Dilrabo Mingboyeva (1980)

Dilrabo Mingboyeva 1980 yili Samarqand viloyati Payariq tumanida tug‘ilgan.
O‘zbekiston Milliy Universitetining jurnalistika fakultetini bakalavriatini (2003), magistraturasini (2008) tamomlagan. Oliy adabiyot kursida ta’lim olgan.
“Yomg‘irzor” she’riy to‘plami, “Timsollar tilsimi” ilmiy-ommabop kitobi chop etilgan.
Hozirda “Akademnashr” nashriyotida Bosh muharrir lavozimida ishlamoqda.

* * *

Nega ko‘zlarimga qaramaysiz
axir
Kipriklaringizda
qalqib turgani kelaman
ko‘tarib Yerni
uchayotgan boshim ko‘ksingizga
qo‘nar ekan
maysalar tebranishida oqayotgan
ko‘zlarimga nega qaramaysiz
axir
Qoracho‘g‘laringizda
o‘zimni ko‘rgani kelaman
oyoqlarimga bolamday yopishgan
dunyoni sudrab…
nega ko‘zlarimga qaramaysiz…

SIZ

I. Birma bir qadam tashlab
yuragimdan o‘tasiz —
Ko‘chamdan o‘tayotib…

II. Siz sochlarim silaysiz,
Begim,
Men dilingizni…

III. Yuraklar ko‘pkarisida
Tortqilanar ko‘nglim
uloqdek
Chavandozim,
Qachon kelasiz?!

* * *

Tongdan yulib oldim quyoshni,
itqitaman yulduz — ko‘z yoshni,
ko‘ksimda oftob kuyar — qon…

Ko‘nglimda zardob sog‘inch — armon.

Tundan tortib oldim hilolni,
U ko‘ksimda endi ol-oldir,
Hayot nima !? Qaqshashmi zor-zor…

Yoshim tomar… Yurak — yomg‘irzor..

Oy meniki, meniki quyosh,
Oyim, quyoshim ham o‘ksinar,
ona, seni sog‘indi ular!

Ona, seni sog‘indi ular…

SEN

1.
Tomosha qilyalti yo‘lovchilar
Derazangga
Osib qo‘yilgan ko‘zlarimni

2.
Mening xonam sovuq, paltom yulqa,
Sening qaynoq yuragingni yopinib
Jon saqpayman qishda

3.
Derazam muzga qoplangan,
Isming yozdim unga
Va dunyoni tomosha qila boshladim

* * *

Suvlar olib qochadi ko‘zimni
umrimni
o‘ynaydi Oy nuri
osilib qolaman tuyg‘ularimga
nafas olayotgan yonimda Tunmi?
Yashash
daraxt shitiridek shunchaki
telefon ovoziga suyanish
Faqat
menga baxt bermoqchi bo‘lasiz
qo‘llaringiz shuncha uzunmi!?

* * *

Qayga ketmay
ko‘zlarini qadaydi osmon
bundagi yellar
O‘yinga tushadi yelkalarimda

Uzilgan yaproqpar
qitiqlab yotadi oyoqlarimni

SIZ

uzoqdan qaraysiz menga
Qotib
suratga aylanar dunyo
ko‘ksimga qo‘nib o‘tgan
lahzalik nafas
sug‘urib ketadi jonimni
Hozir quyosh qulaydi
va hammasi tugaydi
Siz uzoqda qolasiz endi..

SEN

Sen — yuragimni ikki yortiga
bo‘lib qoq o‘rtasidan o‘sib chiqqan
toshsan. Ko‘kka ko‘tarilgani qo‘ymagan,
erga kirgizib yuborayotgan og‘irliksan.
Ildizlaring yuragimga shu qadar chirmashganki,
Seni yulib tashlamoq bo‘lsam, yuragim-da yulingay.
Yo‘q, seni yaxshi ko‘raman deyayotganim yo‘q.
Sen shunchaki… Yuragimda yuksan!

*   *   *

Chopdim ko‘ksingga ko‘milgan yurak
murdalariga turtina-turtina…
Baxt zamini osmonida edik Men seni suya-suya,
Sen qalbim yeya-eya. Berdim borim senga,
yo‘g‘im senga, ko‘zlaringdan qabr ber menga!

* * *

Bo‘m-bo‘sh hovuchlarim sen-Sukunatdan
Bir tomchigina sevgi tilandi.
Senda sevgi ko‘-o‘p edi. Hammaga ulashding.
Mendan qizg‘anding-a?!
Bo‘m-bo‘sh hovuchlarim…


QORA  KO‘ZING

Tun. Derazadan menga tikilib turgan qora ko‘zingdan iymanib choyshabga o‘ranaman. Ko‘zlaringga ko‘rinmaslik uchun chiroqni o‘chiraman. Ko‘zing xonamga kirib oladi. Ko‘zlaringni ko‘rmaslik uchun ko‘zimni yumaman. Ko‘zing ko‘zlarimga kirib oladi.
— Uf, — deyman. Xonam kuyib ketadi. Ko‘zlaringdan uyalaman… Yashirinaman. Ammo!!! Yuragim to‘lg‘ona, sochlarim cho‘lg‘ona, vujudim o‘rtana, yuzlarim yona sening qora ko‘zlaring og‘ushida behol tong ottiraman.
Tong —Dahshat! Ko‘zlaringni yo‘qotib qo‘ydim…