushlar ham qo‘shilib qiladi “churq-churq”.
Umr o‘tkinchidir…
Boqiydir izhor:
“O‘ttiz sakkiz…
O‘ttiz to‘qqiz…
Qirq…”
2016 yil