Dilshod Rajab (1964)

Dilshod Rajab 1964 yili Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Filologiya fanlari nomzodi. «Otamning bog‘i», «Daryo ko‘ngil», «Jilvon o‘g‘loni», «Alifbo», «Sanoq», «Sukut sarhadi», “Tanish  tovushlar”, “O‘n  o‘rtoq” kabi kitoblar muallifi. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi. «Vaziyat» gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi.


BUXORO  QASIDASI

Bahorda laylagiyu qishda laylak qori bor,
Har maysasi malhamu, har giyohi dorivor.
Xazonlari – xazinam, tikonlari – zar ninam,
Valiylar poyi tekkan har kaft tuprog‘i tumor,
Buxoriy nisbasinda Imom, Hofiz, Daqiqim,
Buxoroyi sharifim, Buxoroyi sharifim.

Shavkatingni yozsalar Minor bo‘yi kitobdir,
Yuz Tabariyga bu ish tabarruk bir “azob”dir.
Muqanna yoqqan o‘tda jinqarchaday yondi yov,
G‘alvirida g‘animni “eladi” mard Torobiy.
Ne Narshaxiy lol qolur tugatolmay tarixing,
Buxoroyi sharifim, Buxoroyi sharifim.

Shofirkonning shoni-ku ne tog‘lardan oshgandir,
Hayratdadir Samarqand, tan olgan Shosh – Toshkanddir.
Shopur qazgan ariqning bo‘ylarida o‘sgan el
Ilmu irfon, ijodda daryo kabi toshgandir.
Burgut bo‘lar chumchuq ham yesa bu yer tarig‘in,
Buxoroyi sharifim, Buxoroyi sharifim.

Ta’rifingga yetolmay shohbaytlar ham mot bo‘lar,
Sen haqingda har bir gap hikmatu bayot bo‘lar,
Kamolingni kuylagan farzanding Dilshod bo‘lar,
Ne ham desin sha’ningga bir shoiri g‘aribing,
O‘z noming o‘z-o‘zingga eng munosib ta’rifing,
Buxoroyi sharifim, Buxoroyi sharifim.

YoLG‘IZLIK

Sen yo‘qsan ufqqa botgan quyoshday
Bu dunyo qorong‘i, qismatim qaro.
Turaman chorasiz, ko‘zlarim yoshlab,
Adashgan boladay changalzor aro.

Xo‘mraygan bez devor to‘rt tomonim-a,
Shift boshim ustida kalxatday, yo Rab!
Bir yovuz sehrgar kabi tanimdan
Jonimni haydaydi «chiq-chiq»lab soat.

Dasturxon qoshiga kelaman behol,
Go‘yoki marhamat tilanib, biroq
Piyola chaqchayar devning ko‘ziday,
Yamlashga shay turar yalmog‘iz tovoq.

APREL

Tobora qizg‘inroq so‘ylaydi quyosh
Asrlar to‘qigan ertaklarini.
Qizishib tinglaydi qotgan toshlar ham,
Daraxtlar yozadi kurtaklarini.

Samoviy bir hisda yonadi har yon,
Qiziydi zaminning yuz ming tomiri,
Hech narsa qolmaydi pinhonu nihon,
Borliq ochib tashlar yo‘g‘u borini:

Olamga oshkora bo‘ladi butkul
Qushchalar labida qimtingan sirlar;
Yorilib ketadi momoqaldiroq,
To‘kilib-to‘kilib yig‘lar abrlar…

Dillar sof yomg‘irlar yuvgan havoday,
Baxtiyor nafaslar kuy bo‘lar nayda.
Sharobga uzangan xushnud podshoday
Yaqinlab boramiz dilkusho Mayga!

* * *

Dilshodman, gar rangi somondirman men,
Kim aytdi egildim, tamomdirman men?
Uzoqni ko‘zlagan o‘q bor ko‘ksimda,
Egilgan esam-da kamondirman men!

BUG‘DOYNING TAQDIRI

Maysa edi, ona oftob
Boshidan nur to‘kardi.
Yuvar edi yomg‘irlar goh,
Ellar silab o‘tardi.

O‘sib kamol topdi durkun,
Rosa pishib yetildi.
Sinovlardan o‘tkazmoq-chun
Bir kun olib ketildi:

Avval, avval bilmoq lozim
Chidamu bardoshini.
Yuritdilar boshidan zil
Tegirmonning toshini.

Endi uning pokligin ham
Bir tekshirmoq kerak-da.
Mayin, oppoq un bo‘lsa-da,
O‘tkazdilar elakdan.

Suv quydilar, mushtladilar,
Ming bir kuyga soldilar.
Qizib turgan tandirga ham
Bir kiritib oldilar.

Non bo‘lgach u sabr qilib
Bor sinov-otashlarga,
E’zoz qilib ko‘zga surib,
Ko‘tardilar boshlarga.

TUNGI OSMONGA BOQIB

Bahor kezar yeru ko‘kda,
Hatto osmon toqi gullar.
Yulduzlar – ko‘k maysazorda
Bodrab chiqqan qoqigullar.

DARYo

Ikki yoqdan ikki qirg‘oq
Iskanjasi yomon-da.
Nima qilsin sho‘rlik, ketmay
Boshi oqqan tomonga.

* * *

Bahor kelar muzaffar, g‘olib,
Elkalarda og‘ir g‘am kabi
Bosgan po‘stinlarni dast olib,
Osib qo‘yar bo‘g‘zidan barin!

Jun ro‘mollar iskanjasidan
Xalos bo‘lar bandi sochlar ham.
O‘sma tegib yarashib qolar
Oralari ochiq qoshlar ham.

Paranjidan qutulgan kabi
Gul-gul yashnar qizlar, ayollar.
Elkasiga tekkancha oftob
Ishlar dehqon ozod qarolday.

Hayajondan lovullar quyosh,
Dov-daraxtlar sig‘mas po‘stiga.
Shamol tegar g‘arib uylarning
Zaxlar quchib yotgan ko‘ksiga.